Yerga gilamdek töşalgan xazonlarni bir-bir bosib borayotgan Gulsumning xayoli parişon edi. Noxuş öylardan xalos bölişga uringani sayin, ruhiyatida sarosar kezayotgan ezginlik uni köproq mahv etardi. Dugonasi Nigina plastik operatsiya qildirguniga qadar u ham boşqalardek xuş xandon yurar, öz qiyofasi haqida köp öylamas, yuz tuzilişi, qoşu közidan gap oçilsa, ha, endi Xudoning bergani-da, deb qöya qolardi. Iç-içidan Niginaga öxşaşni orzu qilgani rost. Axir u kursdagi eng çiroyli qiz. Ziynatlanib, orolanib yuradi. Aytişiça, qiz bola közguga qaraşni bilişi, kuniga kamida ellik marta oynaga köz taşlaşi kerakmiş. Tavba, hamma qizlar öziga mahliyo bölib ötiraversa, dunyoning işlari kimga qoladi, deb öylaydi Gulsum. Niginaning esa dunyoqaraşi boşqaça. Bir xillikni yoqtirmaydi. Doim özgarib turişni, hammaning diqqat markazida bölişni xohlaydi. Gulsum uning aksi. Haşamdorlikdan yuragi siqiladi. Takabbur qizlar davrasida begona olamga tuşib qolgandek qisinadi, gap-sözlari, qiliqlari, hatto kulgulari ham qovuşmaydi. Oralarida şunçalik farq bölişiga qaramay ikkalasi qalin dugona. Odam özida yöq narsaga intiladi, degan gap bejizga aytilmagandir balki…
Gulsum dugonasining qiyofasida erkinlik timsolini köradi.
…Öşanda eşikdan yal-yal yonib kirib kelgan Nigina:
– Qalay, çiroylimanmi? – deya özini toşoynaga sola boşlaganida Gulsum hayratdan qotib qolgandi.
– Juda çiroylisan!
– Qani ayt-çi, yuzimda nima özgargan?
Dugonasi özining Xudo bergan qoşini allaqaçon bitta qöymay yulib taşlab, xuddi Gollivud aktrisalaridek ingiçka, nafis qoş-çiziq torttirgandi. Közlari ulama kiprik ostida munçoqdek bölib turibdi. Odamning közini özgartirib bölmaydi, degan gap ham bekor ekan. Nigina allaqaçon buniyam yölini topgan: soçini boşqa rangga böyaganda köziga şu xilda linza taqib oladi. Bir qarasangiz, rus qizlaridek mallasoç, moviy köz bölib körinsa, boşqa safar qönğir soç, qöy köz bölib tovlanib turadi.
– Qoşing joyida. Közingga linza taqqansan, yuzingni tozalatib, oro bergansan. Burning ham joyida.
Niginaning faqat burnigina özgarmagan, asli qanday yaratilgan bölsa, şunday turardi.
– Him-m-m, lablaring, – deya kuzatuvni davom ettirdi va qiyin masalani yeçgan odamdek, birdan qiçqirib yubordi: – Voy tavba, labing boşqaçaroqmi?
– E, xayriyat-ey, – deya yengil xörsindi Nigina. – Bir amallab şuni sezding-a? Qoyilman senga! Sinçkovlikdayam Xudo urgan bandasan-da! Qalay, yaraşibdimi?
– Çiroyliku-ya, lekin özingnikiyam yomonmasdi.
Niginaning yasama lablari bir oz burildi:
– Nima böldi, hasad qilyapsanmi? Qara! Yaxşilab qaragin! Axir bu – super gözallarning labi-ku! Ançadan beri xuddi şunaqa qiyofani orzu qilardim. Zör döxtir topdim. Qöli yengil. Plastik jarrohlikda bu atrofda uning oldiga tuşadigani yöq. Zamonaviy, yasan-tusanlarga qiziqadigan dugonalarim köp, hali meni körib ular ham sizni qidirib kelişadi, dedim. Arzonroq narhda operatsiya qildi. Ön kun davolandim. – Nigina gapira turib, Gulsumning yuziga sinçkov qaradi: – Menga qara, sen ham borsang bölardi, qaçongaça manavi dördoq labing bilan yaşaysan. Agar borsang, döxtir mana mundoq, bejirim qilib berardi.
– Yöğ-ye, labim binoiydek, – dedi Gulsum bir oz önğaysizlanib.
