Yilda uç-tört marta turli bayram va töylar munosabati bilan tuğilib-ösgan yurtim Buxoroga yöl olar ekanman, ğazal mulkining sultoni bölmiş uluğ şoirimizning nomi bilan ataluvçi Navoiy viloyatini kesib ötaman. Bu yöl Buyuk ipak yölining bir qismi. Uluğ yöl böyida mehnatkaş, işbilarmon, tanti odamlar yaşaydi. Qaçon ötsam, navoiylik odamlarni iş bilan band bölganini körarman: kimdir qoramollarni haydab ketadi, kimdir kun tiğida dalada ter tökadi, yana kimlardir yangi imorat tiklayotgan böladi, xullas, qişin-yozin deyarli barça tirikçilik, rözğor taşvişida yuradi…
Navoiyni birinçi marta kesib ötadigan odam Navoiy şahri yaqiniga kelganda dimoğiga aççiq havo uriladi. Sezadiki, yaqin-örtada zavod yo qandaydir korxona bor. Menam har ötganimda şu aççiq havoni yutib, öylaymanki, bu yerda yaşaş oğir – soğliqqa zarar; kuniga milyon söm berganda ham bu joyda yaşamasdim – piçirlayman özimga özim. Lekin… men, öz jonini sevadigan odam, unutamanki, bu yerda kuniga milyon söm daromad topmasa ham kun keçirayotgan, uy-joy solib farzand östirayotgan, töy qilayotgan, kelajakka katta umid bilan intilayotgan mehnatkaş Xalq bor. Şu xalq orasida esa bir kunlik umrining yarmidan köpi katta-katta zavod va kombinatlarda, konu şaxtalarda keçadigan Qahramonlar bor…
* * *
Navoiy viloyatiga xizmat safari bilan borişga töğri keldi. Qayerga deng, Özbekistonning faxri bölgan, yurtning farovonligiga katta hissa qöşib turgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga, oltin konlariga, şaxtalarga, zavodlarga. Rejamizda kombinatda öz mehnati bilan kasbdoşlari orasida ajralib turadigan, boşqalarga örnak böla oladigan işçi-xizmatçilar bilan ham tanişib, suhbatlaşişimiz kerak edi. Mening suhbatdoşim qoramağiz, yuz-közlaridan ança vazmin va bosiq ekani körinib turadigan tilla quyuvçi edi…
Isrofil. Bu sözni eşitgan odam borki, rözi Qiyomatda sur çaladigan fariştani esga oladi. Lekin şu nom kimningdir ismi deyilsa, köpçilik işonmaydi. Mening suhbatdoşim aynan şu noyob ism egasi edi. Isrofil akaning faqat ismi noyob emasdi. Unda bugungi kunda noyob bölgan ğurur, nomus, taqdirdan rozilik, halollik kabi xislatlar ham jam edi. Bu uning közlarida, gap-sözida, fikrlaşida aks etardi.
…Yoş Isrofil bolaligida ota-onasining yetovida ötgan asrning 90-yillari boşlarida bir neça marta nafaqat Özbekistonda, balki Örta Osiyoda maşhur bölgan Zarafşon şahriga mehmondorçilikka keladi. Xatirçida tuğilib, keng adir va toğlar bağrida yaşagan bolakayga Zarafşon orzusidagi şaharday körinadi. Har safar kelganida Zarafşonga bölgan muhabbati alangalangan Isrofil “Katta bölsam, şu yerda yaşayman, işlab uy va maşina olaman, ota-onamni ham şaharga olib kelib, birga yaşayman”, deya ezgu niyatni öşa paytlarda diliga tugib qöyadi.
Isrofil aka 1986-yili işçi-xizmatçi oilasida tuğilgan. Oilada tönğiç farzand, uç singlisi bor. Oilada bitta öğil farzand bölsa, odatda, erka, sal boqibeğam ösadi. Ota-ona ham “Xudodan tilab olgan yakkayu yagona arslonim” deb, alohida mehr bilan ulğaytiradi. Erka farzand bölib ösgan bölsangiz kerak, deganday Isrofil akaga maʼnoli qarayman.
