(Hikoya)
Kazarma binosida hayot-mamot masalasi hal bölayotgan bir odamni sud qilişardi. Bu – Oqbaliq daryosi sohillaridan kelgan çol edi. Çolning körilayotgan işi butun Dousonni oyoqqa turğizdi, nafaqat Dousonni, balki oqim böylab ikkala tomonga minglab çaqirimlarga çözilgan Yukon ölkasini-da junbuşga keltirdi. Dengizda qaroqçilar, quruqlikda talonçilar ayşini surayotgan bir zamonda anglosakslar allaqaçonlar itoatkor xalqlar hayotiga qonunni singdirib bölişgandi va bu qonun şafqatsiz edi. Lekin Imberning işiga kelganda qonun ilk dafʼa muruvvatli bölib körindi. Bu qonun oddiy hisob-kitob nuqtayi nazaridan qaralganda mutlaq jinoyat bilan tenglaşa oladigan bunaqangi jazoni möljallamagandi. Jinoyatçi oliy jazoga mahkum, bunda ikkilanişga örin yöq aslo; biroq jazo qatl bilan yakunlansa-da Imber bor-yöği özining boşini kundaga qöya olardi, xolos; böynida esa köplarning hayoti qarz bölib qolayotgandi.
Aslida Imberning qöli şu qadar qonga botgandiki, uning qurbonlari sanoqsiz edi. Ölka aholisi qönalğada töxtab yoki peçka yonida yalqovlanib, mundştuk burqsitgança bu çol tuşmagur neçtasining yostiğini quritganini çötga solib çamalaşardi. Baxtiqaro qurbonlarning barçasi heç bir mubolağasiz oq tanlilar edi; ular yakka-yakka, juft-juft va tödalaşib halok bölişdi. Qotilliklar şunçalik maʼnosiz va asossiz ediki, uzoq vaqt mobaynida Qirollik otliq politsiyasi bu jumboqning tagiga yetolmadi. Hatto daryo böyida oltin qazilib, dominion hukumati aholidan öz boyliklari uçun soliq yiğiştirib olgani gubernatorni jönatganda ham yopiğliq qozon yopiqligiça qoldi.
Biroq eng katta jumboq şu böldiki, Imberning özi Dousonga – odil sud hukmiga boş egib keldi. Bahorning oxirroğida, Yukon özining muz kişanlarini yeçişga urinib hayqirib-bökirganda möysafid hindu muz ustidagi yölidan burildi-da, qirğoq tepaligidan amal-taqal ötdi va sarosima içida şohköçada töxtadi. Çolga közi tuşganlarning bari payqaşdiki, u ançayin kuçdan qolgan. U gandiraklab yoğoç uyumiga yetib bordi-da, çökdi. Yon-veridan ötib ketayotgan oq tanlilarning adoqsiz oqimiga razm solgança uzzukun şu yerda ötirdi. Köpçilik unga qaraş uçun bot-bot ögirilişar, ğalati aft-angorli bu keksa sivaş baʼzilarni öyga toldirardi. Keyinçalik önlab kişilar hinduning ğayriqiyofasi ularni hayratga solganini eslab, kun böyi ziyrakliklaridan gerdayib yurişdi.
Şunday esa-da asl qahramon Mitti Dikkensen böldi. Mitti Dikkensen bu yurtlarda ezgu umidlar-u çöntagida bir dasta dollar bilan hozir bölgandi, ammo çöntakdagi aqça ila umid ham havoga uçdi. Ştatlarga qaytişga mablağ yiğiş uçun u “Xolbruk va Meyson” dallollik idorasida hisobçi kursisini egalladi. Ayni “Xolbruk va Meyson” idorasining röparasida Imber joylaşib olgan yoğoçlar uyumi yotardi. Dikkensen uni nonuştadan avval derazadan körib qoldi, nonuştadan söng qaytib kelib yana derazadan möraladi: keksa sivaş haligaça öşa yerda ötirardi.
Dikkensen tez-tez derazadan nazar taşlab turdi; keyinroq u ham ziyrakligidan faxrlanib yurdi. Mitti Dikkensen sal xayolparastroq edi, şungami, u qözğalmay ötirgan keksa majusiyda sivaş xalqining timsolini, anglosaks bosqinçilariga boqib turgan tuşuniksiz xotirjamlikni kördi.
Soatlar bir-birini quvalaşar, Imber esa qilt etmay öşa holatda ötirardi. Dikkensen bir paytlar şohköça örtasida çana kelib töxtaganini, ustida şunday harakatsiz ötirgan kimsani esladi; uning tegrasida ötkinçilar uymalanişar, hamma uni dam olyapti, deb öylar, keyin esa unga qöl tekkizib körişganda murdaga aylanganligi maʼlum böldi – sovuqda taraşaday qotib qolgandi. Jasadni töğrilaş uçun – yöqsa tobutga siğmasdi – uni gulxan yoniga keltirib, muzini tuşirişga majbur bölişgandi. Dikkensenning bu öylardan eti jimirlab ketdi.
Bir ozdan söng Dikkensen sigara çekib, şamollagani köçaga çiqdi. Daqiqa ötib Emili Trevis paydo böldi. Emili Trevis latofatli, noziknihol oyimtilla edi, London yoinki Klondaykda bölişidan qatʼi nazar millionlarga ega toğ muhandisining arzandasidek kiyinardi. Mitti Dikkensen sigarasini deraza tokçasiga taşlab, şlyapasini andak kötarib qöydi.
