Quyoshim enam

0
38
marta ko‘rilgan.

Mehr-shafqat, oqibatni har narsadan

afzal bilgan onam Xadicha

Xudoyqul qizining

xotirasiga bag‘ishlayman.

 

Muallif

 

Enam…

Uyda mol-hol so‘yilguday bo‘lsa, enam yura­gini avaylab oldirib qo‘yadilar:

– Akalaring jeydi, jo‘raklari tovday bo‘lsin, iloyim.

Jigari-yu buyragini olib qo‘yadilar:

– Kelin, chalaroq qilib qovur, bolalarimning bo‘yrak, jigari sov bo‘lsin. Otang aytuvdi, Ibn Sino yozganakan, odam qaysi a’zosi sov bo‘lishini xohlasa mol, qo‘yning ana shu a’zosini tez-tez jeb turishi keragakan, – deydilar.

Bu mehrli gaplarni eshitib akalarimning ko‘zlarida yana chaqmoq chaqnaydi:

– Ota, ena, bila jeymiz, – deyishadi ular.

Dasturxon yozilib, ovqat suzilib, tovoq keltirilsa, enam hovlining to‘riga ovoz beradilar:

– Bobo-yov, kelag‘ang, ovqat sovidi…

Otam qotma, bo‘yi o‘rtadan baland, yuzi zahiltob, malla-yashil aralash ko‘zlari o‘tkir, qoshlari o‘siq, har bir so‘zida aql va mantiq aks etib turadigan odam. U qarashlari ma’nili, ma’rifatli, bilimli, gapi keskir, adolatsizlikni yomon ko‘radigan, yetim-yesirni, ojizlarni qo‘llaguvchi, ana shu masalada qarshilik ko‘rsatganlarga nisbatan shafqatsiz odam. Otam o‘zining obro‘sini biladi. O‘ylamay, mulohaza qilmay gapirmaydi. Gapi o‘tkir va achchiq, toshni kesadi. O‘n to‘rt yoshida hashar yo‘li bilan maktab qurdirgan, qishloqning birinchi ziyolisi. O‘n sakkiz yoshidan maktab rahbari lavozimida ish boshla­gan. Elning oldi – otam. Otam tufayli bizning uy maslahat markaziga o‘xshaydi. Biz bilgan, bilmagan odamlar boshiga yaxshi yoki yomon kun tushsa, otamni daraklab kelaveradi. Ular hech mahal bizning uydan non-nasibasiz chiqib ketmaydi. Yaxshi-yu yomonga, tanish-u nota­nishga dasturxonimiz hamisha ochiq.

Ana shu elning oldi otam ovqat suzilganini eshitsa ham, shoshilmay, xotirjamlik bilan uy tomon yuradi. Xotirjamlik bilan ust-boshini qoqadi. Yanada xotirjamlik bilan yuz-qo‘lini yuvadi, shoshilmay artinadi. O‘ziga ishonch bilan dasturxonning to‘ridan joy oladi. Ana shunday. Bizning uyda otam dasturxon boshiga kelmaguncha tovoqqa qo‘l cho‘zilmagan hech mahal. Bularning bari bizning ong-u shuurimizga sa­boq bo‘lib singigan. Bu – enamning sabog‘i.

 

Enam…

Rahmdil, kishining haqidan hamisha qo‘r­qadigan enam. Har kuni oqshom cho‘kib, poda qaytib, mol-hollar ega-egasiga topshirilgach, Badaxshonning gurpillagan tuproqli ko‘chala­rida Norqobil podachi – Dalov buvaning tovushi yangraydi:

– Osh, halol-hov, osh-halol…

Badaxshonlik ayollar odat bo‘yicha kechki ovqat uchun nima pishirgan bo‘lsalar, bir kosadan podachi haqi uchun olib qo‘yadilar. Ertadan kechgacha elning mol-holini boqqan Dalov podachining kattagina kadisi bor. U ayollar bergan quyuq-suyuq ovqatlarni ana shu kadisiga solaveradi. Kimning sho‘rvasi, kimning palovi, kimning shirguruchi, kimning moshkichirisi, kimning g‘ilbindisi, kim­ning jo‘pqasi idishga baravar tushaveradi.

– Bolam, podachi buvangga oshni go‘shtliroq qilib opqo‘yinglar, – deydi enam.

Biz bolaligimizga borib ijirg‘anganday bo‘lamiz. Enam bu qilig‘imizga norozi qaraydi:

– Shuncha moldi tuyog‘iga xiyonat qimay boqish osonma? Kelin, go‘shini uyub sol, – deydi enam chechamga. – Narigi dunyoda qorz bo‘mayiq. Bechora Dalov buva Badaxshonning molini bu yog‘i To‘rtog‘ayin, bu yog‘i Nagahan, bu yog‘i Madaniyat qilib aylantirib bog‘adi. Ichayatgan sut-qotig‘ing, qaymog‘ingning mazzasi ana shundan. Betingdi tosh olma jeganday burishtirma, bolam. O‘zlaring shuytib bog‘alasilarma? O‘qishdan kechib…

Biz jim bo‘lamiz. Xursand, Bo‘ston degan qiz­lari-yu Fotima otlig‘ kampiri bilan yashaydigan Dalov buva enamni juda uzoq duo qiladi.