– Ha, – qoşini çimirib iddao bilan kulimsiradi Nigina, – har kimniki öziga, oy körinar köziga. Agar bilsang, har bir zamonaviy qizning öz qiyofasi bölişi kerak. Çiroyli qiyofasi!
Nigina ketgaç, Gulsum toşoyna yoniga bordi. Şunça paytdan beri eʼtibor qilmagan ekan, rostdan ham labi sal dördoq edi. Şundanmi yuzi beöxşovdek yuragi xijil tortdi.
“Odam deganiyam şunaqa xunuk böladimi”, deb öyladi ijirğanib. Keçgaça dilgir bir ahvolda yurdi. Ovqatlangisi, dars tayyorlagisi ham kelmadi. Yuragidagi xijillik kuçaygandan kuçayib boraverdi. Dugonasining baxtdan sarmast, xuşçaqçaq qiyofasi köz oldidan ketmay qoldi. U juda erkin, boşqalar bilan hisoblaşib ötirmay, köngliga kelgan işni qiladi. Şuning uçun ham baxtiyor, degan qarorga keldi. “Agar akamdan hayiqmaganimda, plastik operatsiya qildirib, Niginaga öxşab çiroyli bölardim”, deb öyladi. Nigina kezi kelganda urf-odatlarni ham pisand qilmaydi. Gulsum esa bunday erkinlikdan yiroq. Kattalarning: “Qiz bola unday ötirmaydi, bunday yurmaydi, şaraqlab kulmaydi, qattiq gapirmaydi, uyat böladi”, degan taʼkidlari haligaça uni taʼqib etadi. Bir işni qilişidan oldin, mahalladagilar, taniş-bilişlar nima deb öylarkan, degan andişa yuragini yalab ötadi.
Keçasi uyqusi qoçdi. Ota-onasiga, yaqinlariga bildirmay labini operatsiya qildirişning ming xil yölini öyladi. Ammo hamma öylari, hamma yöllari uni çorasizlik bekatiga eltardi. Ertalab boşida qattiq oğriq bilan uyğondi. Darsga borgisi kelmasa-da, qattiqqöl öqituvçilarning “NB”laridan yurak oldirib qöygani uçun noiloj öqişga jönadi.
Nigina tun qöynida porlab turgan Zuhro yulduzdek nur soçardi. U nafaqat kursning, balki butun fakultetning, hatto institutning malikasiga aylangandi. Atrofida hamma parvona. Yigitlar undan köz uzişolmasdi. Çizilgan qoşlari ham, yasama lablari ham, közidagi moviy linzasi-yu, mallarang soçi ham öziga juda yaraşib turar, ustiga-ustak kiyimlarining rangini rangiga moslab, saralab kiyib olgandiki, körgan odam busbutun sanʼat asariga duç kelgandek unga bir zum termulmay turolmasdi.
Dugonasiga qaragani sayin Gulsumning dili battar xufton bölar, bu ğaşlik sababini bilolmas, “Hasad qilyapmanmi?”, degan savolni öziga qayta-qayta berardi. Könglining bir çekkasida: “Dunyo yaralibdiki, körimsiz qizlar, çiroylilarga hasad qilişgan”, degan iqror ham yöq emasdi. Niginaning bejirim lablariga közi tuşişi bilan özining heç qaçon plastik operatsiya qildira olmasligidan, bir umr mana şu dördoq lablari bilan ötib ketişidan ökinardi. Hatto kelinçak bölganida ham şu lablari bilan göşangaga kiradi, unga yaqin kelgan kuyov “labi dördoq ekan, nega avval payqamabman”, deb afsus çekadi. Keyin umrining oxirigaça mana şu afsus bilan yaşaşga mahkum böladi.
Ökinçlar oğir toş bölib Gulsumning yuragiga çökib borardi.
Niginaning yasama lablariga havas qilgan qizlarning köpçiligi plastik jarrohning manzili, narx-navosini suriştira boşlaşdi. Köp ötmay xonadoşi Dono ham Gulsumning yuragini örtagan bejirim lablarga ega böldi. Uni körib garçi havasi kelgan bölsa-da, negadir mutlaqo hayratlanmadi. Ajabki, Dononing labi bilan Niginaning labi bir xil edi! Sira farqi yöq.