Ular ön daqiqaça valaqlaşdi. Birdan Emili Trevis Dikkensenning yelkasi oşa qarab qiçqirib yubordi. Dikkensen şoşib ögirildiyu, sapçib tuşdi. Imber köchani kesib ötib, qizdan közini uzmay soyaday ularning peşonasida turardi.
– Nima kerak? – jurʼatlandi Mitti Dikkensen ovozi qaltirab.
Imber nimadir deb minğillab, Emili Trevisga yaqinroq keldi. U qizni boşdan-oyoq sinçiklab közdan keçirdi. Ayniqsa qizning ipaksimon qönğir soçlari va ol yonoqlari çolda alohida qiziqiş uyğotdi. U nigohini uzmay qizni aylanib ötdi, göyo otning böy-bastini yoki qayiqni örganayotganday. Nogahon u botayotgan quyoşning nurlari qizning qizğiş quloqlaridan ötib şuʼlalanayotganini payqadiyu, taqqa töxtadi. Keyin yana uning yuzlarini “tekşiriş”ga tuşdi va qizning moviy közlariga uzoq tikilib qoldi. Tağin nimanidir tönğillab, bir qöli bilan nozikoyimning bilagidan uşlab, ikkinçisi bilan tirsagini bukib kördi. Hinduning yuzida nafrat va hayrat aks etdi, pönğillab Emilining qölini qöyib yubordi. Söng böğzidan qanaqadir tovuşlar çiqarib, qizga orqa ögirdi va Dikkensenga nimadir dedi.
Dikkensen uning sözlarini tuşunmadi, Emili esa kulgudan özini tiyolmadi. Imber qoşlarini çimirib dam Dikkensenga, dam Emiliga söz qotar, ular faqat boş silkib qöyişardi. Endi ulardan nari ketmoqçi bölgandi, qiz kimnidir çaqirdi:
– Hey, Jimmi! Bu yoqqa keling!
Jimmi köchaning narigi tarafidan yaqinlaşa boşladi. Bu oq tanlilar kabi kiyingan, boşiga Eldorado azamatlarining keng soyabonli katta şlyapasini qöndirib olgan daroz, besönaqay hindu edi. Tutilib-tutilib Imber bilan gaplaşdi. Jimmi sitxadan edi; ölkaning içkarisida yaşaydigan qabilalar tilida faqatgina eng oddiy sözlarni bilardi.
– U Oqbaliq qabilasidan, – dedi u Emili Trevisga. – Meniki uning tilini yaxşi bilmaydi. U eng katta oq tanlini körmoqçi.
– Gubernatorni, – töğriladi Dikkensen.
Jimmi Oqbaliq qabilasidan bölgan odam bilan yana bir neça söz almaşdiyu, yuzi taajjub va taşvişli tus oldi.
– Unga kapitan Aleksander kerak, deb öylayman, – dedi Jimmi. – Aytişiça, u oq tanli erkakni, ayolni, bolani, köpgina-köpgina odamni öldirgan. Özi ham ölişni istaydi.
– Aqldan ozgan, şekilli, – dedi Dikkensen.
– Bu nima degani? – söradi Jimmi.
Dikkensen boş çanoğini teşmoqçidek barmoğini çakkasiga tiradi-da aylantirdi.
– Balki, balki, – dedi Jimmi hamon oq tanlilarning kattasini sörayotgan Imberga ögirilib.
Qirollik otliq politsiyasidan mirşab yetib keldi (Klondaykda ular otsiz yurişadi), u ham Imberning talabini eşitdi. Mirşab keng yağrinli, devkor, oyoqlari baquvvat davangir edi; Imber qança novça bölmasin, mirşab undan yarim kalla baland edi. Közlari sovuq va kök, nigohi teran, kelbatidan huv, öşa asrlar oşa ajdodlardan ötib kelayotgan öz kuçiga bölgan işonç yoğilib turardi. Qoyilmaqom jasorati yoşini yaşirib turardi – u hali yoş bola edi, silliq yonoqlarida qizillik qizaloqning yuzidagi kabi tezlik-la yugurardi.
Imber endigina mirşabga razm soldi. Yoş mirşabning iyagida şamşir dami qoldirgan çandiqni körib hinduning közlaridan öt çaqnadi. Şalviragan qöllarini mirşabning soniga olib bordi va uning muşakdor oyoqlarini paypasladi. Barmoği bilan gavdasini çertdi, keyin öspirinning yelkalarini sovut misol qoplab turgan baquvvat muşaklarni uşlab kördi. Ularning atrofida allaqaçon ötkinçilar töplanişgandi – oltin izlovçilar, toğ aholisi, yangi yer egalari – barçasi uzun oyoqli, keng yelkali irq farzandlari. Imber goh unisiga, goh bunisiga köz taşlab, Oqbaliqlar tilida nimadir dedi.
– Nima deyapti? – söradi Dikkensen.
– U aytdiki – bu kişilarning barçasi mirşabga öxşagan daroz, bir toifadan ekan, – tarjima qildi Jimmi.
Mitti Dikkensen past böyli edi, şu bois Trevis xonim qoşida bunday savol berganiga puşaymon böldi. Mirşab buni payqab, gapni boşqa yoqqa burdi.
– Bunda bir gap bor, şekilli. Uni kapitanning huzuriga olib boraman. Unga ayt, Jimmi, men bilan yursin.
Jimmi tağin keksa hinduni siquvga oldi, Imber bir nima deb tönğilladi, lekin yuzidan mamnuniyatni uqiş mumkin edi.
