Osmon yerga yaqin

0
61
marta ko‘rilgan.

(Esse)

 

Bulutlarga yondosh ulkan kranning oynaband boshqaruv qutisida telefon jiringladi. Bashorat opa bir nazar tashladi-yu, yana diqqatini yumushiga qaratdi. Ilgakdagi yukni katta temir uskunalar atrofida g‘imirlayotgan uch-to‘rt chog‘li muhandis va ishchilarning imo-ishorasi bilan ohista siljitib bo‘laklarni bir-biriga jamladi. So‘ngra muhandisning “bir pas to‘xta”, degan ishora­sini jilmayib qarshiladi-da, o‘zini erkin qo‘ydi. Qo‘qqisdan notanish raqamdan kelgan chaqiriq yodiga tushib, telefoniga qo‘l cho‘zdi. O‘ylanib o‘tirmay, raqamga qayta ovoz yubordi. Uch yil bo‘ldiki, notanish raqamdan kelgan ko‘ng‘iroqlar uning yuragiga qutqu soladi, qalbining tub-tubigacha zirqiratib og‘riq qo‘zg‘aydi. Qizi Dildora va kuyovi Otabekning avtohalokati haqidagi xabarni mana shu “quti”da eshitgan, o‘shanda bu kabina judayam torayib ketgandek tuyilgan edi. Uning bag‘ridan yulqinib, o‘ttiz besh-qirq metrlik baland va tor temir narvondan qanday shiddat bilan tushganini hamon his qila olmaydi…

– Allo!

– Sveta opa, bormisiz?! Shimoliy kon boshqarmasidan Laylo Karimovaman, – sho‘xchan ovozda shoshib o‘zini tanishtirdi suhbatdosh.

– Ha, Layloxon, uzr, qizg‘in ish paytida qo‘lim telefonga yetmadi, – ko‘ngliga xotirjamlik tuygan bo‘lsa ham, ovozi titrab chiqdi.

– Opa, unda sizni yana bezovta qilmayin-da, maqsadga o‘tayin… Ertaga poytaxtdan yozuvchi-shoirlar kelar ekan, siz haqingizda maxsus maqola yozishadi, bir pasda yurtga tanilib ketasiz… Shunga tayyor bo‘lib keling-a, Sveta opa?!.

“Laylo ham, Sveta opa, deyishga o‘tibdi”, – o‘y kechdi ichidan. – “Ismlarim ham ko‘payib ketdi, axir, buning ham o‘z yuki bo‘lsa kerak. Fe’l-atvorimning, kayfiyatimning turfaligi shunga bog‘liqmikin?!”. – Telefondan baqirib yuborayin dedi: “Sveta emas, Sevdo!”.

Xo‘jam aka va Sabohat opa shu qizlari dunyoga kelganida, onasiga uyqash qilib, Sevdo deb ism qo‘ygan edi. Zamonasini qarang, o‘sha kezlarda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani oilaboshining qachon vaqti bo‘lganida qishloq sovetidan olib kelavergan ekan. Xo‘jam aka ham Sevdo besh yoshga kirganida to‘rt nafar qizalog‘iga birdaniga guvohnoma yozdirib kelibdi. Uyga kelib, qizlar o‘zlariga tegishli nom-nishonini anglatadigan ikki enlik hujjatni talashib ochib qarabdi. Sevdo o‘rniga Bashorat yozilgan emish… Na kularingni, na yig‘laringni bilasan?! Ostona hatlab chiqqaningda sen emas, hujjat tilga kiradi. Sevdo shu soz maktabga chiqdi-yu, Bashoratga aylandi. Ammo maktabdan, ishdan narida Sevdo bo‘lib qolaverdi. Uchquduq – ko‘p millatli shahar, bu yerga ko‘chib keldi-yu, yana Sevdo ismidan ayrildi. O‘ris qo‘shnilari tiliga moslab, Svetaga aylanti­rishdi… Ism-sharif o‘zgaraverar ekan, biroq insonning qalbini, taqdirini, manglayining yozig‘ini o‘zgartirib bo‘lmas ekan.