Gulsum taʼtilga çiqib, uyiga borganida onasini köndirişga urinib kördi:
– Ayajon, yöq demang, axir lablarim dördoq…
– Heçam dördoq emas, – dedi ona qatʼiy ohangda. – Bekorlarni beştasini aytibsan! Xudoning berganiga qanoat qiliş kerak!
– Qarang, Nigina qanday çiroyli böb ketgan, – deya dugonasining rasmini onasiga uzatdi u.
– Nimasi çiroyli? Qoş ölgur qani! Bu çiziq yana nimasi?! Hali şunga havas qilyapsanmi?! Qoşu közingni özgartirişga urinib körgin-çi, otang nima qilarkan!
Gulsumning yuragiga ğulğula tuşdi. Otasi unga oçiq-oşkor qattiq gapirmagan bölsa-da, xonadon qizlari undan hayiqib turişadi. Agar onasi şunday tanbeh bersa-ku, yuraklari zirillab ketadi.
Gulsum çorasizlik manzilidan çiqolmay boşini xam qilib öqişga qaytdi. Qizlardan yana ikki-uçtasi özgarib, çiroyli bölib qolgandek edi. Nega hamma qilgan işni bitta men eplolmayman, şunçalik qörqoq, şunçalik erksizmanmi, degan öy Gulsumning iç-etini kemira boşladi. Uzoq ikkilanişlardan keyin, plastik operatsiya qildirişga mening ham haqim bor. Axir XXI asrda yaşayapman. Kap-katta qizman, öz muammolarimni özim hal qilişim kerak, degan qarorga kelib, Niginaning yetovida jarroh huzuriga yöl oldi.
Çiroyli bölişga talabgorlar köp edi. Gulsum ham navbatga yozilib, şinamgina jihozlangan qabulxonada yumşoq oromkursida öz galini kuta boşladi. Devorga ilingan turli fotosuratlarga köz taşlarkan, ulardagi qiyofalar bir-biriga juda ham öxşaşligini ilğadi. Niginaning yuz-közlari, qaraşlari-yu, kulişlari ham fotosuratlardagi qiyofalar bilan bir xil edi. Çiroyli, bejirim va ayni paytda nimasidir kemtik… Gulsum içkariga kirib çiqayotgan qizlarni zimdan kuzatarkan, öz-özi bilan munozaraga berildi: bu qizlar ham operatsiyadan keyin anavilarga öxşab qoladimi? Men-çi?..
– Sizga uçta variant taklif qilişimiz mumkin, şulardan birini tanlang, degan ovoz uning xayolini böldi.
– A-a…
– Manavi uçta labdan birini tanlang, deyman, –dedi Niginaga qayeridir judayam öxşab ketadigan bir qiz bir oz ensasini qotirib.
Gulsum avval qölidagi suratlarga, keyin devordagi fotosuratlarga köz taşladi. Qiyofalarni bir-biriga uyğunlaştirib turgan narsalardan biri aynan mana şu uç xil lab edi. Bor-yöği uç xil! Tavba, nega endi uç xil?! Bor-yöği uç xilmi?! Endi men ham mana şu qiyofada yaşaşga mahkummanmi, degan savollar yaşin tezligida miyasiga urildi. Yana bir bor fotosuratlarga, keyin dugonasiga köz taşladi. Şunda bir-biriga uyğun gözallikdagi kemtiklikni topdi: bu çehralarda odamni öziga tortadigan issiqlik, joziba yöq edi! Gözal va ayni paytda jozibasiz qiyofalar! Birdan uning xafsalasi pir böldi.
– Gulsum Norova, sizning navbatingiz…
Nigina allaneçuk taraddud bilan unga qarab jilmaydi. Ikki dugona bir vaqtda ikki tarafga qadam taşlaşdi. Jarroh xonasiga oşiqayotgan Nigina boşini xam qilgança eşikka qarab borayotgan Gulsumga yetib oldi-da hayron bölib:
– Qayoqqa ketayapsan? – deb söradi.
– Men voz keçdim. Qiyofamni özgartirolmayman!
– Esing joyidami?! Navbatingni tezlatiş uçun ozmunça urindimmi, tentak? – dedi Nigina tutoqib.
“Qiziq, jahli çiqqanda anavi qizlarning labi yonida ham Niginaniki singari çiziqça paydo bölarmikan”, degan öy ötdi Gulsumning xayolidan. Şu asno onasining gaplarini esladi: “Olloh har bir narsani buyuk hikmat bilan yaratgan, uni özgartirgan odamning holi voy böladi”.