– Bolam, bolalaringning rohatini ko‘r, kam bo‘magin, Omonqul bilan qo‘sha qarigin, ilohi omin. Elding molini bog‘ayotganimga mingdan-ming roziman. O‘lsam, shular ko‘madi-da, bolam, – deb uyiga jo‘naydi.

Enam podachi ketgach xomush bo‘lib qoladi:

– Xudo har bir odamni bandam, desin. Qarigan chog‘ida mol boqish bu kishiga osonma? Xudo Potma chechamga bittagana ul berganda-ku, buytib qiynalib jo‘rmayidi, – enam ko‘ylagining yengi bilan ko‘zlarini artib qo‘yadi.

 

Enam…

Yetti pushti boy o‘tgan, chorvasi-yu zig‘iri yurt-u jahonga sig‘magan Xudoyqul govboyning Ortiqbaybichadan yolg‘iz qizi – mening enam. Qizillar kelib quloq qilingan, surgunda ezilgan boy buvamdan enamga tilla to‘la xumcha qolmadi. Cheki-chegarasiz bog‘-rog‘lar qolmadi. Dang‘illama uylar qolmadi. Faqat enamni bor bo‘y-basti bilan hamisha o‘ziga chorlab turadigan, ranglari yorqin xotiralar qoldi.

Buvalari – oq surpdan ko‘ylak-ishton kiyib, yelkasiga to‘rva osib Makka-yu Madina zi­yoratiga borgan Pirmat hojini ko‘rmaganlar-u eshitganlari bo‘yicha hikoya qilib beraveradilar:

– Buvag‘anam, iloyim go‘rlari nurga to‘lib, jannatning nozboylarini iskasin. To‘rvasida ikki kapgina talqon bilan Makkaga bir kunlik jo‘l qog‘anda mavali doraxdi ostida dam olibdilar, – enamning hayajondan tovushlari titraydi. – Shu payt oldilariga bir urg‘ochi kuchuk kelib, tilini osiltirib turaveribdi. “E jonivor, ochqoldingma?” deb buvam rahmatli bir kap talqon beribdi. Kuchuk talqonni jeb shu atrofdagi mozording ichiga kirib ketibdi-da, ko‘p o‘tmay yana qaytib chiqibdi. “E jonivor, yana jeysanma?” deb buvam rahmatli to‘rvasidagi bor talqonni kuchukning oldiga qoqibdi. Kuchuk talqonni jeb yana mozor ichiga kirib ketibdi. Buvam bu sirdan hoyron qop mozor tomonga jo‘ribdi. Borsa, ena kuchukding besh-oltita ko‘zi ochilmagan bolalari shing­shib jotqonimish. “A jonivor-a, tiling jo‘q-da, bilmapman-da”, debdi-da, qora kunga osrab qo‘ygan bir to‘g‘ram nonini kuchukning bolalari oldiga tashlabdi. Buvam mozordan chiqib Makka-yu Madina toropga qarab jo‘lg‘a tushibdi. Shu payt muborak tomondan “Ey hoji, ortingizga qayting, hajingiz qabul bo‘ldi”, degan tovush eshitilibdi, – enam ko‘zlaridagi namni yenglari bilan artib qo‘ydi.

– Ena, keyin-chi, keyin nima bo‘ldi? – deymiz biz enamning ko‘z yoshiga hayron bo‘lib.

– Keyinma? Olti oy deganda haj ziyoratidan qaytgan Pirmat hoji buvam uyda qirq kun chilla saqlagan. Yuz chog‘li odam joylashadigan mehmonxonasiga oq harirdan qirq qavat qilib parda ildirgan, – deydi enam ovozlari titrab. – Qirq kun boy bobomga o‘zganing ko‘zi, o‘zgaga boy bo­bomning ko‘zi tushmagan. Momongning aytishicha, jegilik katta momom tomonidan bo‘sag‘aga qo‘yilgan, xolos. Qirq kundan so‘ng buvam chilladan chiqib, elning eshon-u devonalari, namoz­xonlarini jamlab hoji to‘yi qilib bergan. Va xizmatlarida yurgan molboqar-u tuyaboqarlar, qo‘ychivon-u podachilar, chorakor-u bog‘bonlarini yoshiga qarab uyli-joyli qilganlar. Hatto ularga mol-qo‘ydan ulush ajratib bergan. Boy bobom vafoti qadar eldan qadr ko‘rgan, el-u jurt u kishini yaxshilik bilan eslaydi, – deydi enam xo‘rsinib.

Hayajon bilan aytilgan bu hikoyatdan ko‘p narsa uqamiz. Bir kishiga yetgan yegulik o‘n kishini ham to‘ydiradi. Sen bog‘-u chorbog‘da yashab atrofingdagilar qaqragan biyobonda cho‘llasalar, bee’tibor bo‘lmagin, yaxshilikning ham, yomonlikning ham javobi bor, deganidir.