Lahzada chuvalashib ketgan xayollarini jamladi:

– Layloxon, men haqimda yozadimi? – Bu “topshiriq”dan hangu-mang qoldi. – Men haqimda… Qaysi karomatim uchun? – Bu savol suhbatdoshning kulgisiga sabab bo‘ldi, shekilli, go‘shakdan jozibali “qah-qaha” eshitildi. – Nimaga tayyorlanib kelaman? Bu bahaybat devning ustiga adras ko‘ylakda suv parisidek tovlanib o‘tirolmayman-ku…

Sevdo boshqarayotgan ulkan texnikani haybatli devga qiyos etadi. U shu devning ko‘zla­rida yashaydi. U bilan gaplashadi, dardlashadi, ba’zan yig‘lab g‘amlaridan so‘ylaydi. Xullas, yeru osmon o‘rtasida qalbini ochib-sochadigani shu ulkan temir matoh.

Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli “Sharqiy” kon bo‘linmasi kran boshqaruvchisi Sevdo – Bashorat Tursunova asli Samarqandning Pastdarg‘om tumanidan. Oiladagi to‘rt nafar qizlarning eng erkasi, sho‘xi; yigitlardek abjiri ham shu – sochlari qo‘ng‘irrang qizaloq. Tomdan sakragan ham, daraxt shoxidan qulagan ham, otasi “mallavoyim”, desa eng avval hoziru nozir bo‘ladigan ham – Sevdo. Oilada o‘g‘il farzand bo‘lmagani bois o‘g‘ilning yuki uning yelkasiga tushar, kartoshkami, piyozmi, qummi, qoplab yelkasiga ortmoqlab, tashib qo‘yar, onasi Sabo­hat opa ortidan “hay-hay”lab qolardi. Ona-da, bundan yigirma yil avval ilk bor kran boshqaruvchisi bo‘lib, ish boshlaganida Sabohat opa qizining hayotidan qattiq xavotirlangan edi:

– Qizim, ayol boshingga bu ish og‘irlik qiladi-yov, kel, shu tavakkal ishingdan voz kech! Kechalari uyqum qochsa, sen haqingda o‘ylayman, bunday balanddan boshi aylanib tushib ketmasmikin, deb…

Sevdo volidasini hadikdan xoli qilish uchunmi yoki sodda onasining boladek yolvorishi dilini yoydimi, baland ovozda kulib yuborgandi:

– Ha, enam-a, buning xavotirli joyi yo‘q, tomdan pastga qaragandek gap…

 

* * *

Sevdo o‘rta maktabni, so‘ngra texnika bilim yurtini a’lo baholarda tamomladi. Bir olam orzular bilan yuragi hapqirib o‘qishga hujjat topshirish uchun poytaxtga jo‘nadi. Toshkent politexnika instituti (hozirgi Texnika universiteti)da tahsil olish, kelajakda o‘zi tanlagan sohada yetuk mutaxassis bo‘lish orzusi bir dam uning qalbini tark etmas, aksincha, bot-bot hayajonga chulg‘ayverar edi. Biroq bu hayotda hamisha g‘olib bo‘lavermaysan! Sevdoning ko‘zlari namlandi, ikkinchi bor urinishi ham zoye ketdi… Shunda ham tushkunlikka tushaverish kerakmas, albatta, boshqa yo‘llar ham baxt ko‘chasiga olib chiqadi. Sochlari qo‘ng‘iroq qizgina Samarqandga qaytdi-yu, shahardagi “Krasniy dvigatel” zavodiga parmalovchi bo‘lib ishga joylashdi. Asosan er-yigitlar ishlaydigan zavodda, ular­ning qatorida turib, shaxd bilan mehnat qildi. Ba’zan zavoddagi shovqin-suron uni toliqtirar, keng dalalar bag‘rida bahridili ochilib hordiq chiqargisi kelardi. Hash-pash deguncha ana shu shovqin-suronlar bilan uch yil o‘tibdi. Sevdo galdagi mehnat ta’tiliga ariza yozar ekan, Navoiy­ning Malik cho‘lida oilasi bilan tarvuz-qovun yetishtirib yurgan Gulnora opasining xo‘jaligiga borishni diliga tugib qo‘yadi.

 

* * *

Adoqsiz dashtu dalalar… Cho‘lda kunduzi quyosh qizdirgani bilan oftob botar mahal salqin shabada yelib dilga orom beradi. Poliz o‘rtasidagi odmigina chaylada tortilgan qamish devorlarning tirqishlaridan esayotgan yelning sasi sibizg‘aning kuyini yodga soladi. Nega buncha mungli? Nega buncha hazin? Nega buncha orombaxsh?