– Undan söra-çi, Jimmi, qölimni uşlaganda nimalarni öylagan ekan?
– Uning aytişiça, siz qörqoq emassiz.
Bunday javobdan Emili Trevis huzurlanib ketdi.
– Aytdiki, siz skukum emassiz, şunday noziksizki, xuddi murğak boladek. U sizni qöllari bilan ming bölakka bölib taşlaşi mumkin. Manov mirşabdek azamatni dunyoga keltira olişingizga lol qolyapti.
Emili Trevis közlarini tik qadab turişga özida qatʼiyat topa oldi, ammo yuzlari alvon tus oldi. Mitti Dikkensen esa anorga aylandi, yoş mirşabning yuzi esa lolazorga.
– Hoy, sen, qani, yur-çi, – dedi birdan mirşab olomonni yelkasi bilan tisarib.
Şu tariqa Imber öz ixtiyoriga köra barça-barçasiga iqror bölgan hamda keyin u yerdan qaytib çiqmagan Kazarmaga kelib qoldi.
Imber qattiq toliqqan körinardi. U qartayib qolgan, umid uçqunlari öçgan, bu uning rang-röyidan maʼlum edi. U munkayib, közlari nursizlanib qolgandi; soçlari oppoq oqarişi lozim edi, biroq quyoş va yoğin-soçin soçlarini şunaqangi kuydirgandiki, endi ular tussiz, patakka aylangandi. Atrofidagi hodisalarga unda ziğirça qiziqiş topilmasdi. Xona oltin izlovçilarga, ovçilarga liq tölgan, ularning vahimali şovqinlari Imberning quloqlari ostida qirğoqqa urilgan dengiz tölqinlaridek şovullardi.
U deraza yonida ötirar, loqayd nigohi dam-badam köz oldida namoyon bölgan, yurakni entiktiradigan manzarada töxtardi. Kökni bulutlar egallagan, çor atrof rutubatga çömgan. Yukonda bahorgi toşqin boşlangandi. Muzlar erib, şaharni suv bosgandi. Şohköçadan ikki tarafga heç tinim bilmas kişilar eşkak eşişardi. Goh u, goh bu qayiq köça tomondan Kazarma oldidagi suv bosgan harbiy maydonga qayrilar; yaqinroqqa suzib kelib közdan yöqolar, Imber qayiq yoğoç devorga urilganini sezib turar, eşkakçilar binoga deraza oşib kirar edilar. Keyin esa suv şaloplatişib yuqori qavatga kötarilişayotgani eşitilardi. Şlyapalarini yeçişib suvga bökkan dengizçilar etigida xonaga kirib, sudni kutayotgan olamonga qöşilib ketişardi.
Hinduning munosib jazolanişidan mamnun bölayotgan bu kişilar unga yovqaraş tikilişar ekan, Imber ularning udumlari, mezonlari, Qonuni, qaysiki yaxşi zamonda ham, yomon zamonda ham, toşqinu oçlikda, kulfatni-da ölimni pisand qilmay azal-azaldan yaşab, asrlar davomida qöllanib kelinayotgan Qonun borasida öy surardi.
Allakim stolni taqillatdi; ğala-ğovur tinib, zal suv quygandek jimib qoldi. Imber stolga muştlagan nusxaga eʼtibor qaratdi. Bu kimsa hokimlik qudratiga egadek tuyuldi, biroq Imberga boşqasi, sal nariroqda ötirgan keng manglayli barçasining ustidan boşliq bölib körindi. Stol ortidan yana bittasi turib, qöliga ançagina qoğozlarni oldi-da baland ovozda öqiy ketdi. Keyingi sahifaga ötişdan avval u barmoqlarini tupuklab, bir tomoq qirib olardi. Imberga uning sözlari begona, ammo qolganlar tuşunar, qoşlari örtasida çuqurça paydo bölardi. Baʼzan şunday darğazab bölişardiki, hatto bittasi Imberni haqorat sözlar bilan siyladi, ammo stol ortidagi kişi stolga muştlab, tinglovçining unini öçirdi.
Vaʼzxon uzoq javradi. Uning zerikarli maʼruzasi ostida Imberni mudroq bosar, bayonnoma nihoyasiga yetganda qariya allaqaçon tuş körayotgandi. Kimdir uni oqbaliqliklar tilida ismini aytib çaqirgandi, çol uyğonib, singlisining öğli – qaçonlardir öz qabilasini taşlab, oq tanlilarga qöşilib ketgan hindu yigitga közi tuşdi.
– Sen, şubhasiz, meni eslolmaysan, – dedi hindu yigit salomni ham nasiya qilib.
– Yöq, eslayman, – javob qaytardi Imber. – Sen Xaukansan. Köp yillar burun bizni tark etganding. Volidang ham omonatini topşirganiga ança böldi.
– U keksayib qolgandi, – özini oqladi Xaukan.
Imber javobni ham eşitmay pinakka ketdi, biroq Xaukan yelkasidan silkib uyğotdi.
– Manavi odam nimalar öqiganini senga bildirmoqçiman. U sen qilgan barça jinoyatlarni, qaysiki, o tentak, kapitan Aleksanderga iqror bölganlaringni öqib eşittirdi. Sen yaxşilab öylab körib, şular töğri yoki notöğriligini aytişing darkor. Senga şunday amr etildi.