Pirmat hoji bobom Qamashidagi karvon yo‘lida joylashgan Qorabog‘ qishlog‘ida karvonsaroylar, mulla, domlalarning kitobxonlik qilishlari uchun maxsus hujralar, Chim qishlog‘ida masjidlar qurdirganlarini enam aytib beradilar. Pirmat hoji bobomning o‘g‘li, enam­ning otasi Xudoyqul govbo­bomning ma’rifatli odam bo‘lganlari, chorakorlariga mehribonliklari, ularni uylantirib, mol-hol bilan ro‘zg‘orlarini bo‘laklab berganlari… Eh-he, munday xotiralardan zerikish ne – bilmaysiz.

Yana aynan bunday suhbatlardan so‘ng ichkari uydagi jajji, kelin sandiq ayvonga opchiqilib ochiladi. Ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi: rang­lari yorqin hapamat, gulband, hilba, dardig‘ozna, chinmarjon, bo‘tako‘z… bir dunyo munchoqlar.

– Monovi hapamat, – deydi enam titrabgina. – Buni otam rahmatli oltiga to‘lganimda Payshanbaning bozoridan olib keluvdi. Bu munchoq uydagi xapagarchilikning oldini to‘sadi, deydi momang. Bunisi gulband. Kimning uyi­da gulband bo‘lsa, gul (chechak)ning oldini oladi. Manovi bo‘tako‘zdi momong tizishgan. Enaganam­ning, baybicha kayvonimning qo‘li­ning iziyam bor, isiyam bor, bolam. Shunichun etiyatlayman-da, – deydilar taqinchoqlarni hidlab.

Biz hayrat bilan yashil, oq, qizil, qora, ko‘k tusli turlima-turli munchoqlarga termilamiz. Bolalar qo‘l cho‘zsa, enam sekingina ma’noli qarab qo‘yadilar – chechalarim darhol o‘zla­riga kelishadi:

– Tek tur, uzilsa ulab bo‘lama? – tanbeh berishadi bolalariga.

Bu munchoqlar na shakl-u sha­moyili, na tusi, na tizilish san’ati bilan hozirgilarga o‘xshamaydi. O‘n-o‘n besh qavatlab tizilgan munchoqlarda go‘yo kashtalarning betakror naqshi bor. Va yana mehr bilan muhabbat ham qo­rishiq. Keyin o‘z ajdodlaringga nisbatan bee’tibor bo‘lmaslik, ular haqidagi iliq xotiralarni yuraklarga joylash kerak, degan saboq ham bor.

 

Enam…

Enam aytadi:

– Taqdir Allohdan, bolam, – deb.

Shunday. Bo‘lmasa, qizil shapkalidan darama-dara, o‘rma-o‘r qochib, pisib kun o‘tkazgan, Tojikistonning laqaylariga termilma bo‘lgan Xudoyqul buvam bilan, Ortiqbaybicha momom, enam qayda-yu, Badaxshonda – Alimardon chavandozning o‘n gulidan bir guli ochilmay so‘lgan marhum ayoli Oyimgul go‘zalning jetimcha jetti kulchasi – otam Omonqul malim qayoqda?

1931-yil. Enam o‘shanda besh yosh, Hasan-Husan tog‘alarim sakkiz yoshda bo‘lishgan. Xudoyqul bobom o‘zga yurtlarga – Tojikiston taraflarga quloq qilinadi. Bobom Qo‘zigul, Oyjamol otlig‘ xotinlarini Chimda qoldiradi. Suyimli ayoli Ortiq momomni olib ketishga qaror qiladi. Ortiq momom Tojikistonga ketishlaridan oldin enamni, Hasan-Husan tog‘alarimni olib Badaxshonga, enasi Jumagul momo, otasi Eshqurbon buvanikiga mehmonga keladi. Shunda burgut ko‘zli, o‘n oltiga chiqqan otamning nazari enamga tushadi.

Yillar o‘tib otamning uylanish vaqti-soati yetganda “Chimlik boybuvaning erka-yu sarka qizi Xadicha baybichani olaman”, deydi otam. Shu gapdan so‘ng enamning tus tog‘asi Sattor Qurbon bilan otamning otasi Alimardon chavandoz bellariga oq belbov baylab oq otda “Qaydasan, Tojikiston?” deb yo‘lga tushadilar.

O‘shanda enam o‘n besh, otam yigirma besh yoshda edilar. Sovchilarni boy buvam surgundagi holiga qarab kutib oladi.

– Boy buva, chavandozning to‘ng‘ichi Omonqul ko‘p teran, jer tagida jilon qimillasa biladigan ziyrak ul bo‘g‘an. O‘n to‘rtga chiqmay maktabda vajatiy bo‘ldi, o‘n sakkiz yoshidan beri  Badaxshondagi maktabda direktir. O‘zi qurdirdi shu maktabdi, – deydi Sattor Qurbon tog‘am. – Endi desangiz, boy buva, qulchilikka keldik.

Boy buvam birpas tek qotadi:

– Chavandozga-ku ishonchim mustakam, lekin ovrinmanglar, qizimiz yosh, – deydi.

