21 daqiqada öqiladi

486 marta körilgan

Tarjimonlik sanʼatkorlikdir

Filologiya fanlari nomzodi, mohir tarjimon
Yangliş Egamova bilan muloqot
– Yangliş opa, sizdan dastavval uzoq yillardan beri hamnafas bölib kelayotganingiz – nemis adabiyotiga qay tariqa mehr qöyganingiz haqida sörasam. Maʼlumki, nemis adabiyoti şarq adabiyoti singari mustahkam ildizlarga, köp asrlik tarixga ega. Ayting-çi, bu olam sizni qaçon va qanday maftun etdi?
– Men nafaqat nemis adabiyotiga, umuman adabiyotga bolalikdan mehr qöyganman. Hali maktabga bormay turiboq aka-opalarimning “Öqiş kitob”laridagi Abdulla Qahhor, Oybek, Zulfiya singari ijodkorlarning suratlariga qarab nomlarini aytardim. Savodim çiqqandanoq xalq ertaklari va dostonlarini öqişga kirişdim. Öşa 50-yillarda özbek tiliga tarjima qilingan Andersen, aka-uka Grimm ertaklarini, özbek xalq ertaklari hamda dostonlarini qayta-qayta öqiyverib yod qilib yuborgan edim. Keyinçalik özbek adabiyoti namunalari va jahon adabiyotidan tarjima qilingan yirik asarlarni öqiy boşladim. Kitob mening jonu dilim edi. Kelgusida adabiyotçi bölişni, badiiy ijod sohasida nimadir qilişni orzu qilardim. Afsuski, bu orzum amalga oşmadi. Nemis tili mutaxassisi böldim. Şunday bölgaç, demak, endi vaziyat nemis adabiyotini ham çuqur örganişimni taqozo etardi. Nemis adabiyotini ham öşa – adabiyotga bölgan mehr bilan qiziqib örgandim, özimga yoqqanlarini tarjima qildim. Yoşligimda adabiyot olamida amalga oşirişni orzu qilganim “nimadir” ehtimol badiiy tarjimalar bölib dunyoga kelgandir…
Nemis tili azaldan mening qismatim şekilli, birinçi sinfga borganimda 6 yoşda edim, maktabga har qanday kitobni olib borsa bölaveradi, degan öyda akamning 8-sinf “Nemis tili” kitobini kötarib borganman. Maktab ostonasiga nemis tili kitobi bilan qadam qöygan edim, mana salkam yarim asrdirki, nemis tili va adabiyoti bilan maşğulman.
– Kitobxon sifatida nemis tilidan özbek tiliga bevosita ögirilgan asarlarni baholi qudrat kuzatib boraman. Kuzatişlarim asosida şunday xulosaga keldimki, bizda nemis adabiyoti namunalarini asliyatdan tarjima qiliş jarayoni boşqa tillarga nisbatan ança yaxşiroq (va ertaroq) yölga qöyilgan. Aytaylik, sizning tarjimangizda özbek öquvçisiga taqdim etilgan Gyotening “Yoş Verterning iztiroblari” romani, Stefan Svaygning turli tarjimonlar tomonidan ögirilgan qator novellalari, Yöldoş Parda, Mirzaali Akbarov kabi mahoratli ijodkorlarning tarjimadagi izlanişlari tahsinga loyiq. Mirzaali Akbarov ayniqsa Hermann Hessening “Çöl börisi” romani va baʼzi hikoyalarini maromiga yetkazib tarjima qildi. Özbekiston Xalq şoiri Erkin Vohidov rus tilidan ögirgan “Faust” asari esa Poşo Ali Usmonning bevosita asliyatdan qilingan tarjimasida yana bir bor kitobxonlar hukmiga havola etildi. Aytiş oson bölsa-da, bular aslida köp yillik izlanişlar, maşaqqatlar mevasidir. Şunday emasmi?
– Töğri, boşqa tillarga nisbatan nemis adabiyoti namunalarini özbek tiliga asliyatdan tarjima qiliş sal ertaroq boşlandi. Gyotening “Yoş Verterning iztiroblari” romanini nemis tilidan tarjima qilib, 1975-yilda çop ettirgan paytimda hali Özbekistonda Ğarbiy Yevropa tillaridan birorta yirik asar asl nusxadan tarjima qilinmagan edi. Ungaça boşqa tillarda yaratilgan asarlar, ayniqsa, ğarb adabiyoti namunalari rus tili orqali ögirilar va natijada rus tarjimoni sodir etgan xatoliklar bilan birga özbek tarjimoni tufayli yöl qöyilgan nuqsonlar ham qöşilib, tarjima asarining sifati ikki karra yomonlaşar edi.
Keyinçalik nemis tili mutaxassislari orasidan Yöldoş Parda, Sadriddin Salim Buxoriy (Alloh ularni rahmatiga olgan bölsin), Mirzaali Akbarov, Poşo Ali Usmon, Xurram Rahimov, Şuhratxon Imyaminova, Hafiza Qöçqorova singari tarjimonlar yetişib çiqdi va asliyatdan tarjima qiliş ança jonlandi. Yoşligidan Haynrix Hayne şeʼrlarining şaydosi bölgan şoir Abdulla Şer öşa şeʼrlarni asliyatdan tarjima qiliş uçun nemis tilini örgandi va Haynrix Hayne lirikasi Abdulla Şer tarjimasida asl nusxaga hamohang holda özbek tilida jarangladi, jurnallar sahifalarida, alohida kitob holida bosib çiqarildi.