– Farzand tarbiyasi bilan, asosan, otam şuğullangan. Nazorat, tartib-intizom joyida bölgan doim. Öqiş, uy-dala işlarini doim otam bilan birga bajarardim. Otamdan köp narsani örganganman: erkaklik ğururi, or, hamiyat, halollik. Baʼzan oiladagi özimni otam bilan soliştiraman: otamga qançalik öxşayapman, degan öy bilan…
– Otangiz ham konçi bölganlarmi? Özi qanday kelib qolgansiz bu yerga.
– Yöq, otam butun umr qişloq xöjaligida işlaganlar. Yoşligimdan menga falon kasbni egalla, konçi böl ham demaganlar. Kollejning texnika yönalişini bitirgaç, taqdir taqozosi bilan Zarafşonga keldim. Malaka suhbatlaridan ötgaç, ikkinçi metallurgiya zavodiga işga kiriş nasib etdi. Mana, 12 yildan beri işlayapman…
Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz sanoatining nufuzli korxonalaridan biri hisoblanişi barçamizga maʼlum. Oltin işlab çiqariş böyiça jahondagi eng yirik majmualardan biri bölgan Markaziy kon boşqarmasiga qaraşli 2-Gidrometallurgiya zavodi esa ana şunday yirik kombinatning qontomirlaridan biri. Qahramonimiz ayni şu yerda mehnat qiladi.
2-Gidrometallurgiya zavodining qurilişi 1967-yilning may oyida boşlangan bölib, asriy Qizilqum bağrida körkam voha, zamonaviy şahar, qator korxonalar bunyod etilişiga poydevor yaratgan. Zavodning birinçi navbati qisqa muddatda – ikki yilu ikki oyda qurib bitkazilib, foydalanişga topşirilgan edi. 1969-yilning 21 iyuli nafaqat zavod, balki çöllar qaʼrida yaşirinib yotgan tabiiy boyliklarni qidirib topiş va ularni yurt istiqboli, insonlarning farovon turmuşi yölida özlaştirişga jiddu jahd qilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi hayotida ham abadiy bitilib qoladigan sana böldi. Şu kuni zavodda oğirligi 11 kilogramm 820 gramm bölgan birinçi oltin yombisi quyiladi.
Bugungi kunda oltin işlab çiqariş böyiça jahondagi eng yirik korxonalardan hisoblangan 2-Gidrometallurgiya zavodi faoliyat körsatayotgan ötgan 50 yillik davrida 1,1 milliard tonna rudani qayta işladi.
Ulkan zamonaviy sanoat majmuasida matonatli, mustahkam irodali, murakkab texnikaviy va muhandislik masalalarini hal etişga qodir turli millat vakillaridan iborat fidoyi insonlar, ustozu şogirdlar mehnati bilan tarkibida qimmatbaho metall bölgan rudani maydalaşdan boşlab, undan tayyor mahsulot ajratib olib, oliy sifatli quyma oltin hosil qilişgaça bölgan texnologik jarayonlar töliq amalga oşiriladi.
Qahramonimga zimdan diqqat bilan qarayman: turli kislota va kimyoviy moddalar sabab qöllari kuygan, qoraygan, doğlar bordek; yuzlarida bir neça yillik toliqiş sezilib turadi. Ha, mehnati oğir, deyman. Beeʼtibor özimning qöllarimga közim tuşadi: şaharning nuqsi urgan – oq va nozik, kesilgan, kuygan, qabargan joy yöq. Özimça xayolan çamalaşga ötaman: kim yurtga köproq naf keltiryapti – yengil toş bosadigan nimarsalar yozib, 500-600 kişiga (obunaçilarga) maqola yozayotgan jurnalistmi yoki yer qaʼridan olingan tuproq orasidan zarralarni saralab, zarga aylantirayotgan zamonamiz alkimyogarimi?
– Tilla bilan işlaş qiziq bölsa kerak-a?
