I
Roz aytiş uçun suhbatdoş topiş mumkin, ammo dardkaş topiş qiyin. Bugun imkon tuğilganda bor dardimni “Yoşlik”ka tökib solmoqçiman, “Sanggisopoltoş” şunga işora. Onam rahmatli sözlab bergan ertaklar orasida “Sanggisopoltoş” ham bor edi:
Sanggisopoltoş,
Sen menga yöldoş
Men senga dardim aytayin…
Şu uç misra ertakdagi har bir voqeadan keyin takrorlanib kelardi… Mayli, bu haqda mavridi kelganda sözlab berarman. Hozir esa “adabiyotga qanday kirib kelgansiz?” deb sörayapsiz mendan. Men adabiyotga kirib kelganim yöq. Adabiyot menga kirib kelgan. Bu holat Kortasarning “Bosib olingan uy” hikoyasiga öxşaydi. Adabiyot mening vujud uyimni sekin-asta töldirib, quloqlarimga sirli va sehrli sözlarni şivirlab, goh yiğlatib va goh kuldirib, ruhim, qalbim va şuurimni (bular vujud uyining xonalari) musaxxar etib, maʼrifat va hayrat vodiysiga tomon yetakladi. Hazrat Navoiy aytganlaridek, kimki bu vodiyga kirsa u yerdagi ahvolning ixtilofli ekanini köradi. Bu joy şunday joydirki, uni yuz tuman, ming turli yöllar kesib ötadi. Ammo ulardan biri ikkinçisiga sira öxşamaydi.
Bu vodiyda soç-soqoli oppoq, ösiq qoşlari ostida közlari çaqnab turgan, “Sabʼayi sayyor” dagi Faylaqus hakimga monand bir möysafid ötirardi. Yonida çarm muqovali kitoblar. Bu möysafid mening bobom (ona tomondan) Mulla Töraboy edi.
Hali murakkabliklarga könikmagan quloqlarimga “Aşraqat min aksi şamsil kaʼsi anvorul hudo” degan nido keldi. Heç narsa anglamadim, ammo bobomning soqollari uçida titrab turgan tomçi-tomçi yoşdan bildimki, ohangdor bu sözlar bobomday odamni yiğlatyaptimi, unda buyuk bir qudrat bor…
Öşanda çamasi beş-olti yoşlarda edim. Keyinçalik Robinzon Kruzoning eçki terisidan yasalgan şamsiyasini yopinib kelayotgan kişini kördim. Bu adabiyot edi. Kimsasiz orol. Yaşaş uçun kuraş, inson matonati, eng muhimi, (öşanda men uçun) xavf-xatarga töla ğaroyib hayot. Men Robinzon örnida bölişni juda-juda istardim. Keyinroq ğamgin qiyofali ritsarga aylandim-qoldim. Yoşimiz örtasidagi farqqa qaramay, Dulsinya Tobosskayaga muhabbat qöydim. Qişloğimiz poyidan oqadigan daryo böyiga tuşib, Don Kixotning holatiga kirdim. Yaʼni, katta bir xarsangtoş ustiga bir bölak paxtani qöyar va oşiq ritsarlarday boşimni “toş”ga urardim. Men endi mirakilik Neʼmat Arslon emas, lamançlik Don Kixot edim. Oynaga qarab ğamgin qiyofada yurişni maşq qilib kördim. Sevgilim Dulsinya esa qişloğimizda yaşaydigan mendan 2-3 yoş kiçik (nomini yaşirin saqlayman) bir qiz.
Ana şunday kayfiyatda yurarkanman, bir ingliz fuqarosi meni köz körmagan va quloq etişmagan ğaroyib mamlakatlar tomon boşlab ketdi. Ulkanlar mamlakatining qizlari ğoyat sohibjamol edi. Ularning iliqqina kaftlari ustida his etardim özimni va “Gulliverning sayohatlari”da berilgan öşa qizlar rasmini soatlab tomoşa qilardim. Ha, men aytgan ingliz fuqarosi – Jonatan Svift haqiqiy sehrgar edi.
II
Keyinçalik adabiyotdan hafsalam pir böldi. Qölimga Ibrohim Rahim, Mirmuhsin, Sunnatilla Anorboyev va boşqa bir qator yozuvçilarning asarlari tuşib qolgandi. Öşa davrda adabiyotimizda dovruğ taratgan bu ijodkorlarni kamsitiş niyatida emasman, şubhasiz, ular ustozlarimiz. “Odam qanday toblandi” tipidagi romanlar juda katta mehnat samarasi. Ammo özim aybdorman. Köpçilik ziyolilarimiz qöldan qöymay öqib yuradigan bu asarlar mening ğaşimni keltirardi. “Yengi içidan çiqib turgan qöllari”, “U özini tebrantirdi” kabi gaplar, qizni gözal deb taʼriflaşda: “Sölqillagan yuz”, “börtib çiqib turgan köz”, “butulkasimon oyoqlari” kabi söz va iboralarini öqib, dovça yegan odamday aftim burişadigan bölib qoldi.
Men yana Puşkinga, Lermontovga qaytdim. “Dubrovskiy”ni, “Vadim”ni öqib voqealar, xarakterlarning tiniq, gap qurilişining puxtaligini payqadim. Inson dardining uluğligi va uni kötariş uçun “Sanggisopoltoş” zarurligini öylaydigan böldim. Ivan Turgenevning “Asya”si, “Arafa”si, “Dvoryanlar uyasi”ni öqir va beqiyos latofatli qizlarning umidini puçga çiqargan, ularni sevgan, ammo uylaniş masʼuliyatidan qörqib, qizlarni taşlab qoçgan rus yigitlari ensamni qotirardi. Men muhabbati rad etilgan öşa qizlarning hammasiga yuragimni oçgim, sevgi izhor etgim va ularni baxtli qilgim kelardi. Keyin bilsam, Ivan Turgenevning özi bir farang aktrisasi işqida uylanmay ötgan ekan. Bular hammasi jozibali bir olam edi.