Har bir tarjimon şu xilda özini qiziqtirgan sohaga doir va maʼlum bir muallif asarlarini tarjima qilişga harakat qildi. Masalan, Sadriddin Salim Buxoriy öz ruhiy olamiga mos kelgani uçun Gyotening “Ğarbu şarq devoni”ni hamda uning Muhammad (s.a.v.)ga bağişlangan maqolasini tarjima qilgan bölsa, Xurram Rahimovni ertaklar olami öziga tortdi. U nemis xalq ertaklarini özbek tiliga, özbek xalq ertaklarini nemis tiliga tarjima qilib Özbekistonda va Germaniyada çop ettirdi. Yöldoş Pardani ruhiy-maʼnaviy olam öziga jalb etdi. U nemis islomşunos va şarqşunos olimasi Annemariye Şimmelning islom olamida ayollar siymosini yoritişga bağişlangan “Jonon mening jonimda” nomli kitobini özbekçaga ögirdi. Bu diniy mavzudagi ilmiy-ommabop asar bölib, unda mavzuga oid xos sözlar, atamalar juda köp. Jumlalar murakkab. Şunga qaramasdan, tarjima juda silliq çiqqan, asar xuddi asli özbek tilida yozilgandek öqiladi. Bundan taşqari, Y.Parda “Tristan va Izolda” asarini özbek tiliga hamda Nasriddin Afandi latifalarini, nemislar bilan hamkorlikda Alişer Navoiy ğazallaridan namunalarni nemis tiliga ögirdi. Şuhratxon Imyaminova asosan hajviyalar, kiçik hajmdagi hikoyalar tarjimasi bilan şuğullansa, Hafiza Qöçqorova zamonaviy nemis adabiyoti namunalarini tarjima qiladi. Isteʼdodli tarjimon Mirzaali Akbarovni asosan Gyote hikmatlari va Hermann Hesse olami qiziqtiradi. U Gyote hikmatlari hamda Gyote hayoti va ijodiga bağişlangan nemis tadqiqotçisi Klaus Zeyehaferning “Yohann Volfgang Gyote: şoir, tabiatşunos va davlat arbobi” nomli yirik tadqiqotini özbek tiliga ögirib, naşr ettirdi. Hermann Hesse hayoti va ijodini çuqur örganib, uning “Çöl börisi” romani va qator hikoyalarini qoyilmaqom tarjima qilib, özbek kitobxoniga taqdim etdi. Tan oliş kerak, “Çöl börisi” romanini oddiy kitobxon sifatida öqiş uçun ham ança-munça çidam kerak. Endi uni butun mazmun-mohiyatini his etib, ona tilida qaytadan yozib çiqqunça tarjimon qanday ahvolga tuşadiyu, nimalarni boşdan keçiradi, bu faqat uning öziga va Allohga ayon. Ana şu zahmatni böyniga olgan odamgina bunday asar tarjimasiga kirişadi.
Endi “Faust”ga kelsak, bunday murakkab, buyuk asar tarjimasiga jurʼat etişning özi bir qahramonlik. Mahoratda Gyote bilan böylaşa va bellaşa oladigan kişigina bunga jurʼat qiladi. Zabardast şoir Erkin Vohidov “Faust”ni rus tilidan tarjima qilib, özbek adabiyoti xazinasiga olib kirdi, özbek öquvçisi “Faust”ni badiiy jihatdan mukammal tarjimada öqiş baxtiga muyassar böldi. Professor Akmal Saidov uşbu tarjimani buyuk jasorat bilan tenglaştirdi. Bir kitobxonlar uçraşuvida Erkin Vohidov “Faust” tarjimasi haqida gapirib: “Men bu tarjimaga kirişişdan oldin nemis tilini örganmoqçi böldim. Şunda bir nemis menga, “Faust”ni tuşuniş uçun nemis bölib tuğilişning özi ham kamlik qiladi, dedi. Şundan söng tilni örganişdan voz keçdim-da, Gyoteni örganişga, “Faust”ning butun içki olamini örganişga kirişdim” degan edi. Erkin Vohidov “Faust”ni asosan Pasternak va Xolodkovskiylar tarjimasidan ögirgan. Pasternak nusxasi yuksak badiiyligi bilan, Xolodkovskiy nusxasi esa asliyatga sözma-söz yaqinligi bilan şoirga kömak bergan.