Shuncha gap-so‘z aytiladi – ammo boy buvam qayta gapirmaydi. Sovchilar dasturxonga fotiha tortib ortga qaytadilar.

Kech kirib, izg‘irin jonni olar payti boy buvamning hovlisiga sovchilar qaytib keladilar:

– Boy buva, Vaxshga jetganda bilibmiz, men chakmonimni esdan chiqarippan, – deydi Sattor Qurbon tog‘am. – Sovuq o‘tganda bilibmiz.

Xudoyqul buvam xudojo‘y edilar. Sovchilar­ning ortga qaytishi – chakmonning unutilishini Xudoning irodasi, deb biladilar.

– Enasi, jovchilarga osh damla. Qizingning taqdiri chavandozning uli bilan ekan, – deydi bobom Ortiq momomga.

Osh rozilik alomati edi. Endi o‘n beshga to‘lgan enam zamonning zayli bilan imi-jimida uzatiladilar.

Badaxshonda enam old kelin bo‘ldilar. Jun titib, uni savash, kalavalab yigirishda hech kim oldilariga tusholmagan. Jo‘lxurs, tuzliq, bo‘g‘cha, g‘ojori, arabi gilam to‘qish, kigiz bosish, joypesh tikish – eh-he… Bu narsalar hamon o‘z ko‘rkini yo‘qotmagan. Bularning ipi ro‘yan degan o‘simlikning guli yoki zardolining tomiri qaynatilib tayyorlangan rangda bo‘yalgan-da – shundan rangi o‘chmaydi.

Enam yog‘och qoshiqlar solib qo‘yiladigan maxsus xaltani o‘zi tayyorlardi. U “bu xaltaning gulini kim ko‘rib o‘tiribdi”, deb qaramasdi. Xalta uchun mo‘ljallangan ipni kalavalab yigirish-u rang tanlashgacha e’tibor bilan qarardi. Qoshiq xaltamizning gullari jimjimador, ranglari yorqin, ko‘zni quvnatadigan bo‘lardi. Tuzliq, isiriq solib qo‘yiladigan maxsus xaltala­rimizning ham rangi, gullariga tanlangan shakllar bir-biriga o‘xshamasdi. Har birining oshxonada o‘z joyi bo‘lib, hech qachon o‘rin almashinib qolmas edi. Kandir jelak, uni­ng ikki yoni, orqa yenglari, bosh usti qismiga rango-rang ipaklardan bosma kashtalar tikish, peshmat, jegda, kiyma tikib qariyalarning duo­sini olish. Har kimga nasib etibdimi? Har safar shukronalik bilan aytadilar:

– Bolam, bu kunlar shu duolarning ijobati-da…

Esimda, Badaxshonda to‘ylar bo‘lsa, tevarak-atrofimizdagi xotinlar qatlamaning mo­yiga jiqqa to‘lgan tovoqlarini boshlariga qo‘ygancha enamni kutishardi:

– Opa, bo‘lag‘ang-ov, bizar borguncha to‘y tamom bo‘ladi, – derdi rahmatli Husan tog‘am­ning ayoli Zulfiya checham.

Ko‘p o‘tmay peshayvonda enam paydo bo‘lardi: qizil satindan tikilgan tishqotirma ko‘ylaklari lov-lov yonadi. Hapamat, gulband, dardig‘ozna, orasiga kumush tanga aralashtirilgan qizilmarjon, bo‘ynida tomoqcha. Mayda oq munchoqlari hafsala bilan terilgan qora jipakli jumalak ko‘zingizni oladi. Oppoq g‘ijima ro‘molning bir uchi chap, bir uchi o‘ng yelkaga tashlangan. Enam, bo‘g‘jomaday lorsillagan enam. Yonoqlari ol enam.

Enam… Sabr-bardosh timsoli.

Qishning qirchillamasi… Kecha yoqqan qor qatqaloqqa aylandi. Osmonning rangi xira. Izg‘irin odamning betiga iynaday sanchiladi. Quyoshning issig‘i pasaygan. Qishloq odamlari sovuqni pisand qilmaydi. Burni sholg‘omday qizarib, shulqillab tursayam, tanasi izg‘irin zahridan titrab tursayam, qo‘l-oyoqlari uvishar holga kelsayam, piyozning po‘stidan yupqa choponiga o‘ralib hadahalab ketaveradi.

Jonni olar shunday sovuqda Badaxshonda to‘y bo‘ldi. Absalom po‘choq o‘g‘ilchasining qo‘lini halolladi. Peshin mahali doshqozonlar ochildi. Qozonning atrofini eldan burun bola-baqra o‘rab oldi. Ular biladi Badaxshonda to‘y oshi birinchi bo‘lib bolalarga berilishini. Qora-qura bolalar ushlab turgan sirli tovoqlarga bir-ikki kapgirdan osh tashlandi. Ular ukachalarini yetaklagancha bo‘g‘i chiqib turgan oshni issig‘ida yeb olish uchun to‘g‘ri kelgan joyga cho‘k tushib, ishga tushib ketadilar. Suvi shulqillab turgan burunlarini torta-torta, choponlari yengiga arta-arta besh panjalarini tovoqqa baravar botirib oshni yeb bitiradilar. Bo‘ldi bolalarga boshqa hech narsa kerak emas. Ular gala-gala bo‘lishib, o‘ynab yuradilar.