III
Ana şunday holatda “Telba”ga töqnaş keldim. Ukam Ahmad Arslonga (rahmatli) qarab: Dostoyevskiy buyuk daho, dedim. Bilsam, ukam bu general yozuvçi bilan yaxşi taniş ekan. “E, aka, sen “Bratya Karamazov”ni öqi” dedi. Öqidim. Ha, Lev Tolstoy taʼbiri bilan aytganda, bu bolta kötargan mujik hammasidan zör edi. “Jinoyat va jazo” qahramoni Raskolnikov qotil edi, ammo men bu yigitning jinoyati foş bölişini istamas, knyaz Mişkin, Alyoşa Karamazovlarning esa jamiyatda kulgu bölişiga befarq qarayolmasdim.
Lev Tolstoyni tinmay mutolaa qilişga kirişdim. Annaning muhabbat gulxani oldida Vronskiyning sevgisi ojiz bir şaʼm ekanligini kördim. Anna! Uzun qora baxmal mursaq kiyib yuradigan oq yuzli, qora köz va ğoyat gözal xolaçam (onamning singlisi) timsolida Annani körardim. Bu holat juda taajjublanarli edi. Nazarimda Tolstoy xolaçamga qarab Annaning portretini çizganday.
Adabiyot mening vujud uyimga ana şunday kirib kelgan. Va bu uy hamon uning ixtiyorida. Endi uning bir xonasida Kafka, Folkner, Somerset Moem, Kobo Abe, Kortasar, Borxes yaşaydi. Yöq, ular juda köpçilik. Kamyu ham bor, Tomas Mann ham, Balzak ham, Herman Hesse ham bor. Uyning şunday közdan nihon xonalari borki, vaqti-vaqti bilan dilim toshib, yuragim ğussaga tölib ketganda öşa yaşirin xonalarga kiraman. Hofiz öz tilida, öz ovozi bilan şivirlaydi: “Ğazal gufti-yu dur sufti biyoki xuş bixo Hofiz. Q-dar nazmi tu afşonad falak andi Surayyoro”. Uluğ Saʼdiy ham şu yerda. Miyiğida kulib turibdi. Abu aʼlo al Maariy esa közi ojizligiga qaramay şunday tikilib qaraydiki, ming yillik devor ortidan döstlikni ham, muhabbatni ham, inson zuryodining boşqa heç kimga köriş nasib etmagan tomonlarini köradi.
IV
Uluğlar davrasida eng şafqatsizlaridan biri Şekspir. Dezdemonaning ham, Julyettaning ham qotili. Qirol Lir, Kleopatra… barçasi uning qölidan ölim topgan. Neça asrlardan buyon insoniyat bu qattol şoirni olqişlaydi. Uning teran falsafasidan hayratlanadi. Ana şunday hayrat maqomida yurganimda adabiyotimiz olamida katta şov-şuv kötarildi. Ziyolilarimiz qölida «Otamdan qolgan dalalar» degan kitob. Men ham u kitobni olib varaqlab kördim. “Men özbek xalqiga haykal qöyaman!” deydi Toğay Murod. Mana uning qöygan haykalidan bir bob:
“Yer hansiradi.
Ğözalarim bargi oç-oç yaşil tuslana berdi.
Ğözalarim bargi qönğir-qönğir doğ böla berdi.
Ğözalarim bargi burişib-burişib qola berdi.
Ğözalarim oçqadi.
Men ğözalarimga bosib-bosib azot berdim.
Men ğözalarimga bosib-bosib fosfor berdim.
Men ğözalarimga bosib-bosib kaliy berdim”.
(“Otamdan qolgan dalalar”, 143-bet )
Tamom. Mana, butun boşli bir bobni (22-bob) öqidingiz. Nima oldingiz?
Aslida Toğay Murodning niyati uluğ edi. U adabiyotda Kafka, Jems Joys, Borxes kabi yangilik yaratmoqçi böldi. Ammo buning uçun nafratning özi yetarli emasligini anglamadi.
V
Mendan yana “Qanday ustozlarning taʼlimini olgansiz?” deb söraysiz. Javob beraman: mening ustozim – Qörquv. Men atrofimdagi kişilardan qörqib va tortinib yaşaganman. Bu holat öylaşga, fikr yuritişga majbur qilgan. Fikrlaş bu – uluğ iş. Inson dunyoni fikr, yaʼni tafakkur vositasida anglaydi. Faqat men aytgan “qörquv”ni qanday tuşunmoq kerak? Adabiyotga yoki badiiyatga bu “ustoz”ning qanday daxli bor? Javob beraman: mening qalbim, balki könglim desam töğriroq bölar – darveşning, ğarib odamning qalbi edi. Darveşning qalbi esa nozik böladi. Nozik qalb qöpol odamning farosatsizlik bilan aytgan bir oğiz gapidan qattiq yaralanadi. Va bu jarohat umr böyi bitmasligi mumkin. Men ana şundan qörqardim va jamoadan özimni olib qoçar, tajarrudga, yaʼni yolğizlikka intilardim. Mana, hozir 73 yoşdamanki, bu holat meni tark etgan emas. “O, homo, fuge” deyman özimga özim va qöpollikdan, dilozorlikdan qoçaman.