Xaukan missionerlar orasida kun körar, yozuv-çizuvni öşalardan örgangandi. Ayni damda anov vaʼzxon öqigan yupqa qoğozlarni uşlab turar – ularga Imberning Jimmi kömagida kapitan Aleksander huzurida aytgan barça sözlri tuşirilgandi. Xaukan öqişni boşladi. Imber piça tingladi, yuzida taajjub paydo böldi va darhol jiyanining sözini böldi:
– Bu mening sözlarim, Xaukan, ular sening lab-laringdan uçib çiqyapti, quloqlaring esa sözlarimni eşitmagan.
Xaukan mağrurona iljaydi, farqi oçilgan soçlarini silab qöydi.
– Yöq, o Imber, ular qoğozdan çiqyapti. Töğri, quloqlarim ularni eşitmadi. Sözlar qoğozdan çiqib, közim orqali miyamga yetib boradi, söngra lablarim ularni senga yetkazadi. Mana, ular qayerdan çiqadi.
– Şunaqa degin. Demak, ular qoğozda? – şivirlardi Imber va qoğozni egallagan belgilarga hadiksirab köz taşlab, uşlab kördi. – Bu ğaroyib jodu. Sen, Xaukan, çinakam afsungar ekansan.
– Qöysang-çi, – dedi yigit kalondimoğligini yaşirolmay.
Xaukan tavakkaliga bir varaqni tanlab oldi-da, öqiy boşladi:
– “Öşa yili, muz köçişidan ilgari, bola yetaklab olga bir oqsoç çol paydo böldi. Ularni ham öldirdim, öşanda çol joni boriça ökirgandi…”
– Bu bölgan gap, – dedi Imber hayajonlanib. –U uzoq qiçqirdi, qarşilik körsatdi, ölişni istamagandi. Biroq sen bularni qayerdan bilasan? Senga oq tanlilar boşliği aytgan, çoği? Ularni öldirganimni heç zoğ körmagandi, buni faqat oq tanli boşliqqa aytgandim.
Xaukan ranjigansimon boş çayqadi.
– Bularning bari qoğozga yozilgan deb aytyapman-ku senga, tentak.
Imber siyohli belgilar töla qoğozga sinçiklab boqdi.
– Ovçi yerga yastangan qorga qaraydi-da aytadi: mana bu yerdan tunov kuni quyon yugurib ötgan, anavi yerda, butalar orasida, quloğini ding qilgan, keyin esa nimadandir hurkib rasmini çizgan; manavi joydan ortga qayrilib, irğişlab-irğişlab qoçib qolgan, huv, ana u yerda silovsin quyonni doğda qoldirgan; şu yerda, oyoqlari çuqur botgan yerda, silovsin uzun-uzun sakrab şalpangquloqni quvib yetgan; qolganiga faqat silovsinning izlari ketgan. Ovçining ötkir közlari qordagi izga tuşişi bilanoq nima bölganini aytib bera oladi, sen ham qoğozga qarab u yerda unaqa, bu yerda bunaqa bölgan va barçasini qariya Imber qilgan, deyapsan.
– Ha, şunday, – javob qildi Xaukan, – endi esa ruxsat berişmagunça tilingni tiyib, jimgina quloq sol.
Xaukan Imberning körsatmalarini uzoq öqidi, çol bölsa öyga tolgança, mum tişlab ötirdi. Qabiladoşining uni öçgaç, Imber şunday dedi:
– Bularning bari mening sözlarim. Bular – haqiqat, Xaukan. Lekin men ançayin qartayib qoldim. Şunday esa-da anov boşliq bilişi darkor bölgan hamda allaqaçonlar unutilgan işlarni yodga olayapman. Eşit. Bir safar Muztoğ ortidan kimsa keldiki, qöllarida makkor temir qopqonlar bor edi; u Oqbaliq daryosi böylarida qunduz ovlardi. Uni öldirdim. Keyin daryodan oltin izlab uç kişi paydo böldi. Ularni ham gumdon qildim. Fayv Fingerda ham odam öldirdim – u solda suzib yurar, ançagina göşt ğamlagandi.
Imber xotirasini kavlaştirib jim qolganda Xaukan uning sözlarini tarjima qilib turar, klerk ularni yozib olardi. Olomon Imberning çöpçagi toki mallasoç ğilay kişi uzoqdan turib kamon bilan mahv etiladigan joyiga yetib kelmagunça xayollarida mayda köngilsizlik bölib tuyulgan bu “oddiygina” hikoyaga beparvo bölişdi.
– Jin ursin, – oldingi qatordagi tinglovçilardan biri özini tutib turolmadi. Uning nidosida kulfatu nafrat baravar yangradi. – Jin ursin, – takrorladi, – axir bu mening jigarim Bill-ku!
Ahyon-ahyon zalda serzarda “jin ursin” yangrab turdi – na hay-haylaşlar, na ogohlantirişlar mallasoçni tinçlantira oldi.
Imber tağin boşini xam qildi, közlari tevarak-javonibni ilğamasdi. Yolğizgina keksalik yoşlik, jöşqinlikning hadsiz besamarligi borasida mulohaza yurita olganidek çol ham öy-xayollari sahrosini kezardi.
Xaukan sudlanuvçini yana turtdi.
– Turgil, o Imber. Senga mazkur jinoyatlarga qöl urganing hamda bu yoqlarga Qonun izlab kelişing boisini tuşuntirib beriş buyurildi.
Imber arang oyoqqa turdi, madorsizlikdan oyoqlari qaltirardi. Yöğon va biroz titragan ovozda gap boşladi, biroq Xaukan uni töxtatib qöydi.