Sevdo oftobning botishini uzoq kuzatib turdi. Shu dam alvon quyoshni g‘arq pishgan tarvuzning bir pallasiga o‘xshatib, xayolida kechgan o‘ydan bir jilmayib qo‘ydi. Bexos ni­gohi tushgan Gulnora opa singlisining o‘ychanligidan bir narsani uqqandek bo‘ldi.

– Nimalarni xayol surayapsan, otamning Mallavoyi? Yo‘q-yo‘q, savol berishda adashdim chog‘i, kimni xayol surayapsan? – Bo‘rqsitib loy o‘choqqa o‘t qalayotgan Gulnora opa gap tagidan gap otdi.

– Opa, nimalar deysiz-a?! – Shafaqning rangi Sevdoning yuzlariga ko‘chdi. Keyin ikkisi ham kulib yubordi.

Chirildoqlar tunning ko‘ksini yoray deydi. Oy harir shu’lasini olamga yoygan, yulduzlar jilvasi tamomila o‘zgacha hislarni ko‘ksingga to‘kayotgandek tuyulaveradi. O‘qtin-o‘qtin polizning uzoq-yaqinidan chirsillagan ovoz eshiti­ladi. Shiraga to‘yingan qovunlar tars yoriladi. Ne’matlarini shiraga to‘yintirgan Egam insonni metin qilib yaratgan. Odam dardu o‘ylari, g‘amu g‘ussalarini ko‘tarib umrguzaronlik qilaveradi…

Qovun-tarvuzni dala boshida palakdan uzib yeyishning gashti o‘zgacha bo‘ladi. Keyingi kuni Navbahorning Arabsoyidan polizga mehmonlar keladigan bo‘ldi. Gulnora opa Sevdoni bir necha bor tergadi: “Sochingni turmakla! Egningni to‘g‘rila! Yangi ko‘ylagingni kiyib ol!”. Qizgina lolu hayron:

– Opa, dashtu dalada atlas ko‘ylak kiyib, qovun-tarvuzga o‘zimni ko‘rsatamanmi? – Qah-qah otib kuladi Sevdo.

Chaylaga suv sepilib joy hozirlandi. Tuproq­ning isi dimoqqa xush urildi. Paykal oralab uch yigit yurib keldi. Sevdo mehmonlarga o‘choq boshidan iymanibgina salom berdi. Mehmonlar hol-avhol so‘rashib chaylada chordona qurdi.

– Sevdo, chanqoqbosdiga paykaldan tilyo­rar tarvuzdan olib chiq! – Gulnora opa jo‘rttaga baralla ovozda singlisiga buyruq berdi.

Qizgina poliz oralab ketdi. Yigitlar bir-biriga ko‘z urishtirib jilmaydi. Qoshi, ko‘zu kipriklari tim qora, sochlari jingalak, barvasta yigit o‘rnidan sapchib turdi:

– Qiz bolani yolg‘iz yuborib bo‘ladimi? – Keyin o‘rtoqlariga ko‘z qisib qo‘ydi. Apil-tapil chang qo‘nsa ham ohorini yo‘qotmagan poyabzalini oyoqqa ilib Sevdoning ortidan jo‘nadi.

Sevdo yigitning nigohlaridan nimanidir uqqandek bo‘ldi. Uning uzun tim qora kipriklari hayajonini oshkor qilib qo‘yardi:

– G‘arq pishgan tarvuzni xomidan qanday ajratasiz? – yigit dabdurustdan savol berdi.

– Men dehqon emasman, tavakkal, ko‘nglim buyurganini uzib olaman, – ajablanib javob qaytardi qiz.

– Bir umr birga yashaydigan turmush o‘rtog‘ingizni ham tavakkal tanlaysizmi?

Sevdo gap nimada ekanini endi tushunib yetdi. Oyog‘i ostidagi tarvuzni shartta bandidan uzib oldi-yu chayla tomonga ildam yurdi. Yigit yelday kelib, qizning qo‘lidan tarvuzni yulqib oldi:

– Bu sizga og‘irlik qiladi!

– Tarvuz sizning savolingiz oldida anchagina yengil, – Sevdo yigitning ko‘zlariga boqmay javob berdi.