Kunduzgi osh kechga tomon to‘xtadi. El tarqaldi. Uy egalari dasturxonlarni yig‘ishti­rishdi. Qotgan non bo‘laklarini quritib olishga tayyorlashadi. Idish-tovoqlar, kapgir, qozonlarni yuvishib, saranjomlab olishdi. Hovli ichkari, tashqarisi supurib-sidirildi.

Bu payt esini tanigan o‘g‘il bolalar hovli o‘rtasiga ulkan gulxan uchun o‘tin taxlay boshladilar. Har zamonda to‘yning egasi kelib xabar oladi.

– Olov balandroq jonadigan bo‘sin. O‘tin ko‘p, ko‘proq taxlanglar, – deydi u.

Uning gapidan biz bolalar yayraymiz. Chunki to‘y oshidan keyin gulxan atrofida bo‘ladigan o‘yin-kulgi kishiga juda yoqadi. Kechga tomon gulxan atrofiga kigiz, julxurs, po‘stak, gilam, ko‘rpacha to‘shab chiqildi. Oldingi qatorga bolalar, ularning orqasiga buvalar, katta erkaklar to‘shamalarga joylashib o‘tirib olishdi. Nihoyat, qorong‘i tushib, kishi-kishini anglamas darajaga yetganda taxlangan o‘tinga avval kerosin quyilib, so‘ng gugurt chaqildi. Gulxan birdan gurilladi. Odamlar zavq bilan hay-haylashib qo‘ydilar. Gulxan atrofiga suv to‘latilgan qora qo‘mg‘onlar qo‘yib chiqildi. Hademay ular biqirlab qaynaydi – yosh yigit-yalang choy damlaydi, chollarga, bolalarga choy tutadilar. Qayerdandir chaqirilgan ikkita yigit, biri doira, biri tor chalib, davrani aylana boshladi. Odamlar mazza qilib qiyqirib qo‘ydilar. Hofiz yigit “Onam derman”ni ayta boshladi. Ayrimlar bor ovozda unga jo‘r bo‘ldilar. Orqaroqda tik turgancha tomosha qilayotgan momolar, enalar astagina:

– Umring uzoq bo‘lsin. Etagingdan jolpillab ko‘kargin, bolam, – deb qo‘yishdi.

Qo‘shiqchi yigit “Qarg‘alar”ni boshladi. Endi hamma qarsak chalib uni olqishlay boshladi. Sho‘x-shang Xo‘jayor amakim zavq bilan tizzala­riga urib o‘ynadi. Odamlar izg‘irin sovuqni unut­gan edilar. Bir mahal davraga Shobo‘ta buva chiqdi. Buvaning sakrab o‘rnidan turganini ko‘rgan zahoti hamma qiyqirib qo‘ydi. Shobo‘ta buva sho‘x-shanglik bilan qo‘shiq boshladi:

Oy derezadan qaragano,

Chachini mayda taragan.

Shobo‘tani qoyda deb,

Har kimlardan so‘ragan.

So‘ragano so‘ragan…

Shobo‘ta buva – yupqaga o‘rasang it burilib qaramaydigan odam. Aytayotgan qo‘shig‘idan odamlar ichaklari uzilib kulardilar. O‘yin-kulgi ana shu tariqa davom etadi. Navbati bilan Di­yor buva, Ochil buva sho‘xliklar qiladilar. Katta-yu kichik mazza qilib hoholashadi. Eshbo‘ri aka davrani egallaganda qiyqiriqlar yana avj oldi. U odamlarning hayotida ro‘y bergan kulgili voqealarni har xil obrazga kirib aytib berar, ichakuzdi hangomadan hamma maza qilardi. Odamlar to gulxan o‘chib, tafti so‘nguncha o‘yin-kulgi qildilar.

Ertasi tong otib, ko‘zlarimizni uqalab, tursammi-turmasammi deb o‘ylanib yotganimizda enam tashqaridagi o‘choqda yoqilgan g‘o‘zapo­yaning olovini sandalga soldi. Jonimiz kirdi. Yuz­larimizni yuvib artingan zahoti yana o‘zimizni issiqqina sandalga uramiz. Hammasidan ham mazzasi sandalga solingan olov taftida qizdirilgan issiqqina non, eritilgan sorimoy tanalarimizni yayratib yuboradi. Chinni piyolalarda issiqqina choy ho‘playmiz. Nihoyat, otam dasturxonga fotiha qiladi. Opalarim dasturxonni yig‘ishtirib, eshik orani saramjomlashga tushadi. Dam olish kuni bo‘lganligidan ma’raka qozonga to‘ldirilgan suvni isitib, bella­riga shol ro‘mol tang‘ib kir yuvishga tushadilar.