– Bu çol aqldan ozibdi, – murojaat qildi yigit inglizçalab kengpeşonaga. – Yoş boladay valdiramoqda.
– Biz uning valdiraşlarini eşitmoqçimiz, – dedi kengpeşona. – Biz uni sözma-söz oxirigaça eşitmoqçimiz. Tuşunarlimi?
Imber qahrli qaraş qildi – jiyani oq tanli bilan nimalarni gaplaşganini fahmlagandi. U yana tazarrusini – qaysiki kelgusi avlod uçun bronzaviy zarvaraqlardan joy olişga loyiq bölgan qora tanli fidoyining ğayrioddiy hikoyasini boşladi. Olomon jodulanganday toş qotdi, kengpeşonali sudya esa boşini qöliga tirab göyo hinduning könglini eşitardi. Sukunat aro tilmoç keskin bölib turgan Imberning nidosi kezar, vaqti-vaqti bilan mallasoçning “jin ursin”i ibodatxona qönğiroğiday yangrardi.
– Men kim – Imber, Oqbaliq qabilasidanman, – çolning sözlarini Xaukan begona tilga ögirardi; Imberning nutqidagi taniş marom hamda qiroat quloğiga çalinişi zahoti missionerlik tarbiyasi-la suğorilgan taraqqiyot alomatlari tözğib ketdi va unda odamyovvoyi uyğondi. – Otam Otsbaok bahodir jangçi edi. Hali gödakligimda quyoş nurlarini ayamas, yurak-larimizda şodlik kezardi. Odamlar nomaʼlumlik-lar tomon çopişmas, begona ovozlar quloqqa çalinmas, ajdodlar udumi bizning udumimiz edi. Yigitlar qizlardan köz uzişmas, mohporalar-da közlarni quvontirardi. Ayollarimizning etagi töla bola-baqra edi. Qabilamiz köpayar, erkaklarimiz ham öşa zamonlar asl azamatlar edi. Ular uruş va tinçlikda ham, oçlik va töqlikda ham er kişi edilar.
U zamonlar baliqlar va parrandalar möl edi. Itlarimiz böri zotli, yunglari qalin, na qahratondan, na börondan hayiqişardi. Ayozu dovullar yuraklarimizga qörquv sololmasdi. Pelli qabilasi yerlarimizga oyoq qöyişlari zamon örtada qonli olişuv ketardi. Negaki, biz asl erkaklar edik, Oqbaliq qabilasining qörğonlari; ota bobolarimiz pellilar bilan kuraşib kelişdi, tuproğimiz sarhadlarini himoya qilişdi. Biz ularning işini davom ettirardik.
Kunlardan bir kuni diyorimizga birinçi oq tanli taşrif buyurdi. U qorda emaklab kelardi – mana bunday qilib. Eti ustixoniga yopişib qolgan, bunaqasini sira körmagandik. Qayerdan, qaysi qabiladan keldi ekan, deya hayron bölardik. U norasidadek nimjon edi. Biz mehmonni gulxan yoniga ötqizdik. Pöstinga örab, oş-non berdik.
Kelgindi özi bilan bizning itlarimizga uçta keladigan itni ergaştirib olgandi. Jonivor ham egasi kabi kuçdan qolgan, yunglari kalta, dumi muzlab qolgandi. Bu ğalati jondorni ham qornini töyğizdik. Gulxan atrofidan joy berib, itlarimizni nari haydadik, yöqsa begona itni tilka-pora qilişlari turgan gap edi.
Buğu va baliq göştini yeb, kelgindi va iti ança kuçga kirdi. Jir bitib, kelgindining ovozi kötarildi. Qariya va yigitlarimiz ustidan kulib, qizlarimizga köz olaytira boşladi. Iti esa biznikilar bilan olişar, yunglari yumşoq va kalta bölsa-da, bir marta uçta itimizni ğajib taşladi.
Bu odamdan qaysi qabiladansan, deb söraganimizda u: “Mening oğa-inilarim bisyor”, – dedi-da, sovuq iljayib qöydi. Nihoyat kuçga tölgaç, öz yurtiga ravona böldi. U bilan Noda, sardorimizning qizi ham ketdi. Tez orada bir urğoçi itimiz bolaladi. Biror marotaba bunday kuçukbaççalarni körmagandik – xumboş, baquvvat jağli, kalta yungli, buning ustiga ojizu noçor. Otam bu notavon kuçuk bolalarini körib fiğoni falakka yetgani hamon yodimda. Otam qöliga toş olib kuçukbaççalarni majaqlab taşladi. Ikki yildan söng Noda ham qölida yoş bolasi bilan qaytib keldi.
Hammasi şundan boşlandi. Keyinroq kalta yungli it bilan ikkinçi oq tanli keldi. U ham bizning diyorimizda uzoq turmadi. Ammo itini qoldirdi. Ustiga-ustak eng zör oltita itimizni özi bilan olib ketdi. Ularni Ku-So-Ti – onamning ukasidan ajobtovur töpponçaga aliştirib olgandi – olti marta ketma-ket öq uzadigan töpponça. Ku-So-Ti yangi quroli bilan gerdayar, öq-yoylarimizni xotinlar ovunçoği derdi. Ku-So-Ti qölida töpponça bilan ayiq oviga otlandi. Endilikda töpponça bilan ayiq ovlaş ahmoqlik ekanini hamma biladi, lekin öşanda biz buni qayoqdan bilardik? Ku-So-Ti qayoqdan bilsin edi? U ayiq qoşiga şahd-la bordi-da, töpponçasidan olti marta öq uzdi. Yirtqiç bölsa bökirib Ku-So-Tini tuxum pöçoğiday ezğilab taşladi, asalari inidan oqqan asalday Ku-So-Tining miyasi oqib tuşdi. U mohir ovçi edi, endi uning oilasini qoramoğiga oladigan qörğon yöq. Biz barçamiz çuqur qayğuga botib: “Nimaiki oq tanlilar uçun yaxşi bölsa, bizni halokatga yetak-laydi”, – degan xulosaga keldik. Çindanam şunday. Oq tanlilar tufayli qavmimiz kamayib ketdi, ular sababli çöpday ozidik.