Öz-özidan maʼlumki, qoçgan odam qayergadir yaşirinadi va kimdandir najot kutadi. Bunday holatda men yolğizlik va tabiat bilan döst tutindim. Har ikkalasi ham menga ustozlik qildi. “Oldinda yana tun bor” deb nomlangan ilk kitobim tabiatning tiniq tasvirlaridir. “Kafolat” (hikoya)dagi rangpar va qörqoqqina ösmir aynan özimga öxşaydi. Umuman olganda, barça asarlarimda özim bor. Yaqinda “Yoşlik”da bosilgan “Tumanli mintaqa”, “Soyada uxlayotgan toleʼ”, “Yaşaş huquqi” kabi hikoyalarimning qahramonlari ham – özim. Çunki, boşqalarga nisbatan özimni yaxşiroq bilaman. Yaxşi bilgan narsangni esa yaxşi yozasan. Polyak tadqiqotçisi, yozuvçi Yan Parandovskiy eng qadimgi dunyo şoiri Arxeloxdan tortib to keyingi davr ijodkorlarining hayotigaça qalamga olarkan, şoir-yozuvçilarning şaxsiy hayoti va ijod jarayoniga doir şunday antiqa dalillarni keltiradiki, öqib işonişingni ham, işonmasligingn ham bilmaysan. Uluğ yozuvçilarning biri uydan çiqmay yoziş uçun soqolining örtasidan qayçi urib, qayçini derazadan pastga uloqtirib yuborsa, boşqa biri miyaga qonni köproq haydaş maqsadida oyoqlarini muzli suv töldirilgan toğoraga solib yozişga kirişadi. Yana biri boşini karavotdan pastga osiltirgan holatda ijod qiladi. Ularning oilaviy hayoti, ayollarga munosabatida ham aql bovar qilmaydigan voqealar köp. Bularning hammasi ijodkor şaxsini yaxşiroq anglab olişga yordam beradi.
Aytmoqçimanki, mening “Yoşlik”ka yöllayotgan bitiklarimda ham bizning “öta namunali” tarzda yoziladigan tarjimayi hollarimizdan farq qiladigan va odatdan taşqari holatlar bor. Ammo bularning hammasi adabiyotga va yozuvçi hayotiga daxldor.
VI
Adabiyot – maʼnaviyatning boş buloği. Matematikmi, huquqşunos yoki şifokormi, biolog yoki rassommi, badiiy asar öqimas ekan, u yuksak natijalarga erişa olmaydi. Men baʼzi şifokor döstlarimizdan: “Siz Ivan Yefrimovning “Tiğ ustida” romanini öqiganmisiz?” deb sörab qöyaman. Çunki bu soha kişilari uçun minglab turdagi dardlar “simptom”ini biliş, taşxis qöyiş va behad köp nomdagi dori-darmonlar nomini yodda saqlaşning özi kifoya qilmaydi. Bemor şifokorni körişi bilan “ha, bu odam meni davolay olişga işonaman” degan tasavvurda bölişi kerak. Yaʼni şifokorning taşqi qiyofasi, sözi, köz qaraşiyu özini tutişi muhim rol uynaydi. “Tiğ ustida” (Lezviye бритвы)ni öqigan şifokor buni anglab oladi. Bunday kitoblar jahon adabiyotida yetarliça bor. Adabiyotning inson maʼnaviyati, uning şakllanişi va komillikka erişuvida hozir biz aytgan jihatlar kiçik bir zarra, xolos. Modomiki, adabiyot şunday qudratli kuç ekan va uluğlarimiz taʼriflaganlaridek, atomdan kuçli ekan, uning kuçini ötin yorişga sarflamaslik kerak. Va yana şuni taʼkidlaşni istardimki, nimani öqişni biliş kerak. Çunki, jahon adabiyoti ulkan bir toğ bölsa, alohida olib qaraganda kitobxon uning oldida kiçik bir çumoli. Tanlab öqing!
Çuçuk suv taʼmini totmagan har quş,
Umr böyi tumşuğin şör suvdan olmas.
Quruq sözlar va voqealar yiğindisidan iborat bölib qolgan, badiiyatdan yiroq “asar”lar sizda yaxşi xislatlar şakllanişiga yordam bermaydi. “Otamdan qolgan dalalar” yoki “Odam qanday toblandi” tipidagi asarlar adabiyotimizda ançagina. Ijodkor bu yöldan bormasligi kerak. Bunday adabiyot qöşiqçiligimizni didimizga urilayotgan töqmoqqa, kinoçiligimizni “jazavafilm”ga aylantirib qöydi. Juda köp filmlarimiz oilaviy janjal asosiga qurilgan. Jazavaga tuşib qiçqirayotgan, qölini şop qilgança ödağaylayotgan, ğazabdan kökarib-bözarib ketgan qahramonlarning beöxşov harakatlarini tomoşa qilişdan insoniyat nima oladi?
VII
Endi yozuvçining şaxsi töğrisida ikki oğiz söz. Aslida bu – “ikki oğiz söz”ga siğmaydigan va katta tadqiqotlarni talab etadigan mavzu. Çunki yozuvçining şaxsi adabiyotning posangisi. Yöq, balki uning zalvorli toşi. Nega bir yozuvçining asarini dunyo sevib öqiydi, turli mukofotlar bilan taqdirlaydi. Million-million nusxada naşr qiladi-yu, boşqa bir yozuvçining “asar”lari xas-xaşakçalik eʼtiborga olinmaydi. Buning sabablari köp. Öz davrida Kafkadek buyuk yozuvçi eʼtibor topmadi. Döstlari undan biror asarini öqib berişni söraşar, Kafka öqiyturib, döstlarining zerikayotganliklarini payqardi. Yozuvçi bu dunyo bilan vidolaşarkan, asarlarini yoqib yuborişni vasiyat qildi. Ammo uning asarlaridan diniy maqsadda foydalanişni közlagan mahrami vaziyatga amal qilmadi. Va naşr ettirdi, natijada uzoq muddat yaşirinib yotgan buyuklik Amerikada kaşf etildi. Kafka Okeanorti dunyosidan Yevropaga buyuk bölib qaytdi. Yozuvçining barça asarlari bugungi kitobxonda tuşdek tasavvur qoldiradi va ularning barçasida göyo Kafkaning özi harakat qiladi. Bu insonning içki dunyosiga kiriş imkonsiz edi, ayrim tadqiqotçilar unga nisbatan “şişa bilan öralgan odam” iborasini qöllaganlar. Kafka asarlarining kuçi ularning sirliligida va qandaydir közga körinmas parda bilan tösib qöyilganligida. Mening nazarimda şunday, bu uning şaxsi qay darajada murakkab bölganligini, “şişa bilan öralgan odam” iborasining töğriligini tasdiqlaydi.
