Eling uçun, bolam, yaşa,
Eling uçun öl, bolam.
Usmon Azim
Yaxşi asar öqilganda olingan zavqdan ortiqroq zavqni boşqa yerdan topiş muşkul! Yaqinda ana şunday şavq-zavqdan bahramand böliş nasib etdi. Öqiganim – Özbekiston xalq şoiri Usmon Azimning “Jodu” kitobi, bu kitobdan örin olgan “Ğoz” hikoyasi edi.
Şoir sifatida elga tanilib, sermaşaqqat ijod yölining ança-munçasini bosib ötgan qalamkaşning nasrga qöl urişi xayrli bölar ekan. “Hayajonu zavqdan begona, Tinç daryoday jim oqdi umrim”, deya armon qilgan isteʼdodli şoirning nasriy va dramatik asarlar jamlangan bu kitobi şoir qalamidan tökilgan nasr namunasining qudrati neçoğlik ulkan bölişini körsatdi göyo.
Sodda va samimiy baxşiyonalari bilan Surxon baxşi-şoirlarining munosib davomçisi ekanligini namoyiş eta olgan, Elbek baxşi, Elomon baxşi, Oqbotir, Alpomiş, Barçinoy, Boyçibor, Gulpari, Tönğiçu Örtançayu Kenja botirlarni söylatib, odamiyat dardlarini şeʼrga solişda öziga xos tajriba orttirgan şoir “Ğoz”da ham şu yöldan borgan. Hikoya syujeti uçun “Alpomiş” dostonida bir-ikki jumlada bayon qilingan Alpomiş va xabarçi ğoz sarguzaşti asos bölib xizmat qilgan. Köpçilik “Alpomiş”ni öqigan. Uni takror-takror mutolaa qilganlar ham bisyor. Ammo tan olaylik, Alpomiş oyoğiga xat boğlab, Boysunga yöllagan ğozni qutqargan kampirning, ğozni otolmay qolgan merganning taqdiri ne keçgani haqida öylamaganmiz.
Usmon Azim ana şu taqdirni qalamga olgan. Ğozga öq tekkizolmagan Mergan birinçi marotaba öqi xato ketganligi, nomdor mergan bölaturib, bir ğozni otolmaganligi uçungina xastalik töşagiga mixlanadi. Ammo uning jismi emas, ruhi, qalbi jarohatlangan, bu jarohatning nomi esa ğurur edi.
Hikoyani öqişli qilgan muhim jihatlardan yana biri asar tilining xalqona iborayu qoçirimlar bilan ziynatlanganligidir. Hikoya xuddi xalq dostonlari kabi jonli suhbat-muloqot tarzida bitilgan. Bu esa uning öqilişini osonlaştiradi. Nasriy qofiya – sajʼlarning bisyorligini ham xuddi şunday fazilat sifatida eʼtirof etiş joiz: “…Ğoz bir aylanib, ötakasi yorilib, “Boysun-Qönğirotga yetgunça qanotimni toldirma”, deb Tangriga yolvorib, balandlab uçib ketdi. Mergan kuni yetganini sezdi: “Enamki ğozni mendan avlo bildi, paymonam tölgan ekan, gulim oçilmay sölgan ekan”, deb oh urib, olam köziga qoronğu körinib, töşakka yetmay yiqildi. Kampir beçora “voh, bolam”lab, özini farzandining ustiga taşladi, közlarini yoşladi”.
Közingiz bu manzara aks etgan satrlar uzra kezganda, muallifni Onaga nisbatan nohaqlik qilganlikda ayblaysiz. U bilan xayolan bahsga çoğlanib, malomat yoğdira boşlaysiz: Axir, Ona fidoiylik qildi-ku! U mergan öğli nişonga olgan, oyoğiga Alpomişning xati boğlangan ğozni uçirib yubormaganida, Boysun-Qönğirotning holi ne keçar edi?! Muştipar ona ne sabab qilgan ulkan fidoiyligi evaziga ayriliq, kulfat ila “siylanişi” kerak?
Kitobxonni örtagan bu savollarga yozuvçi köpni körgan, “birovning ismini eşitsa, umrini matalday aytib, Xudo buyurmagan kasallarga umrini qaytarib beraveradigan” Bölgan kal tilidan javob qaytaradi: “…Sen fidoiylik qilding! Bu dunyoda fidokorning işi oğirdir…”
Naqadar şafqatsiz xulosa! Ammo tan olamizmi-yöqmi, sinovdan ötgan xulosa. Döstu raqiblar malomatini andişa bois olqiş deya qabul qilganmisiz? Könglingizga jon qadar yaqin olgan birodaringiz yuragingizga piçoq sançganmi? Yaxşilik evaziga taʼna eşitib, izza bölganmisiz? Unda Bölgan kalning xulosasiga eʼtiroz qilolmaysiz! Bölgan kal tilidan insoniyatning eng katta dardini söylayotgan yozuvçiga qöşilib peşona tiriştirasiz. Hikoyaga jonlilik baxş etgan eng muhim jihatlardan yana biri, şubhasiz, ana şu kabi paradoks asosiga qurilgan syujet çiziqlariga murojaat etilganligidir.