“Faust” haqida rus gyoteşunosi A.Mixaylov şunday yozgan: “Ölçov nozikliklari bilan şuğullanişni Gyote yoqtirmasdi, biroq “Faust” buning teskarisi, negaki “Faust” – şeʼriy şakllar va ölçovlarning butun bir qomusidir. Ularning orasida yunon fojialaridagi trimetr va tetrametrlar ham, XVIII asr fojialaridagi gekzametrlar ham, nemis xalq qöşiqlari, Dante “Ilohiy komediya”sini yozişda qöllagan tersina va boşqa juda köplab şakllar uçraydi. Gyote köngli tusagan paytda kutilmagan va ğaroyib şakllarni yaratar, ammo hammasi öz örnida bölardi, har gal şoir tanlangan şakl bilan tamoman birlaşib, içki bir muştaraklik hosil qilişi lozim edi”.
Agar “Faust”ni Erkin Vohidov tarjimasida mutolaa qilsak, gyoteona şakliy xususiyatlar undagi çuqur mazmun “bilan tamoman birlaşib, içki bir muştaraklik hosil qilişi”ga guvoh bölamiz. Poşo Ali Usmon tarjimasidagi “Faust” Xolodkovskiy tarjimasiga öxşab ketadi. Unda asl nusxadagi barça lisoniy unsurlar deyarli saqlab qolingan. Samarqanddagi yoş tarjimonlar seminarida Poşo Ali oğa öz tajribalari haqida şunday sözlarni aytgan edi: “Men “Faust”ni tarjima qilişdan oldin uni çuqur öqib-örgandim. Keyin barça rus va boşqa tillardagi tarjimalarni yiğiştirib bekitib qöydim-da, birgina asl nusxadan foydalanib, Gyote bilan faqat nemis tilida muloqot qilgan holda tarjimani boşladim.” Şu tariqa tarjimon fojiani şeʼriy şaklda ögirganu, biroq asliyatda nima bölsa, hammasini saqlaşga uringan. Natijada tarjima tili xiyla oğir bölib qolgan. Ammo uşbu tarjima “Faust” mazmunini tuşunişda ança qöl keladi. Albatta, har qanday tarjima ham tinimsiz izlanişlar, mehnat va yana mehnat mevalari bölib, bu tarjimondan öta fidoyilikni talab qiladi.
– Dunyo kitobxonlarini hayratga solgan, öz davrining murakkab masalalari qamrab olingan “Yoş Verterning iztiroblari” romanini Gyote yigirma uç yoşlarida, şarq mutafakkirlari taʼrifiça “yigitlik ayyomi”da yozgan. Mazkur asarda u yoşlik iztiroblari bilan pardalangan çuqur hissiy-ruhiy, ijtimoiy muammolarni qalamga oladi. Sizda bu muhtaşam asar tarjimasiga qöl uriş istagi qanday tuğilgan? Daho Gyotening uluğvor ijod dunyosiga qadam qöyib, uning maşhur qahramonlarini özbekça sözlatişga jurʼat etganingiz biz uçun juda qiziq.
– Gyotening “Yoş Verterning iztiroblari” romani jahon adabiyoti tarixida boşqa biron-bir asarga nasib etmagan şon-şuhrat bilan yöğrildi. 1774-yil “Verter” romanining yaratiliş yili bölib tarixga kirdi. Roman bosilib çiqqanidanoq qöldan-qölga ötib, tez orada yuzlab tillarga tarjima qilindi.
Avvalo şuni taʼkidlab ötiş kerakki, Gyote adabiyot maydoniga kirib kelguniga qadar nemis tili nafaqat boşqa xalqlar, hatto nemislarning özlari tomonidan ham qadrlanmas edi. Şimoliy Germaniyaning barça aslzoda doiralarida fransuz tilida, Avstriyada esa italyan tilida sözlaşişardi. “Faqatgina Gyotening “Verter” romani inglizlar va fransuzlar tomonidan öqib-örganilganidan hamda asar Italiyaga ham kirib borganidan keyingina oliy darajadagi nemis adabiyotining imkoniyatlari taşqi olamda tan olindi. Gyote nasri asta-sekin maʼnaviy hayotning barça jabhalari uçun ifodaviy vosita namunasi böla bordi… “Biz foydalanadigan son-sanoqsiz söz va birikmalar Gyotesiz nazarimizdan çetda qolib ketavergan bölardi” deb yozadi nemis olimi Hermann Grimm. Mana şu fikrning öziyoq nemis tili va adabiyotining asosçisi Gyote dahosi va “Verter” romanining jahonşumul ahamiyati mislsiz ekanligini körsatib turibdi.
XIX asrning 30-yillariga qadar Gyotening “Verter”dan boşqa biror asari rus tiliga ögirilmagan edi. Yolğiz şu roman orqali ham Gyote Rusiyada juda maşhur bölgan. Kitobning öquvçilar qalbi va ruhiyatiga neçoğlik taʼsir etganini taʼkidlaş uçun Tomas Mann özining “Gyotening “Verter”i” nomli maqolasida şunday bir voqeani keltiradi: “Bir ingliz ança yillar keyin Vaymarga kelganida yöldan ötib borayotgan Gyoteni körib qolib, köça örtasida behuş yiqilgan ekan, negaki “Verter” muallifining naq özini köriş uning uçun kutilmagan va hayratomuz bir voqea bölgan”.