– Men O‘ktammi, desam, mendan ham gaplaringiz ancha o‘ktam ekan. O‘ktam Temirovichman, tanishaylik!

Sevdo yigitning ko‘zlariga bir qaradi-yu ichida allaqanday totli titroqni his etdi…

O‘sha kuni qiz polizning eng shirin tarvuzini tanlabdi…

O‘ktam Buxoro pedagogika institutini tamomlab kelib, Navbahor tumanidagi maktablardan biriga ona tili va adabiyoti fanidan dars berar ekan. Ikki yoshning ahdu paymoni bilan barcha to‘ylar kabi hali sarposi, hali surug‘i kam, degan shirin tashvishlari ortda qolib, “dang‘ir-dung‘ur” bilan to‘y bo‘lib o‘tdi. O‘sha pallada kelinlarga urf bo‘la boshlagan ovropason oq libosda emas, yal-yal tovlanib, kelinga ko‘rk beradigan o‘zimizning sulton atlasda Sevdo malikalardek kelin bo‘ldi. Oilaning to‘ng‘ich farzandiga umr yo‘ldosh bo‘lishning ham mazasi, ham mas’uliyati bo‘ladi. Qolaversa, shaddodgina qizning bir kechada qaymoqdek quyulishi oson­mi? Ammo Sevdo hayotni anglagan, ota-onasining pandu nasihati, tarbiya­sini o‘ziga yuqtirgan, mehnatdan, ma­shaqqatdan bo‘yin tovlamagan farzand edi. Arabsoyda ikki yil mehribon qaynota-qaynonasiga xizmat qildi. So‘ngra O‘ktam Temirovichning ishi viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga ko‘chdi-yu, yosh oila Navoiy shahrida ijarada yashay boshladi. Ijara uyda kun ko‘rish, cho‘g‘ ustida yashashdek gap! Ijara haqi, to‘lovlar… Sevdoning bag‘rida ikki yosh bolasi – Dildora va Rasul… O‘ktam kecha-yu kunduz mehnat qilib, ota-onasining ko‘magi bilan amal-taqal bir xonali xonadon sotib olishdi. So‘ng biroz ko‘ngli tingan yigit bolaligidagi orzusiga erishaman, deb ichki ishlar bo‘limiga ishga kirish uchun hujjat topshirdi. Barvasta, ismi jismiga monand o‘ktam yigitni ko‘p o‘tmay Uchquduq shahar ichki ishlar bo‘limiga ishga qabul qilishdi. Qizilqum gultoji – Uchquduq yosh oila uchun bag‘rini ochdi… Cho‘lmi, bog‘u rog‘, tog‘u toshmi, qayda ildizing mahkam tutsa, shu yerda daraxtday yashab, yashnab ketar ekansan?!

Sevdo Uchquduqda ko‘p qavatli uylarning bir xonadoniga joylashar ekan, yangi qo‘shnisi Rohatoy opa, “xush ko‘rdik”ka chiqdi.

– Xush kelibsiz!

– Assalomu alaykum!

– Va alaykum assalom! Qayerdansiz, kelinjon?

– Samarqanddanman. Navoiy shahrida yashardik, ish yuzasidan bir-ikki yilga ko‘chib keldik.

Rohatoy opa miyig‘ida kuldi.

– Yaxshi, jonim bolam. Men Bu­xorodanman. Biz ham bir-ikki yil yashaymiz deb Uchquduqqa kelgandik, mana yigirma yildirki, bu joyni tashlab ketolmayapmiz…

O‘sha davrlarda mamlakatdagi iqtisodiy qi­yinchiliklar barchaning hayotiga, oilayu ro‘zg‘orlarga iz qoldirayotgan edi. Maoshlar tortilar, cho‘g‘i kamdek tuyular, hayot yuki ortil­gan aravani tortishda kishi oqsardi. Qolaversa, Sevdo farzandlari Dildora va Rasulni bolalar bog‘chasiga berishi zarur edi. Turmush o‘rtog‘i bilan kelishdi-yu, bilim yurtidan olgan diplomi va mehnat daftarchasini qo‘ltiqlab Tog‘-kon texnikalari jihozlarini ta’mirlash sexiga bordi. Kadrlar bo‘limi mutaxassisi obdon hujjatlarga qarab chiqdi.