Kutilganidek uçinçi oq tanli ham paydo böldi. U turli yeguliklar va ajib mollar evaziga yigirmata zotdor itlarimizni ergaştirib ketdi. Ortidan sovğalar va vaʼdalarga uçib ön nafar ovçi yigitlarimiz ham yölga tuşişdi. Ammo qayoqqa – birov bilmaydi. Aytişlariça, ular Muztoğda qor ostida qolişgan yoki kurraning bir çeti – odam qadami yetmagan Sukunat Tepaliklarida ajalga yöliqqanmiş. Nima bölgan taqdirda ham oqbaliqliklar itlar va ovçi yigitlarni qaytib körişmadi. Oq tanlilarning qadami yerimizdan uzilmas, sovğa-salomlarini unutişmas, yoş yigitlarimizni olib ketişni ham kanda qilişmasdi. Baʼzan yigitlarimiz qaytib kelişar va biz Pelli qabilasining yeri ortidagi qiyinçiliklar hamda xavf-xatar haqida jon quloğimiz bilan eşitardik, baʼzan yigitlarimiz ortga qaytişmasdi. Şunda: “Modomiki, oq tanlilarga qörquv begona ekan, bu ularning köpligidan. Bizlar oqbaliq qavmi ozçilikmiz. Şunday ekan, yoşlarimiz ortiq bizni tark etişmasin”, deya qaror qildik. Lekin yigitu qizlarimizni uşlab turolmadik.
Töğri, biz un va tuzlangan çöçqa göştini tanovvul qilardik, çoyxörlikni xuş körardik; lek agar bu tansiq yeguliklar yetmay qolsa, tomoşani köravering – jahlimiz çiqib, aqlimizni yöqotardik. Kelgindilar oldi-berdi qiliş uçun olib keladigan matohlarni qömsay boşlardik. Savdo! Savdo! Biz birgina savdo-sotiqni öylardik. Bir yili qişda ğamlab qöygan bari ilvasinlarimizni yaroqsiz soat, ötmas arra va zanglagan töpponçaga almaştirib yubordik. Şundan söng oçlik taʼzirimizni berdi, qirqtaça yor-birodarlarimiz bahorga yetmay uzildi.
“Ana endi kuçsizlanib qoldik. Pelli qabilasi yerlarimizni tortib oladi”, deb tahlikaga tuşdik. Biroq ofat birgina bizda emaskan – pellilar ham darmonsizlangan, biz bilan jangga kirolmasdilar. Otam Otsbaok u vaqtlar xiyla keksayib qolgan bölsa-da, donoligini yöqotmagandi. Öşanda otam rahnamomizga şunday dedi: “Körib turibsan, itlarimiz heç narsaga yaramay qoldi. Qalin yunglaridan asar qolmadi, öz vazifalarini ado etib bölişdi, çana ham tortolmaydilar. Yaxşisi, ularni söyamiz, faqat böri zotli urğoçilarni örmonga qöyib yuboramiz. Balki şunda qalin yungli, baquvvat itlarimiz avlodi yana davom yetar “.
Tez orada otamning başorati töğri bölib çiqdi. Oqbaliq qabilasi kurraning yeng zör itlari bilan dong taratdi. Itlari bilan – odamlari bilan emas. Yigit-qizlarimiz oq tanlilar ortidan nomaʼlum söqmoqlaru daryolar ortiga ğoyib bölişardi. Qizlarimiz ortga qaytişni minbaʼd xayollariga keltirişmas, qaytganlari ham Noda singari dardmand, qarimsiq bölardi. Yaqinlari davrasiga qaytgan yigitlarimiz esa xonadonlariga siğmasdilar. Sayohatlari davomida qörslik va badfeʼllikdan özgasini örganişmagan, iblis suviga qul bölişgan, kunu tun qartadan boş kötarişmasdi; ilk uçragan kelgindi çaqiriği bilan yana begona ölkalarga oşiqardilar. Kattalarga hurmatni unutişgan, kişini mensişmas, köhna urf-odatlarimizni mazax qilişar, sardorimiz va şomonimiz ustidan kulişardi.
Oqbaliq qabilasi tobora kuçini yöqotar, zaiflaşib borardi. Tamaki, viski, yupun kiyim-keçak örniga möyna va pöstinlarimizni jon-jon deb tutqazardik. Yötal bizga hujum boşlagan, erkagu ayollar birday kasalmand, keçasi surunkasiga yötalib çiqişar, ovçilarimiz örmonga çiqiboq qorga qon tupurişardi. Goh unimiz, goh bunimizning böğzimizdan qon kelar, oqibat köpçilik jon taslim qilardi. Tuğiliş keskin kamaygan, dunyoga kelgan çaqaloqlar ham dardçil edi. Kelgindilar biz hali duç kelmagan boşqa tuşunarsiz xastaliklarni olib keldilar. Keyinçalik bilişimça, bu kasalliklar çeçak va qizamiq deb atalarkan – biz kasalliklar “şarofati” bilan kuzda uvildiriğini taşlagandan söng yaşaşining hojati qolmagan baliq kabi halok bölardik.