“Verter” romanida öşa davrdagi “Böron va hujum” harakatining oldingi safida bölgan yoş Gyote har taraflama ilğor fikrli, zukko va sezgir qalbli yigitning gözal içki keçinmalari, ehtiroslarini özida jamlagan qahramon obrazini yaratiş bilan şu harakat uçun xarakterli bölgan qirralarni oçib berdi: goh junbuşga keluvçi, goho öta tuşkunlikka, yiğloqilikka yuz tutuvçi tuyğular, ehtiroslar erkinligi, tabiat qöyniga intiliş, tabiatdan oziq oliş, hayotdagi bir xillik, kişilarni çegaralovçi, tabaqalarga ajratuvçi har qanday qonun-qoidalarni inkor etiş, sanʼatni va maʼnaviy erkinlikni tarğib qiliş kabi muammolar “Verter”ning asosiy mağzini taşkil etadi. Tomas Mann taʼbiri bilan aytganda, fransuz burjua inqilobi taʼsirida bölgan Yevropa yoşlariga Verter “porox töldirilgan idişga tuşgan uçqundek” taʼsir qildi.
Oradan köp yillar ötib, Gyote ötgan umriga nazar taşlab, “Şeʼriyat va haqiqat” kitobida şunday yozgan edi: “Boşqalaridan ham köra uşbu asarim menga junbuşga kelgan halokat çangalidan qutulib çiqiş imkonini berdi… Özimni baayni yuragidagi dardlarni kimgadir tökib solgan odamdek, yengil, xursand, yangiça yaşaşga jazm qilgandek sezdim.” Verterning qölidan kelmagan iş, yaʼni “junbuşga kelgan halokat çangalidan qutulib çiqiş”ga yozuvçi muvaffaq böldi.Tabiiyki, bunda faqat Şarlotta Buffga bölgan javobsiz sevgigina emas, balki 1771-1774-yillardagi şoirni qiynagan ruhiy tuşkunliklar ham közda tutiladi. Verter maktublarida goh qayğu-alam girdobida, goh quvonç tölqinida bitilgan gaplar keyinçalik Gyotening özini ham hayratga solgan.
1780-yilning 30 aprelida kundalik daftariga şunday sözlarni bitgan: “Naşr qilingandan buyon endi boşdan-oyoq öqib çiqdim va hayratdan yoqa uşladim.” Qayta öqişga yuragi betlamagan şoir: “Turgan-bitgani olovli yolqin, buni öqiş ham dahşat” deb yozgan. U öz avlodini azoblagan va holdan toydirgan barça körguliklarni şaxsan boşdan keçirgan edi. Bu keçinmalar “Verter”da göyo aks-sado bölib yangradi.
Şaklan möjazgina, biroq mohiyatan juda buyuk bu kitobni tarjima qilişga meni nima undadi? Tabiiyki, bu tarjimaga men dafʼatan jazm qilmadim. Odatda bunday işga juda katta tayyorgarlik talab qilinadi, asosan ruhiy tayyorgarlikni közda tutayapman. Köp tarjimonlar işni kiçik hajmdagi hajviya, hikoyalardan boşlaşadi. Men esa badiiy tarjimani birdaniga ana şu romandan boşlaganman. “Verter”ga mehr menda talabalik yillarimda, romandan katta bir parçani tahliliy öqiş darsida batafsil örgangan paytimizda tuğilgan edi. Bu ayni öşa yoşlar uyuştirgan, Verter bilan Lottaning tanişuvlariga sabab bölgan ball tasviri berilgan parça edi. Yoşlarning raqsga tuşişlari tasviri aynan tasavvurimda jonlangan, davrada aylanayotgan Lotta köylagining etagi göyo mening yuzimni yelpib ötgandek tuyulgan edi. Qolaversa, qahramon bilan xarakterlar muştarakligi, sof subyektiv sabablar ham bunga turtki bergan bölişi mumkin… Xullas, bu kitobni asliyatda qayta-qayta öqir, Verter taqdiri uçun unga qöşilib köz yoşi tökardim. Asar mening yuragimni “jiz” etkizibgina qolmasdan, butun qalbimni, öy-xayolimni egallagan edi. Bunday holatda uni tarjima qilmasdan bölmasdi. Töğri, nazariy jihatdan men Gyoteni tarjima qilişga tayyor emasdim, ammo ruhan, butun şuurim bilan tayyor ekanligimni his etgaç, bu işga kirişdim. “Verter” romani yozilganidan söng oradan ikki yuz yil ötgaç özbek tiliga ögirildi. Şunday gözal asarni asliyatdan tarjima qilişdek şarafli va masʼuliyatli işning aynan menga nasib etgani – Allohning menga körsatgan inoyati bölsa kerak. Kitob bosilib çiqqan yillari rahmatlik professor Akram Kattabekov uni öqib: “Agar Gyote şu romanini özbek tilida yozganida edi, xuddi şunday yozgan bölardi” degan edilar. Behad zukko adabiyotşunos tomonidan berilgan bunday baho men uçun katta mukofot edi.