Ajdodlar jasoratiyu saxovatini ibrat qilib körsatiş – dunyo adabiyotining muştarak fazilati. Ayniqsa, insoniy ğurur yölida ğayrat körsatgan zotlar barça zamon va makonlarda ibrat namunasi bölganlar. Hikoya muallifi yöl-yölakay işoralar tarzida bölsa-da, bu haqiqatga takror-takror urğu beradi. Muallif tutgan bu yölda Mergan qalbida jöş urgan ğurur tuyğusining asliy-azaliy hissiyot ölaroq asrlar davomida qadr topganligini taʼkidlaş istagi jo bölgan.
“Ğoz”dagi Alpomiş el-ulusni öylab öğlini qurbon qilişiga bir bahya qolgan muştipar onaga yakkayu yagona öğli Yodgorni qurbonlik uçun berib yubormoqni burç deb biladi: “…Siz tufayli mening yurtim omon qoldi, Yodgorjon tufayli sizning farzandingiz ham tuzalib ketsin. Şu bolamni xayri Xudo yöliga buyurdim…” .
“Ğoz”dagi Luqmoni hakim, har qança buyuk tabib bölmasin, muştipar ona oldida boş egadi: “…Men senga taʼzim qilmoğim darkor. Men hayotimda mingta, maqtanib aytsam, ön mingta odamning hayotini saqlab qoldim. Sen bölsa… E-he!”.
Yaxşi asarni yurakka yaqin qiladigan fazilatlarni aytib bitirolmaysan. Yaxşi asarda tasvirlangan voqealar ançagaça qalbingni örtab, xotirangda çarx urib yuradi. Yaxşi asarning ayrim parçalarini ixtiyorsiz yod olib, unda qöllangan tagdor iboralar, naqlnamo xulosalar, zalvorli luqmalar nutqingga köçib, ularni davralarda aytib yurasan. Usmon Azim baxşiyonalarida, şuningdek, “Siz bilmaydigan zamonlarda” va “Ğoz” hikoyalarida qöllangan “Ö, birodarlar”, “Birodarlar” kabi murojaatlar şu qadar dilga yaqin, taʼsirliki, ularning ayrimlari mening ham nutqimga köçib, hatto siz öqiyotgan bitiklarimda jarang berdi.
Ay, birodarlar! Şoir yozgan nasriy asarni şoir öqisa, buning ustiga, ovoz çiqarib, köpçilikning oldida öqisa, oğir bölar ekan. Menda ham şunday böldi. Dastlab uyda öqiganim va mutolaadan söng tomoğimga qadalgan hayajonni yoşga aylantirib kiprigimga indirgan “Ğoz”ni talabalarga öqib beriş uçun özimda kuç topolsam kerak, deya umid qilgandim. Ammo öğlining dardiga darmon, diliga quvvat bölmoq niyatida ğozga aylanişdan-da, mergan öğli otgan öqqa röpara kelişdan-da qaytmagan Onaning ötli sarguzaşti haqida ovoz çiqarib söylaş oson ekanmi?…
Ay, birodarlar, kitoblar bağrida çinakam maʼrifat jo ekanligini anglab yetgan talabalarim közidan oqqan yoş xayrli mujda bölib kirdi könglimga. Ay, birodarlar! Dunyoni qalbi muzlaganlar kunpayakun qiladi… Men olis keçmiş manzarasidan katta saboqlar çiqara olgan, insoniy ğurur, mehr-oqibat odamiyat ahlining azaliy qadriyati, maʼnaviy qudrati ekanligiga imon keltirgan otaş qalblar taftida yayradim. Qölimdagi kitob muqovasini siladim.
Şodmon SULAYMONOV 1975-yilda Şofirkon tumanida tuğilgan. Buxoro Davlat universitetini bitirgan. Filologiya fanlari nomzodi. Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi. “Xosiyatli kun” (2001), “Kuz xayoli” (2004), “Tuğilgan kun” (2006), “Şeʼriy sanʼatlar sehri” (2007) kabi şeʼriy, nasriy va ilmiy töplamlari çop etilgan. “Buxoro mavjlari” jurnali masʼul kotibi lavozimida faoliyat körsatmoqda.
“Yoşlik”2013/4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