Gulsum köçaga çiqqaç atrofdagilarga sinçkovroq qaray boşladi. Uning nazarida Niginaning soç turmagi, ulama kipriklari, ulama tirnoqlari, hatto tabassumi asta-sekinlik bilan tarqalayotgan xavfli kasallik kabi boşqa qizlarning ham çehralarini qamrayotgan, atrofidagilar kelişib olgandek ommaviy qiyofaga kirayotgandek edi.
Yotoğiga şom payti qaytib keldi. Könglini haliyam ezgin kayfiyat tark etmagandi. Bir-bir bosib toşoynaga yaqinlaşdi. Közguda köz-qoşlari, hatto dördoq lablari ham çehrasiga yaraşimli, qiyofasi boşqalarnikiga öxşamaydigan bir qiz unga qarab turardi. Yuziga tabassum yugurdi. Tabassumida nafis bir joziba akslandi. Şunda yuragini ezayotgan noxuş öylar sarobdek tarqalayotganini his etdi. U özining, ha, bitta özining qiyofasini topgan edi.
KELINÇAK
Ertalab buvim negadir nonuştaga çiqmadi. Dadam içkariga bezovtalanib qarab qöyar, biz esa undan oldin dasturxonga qöl çözişga odatlanmaganimiz bois betoqatlanib ötirardik.
– Ayam nima qilyapti? – dedi dadam.
– Ertalabdan sandiq oçibdilar, latta-puttalarni saralab ötiribdilar, mensiz çoy içişaversin, deyaptilar.
– Tinçlikmi, özi?
Ayam yelkasini qisdi:
– Bilmasam. Oyimning nima öylayotganini özidan boşqa birov bilarmidi. Bugun Nazira xolaning töyi-ku. Şunga tayyorlanayotgandir-da.
Buvim nonuşta qilib bölganimizdan keyin çiqib keldilar. Soçlarini yuvib, silliq qilib örib, uçiga oq paxta pilik taqib olibdilar. Özlariga oro berib, çiroyli köylaklarini ham kiyibdilar. Körinişidan juda xotirjam, hatto nimadandir mamnun edilar.
– Tuzukmisiz, aya? – deb hammadan oldin dadam söraşdi.
Biz ham navbati bilan salom berdik. Buvim mening yelkamga qoqib, singlimning peşonasidan öpib qöydi. Papkamni olib, köçaga qarab yugurişni möljallab turganimni sezib darhol bilagimdan uşladi.
– Şoşma, bolam, birpas şoşmay tur. Kelinçakka bir narsa bervorişim kerak, uyi şundoq yölingda, taşlab ötasan.
Mahallamizdagi kelinçaklarni köz oldimga keltirib:
– Qaysi biriga? deb söradim.
– Maftunaning buvisi bor-u, öşa Kelinçakning töyi bugun, – dedi buvim hayratlanarli mamnunlik bilan.
Angrayib qoldim. Maftunaning buvisi Nazira kampir. Uni hammamiz katta buvi deb çaqiramiz. Nahotki, şu buvimiz erga tegayotgan bölsa?! Tavba! Axir u kamida yetmiş yoşda-ku… Çoli Rahmonberdi buva yaxşi kişi edi. Katta boği bor edi. Boği etagi poliz, qovunlari hammanikidan oldin pişardi. Uzumlari, anorlari har yili ğuj-ğuj xosil qilardi. Meva pişganda biz bolalar boğ atrofidan ketolmay qolardik. Çaqqonroğimiz bir ikki boş uzum uzib qoçişni ham uddalardik. Rahmonberdi buva mevalaridan butun mahallaga uluş tarqatardi. Meni hayron qoldirgan narsa, boğdagi işkomlarida uzumdan köra bedana qovoğining köpligi edi. Eşikdan kirişingiz bilan bedanalar biri qöyib biri sayrar, Rahmonberdi buva esa, “Ha tovuşingdan, akang aylansin”, deb baqirib qöyardi. U ikki yil oldin qazo qilgan. Öşanda ikkinçi sinfda öqirdim. Nevaralariga qöşilib butun mahallaning bolalari yiğlaganmiz. Endi bölsa, kampiri kelinçak bölayotganmiş. Buvimni xursand qilayotgan bu yangilikdan negadir aççiğim çiqdi. Buvim qölimga tutqazgan tugunçani olib, esankirab yölga tuşdim.