Mana, yarim asrdirki, talabalarga nemis tilini örgatiş bilan bir vaqtda badiiy tarjima bilan şuğullanaman. Nemis tilida ijod qiluvçi yozuvçilardan Bruno Apits, Volfgang Borxert, Frits Vyurtle asarlarini asliyatdan özbek tiliga ögirdim. Lekin Gyotening hayoti va ijodiga men özgaça bir mehr bilan qaradim, uni çuqur örganişga harakat qildim. Ana şu urinişlarim samarasi ölaroq uning yana bir romani – “Hamroz dillar” mening tarjimamda bosilib çiqdi. “Yoş Verterning iztiroblari” romanining qayta işlangan uçinçi naşri va “Hamroz dillar” romani birgalikda “Muhabbatnoma” nomi bilan “Şarq” naşriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Boş tahririyatida naşrdan çiqdi (2013). Unga muallif hayoti va ijodi, ana şu ikki roman, ularning tarjimalari haqidagi ilmiy kuzatişlarim hamda nemis tilidan tarjima qilingan Gyote haqidagi zamondoşlarining xotiralari ham ilova qilingan. Kitob hozirgi kunda sotuvga çiqarilgan.
– Badiiy tarjima – murakkab hodisa. Murakkabligi avvalo şundaki, tarjimon asar muallifining muşohadalarini, uni qiynagan hasratlar yoki aksinça quvontirgan şodliklarni asarning yangi öquvçilariga tuşuntirib berişi zarur. Menimça, bu jarayonda til bilişning özi kamlik qiladi. Ayting-çi, elqatori tarjimon bilan sanʼatkor tarjimon örtasidagi farq nimalarda körinadi?
– Badiiy tarjima – yuksak sanʼat. Tarjimon esa, xuddi yozuvçi singari sanʼatkor. U boşqa tilda bitilgan badiiy asarni şakl va mazmun birligini saqlagan holda öz ona tilida qayta yaratadi. Ular örtasidagi farq şundaki, yozuvçida erkinlik katta: u istagan mavzuda, istagan uslubda, istagan söz va iboralarni qöllab yozaveradi. Biroq tarjimon imkoniyatlari çeklangan, u tarjima qilayotgan asar mavzusi, ğoyasi, muallif maqsadi, uslubi, til xususiyatlaridan çetga çiqolmaydi, şu imkoniyatlar doirasida öz tili qonuniyatlaridan kelib çiqqan holda asarni qaytadan öz tilida yozib çiqadi. Bu jarayon “qaytadan yozib çiqadi” deb aytişgagina oson. Avvalo, badiiy tarjimada ikki tilni, ayniqsa ona tilini mukammal biliş talab qilinadi. Biroq til bilişning özi kamlik qiladi. Tarjimon badiiylikni his etişi kerak. Özi tarjima qilayotgan asarga xos bölgan badiiy-tasviriy vositalarni, uning uslubiy qirralarini, badiiy böyoqlarni ona tili imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda tarjima öquvçisiga yetkaza olişi, bir söz bilan aytganda, badiiy asar yaratişi lozim. Tarjimon şu asarni yozişda öz muallifi qanday holatga tuşgan bölsa, xuddi öşa holatga tuşişi kerak. Bitta misol: Gyote dösti va kotibi Ekkermannga: “Verter şunday zotki, men saqoquş yangliğ uni öz yurak qonim bilan oziqlantirganman” deydi. Demak, tarjimon ham öşa qahramonni öz yurak qoni bilan oziqlantirmoği zarurki, aks holda tarjima öquvçi qalbini zabt etolmaydi. Gyote “Verter” romanini yiğlay-yiğlay yozgan ekan, men ham uni yiğlay-yiğlay tarjima qilganman. U hali kitob bölib çiqmagan paytlarda baʼzan döstlarim davrasida yiğlay-yiğlay undan parçalar öqib berardim. Bunday holat öz-özidan yuzaga kelmaydi. Buni söz bilan ifodalaş qiyin, faqat his etiş lozim. Sirasini aytganda, haqiqiy badiiy tarjima uning ilohiy huzur va azoblarini tom maʼnoda boşdan keçirgandagina yaratiladi. Buni xuddi aktyorning rolga kiriş holatiga qiyoslaş mumkin. Tarjimon ham ijod jarayonida butunlay özini unutişi, asar içiga butunlay kirib keta olişi kerak. Öşanda miyasiga gözal ifodalar öz-özidan quyilib kelaveradi va u ham kitob qahramoni singari goh kötarinki his-tuyğular, goh köz yoşlari va iztiroblar olamiga singib ketadi.