Biz bola-baqra esa qora satindan tikilgan, paxta solib qavilgan go‘ppilarimizni kiyib, enalarimizning shol ro‘molini boshimizga tang‘ib olib, Nagohon ariq bo‘yiga yugura­miz. Alim mullaning hovlisiga tutash do‘nglik allaqachon odamga to‘lgan. O‘zini bilganlar qo‘yning terisidan tayyorlangan po‘stak olib kelib, ustiga joylashib olgan. Birlari termosda issiqqina choy damlab kelib shopiyolada ho‘plab ko‘pkari boshlanishini kutadi. Bu davrada ayollar qatnashmaydi. Qarri-qartang buvalar, o‘rtayoshli erkaklar, yosh-yalang yigitlar qalin-qalin choponlariga o‘ralib olgancha maydonga nazar tashlab turadilar. Hademay kechagi to‘yning ko‘pkarisi boshlanadi. Sayhonlikda yuzlab otlar va chavandozlar. Chavandozlar katta ko‘pkari boshlanishidan oldin qorauloq chopadilar. Bu bilan otni va o‘zlarini ko‘pkariga tayyorlab oladilar. Qorauloq to‘xtadi. Chunki baland yuk mashinasi ustidan bakovulning tovushi gurillaydi:

– Ilohi omin, bugungi ko‘pkari eson-omon, janjal-jarohatsiz o‘tsin. Shu yerga umid bilan kelgan chavandozlar solimsiz ketmasin. Endi quloq tutinglar. Birinchi uloq uchun ena-bola sarka qo‘yildi. Ov-v, jigillar, Hazrati Alining kuchini bersin silarga. Omin, Allohu akbar, – bakovul shunday deb qoni silqib turgan sarkani chavandozlar to‘plagan tomonga irg‘itdi.

Chavandozlar boshlari uzra havolanib kelayotgan sarkani qo‘lga kiritmoq uchun intildilar. Ular qamchilarini tishlab olgancha otlarini sarka tushayotgan tomonga niqtar, oldindagi otlar orasidan o‘ziga yo‘l ochmoqqa intilardilar. Chavandozlar qichqirar, baqirar, so‘kinar edilar.

– Ha, enangdi sening…

– Jo‘ldan qoch, deyman…

– Ukkag‘ar, norjoqa bor…

Alim mullaning hovlisiga tutash sayhonlik otlarning kishnashi, chavandozlarning hayqirig‘idan gubirdaydi. Ariqning qirg‘og‘i bo‘lgan do‘nglik esa guvillaydi. Chavandozlarning gurillagan tovushlari hammayoqni bosib ketdi.

Unga sari do‘ngdagilar bor ovozda ko‘pkaridagi ahvolga qarab hayqiradilar:

– Ol-l, ur, sur-a, tort-a…

– Yoppirim-ay, joni borma bu dangaldi? Non jemagan-ov, Zorxol quvjoq bunga non bermagan. Qora, onqoyib turishini qora-da. E, sol-ay…

– Anovi merov kim-ov? jiyron otdag‘ini aytayappan. Nimaga onqayadi? Qurga kirmasang, go‘ringga uloq chovasanma?

– Eh, ana oldi, – deydi burni sholg‘omday qizarib ketgan Sattor tog‘am.

– Kimakan? Hasan chavandozov…

– Vo, ukkag‘ar, joni bor-da. Bos, uch-a…

Guv-guv, guv-guv…

Biz qizlar boshimizdagi shol ro‘molni qattiqroq tang‘ib, quloqlarimizni berkita­miz. Oyoqlarimizdan sovuq o‘tib, tarashaday qotgan kalishlarimizni tap-tap yerga uramiz. Qo‘llarimizni qora guppining kissasiga chuqurroq suqamiz. Qani isib qolsak? Ko‘pkarining qizig‘iga berilib ketgimiz kelmaydi. Polvon-polvon kelbatli Hasan-Husan tog‘alarim, Ulash va Chori amakim do‘ngdagilarning qichqirig‘ini eshitganday gajirlik bilan uloqni biri olib, biri qo‘yib marra tomon uchadi. Akalarim ko‘zla­rida o‘t chaqnab tog‘alarimga, amakila­rimga haybarakallachilik qiladi. Hasan tog‘amning uli Beg‘ali tog‘am xursandlikdan osmon bo‘yi cho‘pchiydi.

– Ha, otamdan…

Shu tob yerdan o‘sib chiqdimi, Xudoning karomati bilan osmondan osilib tushdimi, bilmayman, naq otlar quturib, gupirayotgan maydonda qotti shoyidan chopon kiyib, boshiga gardimi, parangmi – tussizroq ro‘mol tang‘i­gan ikkita palakati qiz paydo bo‘ldi.

Do‘nglik zombirning uyasiga aylandi:

– Voy, vo-ya, bachalar qayardan keldi?

– Yovoy, ot bosib o‘ladi.

– E, Shog‘uchqor bolam, opchiq, etaging jolpillab ko‘kargir…

– E buva, ot bosib o‘laman-ku?