– Ha, qiziq. Lekin mehnati oğir. Aytaylik, BelAZ maşinasi temir aravasiga siğadigan maʼdanli tuproqni kimdir kovlab oladi, uni kimdir maşinada belgilangan joyga olib borib tökadi, öşa tuproq poyezdda çaqirimlar bosib zavodga keladi. Turli jarayonlardan ötib, yarim tayyor mahsulot holida keladi. Biz esa uni turli kimyoviy jarayonlar vositasida sof oltinga aylantiramiz. Bir “BelAZ” maşina orqalagan tuproqdan, faraz qiling, bir siqim tayyor mahsulot çiqadi. Tayyor böguniça bir neça yuzlab odamlarning peşona teri tökiladi…
Darhaqiqat, Isrofil aka rost aytayotgan edi. Suhbatning ertasi kuni bizga zavodlarni taniştirişdi, iş jarayonlari, texnikalarning işlaş mexanizmlari haqida tuşunçalar berişdi. Qöllar, böyinlar, quloğu tişlarimizni bezab turgan oltin ming çiğiriqdan ötib, oltinga aylanardi. Göyoki maʼdanga peşonadan oqqan ter jilo va tiniqlik berardi, u oltin qöllardan rang olardi.
2-Gidrometallurgiya zavodi rudani tayyorlaş, maydalaş, quyultiriş, tayyor mahsulotlar, taʼmirlaş – mexanika sexlari, zavod markaziy laboratoriyasi va sakkizta yordamçi uçastka işçi-xizmatçilari, muhandis – texnik xodimlari ana şunday masʼuliyatli va şarafli vazifani sidqidildan bajarib kelmoqdalar. Ular orasida, şak-şubhasiz, Isrofil akaning örni ham bor.
Korxona mahsulotining oliy sifatliligi xalqaro taşkilotlarning yuksak darajadagi eʼtirofiga sazovor bölayotir, bu, albatta, ahil jamoaning yana bir katta yutuğidir. 1994-yili London Quymalar bozori assotsiatsiyasi Arbitraj laboratoriyasi tomonidan 2-Gidrometallurgiya zavodi oltiniga optimal mahsulot maqomi berildi. Bu korxonada işlab çiqarilayotgan oltin jahon standartlari talabiga töla javob berişining tasdiğidir. Endilikda Özbekistonning oltin quymalardagi tamğasi butun dunyoda mahsulot yuqori sifatining nişonasi bölib tan olinmoqda. 1998-yili Navoiy kon-metallurgiya kombinati oltiniga Tokio sanoat mahsulotlari birjasining sifat sertifikati berildi. 2012-yilda ötkazilgan sinovda ham korxona mahsuloti sifati yana qayta yuqori baholandi.
– Ob-havo sal yomonroq ekan bu yerlarda deyman suhbatimiz davom etarkan. Zaharli tutun çiqadi, turli kimyoviy jarayonlarning zararli taʼsiri bor. Qolaversa, aytişlariça, bu yerda qiş haddan ziyod sovuq, yoz esa juda issiq bölarkan. Heç xayolingizdan ötganmi, 5-10 yil işlab, oilaviy iqtisodimni yaxşilab, biror biznes yoki boşqa kasbni tanlab, qişloğimda, toza havoli toğlar qöynida yaşayman, deb?
– Yöq, aslo. Çumçuqdan qörqqan tariq ekmaydi, degan gap bor-ku! Zaharli havo yutasizmi-toza havomi, baribir inson taqdiridagi bitilgan umrni yaşaydi. Mana, dunyoning eng rivojlangan davlatlariga qarang, hammasida katta-katta zavodlar, korxonalar işlab yotibdi. Ekologik jihatdan biznikidan ön çandon xavfli hududlar bor. Ertasi aniq bölmagan atom stansiya va zavodlarni ayting! Bizning hududlar, harholda, çöl örtasida, odamlar yaşaydigan hududlardan ança olis. Lekin nima borki, ter tökmasdan, zahmat çekmasdan rohatga erişilsa. Kon-metallurgiya tizimida 60 mingga yaqin odam işlaydi. Yaratgan egamiz şu minglab insonlar qatori mening rizqimni ham şu maʼdanlar orasiga soçgan ekan, şukr qilib, işlayveramiz.
Darhaqiqat, kombinat tizimida 60 mingga kişi mehnat qiladi. Şu yetmiş ming kişi yurtmizning deyarli barça hududlaridan kelişgan, ularning topgan rizqi ortidan esa oilasi, ota-onalari tuz totadi (örta hisobda olti kişi. Endi hisoblab köravering: 60 000×6=360 000. Demak, uşbu zavod salkam yarim million kişining qornini töq, ustini but qilyapti).