“Verter” xatlardan iborat – epistolyar roman. Unda ulkan muhabbat tilga olingan. Bunday asarni tarjima qiliş uçun öziga xos tayyorgarlikdan ham ötiş kerak böladi. Masalan, menda hali “Verter”ni tarjima qiliş rejasi tuğilmasdan oldin kundalik daftar tutardim, nimalarnidir yozişni yaxşi körardim, yozişdan erinmasdim. Hayotimda yuz bergan eng qiziq, qimmatli voqealarni kundalikka muhrlardim. Köp öqirdim. “Verter” tarjimasiga kirişişdan oldin muhabbat mavzusiga bağişlangan köplab kitoblarni öqib çiqqanman. Ayniqsa, özbekçaga tarjima qilingan Turgenevning “Otalar va bolalar”, “Dvoryanlar uyasi”, “Asya”, “Arafa”, “Bahor toşqinlari” nomli qissa va romanlarini öqiş katta samara bergan. Tarjima jarayonida ham kundaligimga qalb keçinmalarimni qayd etib borganman. Mana, qahramon bilan birga çekkan iztiroblarim aks etgan satrlardan ayrim namunalar: “16.XI.1969. Bu kitobning oxirgi sahifalari meni ham qahramonga qöşib öldirib qöyadimi, deb qörqaman. Uni oddiy kitobxondek öqiş boşqa-yu, har bir söz, har bir jumla mazmunini his etib, tarjima qiliş boşqa ekan!… Marjon-marjon köz yoşlarim Verter va Lottaning köz yoşlariga qöşilib ketyapti. Heç bir kimsa mening qalb tuğyonlarimni his etolmaydi…” “18.XI.1969. Ulkan sevgiga hamişa ölim hamroh bölib yurarmiş… Bugun huzurli va ayni paytda maşaqqatli işimni nihoyasiga yetkazdim. Sönggi varaqni ögirişda çinakam dod solib yiğladim, göyo eng yaqin kişim vafot etgandek. Bir satr yozaman-da, ortiq kuçim yetmay yiğlaşga tuşaman. Bir oz özimni tutib olgaç, yana yoza boşlayman… Eh-he, kim ham his eta olardi mening holatimni! Bu maʼnosiz sözlarning heç narsani ifodalay olmasligi-ku turgan gap!..”
Çingiz Aytmatov aytganidek, “tarjima – muhabbat farzandi”. Tarjima qilinayotgan asarni yurakdan sevmay turib yaxşisi tarjimaga kirişmagan maʼqul. Ayniqsa, jahon mumtoz adabiyoti namunalari tarjimasi katta masʼuliyat talab qiladi. Tarjimon bir zum ham kimni tarjima qilayotganini, qançalik şarafli vazifani öz zimmasiga olganini, öşa buyuk asarni buyukligiça öz xalqiga taqdim qilişi, bu iş juda katta mehnat, sabr-toqat, çidam talab qilişini, buni uddalaş jasorat bilan teng ekanligini yodda tutişi kerak. Özida şunga kuç va iqtidor sezsagina, ruhan, qalban şunga tayyor bölsagina tarjima uçun qölga qalam olişi durust böladi. Menimça, sanʼatkor tarjimon şu jihatlari bilan örtamiyona tarjimondan farq qiladi.
– Odatda tarjimonlarimiz avval ham tarjima qilingan asarga kamdan-kam hollarda murojaat etişadi. Rus adabiyotida “Hamlet” tragediyasining ellikdan ortiq tarjima variantlari bölib, ular orasida eng maşhurlari Boris Pasternak va Mixail Lozinskiylarning tarjimalari ekan.
Asarning bir neçta tarjima variantlari bölişi adabiyot uçun qançalik foydali?
– Bir asarning bir tilga turli tarjimonlar tomonidan ögirilişi, menimça, ijobiy hodisa. Bunda mutarjimlar bir-birlaridan tajriba örganişadi. Tarjimalarni qiyoslaş jarayonida har bir nusxadagi yutuq va kamçiliklar yaqqol körinib turadi. Kim badiiylikka intilganu, kim sözga qul bölib qolgan, kimda yozuvçi uslubi maromida qayta tiklanganu, kimda özidan qöşişlar va muallif fikrini özgartirişlar közga taşlanadi – şu va şu singari jihatlarga baho beriş imkoni tuğiladi. Bu tarjimalar içidan eng yaxşilari yillar, hatto asrlar ötib ham yaşab qolaveradi. Özbek tarjimaçiligi tarixida ham bunga misollar topiladi. Masalan, Saʼdiy Şeroziyning “Guliston” asarini XIV asrda Sayfi Saroyi, XIX asrda Ogahiy, XX asr boşlarida Murodxöja domla Solihxöjayev, şu asr örtalarida Ğafur Ğulom bilan Rustam Komilovlar tarjima qilişgan. Adabiyotşunoslarning fikriça, şulardan eng yaxşisi Sayfi Saroyi tarjimasi ekan. Akademik V.Jirmunskiy “Gyote rus adabiyotida” nomli monografiyasida “Verter”ning XVIII asrdagi rus tarjimonlari haqida qiziqarli maʼlumotlarni keltiradi: “”Verter” tarjimasiga “Döstona adabiy jamiyat” deb nomlanuvçi tögarak aʼzolaridan Andrey Turgenev va Aleksey Merzlyakovlar bir vaqtda kirişişadi va iş natijalari bilan bir-birlarini muntazam xabardor qilib turişadi.” Qani endi bizda ham şunday ijodiy musobaqalar bölib tursa! Yoş tarjimonlarning hududiy seminarlarida yoşlardan bir neçtasi Haynening “Lirik intermetsso”, “Lorelay” şeʼrlarini tarjima qilganlariga guvoh böldim. Mayli, harakat qilaverişsin, öquvçi öşa tarjimalardan eng yetugini qabul qiladi. Uzoqqa bormaylik, şu yilning özida Jorj Bayronning “Don Juan” poemasi rus tilidan Sulaymon Rahmon va ingliz tilidan Abdulla Şer tarjimalarida “Jahon adabiyoti” jurnalida eʼlon qilindi. Şunisi tahsinga loyiqki, şoir Abdulla Şer “Don Juan”ni asliyatdan ögiriş uçun ingliz tilini örgangan.