– Bashorat Tursunova, siz parmalovchi bo‘lib ishlaganmisiz?

– Ha!

– Qiz bola boshingizga og‘irlik qilmaganmi?

– Yo‘q!

Sevdo qisqa fursatda mazkur sexning faol ishchisiga aylandi. Begona jamoaga tez singib ketdi. Venera opa, Julduz, Shura opalar bilan tug‘ishgandek opa-singilga aylandi. Albatta, parmalovchi bo‘lib ishlash ayol kishi uchun og‘ir: sakkiz soat uskunaning oldida tik turish, uning quloqni qomatga keltiradigan suroniga bardosh berish, kechqurun uyda farzandlar tarbiyasi, uy-ro‘zg‘or yumushlarini bajarish kishini toliqtiradi. Ayniqsa, bolalarning shamollab, isitma qilgan damlarida bu yuk, xavotir yanada ortar, ba’zan “dod”, deb yuborgisi keladi. Shunday payt­da O‘ktam Temirovich Sevdoga dalda bo‘ladi. Adabiyot muallimi mutaxassisi emasmi, ba’zan mana shunday baralla she’r o‘qiydi:

 

U alvon lolazorni

juda-juda ko‘rar xush.

Balki qirmiz lolalar

rang olgandir qonidan.

Jilmayadi bag‘oyat

tushida ham boyaqish.

Ko‘zini yumib o‘tar

gul do‘koni yonidan.

 

Falak shunday kamsuqum

etgan sohibjamolni.

Bir zavqiga ming bir bayt

bulbul to‘qir qasida.

Qobirg‘amdan yaralgan,

desang ma’sum ayolni

Asra uni to hayot

qobirg‘ang orasida.

 

2002 yilning boshida Shimoliy kon boshqar­masi kran boshqaruvchiligi uchun o‘quv kurslarini tashkil etdi. Sevdo ushbu olti oylik o‘quv kursida o‘qib tajriba orttirishni diliga tugdi-da, mashg‘ulotlarga qatnay boshladi. Sakkiz soatlik ish vaqti, undan so‘ng ikki soatlik mashg‘ulotlar undan sabr-matonat, iroda, kuch-quvvat, shijoat talab qildi. U maqsadni mustahkam qildi. Tushlik damlarida bo‘sh qolgan kranlarga yashirinib chiqar, vujudidagi hadikni yengish uchun balandlikdan yerga boqib, ruhini toblardi. O‘tmagan kun, bitmagan yara bormi? Bari ortda qoldi. Mana yigirma yilga yaqin muddat bo‘libdiki, mitti insonning aqlu zakosi bilan bunyod bo‘lgan ulkan g‘aroyib temir maxluqot uning do‘sti, sirdoshiga aylandi. “Sharqiy” kon bo‘linmasiga keladigan burg‘ulovchi uskunalarni tuzatadi, vagonlarga ortadi, tushiradi. Ulkan buldozer va ekskovatorlarni jamlaydi. Biz u noyob texnikalarning suratini ko‘rganmiz, xolos. Karerda kecha-kunduz tinim bilmay ishlaydigan bu temir maxluqlarning har biri yetti vagonga joy bo‘ladi. Qizilqum bag‘ridan ma’danga boy toshu tuproqlarni kavlab, yuk mashinalarga joylaydi, ulkan tog‘ qilib uyadi.

Sevdo o‘z ishining hadisini olgan, hayiqmaydi, jasorat bilan mehnat qiladi. El-yurt koriga yarayotganini ko‘z-ko‘z qilmaydi. Oq ko‘ylak, qora yubkada ishga kelmaydi. Nozik kaftlarini boshqaruv tutqichlari qadoq qilib yuborganini olamga yoymaydi.

 

* * *

– Mehnating juda og‘ir-da, bolam, – deydi Sa­bohat opa Sevdoning peshonasidan o‘par ekan. – Yo‘l uzoq, sal dam olishga imkoning bo‘lsa, horib meni ko‘rgani kelasan-a… Shuning uchun aytaman-da:

“Bir qizim qoshimda-yu, o‘zi Qarshida,

Bir qizim Qarshida-yu, o‘zi qoshimda”.

Sevdo onasining so‘nggi kunlarigacha vaqt topdi deguncha yoniga oshiqdi. Onaizorni o‘g‘lim yo‘q, deb o‘ksinmasin, dedi.