“Yozuvçi tabiatan solipsistdir” deydi atoqli ingliz yozuvçisi Somerset Moem. Bu ham yozuvçi şaxsiyatining öziga xos qirrasi. Buni qanday tuşunmoq kerak? Dunyoda faqat men bor, boşqa heç narsa yöq degan mazmunni ifodalovçi bu fikrni hazm qiliş yuzakiroq qaragan kişi uçun juda qiyin. Yozuvçi dunyoda özining “Men”idan boşqa heç narsani körmasa, qanday qilib asar yozadi degan fikrda bölmaslik kerak. Mening nazarimda, Somerset Moem birinçidan, yozuvçining ijod stolida ötirgan damlarini nazarda tutayotgan bölsa, undan keyin, ijodkorning içki dunyosiga işora qilmoqda. Insonning içki dunyosiga uning özidan boşqa kim ham sayr eta olardi?! Özining içki dunyosiga şönğigan kişining köziga taşqi dunyo unsurlari körinmaydi. Menimça, ana şu jihatdan yozuvçining özi bilan özi tanho qolişi Bahovuddin Naqşbandiyning “xilvat dar anjuman” degan ögitlariga töğri keladi.
VIII
“Içki dunyo” deganimiz nima özi? Bu insonning butun umr davomida taşqi dunyodan olgan taassurotlari saqlanayotgan yaşirin olam. Bu olam qançalik boy va rangin bölsa, unda sayr qiliş ham şunçalik maroqli va huzurbaxşdir. Bu tiriklik olami özining bor taşviş-taraddudlari yoki şu yölda harakat qilayotgan jonzotlari bilan yaxlit bir anjuman. Anjuman esa munozaralar, mulohazalar, ziddiyatlar, ğala-ğovurlarsiz bölmaydi. Ijodkorning ana şu anjumanda öz içki dunyosi bilan bölişi solipsistlikdir. Nazarimda Somerset Moem Naqşbandiyning “xilvat dar anjuman”, “safar dar vatan” degan taʼlimotlariga işora qilayotganday.
Muxtasar qilib aytganda, yozuvçining şaxsiyati uning içki dunyosida mavjud. Ana şu içki dunyo boyliklari va gözalliklari, sözlar va tuyğular vositasida tasvirlarga yöğrilib, badiiy asar sifatida dunyoga keladi. Demak, yaratilajak asarning qay darajada bölişi yozuvçining içki dunyosi va şaxsiyatiga boğliq. “Mening nazarimda, – deydi Somerset Moem yana, – sanʼatda eng qiziği, sanʼatkorning şaxsidir. Va agar u öziga xos (original) bölsa, bunday ijodkorning minglab xatosini keçirişga tayyorman”.
Yaxşi asar – ğamning va dardning mahsuli. Dilida xalqning ğami, insoniyat dardi bölmagan ijodkor yengil ijodkor, uning vazni toş bosmaydi va uning yaratgan asari ham – xaşakdek salmoqsiz, yengil böladi. “Lisonut tayr”da şunday parça bor:
“…Yölda ğamsiz kişini kişi deb atamaydilar. Mardlar ğamginlikdan şod böladi, bu xil tutqunlik ular uçun ozodlik bilan teng. Maşaqqat ostida yotgan bu jahon boşdan oyoq ğam manzilidir, unda har bir toifadagi kişi biron-bir ğamga mubtalodir. Olam ahli könglida ğami bölsa, muhimi odamlar ğamidir. Ammo ahli yaqinlar yöl ğamidan doimo hozir böladilar. Agar kişilarga avvalgi ğam, yaʼni olam ğami man etilgan bölsa, odamiylik uçun keyingi ğam – odam ğamini yeyiş maqsadga muvofiqdir”.
Ammo ğam ham Eynşteynning nisbiylik nazariyasiga böysunadi. Yaʼnikim, ğam ham nisbiy. Birovniki oğir, boşqa birovniki nisbatan yengil. Ğam yukining eng zalvorli uluşi şoir va yozuvçilar zimmasida. Buyuk asarlar asosini insoniyatning ğami taşkil etadi.
Qoronğudir keça, qörqinçli mavj,
dahşatlidir girdob,
Ne bilsin holimizni çetda
turgan yuki yengillar.
Hofiz Şeroziyning uşbu misralaridan ham anglaşiladiki, ijod ahlining yuki boşqalarnikidan oğir.
IX
Yozuvçi va jamiyat. Bu töğridagi savolingiz ança murakkab tahlilni talab qiladi. Yozuvçi jamiyatning tarbiyaçisidir. Uluğ Lev Tolstoyning 10 mingta xat yozgani bizga maʼlum. Xalq podşodan köra köproq Tolstoyga murojaat qilardi. Xatlar esa yozuvçi bilan jamiyatni boğlab turuvçi köprik vazifasini ötardi, deyiş mumkin. Masalan, bir ayol Tolstoyga xat yozib, “ikkita öğlim islom dinini qabul qilmoqçi, siz qanday maslahat berasiz?”, deb söraydi. Yozuvçi bunga javoban dinlar, jumladan islom dini töğrisidagi kitoblarni öqib çiqqanligi, şunga köra islom dini nisbatan yoş va işonçli ekanligini aytib, bu dinni qabul qiluvçilarni tabriklaydi.