Eng açinarlisi, oq tanlilar ölim laşkarini boşlab kelişardi, barça udumlari ajal yoqasiga yetaklardi, nafaslari ölim olovini purkar, özlarini esa jin ham urmasdi. Ularda viski, tamaki, kalta yungli itlar bilan birga çeçak, qizamiq, yötal ham bor; ular oq tanli va ular qahraton, börondan zir titraşadi; qurollari ham ahmoqona: paydar-pay olti marta öq uzadimi-yey. Butun boşli kasalliklariga qaramay ular et olib, kuçayaverişadi, qöllari hamma yoqqa yetadi, barçani ezğilab-toptaydilar. Ayollari esa sumbatidan noziknihol körinsa-da, aslida sabotlidirlar – alpkelbat erkaklarni dunyoga keltirişardi. Demak, noziktabiatlilik, kasallik, zaiflik kuç-qudrat va hukmronlik qobiğiga öralar ekan. Oq tanlilar yo iloh, yo iblis – bunisini bilmayman. Oqbaliq qabilasidan bölgan men, Imberdek çol, nimaniyam bilardim? Faqat bir narsani bilamanki, bu jahongaşta oq tanlilarni tuşunib bölmaydi.
Yuqorida aytganimdek, örmonda quşlar ovozi tinib qoldi. Tan oliş kerak – kelgandilar quroli uzoqdagini urib tuşiradi, biroq otişga heç vaqo bölmasa, quroldan ne naf? Bolaligimda buğular har tepalikda uçrar, sanoği-da hisobsiz edi. Endi esa ön kunlab tepalik oşsang ham birorta buğuni uçratmaysan.
Şunday qilib, men, Imber Oqbaliq qabilasining tanazzulini, Pelli qabilasining halokatini, umuman ölkaning barça qavm-qabilasini tugab bitayotganini körib, uzoq öy-xayolot dunyosida kezdim. Şomon va dono keksalarimiz bilan musohaba qildim. Odamlar şovqin-suroni öylaşimga halal bermasin uçun örmon içkarisiga kirib ketdim, meʼdamga oğirlik qilmasligi va köz-quloğimni zaiflaştirmasligi uçun göştdan voz keçdim. Uyquni unutib, örmonda uzoq vaqt ötirdim, közlarim işora kutar, quloqlarim barçasini bartaraf qilişga imkon beruvçi sözni ilib olişga şay edi. Tunlari şamol nola qilayotgan, yomğir köz yoş tökayotgan bir paytda daryo yoqasiga yolğiz çiqdim. Allaqaçonlar rixlatga ravona bölgan dono keksalar va şomonlar şarpasini uçratib, ulardan maslahat oliş niyatida edim.
Alaloqibat şarpalar körindi – kalta yungli jirkanç itlar – va nima qilmoq kerakligini darhol angladim. Ovulga qaytib jangçilarimizga şunday dedim: “Oq tanlilar – juda ulkan qabiladirlar. Öz yerlarida yemak qolmagaç, bizning zaminimizga köz olaytirişmoqda. Ular tufayli zaiflaşib, halok bölmoqdamiz. Ular yeb-töymas yuqodirlar. Agarki, biz tirik qolmoqçi ekanmiz, itlariga qanday çora qöllagan bölsak, özlariga ham şuni qöllaşimiz darkor”.
Men kuraşişni taklif qildim. Oqbaliqliklar menga quloq berişdi, biroq birortasi mard bölib örtaga çiqmadi. Yigitlarimiz yuraksizlik qilişdi, lekin lom-mim demay ötirgan çollarning közida uçqunni payqadim. Keçqurun, ovul uyquga ketgaç, yaşirinça qariyalarni örmonga çaqirdim. Uzoq fikr almaşib, bir töxtamga keldik. Zaminimiz erkin nafas olgan yoşlik onlarimizni, şod va farovon kunlarimizni yodga oldik. Bir-birimizni oğa-ini deb atadik, sir-rozimizni foş etmaslikka hamda tuproğimizni yovuz kelgindilardan tozalaşga qasamyod etdik. Endi ravşanki, bular axmoqlikdan boşqasi emasdi, ammo öşa damlar bizlar, Oqbaliq qabilasining qariyalari buni qayoqdanam bilardik?
Ularga namuna böliş va ruhlantiriş uçun birinçi bölib özim qotillikka qöl urdim. Yukon qirğoğiga pisib berkindim-da, oq tanlilar kanoesini kutib turdim. Qayiqda ikki kişi ötirardi. Örnimdan turib qölimni kötardim. Ular qirğoq tomon suzişdi. Qayiq burnida ötirgan kişi nima gapligini biliş uçun boşini kötargani zamon qölimdagi paykon uçib borib haligining böğziga qadaldi. Ikkinçisi, qayiq quyruğidagisi, qurolini olişga ham ulgurmadi – nayzamni gardaniga sançib qöydim.
“Bu boşlanişi, – dedim qasoskor birodarlarimga. – Biz hali barça qabilalarning barça qariyalarini, keyinroq yuragida öti bölgan yigitlarini ham birlaştiramiz. Ana unda işimiz jadallaşib ketadi”.