Menga qara, hay bola, bu töyona ekan, uydagilar sal keçroq kelişarkan, deb aytgin, deya ortimdan tayinlab qoldi buvim.
Ayam birinçi sinfda öqiyotgan singlim Dilraboni kiyintirib eşik oldida poylab turgan edi. Beixtiyor singlimning qölidan uşladim.
– Dil, sen Nazira buvini taniysanmi?
– Ha, Maftuna opaniyam taniyman, – deya bijillab javob berdi singlim.
Bugun öşa kampirning töyimiş.
Ayam töyga qatlama pişirarkan. Keyin buvim ikkalasi borib kelişarkan.
– Yetmiş yoşidayam kampirlar kelinçak böladimi?
– Bilmasam.
Köz oldimga siyraklaşgan oq soçiga tangali qora soçpopuk taqib, boşiga har doim yaşil römol taşlab yuradigan Nazira buvi keldi. U boşqa kampirlardan köra oliftaroq kiyinadi. Töylarga maxsi-kaliş emas, çiroyli yaltiroq amirkon kovuş kiyib boradi. Qaddini ğoz tutib, kerilibroq yuradi. Heç kimga gap bermaydi. Buvimning aytişiça, uning kerikligi ham öziga yaraşarkan. Şu tobda Nazira buvini kelinçaklar töy kuni kiyadigan oq fatoda tasavvur etib, birdan piqillab kulib yubordim.
– Ha, aka, nimaga kulyapsiz? – dedi Dilrabo hayron bölib.
– Nazira buviga oq tör köylak qanaqa turarkan, a? – dedim kulgidan özimni töxtatolmay.
Dilrabo menga yalt etib qaradi-da:
– Jinnimisiz, unaqa köylak kiymasa kerak, – dedi-yu birdan qiqirlab kulib yubordi. – Rostdan ham kelin köylak kiysa-ya?..
Aka-singil Nazira buvini tördan tikilgan, oq köylakda tasavvur etib rosa kulişdik.
– Soçini qanaqa qildirarkan? – dedi Dilrabo munçoqdek közlarini menga tikib quvlik bilan. – Salondan sartaroş olib kelarmikan?
Ana endi tasavvur eting, Nazira buvining kumuşrang soçini sartaroş avval qoraga böyasa, soçpopuklarini olib taşlab, allambalo burama gajak qilib boşiga turmaklab qöysa. Rosa hangoma bölardi-da, öziyam. Hali qişloğimizda heç qaysi kampir bunaqa kelinçak bölmagan. Aka-singil gaplaşib kulişib borarkanmiz, yölimizdan Dilraboning dugonasi Saida çiqib qoldi. Dilrabo uning oldiga yugurib borib Nazira buvining töyi bölayotgani haqidagi xabarni yetkazdi.
– Buni men ham bilaman, – dedi Saida özini bilağonlardek tutib.
Bu gapdan Dilraboning bir oz ğaşi keldi-da:
– Kelinçak bölarkan, oppoq kelin köylak ham kiyarkan, buvim aytdi, – deb yubordi.
Saidaning uzun kiprikli munçoqdek közlari pirpirab ketdi.
– Rostdanmi?
– Ha. Menimça salondan sartaroş olib kelişsa kerak, axir oq kelin köylak kiygandan keyin soçini ham tuzatiş kerak-ku, – dedi singlim dugonasini hayratda qoldirganidan sevinib.
Ikkalasi bijir-bijir qilib, Nazira buvi qaysi salondan sartaroş çaqirişini muhokama qila boşlaşdi. Yana ikkita qiz ularning safiga qöşildi. Yöl-yölakay men ham örtoqlarimni uçratdim. Nazira buvining töyi bölayotganidan hamma xabardor edi. Oq kelin köylak kiyib, soçini allambalo qilib turmaklatişini eşitganda bolalar avval xoxolab kulib yuborişar, keyin esa negadir jim bölib, mayus tortib qolişardi.
Nazira buvinikiga yetib borganimizda kelinlari darvoza yonidagi stolga şirinliklar qöyib bezatayotgan ekan. Buvimning omonatini olib kelganimni aytdim.
– Şu yerga qöya turing, obkirib beraman, – dedi kenja kelini.