10 mingta xat. Agar har bir xat örtaça bir varaqdan bölganda ham 10-15 tom kitob degani. Xatlarning aksariyati esa dehqonlarga, ziyolilarga, yozuvçilarga yozilgan bölardi. Demak, Tolstoy jamiyat bilan mustahkam aloqada edi. Bizning qaysi yozuvçimiz birorta fermerga, xususiy tadbirkorga yoki ziyoliga xat yöllagan? Şaxsan men matbuotda bunday maktubni öqiganim yöq.
Xat – adabiy janr. Yozuvçining bitta maktubi uning şaxsiyatini va ijodining tilsimli eşigini oçişda kalit vazifasini ötaşi mumkin. Odatda xalq yozuvçi şaxsini juda uluğlaydi. Uni inson sifatida, ijodkor sifatida, oila boşliği sifatida tuşunib olişga qiziqadi. Adabiyotimizdagi tarjimayi hollar esa öta anʼanaviy, rasmiy va şu bois ham zerikarli.
X
Özbek nasrining hozirgi ahvoli töğrisida mendan söramaganingiz maʼqul. Çunki men uni yaxşi bilmayman. Bir paytlar Temur Pölatovning asarlarini öqib turardim. Xususan, bu yozuvçining “Toroziy toşbaqasi” romani modernizmning ançayin yetuk namunasi edi. Olim Otaxonov, Nazar Eşonqulning hikoyalarini sevib va hayratlanib öqiganman. Xayrullo degan yoş yigit juda original hikoya va qissalar yoza boşlagan edi. Sobir Önar hikoyalarida milliy kolorit haddan ortiq börtib körinib turadi, mening nazarimda. Ammo uning keyingi hikoyalaridan biri menga juda yoqdi. “Safura xolamning siri” deb nomlangan hikoyasida öz ölimining qaçon, qaysi kunda röy berişini bilib yaşagan qizning ruhiy holati, maʼyuslik va qandaydir közga körinmas kuçning taʼsirini yaqqol his etasiz. Murod Muhammad Döst, Xurşid Döstmuhammad, Erkin Aʼzam, Halima Ahmad, Luqmon Börixon, Xayriddin Sultonov, Isajon Sulton kabi isteʼdod egalari bor adabiyotimizda. Ammo şunga qaramay, özini butun vujudi bilan adabiyotga bağişlagan ijodkor yöq. Xuşi kelganda yoziş, bölmasa rözğor taşvişlari bilan band bölib yaşaş – Çingiz Aytmatovlarni bermaydi.
Men adabiyotimizda özimizning Xamsunlarimiz, Strindberg yoki Mahfuzlarimiz, Kamyu yoki Kortasarlarimiz bölişini orzu qilaman. Kitob dökonlari va kutubxonalardan Yaponiya va Janubiy Amerika yozuvçilarining asarlarini izlayman. Nima uçun Kobo Abe “Dunyoni körmoqçi bölsang öz uyingning devorlariga qara” deydi-yu, nega Akutagava “Inson umri Bodlerning bir satriga arzimaydi ” deydi? “Qumdagi xotin” yoki “Yaşik odam”da qanday jozib kuç borki, bu asarlarni qayta-qayta öqigingiz keladi. Kobo Abe va boşqa yapon yozuvçilari qanday qilib bu darajaga erişdilar? Ruslarning “Kozma Prutkov”ida “Ildiziga qara” degan daʼvat bor. Yapon adabiyotining ildiziga nazar taşlasak, jumladan bundan ming yil avval ijod qilgan Murasaki Sikibu, Sey-Syonagan singari ayol yozuvçilarni köramiz. Ular yaratgan proza to hanuz yapon adabiyotiga qör berib turadi. Ammo kunçiqar mamlakati yozuvçilari faqat ana şu “qör”dan harorat oliş bilan çeklanib qolganlarida ehtimol bu darajaga erişmagan bölardilar. Ular, yapon klassik prozasi bilan Yevropa adabiyoti anʼanalari, tasvir usullarini omuxta qilib, yangi tipdagi adabiyot yaratişga muvaffaq böldilar. Tomas Manning “Buddenbroklar” romani ham jahon adabiyotining ana şunday analizi va sentizi mahsuli deyiş mumkin.
XI
Yozuvçi qanday şakllanadi?
Avvalo şuni aytiş joizki, har qanday yozuvçi öz bolaligining mahsuli. Aytmoqçimanki, u bolalik dunyosidan ösib çiqadi. Biz ulğaygan sari tabiatdan yiroqlaşa boramiz. Ona muşukning dumini öynayotgan muşuk bolasi yoki kuçukçamizning şöxliklari endi bizning bolaligimizdagi qiziqişimiz va zavqimizga sabab bölolmaydi. Biz endi uni beparvo kuzatib, rözğorni, bola-çaqani, işimizni köproq öylaymiz.
…Tabiatdan yiroqlaşgan odam esa yaxşi narsa yoza olmaydi. Buning uçun narsalar tabiatini biliş kerak. Yozuvçilarimizdan birining it haqidagi hikoyasida mutlaqo yolğon, itga nisbatan tuhmatni körasiz. Göyoki it olov yonib turgan öçoq oldiga kelib qaynab turgan qozondan göştni olib yegan emiş. Bu yozuvçining jonivorlar hayotini kuzatmasligi, ularning tabiatini bilmasligidir. Barça jonzot olovdan qörqadi. Bu oddiy haqiqat. Itning qaynab turgan qozondan göştni olib yeyişi jonivorlar tabiatiga xos emas. Balki yozuvçi Jek London, Seton-Tomson kabi yozuvçilar, yo bölmasa Jereld Darrel singari tadqiqotçi-tabiatşunoslarning asarlarini öqib “men ham yozay” degandir, ammo özida bölmagaç nima qilsin.
