Yo‘qlab yonimga bir kelmaysiz, do‘stim

0
67
marta ko‘rilgan.

Assalomu alaykum, Iroda Umarova!

Necha yildan beri e’tibor beramanki, hech qachon, garchi sizdan ikki yosh kichik bo‘lsamda, xabarlaringizdasalomdeya so‘z boshlamagansiz. DoimoAssalomu alaykum, dugona”, deysiz

Siz bilan tanishganimizga ham sakkiz yil bo‘libdi. Adashmasam, ikkimiz ham ijodni deyarli bir vaqtda boshlaganmiz. Eng qizig‘i, ikkimiz ham “Bekajon” gazetasida tengma-teng, go‘yo musobaqa qilgandek qatnashib kelardik. Sizni ilk marta shu gazeta orqali taniganman. U paytlar 16-18 yashar qizlar edik. Vaqt suvdek oqib, yoshimiz ham o‘ttizga qarab ketyapti. Endi yozadigan mavzularimiz ham o‘zgargan…

2010 yili siz bilan Samarqandda, gazetaning bayramona tadbirida birinchi marta uchrashdik. Ziyoratgohlarda tushgan suratlarimiz albomimda turibdi. Shu tariqa internet orqali xabarlashib turadigan bo‘ldik. Masofa uzoqligi bois siz bilan juda kam uchrashamiz, hozir hatto oxirgi marta qachon ko‘rishganimizni ham eslolmay turibman. Shunday bo‘lsa-da, virtual olamda doim hamnafasmiz. Ijodiy ishlarimizni o‘zaro kuzatib boramiz, yutuqlarga erishsak qutlaymiz. Sizni ko‘pchilik shoira sifatida taniydi. Ha, chindan ham she’rlaringiz yurakka yetib boradi. Qay nashrda sizning she’rlaringizni uchratsam, albatta o‘qiyman. O‘tgan yili “Yoshlik” va “Ijod olami” jurnallarida turkum she’rlaringizni ko‘rib suyundim. Dardli, ta’sirli, samimiy she’rlar edi…

“Yoshlik” jurnalining (2007 y, 6-son) “Birinchi uchrashuv” ruknida qator shoiralar safida she’rlaringiz chop etilgandi. “Taskin” degan she’ringizdagi ikki satr sizdan kelgusida katta shoira chiqishiga bizni inontirardi:

 

Yolg‘iz ovunchog‘im – hech kimda yo‘q SHE’R,

Demak, men Xudoning erka quliman…

 

Ha, siz chindan Yaratganganning suygan bandasisiz, satrlaringiz ko‘plab yuraklarni zabt etgan, zabt etib kelayapti. Oradan sakkiz yil o‘tib yana “Yoshlik”da (2015 y, 3-son) muxlislaringiz bilan dillashdingiz. Ammo bu  she’rlar endi ezgin emas, xiyla ko‘tarinki, umidbaxsh edi. Bejiz so‘lim Forishda tug‘ilmagan ekansizki, bahor ta’rifini tobiga keltirgansiz:

Bahor bu – bir dona lola qasdida,

Oqsoch cho‘qqilarga intilgan so‘qmoq…

 

Mingta shoir bo‘lsa, bahor ularning tilida ming xil ta’riflanadi. Sizning ham har bir she’ringizda boshqalarda uchramagan topilmalar bor. Go‘yo manzaralar rassom qo‘lida jonlanayotganga o‘xshaydi. Ko‘z oldimizda she’ringiz nafis harakatlana boshlaydi, bizni o‘sha oppoq cho‘qqilarga olib ketadi…

Sevgi! Bu haqda kim yozmagan, kim o‘qimagan? Shoirlarning shoh asarlari ham ko‘p hollarda muhabbat haqida bo‘ladi. Sizning ham talay she’rlaringiz aynan ishq mavzusida. “Ijod olami” jurnalining birinchi sonida sevgi satrlaringizga muxlis bo‘ldim.

“Bu sevgi”, “Uni ko‘rdim”, “Ilinj”, “Birinchi muhabbat”, “Ko‘nglingiz” kabi she’rlaringizda o‘zbek ayoliga xos ibo, nafosat, umid, shu bilan birga, biroz ranj, qaysarlik, g‘urur seziladi.

 

Tikonli gul

 

Menga achingandek qaramang

Va mehringiz qilmang sadaqa.

Bilmaysizki, kulgidan ko‘ra

Ko‘z yosh yaqin qiladi Haqqa.

O‘ylaysizki, yarimta qalbim,

Kemtigiga armon taxlayman.

Yo‘q. Tikon-la tugal gul kabi

Shu dardlarim bilan baxtliman. 

 

Bu she’r shunchaki ayriliq haqida emas, unda Vaqt, Qadr, Imon, Ishonch, Sabr barq uradi. Shunchaki chiroyli qofiyalar yig‘indisi emas, qalblarga chuqur kirib boruvchi teran ma’no… Uni faqat o‘qish, his qilish, ko‘zingizni yumib, xotiralarga berilish mumkin.

Ona mavzusidagi she’rlar hech qachon o‘lmaydi. Sizning volidangizga bo‘lgan sog‘inchingizni shu satr­lar bilan his qilish mumkin.

 

Diydor lahzalari o‘tadi zumda,

Kapalak bir kezib chiqqandek chaman.

Uyimga siz bergan non-mevalar va

Onamning hidini olib qaytaman…

 

Bularni o‘qigan kitobxonda eski xotiralar uyg‘onadi, tanish hislar uning qalbini tirnaydi, o‘yga cho‘madi, onasining iforini sog‘inadi… Ha, siz onalarga qarab balandparvoz satrlar bitmadingiz, birgina ishora va holatlar bilan bor mehringizni sezdira oldingiz.