– Bugun yurtimizda tarjimaçilik sohasining rivojlanişi uçun barça imkoniyatlar yetarli. Şunga mos ravişda tarjimonlarning yoş, navqiron avlodi yetişib kelmoqda. Matbuot sahifalarida yoşlarning ingliz, nemis, yapon, koreys, xitoy tillaridan bevosita ögirilgan tarjimalarini körib quvonasan kişi. Lekin mazkur tarjimalarning aksariyati nuqsondan xoli emas. Yoş tarjimonlar uslubiy xatolarga, ğalizliklarga yöl qöyişadi. Çet tilini puxta bilganlari holda ona tilimizning luğat boyligi, özbekona sözlarning maʼno tovlanişlaridan bexabarliklari sezilib qoladi.
– Darhaqiqat, hozir yoşlarning bilim olişlari, çet ellarga çiqişlari, xorijiy tillarni örganişlari, ijod qilişlari uçun barça imkoniyatlar eşigi oçilgan. Bu imkoniyatlardan qay darajada foydalana biliş endi yoşlarning özlariga boğliq. Keyingi paytlarda yoşlar orasida köp bölyapman. Toşkentdagi Gyote institutida “Tarjimonlar harakatda” loyihasi doirasida nemis tilidan özbek tiliga tarjima qiluvçi yoş tarjimonlarning hududiy seminarlari taşkil etilmoqda. Şunday seminarlar 2013-yilda Toşkentda, Samarqandda, Andijonda bölib ötdi. Men öşa seminarlarda maslahatçi-tarjimon va tarjimaşunos sifatida iştirok etdim. Tan beriş kerak, nihoyatda iqtidorli, yuragida öti bor, yangilikka taşna yoşlar ösib kelmoqda. Orqamizda qolib, biz qilolmagan işlarni davom ettiradigan yoşlarimiz borligidan juda sevindim. Ularning çet tillarini mukammal bilişlari, öşa tillarda bemalol gaplaşa olişlarini körib faxrlanib ketdim. Demak, nemis tilidagi asarlarni asliyatdan özbek tiliga, özbek yozuvçi, şoirlarining asarlarini nemis tiliga bemalol ögira oladigan yoş tarjimonlar avlodi yetişib kelmoqda. Samarqandlik umidli tarjimon Oybek Ostonov asosan özbekçadan nemis tiliga tarjima qiliş bilan şuğullanadi. U A.Qahhor hikoyalarini tarjima qilib, “Der Granatapfel” (“Anor”) nomi bilan çop ettirdi. Hozir Ğafur Ğulomning “Şum bola” qissasi tarjimasini naşrga tayyorlaş bilan band. Bundan taşqari, nemis tilidan bevosita tarjima qiluvçi Sobirjon Yusupov, Davronbek Mamarasulov, Oybek Arabov singari köplab iqtidorli yoşlar özbek badiiy tarjimaçiligining ertangi kunini taʼminlaşlariga umid bor. D.Mamarasulov tarjima qilib “Jahon adabiyoti” (2012-yil 1-soni) jurnalida çop ettirgan Stefan Svaygning “Şaxmat novellasi” ançagina ijobiy şov-şuvlarga sabab böldi. Faqat ular bitta hikoya yoki şeʼrni tarjima qilib, matbuotda eʼlon qilgaç, şu bilan töxtab qolmasliklari, yangi-yangi asarlarga qöl urişlari, öz ustida tinmay işlaşlari lozimki, şundagina badiiy tarjimadek maşaqqatli ijod maydonida nimagadir erişiş mumkin.
Öşa seminarlarda guvoh bölganimdek, ayrim yoş tarjimonlarda özbek tilida badiiy muşohada yuritiş iqtidori sal sustroqqa öxşaydi. Bu nuqsondan xoli böliş uçun ular: özbek tilida zabardast söz ustalarining original va tarjima asarlarini köp öqişlari, ulardan söz qöllaş mahoratini, sözlarning maʼno tovlanişlarini örganişlari, şoir-tarjimonlar esa, köp şeʼr yod olişlari kerak, busiz sanʼatkor tarjimon darajasiga yetiş muşkul. Tarjimon avvalo özi tarjima qilmoqçi bölgan asarning uslubi, til xususiyatlaridan kelib çiqib tarjimaga qöl urişi kerak. Aks holda tarjimada uslubiy ğalizliklar, tişga tegadigan holatlarning yuz berişi turgan gap.