Inson ulğayganda ham töplagan hayotiy tajribasi, dunyoqaraşi, bilimi, muşohada quvvati bilan bolaligiça qolganda edi… afsuski buning imkoniyati kam. Töğri, hayotda knyaz Mişkinlar, Alyoşa Karamazovlarni goho körganday bölamiz. Uluğ Dostoyevskiyning bu qahramonlari ulğayganda ham bola qalbi bilan qolgan kişilardir. Yozuvçida katta hayotiy tajriba bilan birga bola qalbi, bola nigohi, bolalarça dunyoqaraş, taʼsirçanlik, hayrat bölişi zarur.
XII
Modomiki uşbu bitiklar “Adib xonadonida” rukni ostida berilayotgan ekan, gapni şu mavzu özaniga burişga burçliman. Bugungaça kitobxonga nimaiki bergan bölsam, u bolalik dunyosining mahsulidir. Bolaligim qörquv, hayrat, haddan ortiq taʼsirçanlik iskanjasida edi. Boşqa bolalar, tengdoşlarim eʼtibor ham bermaydigan voqealar mening şuurimga dard bilan, oğriq bilan, iztirob bilan bostirib kirar va men bundan uzoq vaqt taʼsirlanib yurardim.
…1947-yilning qişi. Qatağon degan qişloqda ariq böyida xarobgina maktabimiz bölardi. Egni-boşimiz yupun. Ertalabdan yoğa boşlagan qor peşingaça tizza böyi böldi. Oyoğimda eskigina kaliş, egnimda qiz bolalar kiyadigan yakkaqat baxmal nimça. Men bu libosim bilan maktabda birinçi darajali olifta edim. Çunki köpgina tengdoşlarim keç kuzda ham maktabga oyoqyalang kelardilar. Tört soat öqib taşqariga çiqsak, tizza böyi qor. Heç kim şodlanmadi. Hamma uy-uyiga tarqaldi. Qatağondan Xöjaqişloqqa tomon qor keçib yölga tuşdim. Dastlabki qadamlardanoq kalişim qorga töldi. Izzillab yiğlagança qorni yorib ketib borardim. Uyimiz eşigidan arang içkariga kirdim. Qöl-oyoğim karaxt bölib qolgandi. Uyga kirdim-u, butunlay bölak odamga aylandim. Mening toki bugungaça, mana şu satrlarni yozayotgan lahzalargaça bölgan hayotim, qanday odam bölib şakllanganim, ijodkorligim, qalbim xonadonimizning öşa ondagi holatiga daxldor. Nima bölgan edi öşanda? Hali heç narsadan xiralaşmagan qalbim oynasiga – balki oppoq varaqlariga desam töğriroq bölar – keyingi butun hayotim mazmunini belgilovçi ilk taassurotlar yozildi, stol ustida közi qip-qizil bölib çöğlanib turgan “jonzot”, sohir bir ohang, unga quloq tutgança çoy içayotgan onamning mahzun holati…
“Kimga qildim bir vafo yuz jafosin körmadim”. Saodat Qobulova kuylayotgan bu qöşiq Navoiy ğazaliga yozilgan romans edi. Onam yiğlardilar. Mening abgor holatim u kişining eʼtiborlarini tortganday böldi. “Kir-kir, sandalga kir” dedilar-u, meni unutdilar. Men ham yiğlardim, meni muzlagan tirnoqlarimning lovullab “yonişi”, sohir ohang va undagi mungning uluğligi, simfoniyaning uluğvor kuçi, onamning holati yiğlatardi. Stol ustidagi “jonzot” esa “Rodina-47” radiopriyomnigi edi. Ana şu taʼsir tufayli men özimizning mumtoz kuy-qöşiqlarimiz, maqomlarimizsiz hayot bölişi mumkin emas degan xulosa bilan yaşardim. Keyinçalik mendagi bir holatni – qöşiq eşitganda yaşirinça köz yoşi tökişimni onam boşqa bir voqea bilan boğladilar. Gödaklik paytimda, 1941-yil bölsa kerak, Mulla Töyçi Toşmuhammedov boşimni silagan ekanlar. Öşanda yoz yoki kuz pallasi bu uluğ hofiz ikkita muğanniylari bilan birga kelib, Şahrisabz tumanining Ulaç qişloğida konsert berganlar. Dalada xonanda uçun bittagina stol qöyilgan bölgan. U kişi çoydan har zamon höplab qöyib qöşiq aytarkanlar. Onam meni bağrilariga bosgança oldingi qatorda ötirganlar.
Mulla Töyçi qöşiq aytgança kelib mening boşimga bir dam kaftlarini qöyib turganlar, keyin peşonamni, soçimni silaganlar. Ammo men qöşiqçi bölmadim. Qöşiqlarimizga bir umr qul bölib qoldim. Kuy-qöşiqlar menga inson dardining uluğligini anglatdi. Şuning uçun ham bugungi “tingira-tingir”lar, mazmunan baçkana va sayoz qöşiqlar didimizga töqmoq bölib urilayotganidan iztirobdaman.