Bahor – sevimli faslingiz bo‘lsa kerak. O‘zingiz ham go‘zal mart oyida tavallud topgansiz. Aksariyat she’rlaringizda tabiatga bo‘lgan iliq tuyg‘ularni sezaman. Ayniqsa, “Yoshlik” jurnali (2015 yil, 3-son) da chop etilgan “Yalpizginam”, “Navro‘zgullar” bunga yoqqol misol bo‘la oladi. She’rlarni o‘qirkanman, go‘yo chamanzorga tushib qolgandek, betakror gullarni tuyib-to‘yib hidlagandek, ko‘nglim bahoriy hislarga chulg‘angandek bo‘ladi. Unda nafaqat gullar ta’rifi, balki yurakdagi iztiroblar ham qog‘ozga tushgan.

 

Tushimda bodomlar gullagan oqshom,

Zaminni uyg‘otdi yashil xo‘rsiniq.

Osmon kamalakdan yasadi ishkom,

Yomg‘ir gul labidan tomgandek tiniq.

Hovuchlab samodan oqqan sellarni,

Do‘st, ko‘zga suraylik navro‘zgullarni.

 

O‘qidim-u, keng dalalarga borib, muattar gullarni ko‘zlarimga surgim keldi…

Yana bir rost gapni aytish kerak, qancha nashrlarda chiqish qilmaylik bizni baribir “Yoshlik” jurnali kashf etdi. Bu gapni sevimli nashrimizning mualliflaridan biri va albatta, o‘quvchisi ham bo‘lganim uchun aytmayapman. Sizning ham shu nashrda chiqish qilib turishingizdan xursandligimni bildirmoqchiman. 2016 yili jurnalning 8-sonidagi bir dasta – guldastadek she’rlaringizdan “Do‘stimga xat”dagi:

“Men sizni tiladim Farg‘onajondan,

Yo‘qlab yonimga bir kelmaysiz, do‘stim”, satrlarini o‘qiyotib o‘pkam to‘lib, ko‘zlarimdan yosh tirqirab ketdi. Axir, shunday ham bo‘ladimi?! Sizga o‘zini yaqin olgan barcha do‘stlar mening holatimga tushgan bo‘lsalar ajab emas. Ammo na qilay, o‘zni ovutmoq uchun yana she’r o‘qishga tutinaman:

 

Har gal maktubimga qo‘shilib jo‘nar

Mehr qushchalari – biram chiroyli…

Har gal she’r ufurib bag‘rimga qo‘nar,

Xatingizdan chiqqan Qo‘qon shamoli.

 

Nazm va nasrda tengma-teng ijod qiladigan yoshlar ko‘p emas. Sizning hikoya va qissalaringizning ham talaygina muxlislari borligini bilaman. Ular hayotiy, xalqchil, kimlargadir o‘rnak, ibrat bo‘ladigan asarlardir.

Menga dastxat bilan sovg‘a qilgan “Siz uchun” nomli nasriy kitobingiz javonimni bezab turibdi. Shu vaqtga qadar oltita kitobingiz chiqib ulgurdi, 30 yoshgacha shunday yutuqlarga erishganingiz ham katta gap.

 “Nikoh uzugi”, “Mehrga zor”, “Munisa”, “Mehribonginam”, “Singillarim”, “O‘gaylik” kabi hikoyalaringiz dilga yaqin, biroq ularda bayonchilik seziladi. Boshini o‘qigach, oxiri qanday yakunlanishini taxmin qilasiz. Kutilmagan yechim, kulminatsiya yetishmaydi. Boshdan oxirigacha bir maromda davom etadi. Hikoyalardagi mavzularingiz shu davrdagi hayotiy muammolar, maishiy ikir-chikirlar, turmush tashvishlari… Ko‘rqamanki, bunday mavzularning umri qisqa. Kelgusi asrlarga qadar hikoyalarimiz yetib borishi uchun marrani balandroq olgan, umumbashariy mavzularda yozgan ma’qulmikan?

Ko‘plab hikoyalaringiz kuzatuvlar, hayotiy voqealar asosida yozilganini bilaman. Ammo badiiy adabiyotga bularning o‘zi kam. Albatta, yuksak tafakkur asosidagi badiiy to‘qima, yangi fikr-mulohazalar, ma’naviy ozuqa ham bo‘lishi shart. Xayolot olamingiz juda keng, agar hikoyalaringizni qayta-qayta ishlashga va badiiy ozuqa qo‘shishga erinmasangiz, albatta, muxlislaringiz yanada ko‘payadi, deb o‘ylayman. Darvoqe, nasrdagi mashqlaringizni ham adabiy jurnallarga taqdim etishni maslahat berardim.  Nasringiz ham she’rlaringiz kabi baland bo‘lishini istardim!

Iroda, sizdan yanada ta’sirli, yanada samimiy she’rlar, hikoyalar, qissalar kutib qolamiz! Men ham muxlislaringizdan biriman. Dildan to‘kilgan so‘zlaringiz hech kimni befarq qoldirmaydi. Adabiyotimiz sizdek dilbar shoirasi bilan g‘ururlansin. Tez orada yuzma yuz uchrashish, diydorlashish, kitoblarimizni almashish orzusidaman.

 

Sizga salomatlik, ijodiy barkamollik tilayman.

Dugonangiz Nodirabegim Ibrohimova.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.