Samarot ul-maşoyix
Köngil hamişa taşnadir. Undagi bu tuyğu adoqsiz sahroda odimlayotgan yölovçi çanqoğining egizagi. Yölovçini bu qiynoqdan suv qutqaradi. Uning holini tavsiflab, sözamollik bilan hikoya qilsa böladi.
Biroq köngil taşnaligini tasvirlaşga bu vosita yordam bermaydi. Bu tuyğuning hatto nomi yöq. Uni biror söz bilan atab ham bölmaydi. Baʼzan u meni “Qumçöp ota”, “Langar ota” dargohiga yetaklab ketadi. Köhna Nasafda yurganimda, bağridan Turon şukuhi kökka örlab yotgan Buxoro köçalarini yayov kezganimda, engaşib Qora Ökuzdan suv simirayotgan Samarqand yonidan ötayotganimda bu otsiz tuyğu qiyofasini körsatadi, ğimirlab qoladi. Şunda uni nima qondirişini bilganday bölaman… U faqat maʼrifat buloğidan rizqlanadi, tinçlanadi. Faxruddin Ali Safiy u otsizning nasibasini “Hayot buloği tomçilari” (Raşahot ayn al-hayot) deb ataydi. Bu buloq atrofida hamişa Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” (Döstlik epkini) va Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” (Muhabbat nasimi) esib turadi. Bu asarlar xalqimiz orasida juda maşhur bölgan. Mutaxassislar ularni tasavvuf tarixiga oid tazkiralar deyişadi. Bu turkumdagi kitoblar XVII – XVIII asrlarda ham yozilgan. “Uluğlar mevalari” (Samarot ul-maşoyix) asari ulardan biridir.
Muallif: Muhammad Mirak ibn Azizon Xoja Mir al-Husayniy, ilm ahli orasida Oxund Zinda Ali mufti Vobkandiy nomi bilan tanilgan. “Buxoriy” nisbasi ham bor. XVII asrda yaşagan va “Samarot ul-maşoyix” asarini yozgan. Muallifning boşqa asarlari töğrisida hozirça maʼlumotlar yetarli emas.
Asarning ahamiyati: Unda XII asrdan qariyb XVII asr oxirigaça bölgan davr oraliğida yaşab ötgan tasavvuf ahli tarixi, ular qoldirgan maʼnaviy meros töğrisida qiziqarli maʼlumotlar töplangan. Muallif mazkur asarini yozişda özidan oldin ötgan ijodkorlarning işlarini davom ettirişga harakat qilganini taʼkidlaydi, Abdurahmon Jomiy nomini hurmat bilan yod etadi.
Tazkirada 268 nafardan ortiq uluğlar töğrisida maʼlumotlar bor. Matn kubroviya tariqati vakillari tarjimayi hollari bayoni bilan boşlanadi. Yassaviya va naqşbandiya sulukining Xoja Ahmad Yassaviy, Mansur Ota, Sulaymon Ota, Şayx Mavdud, Şayx Xudoydod Vali, Qipçoq Hofiz, Azizon Pirim şayx, Şayx Poyanda, Xoja Abdulloh Barqiy, Xoja Andoqiy, Xoja Muhammad Samosiy, Xoja Bahovuddin Naqşband, Şayx Yaʼqub Çarxiy, Xoja Ubaydulloh Ahror kabi maşhur namoyandalari qatorida nomi bugungi kişilarga unçalik maʼlum bölmagan tarixiy şaxslar, Nadr Muhammadxon, Abdulazizxon kabi aştarxoniy hukmdorlarga oid axborotlar berilgan.
Turkiston hududida yaşagan suluk ahli tarjimayi hollari; til, adabiyot, tarix, tasavvuf, fiqh, hadis ilmlarida muallifga qadar yozilgan asarlar; tarixiy voqealar; Xorazm, Buxoro, Samarqand, Toşkand, Nasaf, Termez, Keş, Farğona viloyatlari mavzelari, qadimiy aholi maskanlari nomlariga oid maʼlumotlar mavjudligi asarning tarixiy qimmatini oşirgan. Tazkiradagi bitiklar mamlakatimizda XVII asr aştarxoniylar davri siyosiy hayotini yoritişga ham kömak beradi.
Asar hijriy 1091-yili (1680) yozilgan, qölyozmalar xazinasida №1336, 2619-2, 3424-1 raqamlardagi nusxalari saqlanadi. №1336 raqamli qölyozma mahalliy qoğozga nastaʼliq xatida yozilgan, muqovasi qizil rangli, qattiq qoğozdan tayyorlangan, 291 varaq (1b – 291b), 26,5×15,5 sm. Sahifalar Muhammad sahhof tomonidan kitobat qilingan. Matn oldi varaqlariga (1b – 4a) mundarija joylaştirilgan, anʼanaviy “bismilloh”dan söng asarning asosiy matni (5b) boşlanadi.
Şayx Xodim va Xoja Ubaydulloh Ahrorga bağişlangan fasllar orasida (122a) matn uzilişi bor.
Bu qölyozma nusxa hijriy 1277-yili (1860-1861) kotib Hoji Muhammad tomonidan köçirilgan.