Buvim, tağin birov yarimga tutqazib ketmagin, kelinçakning öziga olib kirib ber, deb tayinlaganini eslab, tugunçani mahkam bağrimga bosdim.
– Mayli, uyga kira qoling, – içkariga işora qildi Maftunaning ayasi.
Nazira buvi içkari uyda nimadir yumuş bilan ovora ekan. Inqillab-sinqillab çiqib kelgunça hovlining örtasida poylab turdim. Egniga qora xon atlasdan köylak, boşiga yaltiroq römol örab olibdi. Qoşiga qalin qilib ösma qöygan, soçlarini ham yaqindagina yuvganmi, yaltillab turardi. Yelkamga qoqib körişayotganida barmoqlariga qöyilgan xinaga közim tuşdi. Nazira buvidan juda yoqimli bir is kelayotgandi.
– Buvim keçroq kelarkanlar, manavini sizga berib yubordilar, – dedim tugunçani uzatib, – töyona ekan.
– Buving sira tinib-tinçimaydi. Bekorga ovora bölibdi-da, hay mayli, men ham unga töylarida qaytaray, – deya qölimdagi tugunni oldi u.
Birdan qotib qoldim: “Töylarida qaytaray deydimi? Nima, öziga öxşab buvimniyam qariganda kelin bölişini istayaptimi?”
– Rahmat bolam, şoşmay tur, – deya Nazira buvi içkariga qarab katta kelinini çaqirdi: – Hay, Böstonoy, manavi toy bolaga katta buvisining töy konfetidan olib çiqib bering, aylanay. Örtoqlari bilan bölişib yesin.
Keyin u menga ögirilib, soçimni siladi-da, – Darsdan çiqqaningdan keyin töğri şu yoqqa kelaver öğlim, amakilaring yaxşi artistlarni çaqirişgan, tomoşa qilib ketasan, – dedi.
– Örtoqlarimniyam olib kelsam böladimi?
– Mayli, olib kelaqol. Töy bolalar bilan fayzli-da, oynonay, olib kela qol, – deb lömbillab qadam taşlagança, soç popugidagi tangalarini jiringlatib içkariga kirib ketdi.
Böston xola bergan bir siqim konfetni olib eşikka çiqayotganimda Nazira buvining öğillari stol-stullarni hovliga olib kirayotganini kördim-u, yana birpas angrayib qoldim. “Onalarini indamay erga berişaveradimi, bular”, degan öy ötdi könglimdan.
– Şerzod, dadang yaxşimi, – dedi Maftunaning dadasi Xalil amaki.
– Yaxşi.
– Töy qilyapmiz, maktabga bormay qöya qol.
– Ustozim urişadi-da.
– Dadamning oşnasi ayasiga töy qilayotgan ekan, qaraşdim, deysan.
Negadir Xalil amakini yomon körib ketdim. Tavba, sira ori yöqmi bu odamning, ayasini qariganda erga berib, tağin, buni hammaga maqtanişini-çi. Yana artistlarning zörlarini ham çaqirib qöyişibdi.
Maktabga borganimda hammaning oğzida duv-duv gap yurardi: “Nazira buvi kelinçak bölayotgan ekan. U oq kelin köylak kiyib, soçini rosa çiroyli qilib turmaklatarmiş”. Bu xabarning yoniga eng zör artistlar kelib öyin körsatişini qöşib qöydim.
– Nazira buvi bizni töyiga çaqiryapti, – dedim sinfga kirgaç, – bormasak xafa böladi. Töy bolalar bilan fayzli, deb alohida taklif qildi.
– Rostdanmi? – deyişdi sinfdoşlarim suyunganlaridan qiyqirgudek bölişib.
Deraza oşa dangir-dungir musiqa, karnay-surnay tovuşi eşitilib turganda, quloqqa saboq kirarmidi. Zörğa çidab ötirdik. Darslar tugaşi bilan töyxonaga jönadik. Ana endi Nazira buvining qanday kelinçak bölişini tomoşa qilsak böladi.
– Özi, Nazira buvi kimga tegayotgan ekan? – dedi sinfdoşim Mansur.
Beixtiyor yelka qisdim.
– Bunisini söramabman.
Kuyov bu yerlik bölmasa kerak, deyişdi bolalar. Çunki qişloğimizda Nazira buviga uylanadigan çolning özi qolmagan.