Navoiy kon-metallurgiya kombinati öz xodimlarining mehnatini qadrlaydigan taşkilotlardan eng közga köringani (buni menga şerik bölib borgan hamkasblarim ham tan olib aytişdi). Yurtimizning eng sölim va xuşmanzara joylarining toğ-yon bağirlarida sanatoriy-oromgohlari, dam oliş maskanlari, şifoxonalari bor. Har bir işçi-xodim yilda bir marta xohlasa özi, xohlasa oilasi bilan dam olib kelişi mumkin.
Şunday tizim yaratilganki, kon-metallurgiya sohasi xodimining farzandlari ona qornida paydo bölganidan kombinatga qaraşli poliklinika va kasalxona nazoratida böladi. Tuğilib, tetapoya bölgaç, boğçaga qöymoqçi bölgan ota-onalarga kombinatning maktabgaça taʼlim muassasalari muntazir. Konçi-metallurgning farzandi maktab va oliygohda ham ota-onasi mehnat qiladigan taşkilot siylovidan bebahra qolmaydi.
Şular haqida hayajonlanib gapirayotganimda Isrofil aka yana hayratimni oşirdi:
– Hatto kombinat tizimida mehnat qilgan faxriylarga bayram va tantalarida moddiy hamda maʼnaviy yordam körsatiladi, özimizdagi sanatoriylar bilan birga Issiqköl, Yalta kabi kurort şaharlarga ham yöllanma asosida jönatişadi. Kombinat bir oiladek gap, döstim. Hamma hayotidan, mehnatidan, şart-şaroitlardan rozi – oila farovon-da.
Hozir oltmişga kirgan va ota-onasi şu tizimda işlagan kombinat xodimlari bilan bir suhbatlaşing, hayotining har bir oni şu taşkilot bilan boğliq. Tuğilganidan boşlab kombinat siylovida ösgan kişi agar özi ham ulğayib şu yerda işlab, nafaqaga çiqqan bölsa, nafaqadayam kombinat ularni taşlab qöymaydi: moddiy yordamlar berib turadi, bayramlarda yöqlaydi, dam oliş maskanlariga jönatib turadi.
Isrofil akaning gaplarida yolğon yöq edi. Bu yerda işçi-xizmatçilar uçun yaratilgan şaroitlarni körsangiz, havasingiz keladi. Keyingi yillarda kombinat taşabbusi bilan Zarafşon şahrida “Neptun” suv havzasi kapital taʼmirlandi, Navoiy şahridagi “Söğdiyona” stadioni rekonstruksiya qilindi, Zafarobod qörğonida “Yangi hayot” sport majmuasi va yopiq suziş havzasi foydalanişga topşirildi. Uçquduqda barpo etilgan “Orzu” istirohat boği bugun şaharliklarning eng sevimli dam oliş maskaniga aylandi. Yoşlarning dam olişi, ehtiyoji, qiziqiş va intilişlari hisobga olinib, Uçquduqda “Kelajak” yoşlar markazi körkam maskani işga tuşirildi. Zarafşon va Zarmitanda bolalar akvaparki, Navoiy va Zarafşon şaharlari hamda Zafarobod qörğonida barpo etilgan biri-biridan gözal musiqali favvoralar barçaga zavq va huzur bağişlamoqda. 2018-yilda Nurobod şahrida “Közmunçoq” bolalar boğçasi kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanişga topşirildi.
Korxonada bolalarga alohida ğamxörlik körsatilib, yozgi taʼtil mavsumida işçi-xodimlarning ön mingdan ortiq farzandlari şahar taşqarisidagi va şaharda joylaşgan 11 ta bolalar soğlomlaştiriş oromgohida miriqib dam olişarkan. Aytişlariça, oromgohlarda bolalar mazmunli va maroqli dam olişi, böş vaqtlarida turli tögaraklarda qatnaşib, öz bilim va salohiyatini mustahkamlaşi uçun har tomonlama qulayliklar yaratilgan. Darhaqiqat, kombinatning “Pahlavon”, “Bolajon”, “Sarmiş”, “Söğdiyona”, “Zarafşon” va “Kelajak” bolalar soğlomlaştiriş oromgohlari tabiatning sölim va xuşmanzara joylarida joylaşgan bölib, ular mamlakatimizdagi eng yaxşi maskanlar qatorida eʼtirof etilgan.