Keyin haligi ikki murdani daryoga taşladik. Kanoeni esa – kanoe eng yaxşi qayiqlardan edi – içidagi buyumlari bilan yoqib yubordik. Lekin avval buyumlarni közdan keçirdik. Teri xaltalarini piçoq bilan yirtib körganimizda içi töla sening öqiganlaringga öxşagan, o Xaukan, belgilar bilan qoplangan qoğozlar edi; çandon urinsak-da, belgilarni tuşunmadik. Endi esa aqlim kirib, ularni tuşuna olaman: bu, sen aytgandek – bani başarning sözlari…
Xaukan kanoedagi ikki oq tanlining ölimini arang tarjima qilib ulgurdiki, zalda ğönğir-ğönğir boşlandi.
– Bu töqson birinçi yili ğoyib bölgan poçta-ku! – kimningdir ovozi yangradi. – Uni Piter Jeyms va Dileni olib ketişayotgandi. Ikkovini sönggi marta La-Barj kölida Mettyuz körgandi.
Klerk barçasini şoşa-pişa yozarkan, Şimol tarixiga yangi bob qöşilardi.
– Bu yoği oz qoldi, – sözini davom ettirdi Imber. – Nimaiki karomat körsatgan bölsak, barçasi qoğozga tuşirilgan. Biz qariyalar öşa paytda nima qilayotganimizni bilmasdik. Biz faqat öldirardik; biz ustomonlarça öldirardik. Negaki yaşab ötgan yillarimiz öz işimizni şoşmasdan bitirişga örgatgan edi. Bir kuni oq tanlilar huzurimizda paydo bölişdi. Ular bizga ğazab-la tikilib, haqoratli sözlar yoğdirişdi. Oltita öspirinimizni qöliga kişan solib, olib ketişdi. Öşanda tuşunib yetdikki, biz yanada makkorona va köproq öldirişimiz kerak. Biz daryo böylab yuqori va quyiga, begona ölkalarga tarqaldik. Bunday tavakkalçilik uçun otning kallasidek yurak bölişi talab qilinardi. Qarib-qartayib qörquvni yuraklarimizdan öçirib taşlagan bölsak-da, uzoq va begona yurtlar oldida hadiksiraşimiz tabiiy edi.
Şu tarzda jinoyatlarimizni amalga oşirardik – şoşmasdan, ayyorona. Biz Çilkutda ham, Deltada ham, dovonda ham, qirğoqlarda ham – qayerda bölmasin, oq tanlining manzilgohi uçrasa yoxud sözmoq solgan bölsa, bir odamning hayotiga zomin bölardik. Ha, oq tanlilar qirilardi, lekin bundan nima naf kördik? Ular toğ ortidan tuşib kelişar, kun sayin köpayib borişardi, biz çollarning esa, aksinça, safimiz kamayib borardi. Yodimda, Buğu Dovonida bir oq tanli qönalğa qurib joylaşdi. U pakanagina edi. Uyqudaligida uç nafar qotil-çollar hujum qildi. Ertasi kuni uç qariyaning jasadiga duç keldim. Oq tanli esa hali ham nafas olar, ölimi oldidan, hatto meni laʼnatlaşga ham irodasi yetgandi.
Bor gap şu. Bugun bir oqsoqolning umri poyoniga yetadi, ertaga boşqasining. Baʼzan talay vaqt ötib özimiznikilarning vafoti haqida eşitib qolardik. Özga qabila çollari quyonyurak edilar, bizga madad berişni özlariga ep körişmadi. Şunday qilib, qariyalar birin-ketin tökila boşladik – birgina men qoldim. Men kim, Imber, Oqbaliq qabilasidanman. Otam Otsbaok bahodir jangçi edi. Oqbaliq qabilasi tugab bitdi. Men uşbu qabilaning sönggi vakiliman. Erkak va ayollar öz maskanlarini tark etişdi – kimdir Pelli qabilasiga, kimdir Losos qabilasiga, aksariyati oq tanlilar yurtiga gumdon bölişdi. Men ançayin qarib qoldim, juda ham çarçadim. Qonunga qarşi behuda kuç sarfladim. Sen haqsan, Xaukan – men bu yerlarga Qonun izlab keldim.
– Sen çinakamiga tentaksan, o Imber, – yakun yasaganday dedi Xaukan.
Biroq Imber xayolot olamiga şönğib, quloqlari tom bitgandi. Keng manglayli sudya ham çuqur öyga tolgandi: köz öngidan sovut kiygan, qonun örnatuvçi hamda boşqa xalqlar taqdirini belgilovçi butun boşli elati savlat tökib ötdi. Bu sudya janoblari öz elatining qoronğu örmonlar va sokin dengiz sayhonliklari uzra arğuvon şuʼlalar ila boş kötargan ötmişining subhini köz oldiga keltirdi. U tantanavor ravişda yoğdu soçayotgan kunduz bilan almaşib, tepaliklar oşa qonga töyingan qum misol soya taşlab, tun ortiga yugurgilayotgan şafaqni kördi… Va şularning barçasi ortida adolat tarozisi, qaysiki Uning nomi ila iş köradigan yoxud Uning zalvori ostida jon taslim etuvçi haqir inson zotidan-da qudratliroq, qaysiki yuragi şafqat tilayotgan hakamning özidan-da kuçliroq, mutlaq va yovuz Qonun qad kötardi.
Jek LONDON
Rusçadan Saidjalol SAIDMURODOV
tarjimasi
“Yoşlik”2012/9
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