Odamlar biri olib, biri qo‘yib, o‘pkalarini bosolmay dobirdayatganda, Shog‘uchqorlar boraymi, bormaymi, deb tirxishlik qilib turganda say­honlikda qorabog‘lik Ahmad milisaning to‘qson yashar to‘qqillagan enasi qora shoyidan qamchiday qilib qavigan choponida otam paydo bo‘ldi.

Do‘nglik yana guvrandi:

– E, onovi ajali jetgan kim-ay…

– Omonqul-ku, Omonqul…

– G‘ujuri bor-da, senlarga o‘xshab atalaxo‘rmas-da, – dedi Davron buva.

– Etiyat bo‘sin-da, voh…

– Go‘rillama, Xudoning g‘azabi, ot odamdi bosmaydi…

Otam ehtiyot bo‘lolmadi: tishlarini irjaytirib, dumlarini xoda qilib, biri olib, biri yasab kelayotgan besh-oltita ot qizlarga yaqinlashib qolgan edi. Otam gajirlik bilan qizlarning birini o‘ngga, birini so‘lga irg‘itdi. Ular yerga chalpak bo‘lib tushdi. Otlar odamni bosmaydi, degan Yorman buva adashibdi. Bo‘z, qora, jiyron, qo‘ng‘ir, chipor tusli, quturib kelayotgan qorabayir, saman, chavkar otlar biri ko‘rib, biri ko‘rmay otamning allak-tallagini chiqarib ketdi. Akalarim, amakilarim, loyqalik Xalil aka, qorabog‘liq Pirmat do‘xtir gurra say­honlikka chopishdi. Men surat bo‘lib qotib qoldim. Kimdir engashib meni mahkam bag‘riga bosdi. Uning yelkalari osha fojiani ko‘rib turardim. Chavandozlar otlarning jilovini siltab-siltab zo‘rg‘a to‘xtatishdi. Ulardan biri qo‘lidagi parcha-parcha bo‘lib ketgan uloqni nafrat bilan otib yubordi. Chavag‘onlar otdan tusha qamchilar qonatgan, otlar tishlagan qulog‘-u burunlarini ishqay-ishqay otam sari chopishdi.

Do‘nglikdagilardan yana yigirma chog‘li odam maydonga chopdi.

– Hah, bechora-ya, – dedi Yallaqobil buva.

– Suyaklari bo‘ltak-saltak bo‘ldi-yov, Omonqulning, – dedi kimdir. – Ajal-da…

– E, somirdama-yay, davra ko‘rmagan pistoqi ko‘z, – Boyqobil buva gapirgan odamga qarab xezlandi.

– He, tilingdi ola qorg‘a cho‘qisin sening. Omon malim o‘lsa, senga dunyo keng qolama? Xudoy soqlasin, bir etak bolasi bor…

– Bachcha-da, Yarman oqsoqol, qo‘ying, ku­yinmang, ovziga qoramay somirdadi-qo‘ydi-da. Ana Pirmat do‘xtiram shuyarda ekan, sozlaydi hozir, – dedi kimdir.

Ko‘pkari to‘xtadi. Otamni ko‘rpacha tushalgan zambilga avaylab yotqizishdi. To‘yga kelgan mashinalardan biriga ehtiyotlab olib chiqishdi. Bir guros odam birga ketdi. Mehribongina Ne’mat akam mening, men Shermat ukamning qo‘lidan mahkam ushlab Nagohan arig‘i bo‘ylab uyga chopdim. Enamga allaqachon xabar yetib kelgan, shekilli, ko‘cha eshik oldida ranglari quv oqarib ketgancha bizni bag‘riga bosdilar. Ortiq momom, Xurram checham Zulfiya checham atrofimizda gir ayla­nishadi.

– Ena, otam, otam qani? – dedim lablarim titrab.

– Otangni do‘xtirga, katta do‘xtirga obketishdi. Keladi, bolam, jilama, keladi, – dedi enam hammamizni bag‘riga bosib.

Kech tushdi. Sozlangan chiroqlarning piligi mening yuragimday pirpirab yona boshladi. Enam bizni kechki ovqatga jamladi. Sandal­ning otam o‘tiradigan to‘r tomoni bo‘sh qoldi. Shermat ukam, Oyimgul singlim bo‘sh joyga qarab-qa­rab qo‘yar, ko‘zlaridan oqayotgan yosh sandal­ning ustiga yopilgan ko‘rpaga tomardi. Enam kenjalarni quchoqlariga oldi. Men o‘shanda ilk marta otasiz yashashning azobini, chinakam azobini his qildim. Hasrat bilan his qildim. Uyi­miz huvillab qoldi. Otamning fe’lidan zir titrab yashagan bo‘lsak ham, ishdan qaytayotib Jar buva tomondan eshitiladigan yo‘tali yuragimizga vahima solsa ham, maktabda yomon baho olsak eshitadigan dakkisidan bargdek qaltirasak ham uning bori yaxshiligini ana shunda angla­dim. Erkaligimiz bir lahzada uchib ketdi. Hammamiz enamning biqiniga tiqildik.

– Bu qanday ko‘rgulik? – enam astagina shivirladi.