– Oilangiz haqida ham gapirib bering.
– Ikki qizim bor. Kattasi maktabda öqiydi, kiçigi boğçaga boradi. Ayolim ham şu kombinat tizimida işlaydi. Şukr, topganimiz rözğorimizga yetadi. Qişloqqa borsak, ota-onamga, singillarimga sovğa-salomlar eltamiz, rözğorning kam-kösti bölsa, tölğazib qöyamiz.
– Haftada neça kun işlaysiz?
– Beş kun.
– Demak, oilaviy damolişga, bolalar tarbiyasi bilan şuğullanişga şanba-yakşanba kunlari vaqtingiz bölarkan. Darvoqe, farzandlaringiz tarbiyasida örningiz qanday?
– Farzandlar tarbiyasi bilan köproq ayolim şuğullanadi. Mening asosiy vaqtim işda ötadi-ku. Şu sabab bu borada ayolimga işonaman va suyanaman. Oçiği, özimni ideal ota deb aytolmayman. Sababi, ertalabdan keçgaça işda bölaman. Işdan keç, çarçab qaytgandan söng, töğrisi, bolalarga ham vaqt ajratolmay qolaman baʼzan. Lekin dam oliş kunlari qizlarim bilan köproq birga bölişga harakat qilaman. Istirohat boğlariga oboraman, dökonlarga kirib, sovğalar olib beraman. Baʼzan qişloqqa ketamiz: ham ota-otamni xursand qilaman, ham bolalarimni.
– Isrofil aka, söz ortida işlayotgan odam sifatida barçadan bitta narsani, albatta, sörayman. Sizga ham şu savolni bersam… Mana, bolalaringiz endi yozuv-çizuvni örganib, ilm yoşiga yetibdi. Ularga kitoblar ham olib berasizmi? Umuman, oilangizda maʼnaviy muhit qanday?
– Oliy taʼlimda öqimaganman, özimni zör kitobxon yoki gazetxonman ham deyolmayman. Lekin qizlarimga tez-tez yangi ertak kitoblar olib beraman. Özimizning taşkilotning kattagina kutubxonasi ham bor. Aʼzo bölganman. Şu yerdan ham kitoblar olib boraman uyga. Işonsangiz, kiçkina qizim har keça ertak eşitmasa, uxlamaydi. Qiz bola otaga mehribon bölmaydimi, men aytib berişimni istaydi. Bola – poşşo, poşşoning amri esa boş ustiga. Har kun ertak öqiyverib, rosti özim ham ança ertaklarni yod olganman. Qizim bahonasida özim ham kitobxon böpqoldim.
– Ularning öqişi, yozuv-çizuvugiga ayolingiz masʼul bölsa kerak-a? Siz baribir ertak aytib, qutilib qolsangiz kerak?
Isrofil aka kulib, gapini davom ettiradi:
– Ha, ayolim şuğullanadi. Ayolim ham oliy maʼlumotli emas, ammo kelajak uçun kerak, farzandlarimizga ham tarğib qilamiz, deb ingliz tilini örgandi. Hozir ingilizça yaxşigina gapira oladi. Onasining talabi va yordami bilan katta qizim til örganişga qiziqib qoldi. Hozir u ham maktabida aʼloçi, eng yaxşi çet tili örganuvçisi…
Isrofil aka bilan suhbatimiz ança davom etdi. Uning mehnati, zahmati, haqiqatan tahsinga loyiq. Havas qilarli kasb egasi. Mehnatidan rozi, oilasidan köngli xotirjam, farzandlari kelajagidan umidvor hamsuhbatimiz “Şuhrat” medali sohibi. U kamtarona mehnatimga juda katta ehtirom böldi bu medal, dedi suhbatimiz söngida. Niyatimiz şuki, vatan taraqqiyoti, yurt istiqboli, xalq faravonligi uçun sidqidildan, halol mehnat qilayotgan Isrofil akadek konçilar, mexaniklar, oltin quyuvçilar – barça kombinat xodimlarining har biri qahramon, har biri buyuk jasorat egalaridir. Qöllari dard körmasin, deymiz!
Husan Maqsud
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