Hayot o‘z hukmini aytaveradi. Inson ol­tinmidi, zeb bersa yashnaveradigan. Qariydi, qartayadi, keyin esa chiptachidek pattani qo‘lga tutqazib ravona qiladi. Ota-onasidan keyin Sevdo ishga yanada qattiq bog‘landi. Turmush o‘rtog‘i bilan farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratdi. Qizi Dildora tibbiyot kollejini tamomladi. Suqsurdek qiz bo‘ldi, eshik qoqib keluvchilarning keti uzilmadi. Bir kuni baxt darvozasi lang ochildi. Otabek Kumushga ko‘ngil bog‘laganidek, Dildoraning Otabegi uni sevdi, ardoqladi. Yashasam, sen-la yashayman, o‘lsam, sen-la o‘laman, dedi. Oliygohda birga tahsil olamiz, Qizilqumning siru sinoatlarini ocha­miz, sahroni bo‘ston, yurtni guliston qilamiz deb ahdu paymon qildi. Oq harir libosda kelin qilib olib ketdi. Xokisor onaizor Sevdoning sevinch yoshlari qalqidi. Ko‘p o‘tmay yana sevindi: Dildora “yuk ko‘taribdi”. Yana quvondi: Qizi va kuyovi Navoiy davlat konchilik institutiga hujjat topshiribdi… Bir kuni barcha shodlikla­ringni yulib olsa, ko‘nglingni nimtalasa, ulkan sinovlarni boshingga parvona aylasa, yashatib o‘ldirsa, ichingga o‘t ketsa, kipriklaring yosh ko‘rmay yig‘lar ekansan.

Institutga kirish imtihonlarini topshirish uchun yo‘lga chiqqan yetti oylik kelin-kuyov – Otabek va Dildora mudhish avtohalokatga uchrab nobud bo‘libdi, degan xabar yeru ko‘kni larzaga soldi. Qizilqum boshdan adoq lovullab yondi. Olam bir tutam bo‘lib qoldi, Sevdo kukunga aylandi…

Eng achchiq malham ham, eng totli malham ham vaqt ekan. Yupanch ham, dalda ham vaqt ekan. Odamga berilgan iroda, bardosh Sevdo boshqarayotgan ellik tonnalik ulkan temir maxluqotda ham yo‘q ekan. Hayot ekan, taqdir ekan… Nailoj?! Sevdo hamon bir kuni Dildora Otabek bilan ostona hatlab kirib keladi degan o‘y bilan yashaydi…

Sahroda ham bahor o‘zgacha tarovat bilan keladi. Saksovullar, yulg‘unlar kurtak yozadi. Qovjiragan cho‘l maysalari o‘rnida yana yashillik yuguradi. Hayot uyg‘onadi, umr jonlanadi. Sevdo va O‘ktam aka mehnati evaziga olgan zamonaviy uslubda qad rostlagan namunali hovli-joyida quvonch quloch yozadi. Sevdoning qabatida, “Sharqiy” kon bo‘linmasida burg‘ulovchi bo‘lib ishlayotgan o‘g‘li Rasuljonga munosib yor, qaynona-qaynotaga suyukli kelinning chehrasidan baxt ufuradi… O‘ktam Temirovich mahalla raisi sifatida tongdan idoraga shoshadi. Sevdo esa tuya o‘rkachidek sun’iy tog‘lar oralab, olis-olisdan chorlab turgan bir ko‘zli dev do‘sti bilan dillashgani yo‘lga tushadi…

 

* * *

Muxbir Shimoliy kon boshqarmasining “Sharqiy” kon bo‘linmasi kran boshqaruvchisi Bashorat Tursunovaga so‘nggi savolini berdi:

– Sevdo Xo‘jamovna, kasbingiz taqozosi bilan kun davomida osmon va yer o‘rtasida go‘yo muallaq, kabinada yolg‘iz ishlaysiz. Bo‘sh qolgan damlaringizda xayolingizdan nima kechadi?

– Osmon Yerga bunchalar yaqin, degan o‘y kechadi. Darhaqiqat, Osmon Yerga yaqin…

Sevdoning ko‘zlarida yosh qalqiydi. Bu ko‘z yoshlarda barchasi qorishiq: armon va iztirob­lar, shodligu shukronalik…

Faxriddin Hayit

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.