– Suhbat yakunida yana Gyotega qaytsak. Gyoteni özbek kitobxoniga bir qadar yovuqlaştiradigan holat uning Şarqqa maftunligi, şarq adabiyotiga nisbatan çeksiz muhabbati bölsa kerak. Buyuk şoir ijodidan örgangan eng gözal fazilatlarni sanab bera olasizmi?
– Mening nazarimda Gyote, bir tomondan, yetib bölmas yuksak çöqqi, buyuk daho bölsa, ikkinçi tomondan, göyo har birimizga hamdard, hamfikr bölib, şundoqqina röparamizga ötirib, hayot muşkulotlaridan qutuliş yöllarini örgatuvçi maslahatgöy döstdir. Gyotega xos bölgan barça xislatlar, fazilatlar ana şu ikki qutb örtasida makon topgan. Gyote şunday tinib-tinçimas, bilimga taşna, örganişdan toliqmaydigan, olov qalbli Inson bölganki, u egallamagan bilim, u qöl urmagan soha, u yuz burmagan makon, u qiziqmagan mavzu qolmagan, desa böladi. Şuning uçun, Şarq şeʼriyatini, madaniyatini, Qurʼoni Karimu Hadisi şarifni, islom diniyu Muhammad payğambar (s.a.v.) hayotini örganib, ilmiy va badiiy asarlar, butun bir devon yaratganiga hayron qolmasa ham böladi. Gyoteni öqiyverasiz, örganaverasiz, qança örgansangiz, şunça siz bilmagan qirralari oçilaveradi. Uning ijodi javohirlarga töla bir ummon, har kim undan iqtidori yetgança oladi. Men uning barça asarlarini öqib-örgandim, iqtidorim yetgança tarjimalar qildim, lekin hali örganmaganim köp. Ayniqsa, uning şogirdi, dösti va kotibi Yohann Peter Ekkermanning “Gyote bilan gurunglar” asarini tarjima qilişim Gyoteni anglaş yölida men uçun katta maktab böldi. Gyoteni har taraflama anglaşni istayman, degan odam şu asarni öqişi kerak. Unda tilga olinmagan sohayu mavzuning özi yöq.
Gyotedan nimalarni örgansa böladi? Uning eng uluğ fazilati: millatparvarlik, öz yurti, öz tili va adabiyotiga çeksiz muhabbat, şu bilan birga, boşqa xalqlarga, ularning adabiyoti va madaniyatiga ham çuqur hurmat bilan qaraşni; uzluksiz ham aqliy, ham jismoniy harakatda bölişni; boşlagan işni oxiriga yetkazişni; gözallikka, tabiatga oşuftalikni; irodalilikni; yaratuvçilik fazilatini; döstlarga mehr va sadoqatni; aslzodalarga xos dabdabalarga intilmaslikni; talantli yoşlarni qöllab-quvvatlaşni va boşqa köplab fazilatlarni örganiş mumkinki, ularning sanoğiga yetiş qiyin.
– “Yoşlik” jurnali muxlislariga tilaklaringiz. Yangliş opa, şu örinda yoşlarga nemis adabiyotidan qaysi ijodkorlarning asarlarini öqişni tavsiya etasiz?
– “Yoşlik” jurnali muxlislariga kitobxonlik baxtini, bilimga taşnalikni tilayman. Kitobga mehr qöygan odamdan heç qaçon yomonlik çiqmaydi. Köp öqigan odam köp biladi, oyoği ostidagi zamini mustahkam böladi. Şunça ilm va bilim egasi bölgan Gyote: “Men heç narsa bilmasligimni bilaman” degan ekan. Demak, odam qança köp bilsa, bilmagan narsasi şunçalik köp böladi va u biliş uçun tinmay oldinga intilişda davom etaveradi. Gyotega xos xislatlarni egallaş uçun uning asarlarini, özbekçaga tarjima qilingan “Faust”, “Ğarbu şarq devoni”, “Yoş Verterning iztiroblari”, “Hamroz dillar”i, “Hikmatlar”ini, şuningdek, Nizom Komil tarjimasidagi Remarkning “Uç oğayni”, “Esizgina yoşligim” romanlarini, Hermann Hessening “Çöl börisi”ni, Hafiza Qöçqorova tarjimasidagi Jenni Erpenbekning “Makon istab” romanini hamda özbek adabiyoti yirik namoyandalarining asarlarini mutolaa qilişni tavsiya etgan bölardim.

Suhbatdoş: Gulnoz MÖMINOVA

Yangliş Egamova 1943-yilda Jizzax viloyatining Foriş tumanida tuğilgan. Alişer Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universiteti çet tillar fakultetini tamomlagan. Gyotening “Yoş Verterning iztiroblari”, “Hamroz dillar”, Bruno Apitsning “Qaşqirlar çangalida” romanlarini, Frits Vyurtlening “Andijon şahzodasi” (“Bobur – yölbars”) qissasini, Volfgang Borxert hikoyalarini, Y.P.Ekkermanning “Gyote bilan gurunglar” asarini, Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Raşidiy” adabiy-tarixiy asarini (Vahob Rahmonov bilan hamkorlikda) özbek tiliga tarjima qilgan. Yetmişdan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

“Yoşlik”,2013/12

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)