XIII
Mening yozuvçiligim bolalikdan boşlangan edi, ammo u ança keç – yigirma beş-öttiz yoşlarimdan keyin yuzaga çiqdi. “Osmonni kim kötarib turadi” degan hikoyamni yozib uni qayerga va kimga jönatişni öylab qoldim: kim mening qalbimga yaqin? Kim mening hissiyotlarimni töğri tuşunadi? Öşa paytlar Dostoyevskiyni köp öqirdim. Şu bois hikoyani Dostoyevskiy asarlarining mohir tarjimoni Ibrohim Ğafurovga yölladim. Dostoyevskiy tufayli qalbimiz bir-biriga yaqin deb öylardim. Yanglişmagan ekanman. Hikoyam “Özbekiston adabiyoti va sanʼati”da bosildi. Keyin “Şarq yulduzi”, “Yoşlik” jurnallari menga xat yöllaydigan va “yaxşi” hikoyalardan yuborişimni söraydigan bölişdi. Ibrohim Ğafurov “Kafolat” deb nomlangan hikoyamga sözboşi yozib, meni “Şahrisabz buloğining yoqtisi” deb atadi. Sobir Önar “Sinov” degan hikoyamni öqib, “Yaxşi hikoya Şahrisabzda yoziladi” degan maqola berdi. Professor Sanjar Sodiq “Mavhumot” romanim töğrisida yaxşi tahliliy maqola eʼlon qildi.
Men bu paytda uylangan edim. Kunduzi Şahrisabz tumanining “Keş” (avvalgi “Kommunizm bayroği”) gazetasida işlar, tunlari ijod stolida ötirib hikoyalar yozardim. Xotinim Tanzila Sodiqova (qizlik familiyasi) yozuv maşinkamning çiqir-çiqiriga quloq solib ötirar, hikoyaning “tandirdan pişib çiqiş”ini kutar va tomoğimga qaraşib turardi. Şu jihatdan olganda u ham “hammuallif” edi. Yillar ötib hamqalamim ijod jarayonida çuqurroq aralaşadigan böldi. Baʼzi hikoyalarim, xususan “Enaga” va “Ayol suvratiga çizgilar” uning sözlab bergan voqealari asosida dunyoga keldi.
Ayol – insoniyatning buyuk ğamxöri. Men ayol haqidagi baʼzi faylasuflarning fikrlarini rad qildim. Xususan, Shopenhauerning ayollar töğrisidagi fikrlarini unçalik maʼqul körmadim. Ayolni va muhabbatni Abu Aʼlo al Maariyning ğazabidan saqlagim keladi. “Ayolga şafqat qiling” deyman. Çunki ayoldagi mehr ham, ğiybatga öçlik va boşqa qusurlar ham erkaklar tufaylidir. Ammo hozir bu haqda fikr bildirişning örni emas. Jurnalxonlar meni töğri tuşunsalar bas.
Biz hayotni örganamiz, kaşfiyotlar qilamiz. Kosmosni tadqiq etamiz, Marsdan inson izlarini izlaymiz. Ammo aytaylik, yangi tuğilgan gödakning uyqusida kulişini heç birimiz izohlab bera olmaymiz. Yoki inson öz yelkasida bir umr kötarib yuradigan boş çanoği içidagi jarayonni heç qaçon tuşuntirib bera olmaydi. Miya deb atalgan “bir xalta kulrang “qatiq”ning möjizalari çeksiz. Biz yaratadigan sanʼat asarlari ana şu çeksizlikda tuğiladi.
Men inson miyasining imkoniyatlaridan hamişa hayratdaman. Uning mexanizmini, işlaş jarayonini anglaşga intilaman. “Adam vodiysi” romanimda va “Tumanli mintaqa” deb nomlangan hikoyamda özimça tadqiqotlar qilganman. “Mavhumot” romanimda ham şunday çizgilar bor. Agar inson miyasida keçayotgan jarayonlarni yozib oliş va xuddi bir kitobdek öqiş imkoni bölganda, eng madaniyatli odamda ham tözğib yotgan nojoiz fikrlar töfonini körgan bölardik. Bolalik esa maʼlum darajada bundan mustasno. Mirzo Kenjabek aytganidek:
Bolalar pokligi bilan uluğdir,
Soddaligi bilan kattadir bizdan.
Uluğ Navoiy asarlari ham bolalik pokligi va soddaligining mahsuli. Xonanişin Alişer közdan pana joyda ötirib olib “Mantiqut tayr” ni mutolaa qilardi. “Xazoyinul maoniy”, “Xamsa” kabi buyuk asarlarni ijod etgan şoir umr böyi öşa bolaligida ruhiyatiga örnaşib qolgan Farididdin Attor dostoniday asar yozişni orzu qildi va umrining oxirida bunga erişdi. “Lisonut tayr” dunyoga keldi. Bu ğoyat uluğ asar, xususan, undagi “Şayx Sanʼon qissasi”ni jahon adabiyotining noyob durdonalari qatoriga qöyiş mumkin. Men Homerni ham, Gyoteni, Şekspirni, Abu Aʼlo al Maarriyni, Danteni ham sevib va hayratlanib öqiyman, ammo bu uluğlar huzuridan vaqti-vaqti bilan “Lisonut tayr” ga qaytaman.
XIV
Işq tufayli beliga zunnor boğlab çöçqa boqib yurgan uluğ şayxning abgor holati hamişa köz öngimda. Muhabbat insonni ne köylarga solmaydi! U juda qadimiy va hamişa yangi:
Muhabbat özi eski narsa,
Har bir yurak uni yangarta
Tatar şoiri Toqtoş juda töğri taʼrif bergan. Har bir qalb uni yangilaydi. Öz navbatida muhabbat har bir qalbni yangilaydi, bolaligimda bunday jarayonni men ham boşdan keçirganman. Yuragimga işq quşi uya qöyganida 12 yoşda edim… bu holat keyinçalik – Hazrat Navoiy yoşlaridan (60 yoşdan) ança özib ketganimdan keyin – “Amalgama” degan hikoyamda öz aksini topdi. Yozuvçi öz bolaligining mahsuli deganimda inçunun, mana şunday holatlarni ham közda tutganman.