Oq kelin köylak kiyişini hisobga oladigan bölsak, Nazira buvi şaharlikka turmuşga çiqayotgandir, deya gapga aralaşdi qizlar. Qişloğimizning çollari baribir unga tör köylak kiydirişmasdi.
Töyxonaga kirib bordik. Bizni darvozaga yaqinroq qöyilgan bir çekkadagi stolga ötqazişdi. Mehmonlar köp edi. Öyin-kulgi avjida. Davradagi keksalar orasidan kuyov bölmiş çolning kimligini aniqlamoqçi bölib atrofga alangladim. Çollarning hammasi pörim kiyingan, çaqçaqlaşib ötirişardi. Nazira buvining öğillari-qizlari, kelinlari galma-galdan davraga çiqib öyinga tuşişyapti. “Qarib qolgan onasini erga berayotgan bolalari nega bunça suyunyapti”, deb heç kim hayron bölmaydi. Bir mahal eşikdan buvim bilan ayam ham kirib kelişdi. Oq yaltiroq köylagi ustidan çiroyli qora kamzul kiyib olgan Nazira buvi qaddini ğoz tutib buvimga peşvoz yurdi.
– Voy, aylanay kelinçak, töylaringiz qulluq bölsin, – dedi buvim unga quçoq oçib.
– Sizgayam nasib qilsin, yangajon, – deya buvimni bağriga bosdi Nazira buvi.
Bir seskanib tuşdim. “Nima, bu kallasi aynigan kampir, buvimniyam kelinçak bölişga köndirmoqçimi? Bunga öla qolsam rozi bölmasman!”
Bu orada ayam bilan buvimni içkariga olib kirib ketişdi. Biz öyin-kulgiga andarmon böldik. Davrani boşqarayotgan gapga çeçan kişi bir payt buvimni mikrafon yoniga çaqirib qolsa böladimi.
– Biz kelinçak bilan ellik ikki yildan beri qadrdon dugonamiz, – dedi buvim. – Boşimizdan ne savdolar ötmadi. Hammasini birgalikda yengib, bugungi dorilomon kunlarga yetib keldik. Bolalarimiz ham bir-biriga mehr-oqibatli bölib ösişdi. Kelinçakning bolalari aqlli-huşli.
“Aqlli-huşli bölsa yetmişga kirgan onasini erga berarmidi”, – deb öyladim.
– Öşa paytda bizning kelinçak, hammadan suluv edi, – deya gapida davom etdi buvim. – Mana yetmişga kiribdi hamki, u hammamizdan körkam. Kelinçak, ilohim umringiz uzoq bölsin. Bolalarning rohatini, nevaralarning töylarini köring.
Halidan beri baʼzi örtoqlarim Nazira buvining kelin bölayotganiga işonib-işonmay ötirişgan edi. Buvimning gapidan keyin quloğimga:
– Rostdan ham Nazira buvi kelinçak bölayotgan ekan-da, – deb piçirlab qöyişdi.
Şu mahal anavi çeçan kişi buvimga savol berib qoldi:
– Xanifa buvi, nega Nazira buvimni kelinçak deysiz? Axir yetmiş yoşida ham odam kelinçak böladimi?
Biz bir-birimizga maʼnoli qarab, sergaklanib buvimning gaplariga quloq tutdik.
– Oh bolam-ey, özim oynonay sizlardan, – dedi buvim. – Men bu qişloqqa ellik ikki yil avval kelin bölib tuşganman. Öşanda mana şu qaynisinglim yangi kelinçak bölgan edi. U paytlar erning qarindoş-uruğlarini uluğ tutib, otlarini aytmaslik urf edi. Ha, şunaqa çiroyli odatimiz bor edi. Şundan beri kelinçakning otini aytmadim. Men uçun u haliyam öşa suluvgina kelinçak, – dedi buvim.
Birdan odamlar örnidan turib çapak çalib yuborişdi. Nazira buvi buvimning yoniga yörğalab keldi-da, mahkam bağriga bosdi.
– Yetmiş yoşingiz muborak bölsin, kelinçak, – dedi buvim titroq tovuşda.
– Sizga ham şunday yoşlar nasib etsin yangajon, – dedi unga javoban Nazira buvi.
Örtoqlarim bilan biz kattalarning bu gaplari mağzini anglamagan bölsak-da, hayronu lol holda ularga qöşilib çapak çalardik.
Hamroxon MUSURMONOVA
“Yoşlik”2012/7
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

