Vazmin ohang taraladi

0
35
marta ko‘rilgan.

Abdulla ULUG‘OV, adabiyotshunos:

– “Yurtkezar”da yosh qalamkash qo‘shiq kuylaydi. Hikoyadagi so‘zlar qatidan jarangdor, salobatli va vazmin ohang taraladi. Qipchoq shevasiga xos bu ohang shu tilda so‘zlashuvchilarga hammadan ko‘proq xush yoqadi. “Yurtkezar”ning: “Meni yosh bola ko‘rdi, deb yomon ochuvi chiqadi, shunda. Senday xalpani, deb so‘kadi. So‘ng qo‘shni qishloqdagi Mo‘min xalpaga boradi. U darrov kitob varaqlay ketadi. Amakimning rang-ro‘yiga qarab, yuragingiz tushibdi, hozir joyiga solamiz, deb ko‘kragiga tepib (g‘alati-ku… nahotki, tepsa… – A.U.) qo‘yadi va yana tayinlaydiki, albatta, o‘zingizni xaloslang, butunlay kushoyish topasiz, deydi” kabi o‘rinlari boshqalarni ham qiziqtirib qo‘yadi.

Muallif o‘ziga yaxshi tanish voqelikni mavzu qilib olgan va uni zavq-shavq bilan ehtirosga to‘lib yoritolgan. Shu bois u hech bir o‘rinda bo‘g‘ilib zo‘riqmagan. So‘zlar uning ko‘ngliga  ohangday quyilib kelgan. “Yurtkezar” xalq tilining jozibador ohanglari, uning ixcham, puxta va pishiq ifoda tarzida bitilgan. Yosh qalamkash voqelikni sodda va lo‘nda jumlalarda ifoda qilolgan. “Yurtkezar”dagi: “Dalalar oshib boryapmiz. Kun ko‘tarilgan sayin olovday qizdiradi. Ko‘m-ko‘k yo‘ng‘ichqazor bijirlaydi, bosh tortgan gullari ummon kabi sollanadi. Xush bo‘yi dimoqni qitiqlaydi, kayfiyatni ko‘taradi. Oq, sariq tusdagi kapalaklar shodlanib o‘ynaydi. Bedanalar biri qo‘yib, biri sayraydi. Gohi-gohida olovday porillab tustovuq ko‘tariladi, bo‘ynini cho‘zgancha uchadi va yana yo‘ng‘ichqazor bag‘riga (“qo‘yniga” deyilsa, yaxshiroq bo‘larmidi – A.U.) g‘arq bo‘ladi. Bir xillari havoni zirillatib, osmonga sapchiydi-da, allatovur qilib qichqiradi. Ana shundaylari boshqalariga nisbatan kattaroq, semizroq va yana olisroqqa uchadi. Shunda amakim, bunisi xo‘rozi ekan, deb g‘udranadi” kabi o‘rinlar tasavvurda dashtu dalalar kengliklaridagi qaynoq hayotni jonlantiradi.

 Yozuvchining sinchkovligi va kuzatganlarini sodda, aniq, ta’sirchan ifodalashi kishini quvontiradi. “Yurtkezar”ning birgina mana shu: “Yerga shudring ingan. Otning abzali ham olachalpoq nam. Bobo ufqqa qaragancha, hozir mo‘jiza ko‘rasizlar, dedi. Qontalash ufq asta-sekin kengayayotir. Quyosh oltinday yaraqlab, bosh ko‘tarmoqda. Avval gardishi, so‘ng bo‘y-basti ko‘rina boshladi. U sekin, lekin bir zaylda ko‘tarilmoqda. Shu payt harakatdan to‘xtaganday, osilib qolganday tuyuldi. Chindan ham u qotib qoldi. Sal chekindi va yana yuksakka talpindi. Zamin uni qo‘yvormayapti. Odamni vahm bosdi. Endi nima bo‘ladi? Quyosh silkina-silkina, oxiri yer qobig‘idan chiqib ketdi. So‘ng, butun olam nurga to‘ldi. – Quyosh har tongda shunday azoblanadi, – dedi chol. – Bu holni boshqa joyda kuzatolmaysiz” parchasini dalil qilib, adabiyot ixlosmandlarini bu maydonga yana bir iqtidorli ijodkor kirib kelayotgani bilan qutlasa bo‘ladi. So‘zlashuv tilining jilolari adabiy til me’yorlariga moslangan mazkur hikoya ichiga yirik janrdagi asarlarga asos bo‘lgulik material unsurlari joylangan. Unda muallif bor bisotini to‘kib solgan: mullato‘rg‘ay, olashaqshaq, ilon, ot, bo‘ri haqida ma’lumot berib, “Uchi-quyrug‘i yo‘q, hech adog‘iga yetib bo‘lmaydigan Boysun”ni ta’riflagan, yo‘lda ko‘rgan, eshitganlarini miriqib bayon etgan. Ayni tafsilotlar esa qiziqarli ekzotika sifatida “Yurtkezar”ga zeb bergan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.