Farzandlarim mening yölimdan bormadi deb öksinardim. (Uç qiz, bir öğlim bor). Bu öksinişning botiniy qavatlarida “Xayriyat!” degan quvonç bor edi. Ammo bu quvonçni özimdan ham yaşirardim. Çunki ijodkorlik katta şaraf. Ming yil muqaddam – Abu Aʼlo al Maariy zamonida yaxşi şeʼrning har bir misrasi uçun ming dinor qalam haqi tölangan. Şunga qaramay şoir va umuman ijod ahli heç qaysi zamonda badavlat yaşamagan.
Polyak yozuvçisi Yan Parandovskiy qadimgi dunyo şoiri Arxeloxdan tortib to keyingi davrlargaça ötgan ijodkorlar orasida faqat ikki kişi – Balzak bilan Valter Skotning boyib ketganligi, biroq pirovard natijada, har ikkalasi ham umrini qaşşoqlik bilan tugatganligi töğrisida aniq dalillar keltiradi.
“Öz kasbi bilan özini va oilasini boqa olmaydigan filologlar va şoirlarga hatto şaytonning ham rahmi keladi”. Tört yoşida suvçeçak tufayli közlari körmay qolgan u uluğ inson (al Maariy) haqida yozilgan B.Şidfarning maqolasida ana şunday “söz” borki, bu ham polyak yozuvçisining fikrini tasdiqlaydi. Farzandlarim mening izimdan bormaganligi mening “xayriyat”imga sabab bölganidek, öksinişimning ham öz sabablari bor. Ammo men “öksinardim” deyapman. Bu sözning “öksinaman”dan farqi bor.
Yaqinda Fayoza qizim “Uyidan boş olib ketgan xötik” degan hikoya yozibdi. Menga juda maʼqul böldi. Qizimning bu sohada iqtidori borligi uçun iç-içimdan quvondim.
Çunki, “farzandlaringiz orasida sizning kasbingizni tanlaşganlari ham bormi?” deb sörab qolişadi, uçraşuvlarda, gap bunda emas, inson ijod qilayaptimi – bu hol çindan gözal. Şu yil oktyabr oyida esa nevaram (Fayoza qizimning qizi) Madina Çaqilovaning “Işonç” degan şiringina “şox-butoqlik” hikoyasi “Adolat kuçi” gazetasida bosildi.
Söz avvalida sanggisopoltoş haqida gapirgan edim. Bu rahmatli onamning ertagi. Köp ertak aytardilar. Bir safar nomma-nom yozib röyxat qilsam 400 ga yaqin ekan. Keyinçalik men şu nomda bir hikoya yozdim. Unda ortiqça voqealar yöq. Hikoyada bir odam Qora dengiz böyidagi sanatoriylardan birida bölib ötgan sevgi mojarolarini boşqa bir kişiga, yaʼni birga bölgan ayolning eriga gapirib beradi. Aslida Yoqutxonning eri Zarif bölib ötgan voqealardan qisman xabardor edi. Xotinining ortidan odam qöygan va uning Xonsevar ismli doktor bilan muloqotda bölib yurganini eşitgan va Xonsevarni izlab kelgan, u bilan döstlaşgan, hamda voqeaning bor tafsilotini Xonsevarning özidan eşitgandi…
Men hikoya mazmunini sözlab bermoqçi emasman. Gap hikoyani nomlaydigan toş. Bu hikoyada qadimgi yunon afsonalaridagi Pigmalionning yoğoçdan bir haykal yasab, uni sevib qolişi bilan boğliq voqea ingliz yozuvçisi Bernard Şou yozgan “Pigmalion” voqealariga tutaş. Birida Pigmalion yoğoçdan yasalgan haykalga jon ato etişni Xudodan söraydi va haykal jonlanadi. B. Şouda esa ikki tilşunos olim bir gul sotuvçi qizning nihoyatda ğaliz va qöpol lahjada gapirişidan ajablanib, uni tarbiyalamoqçi, madaniyatli va töğri gapirişga örgatmoqçi böladilar hamda pirovard natijada (agar yanglişmasam) uni sevib qoladilar. B.Şou nazarida qiz Pigmalion yasagan haykal – Galateyaga işora edi.
“Sanggisopoltoş”da ham ertak voqeasi yöq. Faqat şunga işora bor. Yoqutxon uçun Xonsevar sanggisopoltoş rolini öynaydi. Ayol bor dardini unga tökib soladi, ammo ular örtasidagi munosabat “bokira” edi. Sof insoniy tuyğular edi.
“Baʼzi erkaklarning köngli toşday qattiq. Bundaylarga dardingni aytgandan köra toşga sözlaganing maʼqul. Siz esa butunlay boşqaçasiz, mayli endi buyoğini ham eşiting” deydi Yoqutxon va Xonsevarga boşidan ötgan dardu alamlarni sözlab beradi. Bu hikoyaning ertak bilan boğliq tomoni şuki, taqdiriga ölik podşo yozilgan qiz boşidan ötgan voqealarni sözlab berişga dardkaş topolmay, sanggisopoltoşga aytadi.
Sanggisopoltoş,
Sen menga yöldoş,
Men senga dardim aytayin…
Mening sanggisopoltoşim – qoğoz. Men bor dardimni unga aytaman…
Neʼmat ARSLON 1941-yilda Şahrisabz tumanidagi Takiya qişloğida tuğilgan. Samarqand Davlat universitetini tamomlagan.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi. Mustaqillik yillarida “Ayol suvratiga çizgilar”, “Oldinda yana tun bor” kabi kitoyulari çop etildi. “Adam vodiysi”, “Mavhumot” singari romanlar muallifi.
“Yoşlik”,2013/12
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