– Endi nima qilamiz…

– Otamga boraman…

– Ena, otam qachon keladi?

Otam do‘xtir shifosidan keyin ham bir yilcha uyda yotdi. Maktab direktorligini shogirdi Ernazar Haydarovga vaqtincha topshirdi. Hammasidan yomoni sakkiz bola yeyarman-kiyarman. Berdiyor akam, Mehri opam Qarshida, Erkin akam Samarqandda o‘qiydi. Hali ro‘zg‘or uchun bir so‘m pul topmagan.

Otam oilani chin erkak, chin ota bo‘lib boshqargan ekan. Uning uzoq vaqt uyda yotgani bilindi. Hayotimizda chinakamiga qotti kunlar boshlandi. Hovlimizga tutash qilib qurilgan quradagi suruv-suruv mollardan tuyoq, se­mizlikdan butlari kerilib yuradigan kurka-yu tovuqlardan bir dona ham qolmadi. Inigacha sotib yedik. Qozonga go‘sht o‘ylab tashla­nadigan bo‘ldi. Kunda-kunora kadi bilan loviya qaynatib yeymiz. Kunimizga yozi bilan tomda quritilgan olma, o‘rik, qaroli, anjir qoqilar, g‘amlangan yong‘oq, mayiz yaradi. Qatig‘-u qaymoq aziz bo‘ldi. Dasturxondagi ushoqqacha terib yeydigan bo‘ldik.

Otamning to‘rt muchasi sog‘ paytlar Shermat ukam uyda sorimoy qolmasa:

– Ota, jemish qomadi, – desa bas edi.

Ertasi sarimoy keltirardi otam. Otam yotqiliq bo‘lib sorimoy qahat bo‘ldi. Ikkovora bir guppi-yu bir kalish. Ne’matilla akam (xudo rahmat qilsin) maktabdan chiqishiga oyoqyalang yetib boraman. Akam kalishini menga beradi-da, o‘zi yalangoyoq uyga chopadi. Men uning ortidan o‘ksib qarab qolaman. Biz g‘ingshiymiz, uh tortamiz, ko‘zimizdan sho‘rvamizni oqizamiz. Faqat enam… sabrlari oltindan, bardoshlari kumushdan qorilgan enam jim. Karillagan zamonlarni eslab hatto xo‘rsinmaydi ham.

– Bolam, Xudoga shukur qinglar, otang tuza­lib ketsa, bu kunlarni ham unutasilar, – deydilar sabr bilan.

– Ena, falonchidan yordam so‘raylik, – deymiz mung‘ayib.

Enam astagana shivirlaydilar:

– Non jemasdan xarjlama, xarjlasang ham, xashlama…

Biz maqolni tushunmay qarab turamiz.

– Asli qurumsoq odamdan xarj so‘ramagin, shu xarj bilan ishing bitguday bo‘lsa, bir umr minnat qiladi degani, bolam.

Eh, kunlar hech zamonda jonsiz qotganmi? Otam butunlay oyoqqa turdi. Yana salobat bilan dasturxonning to‘ridan joy oldi. Uzoq vaqt davom etgan xastalik uni o‘zgartirmagan edi. U o‘sha qat’iy, bir so‘zli, oilaning katta nazoratchisi, talabchan ota. Ammo uning borligi yaxshi. Mayli, bizni qattiqroq tergasa ham, past baho olsak jazolasa ham, uning birgina tomoq qi­rishidan cho‘chisak ham, bir qaraganidan darrov u yoq-bu yog‘imizni tuzatishga harakat qilsak ham, jahlini chiqarib qo‘yganimizda chagrayib qarasa ham – otam­ning oldimizda yurishi, turishi yaxshi edi.

Otam o‘zi qurilishiga bosh bo‘lgan, respublikada mashhur maktab deb tan olingan dar­goh direktorligiga qaytmoqchi bo‘ldi. Ammo shogirdi Ernazar Haydarov:

– Aka, biz ham direktor bo‘lib davr suraylik. Siz o‘zingizga boshqa ish qidiring, degan kuni otam rangi uzilib uyga keldi.

Shunda otamni to‘ng‘ich akamning nomi bilan ataydigan enam:

– Berdiyor, buytib ezilib o‘tirmang. Sizday odamni ishsiz qo‘yishmaydi, – dedi jur’at bilan.

Ertasi kuni ertalab tuman markaziga ketdi. Unga tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirligini taklif qildilar. Otam bu lavozimda ham izzat-hurmat bilan ishladi. Ammo o‘sha shogir­diga nisbatan tishining orasida sovuq suv saqlamadi. Indamadi. Otam yana uzangiga mindi, yana davr-u davronlar qaytib keldi. Bo‘gjomalar kiyim-kechakka, xumchalar yoq­qa, qaznoq go‘shtga, sirli idishlar asalga to‘ldi. Qo‘rada yana qo‘y-qo‘zi, sigir-buzoq, kurka, tovuqlar ko‘paydi. Yolg‘iz enamning sabr-bardoshiga, qanoatiga tahsin o‘qilgani qoldi.

Guljahon MARDONOVA

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.