Tazkira özbek xalqi ötmişi va maʼnaviy-madaniy merosini örganiş, anglaşda muhim ahamiyatga ega bölişiga qaramay, yetarliça örganilmagan. Undan faqat, baʼzi mutaxassislar tadqiqotlarida yugurik foydalangan. Asarning özbek tiliga tarjima qilinişi va naşr etilişi juda muhimdir.
“Tazkirai naqşbandiya”
Köngil taşnaligini qondiradigan maʼrifatning yana bir buloği “Tazkirayi naqşbandiya” asaridir. Tadqiqotlarda “Silsilayi xojagoni naqşbandiya”, “Tazkirayi Tohir eşon”, “Tazkirat ul-avliyo” nomlari bilan ham uçraydi. Muallif yuqoridagi maqolada qayd etilgan tazkiralarni munosib davom ettirgan.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi şarqşunoslik instituti qölyozmalar xazinasida muallifning “Al-abyot ul-naqşbandiya”, “Hujjat as-solikin va rohat at-tolibin”, “Risola sayr ilalloh”, “Rumuz ul-kalom” asarlari ham saqlanadi.
Muallif: Muhammad Tohir ibn Muhammad Tayyib Xorazmiy, XVII asrning ikkinçi yarmida tuğilgan va hijriy 1160-yil (1747) atrofida vafot etgan. Xorazmning Xonaqoh (hozirgi Xonqa) tumanidan edi. Öz davrida tasavvuf va adab ahli davrasida hurmat-eʼtiborga sazovor bölgan.
Asarning ahamiyati: Unda ilk islom davridan 1747-yilga qadar yurtimizda yaşagan, turli sohalarda faoliyat yuritgan suluk ahli va olimlar töğrisida maʼlumotlar yiğilgan. Tazkirada 320 nafardan oşiq uluğlar töğrisida axborot beriladi. Muallif özigaça yozilgan tazkiralardan ham foydalangan. Öquvçi unda “Samarot ul-maşoyix” asarining ajoyib tarzda davom etganini köradi. Asarda kitobxonlar ommasiga taniş bölgan maşhur tarixiy şaxslardan taşqari, Muhammad Zohid Vaxşuvariy, Darveş Muhammad Şahrisabziy, Mavlono Xojagi Imkanagiy, Boqibilloh Dehlaviy, Şayx Ahmad Sirhindiy, Hoji Habibulloh Buxoriy, Xoja Vafo Buxoriy Samarqandiy, Hasanquli Xorazmiy, Darveş Ahmad Samarqandiy, Oğoyi Buzruk, Muhammad Hofiz Basir, Ismoil Farkatiy, Qozi Omon Termiziy kabi tarixiy şaxslar, Subhonqulixon, Ubaydullaxonlarga oid voqealar qiziqarli tarzda hikoya qilinadi. Ayrim voqealarda muallifning özi ham iştirok etadi. Muhammad Tohir Xorazmiy köplab joylarda bölgani, azizlar qabrini ziyorat qilgani, zamonasining ziyolilari bilan suhbatlarini yozadi.
Qölyozmalar xazinasida mazkur asarning №69, 75, 6832 raqamlardagi forsiy, №7017-1, 856-1 turkiy nusxalari saqlanadi.
№7017 raqamli qölyozma mahalliy qoğozga nastaʼliq xatida yozilgan, muqovasi yaşil rangli, qattiq qoğoz, 376 varaq (1b – 376a), 35×21,5 sm. Matn oldi varaqlarda (1b – 4a) mundarija berilgan. Anʼanaviy “bismilloh”dan söng asarning asosiy matni (5b) boşlanadi.
Matnning yakuniy qismida muallifning: “Faqir Muhammad Tohir ayturkim, bu kitobni Buxoroda ibtido etdim va ham Buxoroda tamom etdim”, qaydi bor. Asar hijriy 1160-yili (1747) yozib tugallangan (376a).
Uşbu nusxa hijriy 1329-yili (1911) domulla Muhammad Yaʼqub oxund Beşariqiy tomonidan Xiva şahrida köçirilgan.
“Tazkirayi naqşbandiya” asariga tadqiqotçilar tez-tez murojaat qilib turişiga qaramay, hozirga qadar yetarli darajada ilmiy örganilmagan. Uning turkiy nusxalarini kirill, lotin yozuvlariga ögiriş va naşr etiş bugunning keçiktirib bölmaydigan dolzarb vazifalaridandir. Ayniqsa, ayni kunlarda yurtimizda ziyorat yönalişi va xalqaro sayyohlik işlarini yölga qöyişda bu kabi asarlarga yaqqol ehtiyoj sezilayotir.
Köngil taşnaligi… Uni qondiradigan hayot tomçilari qöl uzatgudek yonginamizda. Uni köriş, ilğaş, qalbni u bilan quvvatlantiriş uçun endi, faqat özimiz harakat qilişimiz zarur. Uşbu mitti maqolamizga öşa hayot tomçilari dunyoga keladigan qöş buloq haqidagi qisqagina axborotni joylaştirişga urindik. Özlikni topiş yölida bizni hali yana ğaroyib asarlar kutib turibdi.
Abdusattor JUMANAZAR,
Abu Rayhon Beruniy nomidagi şarqşunoslik instituti katta ilmiy xodimi
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

