Badiiy adabiyotda muallif tafakkuri va tasavvur olamini turfa maʼno va qirralari bilan namoyon etadigan obrazlar bor. Ulardan biri – közgu (oyna) obrazidir.
Közgu obrazi bolaligimizdanoq ertaklar orqali bizga taniş va sevimli. Qahramonlar uzoqdagi gözalni oyna orqali körib, sevib qoladi, olisdagi döstdan oyna orqali xabar keladi, dunyo işlari tilsim közgu orqali namoyon böladi, yolğonçining yuzi sehrli oynaga qarasa, qorayib ketadi va hokazo…
Xalq udumlarida ham oynaga alohida maʼno yuklanadi. Kelin-kuyovni çimildiqda oynaga teng qaratiş, çaqaloq yostiği tagiga kiçkina közgu qöyiş kabi udumlar ota-bobolarimizning yomon ruhlar oynadan qörqib qoçadi, degan işonçlari zamirida paydo bölgan. Közgu yoruğlik, porloq iqbol, yorqin kelajak ramzi hisoblangan.
Islom dini va tasavvuf taʼsiridagi mumtoz adabiyotda uşbu obraz inson könglini ifodalaydi. Toza tutilgan köngil oynasida esa Olloh jamoli zohir böladi. Masalan, mavlono Lutfiyning quyidagi baytida közgu şu maʼnoni aks ettiradi:
Ulki husn etti bahona elni şaydo qilğali,
Közgudek qildi meni özini paydo qilğali.
Alişer Navoiy ijodida közgu obrazining maʼnolari kengaydi, yangi-yangi qirralari namoyon böldi. Bu obraz, ayniqsa, “Xamsa”da takomiliga yetdi. “Hayrat ul-abror”da butun olam va undan muddao bölmiş odamzod Yaratganning közgusidir, degan maʼnodagi misralar bor:
Jilvayi husnungğa çu yöq erdi had,
Közgu kerak böldi anga beadad.
Oçti bu gulşanniki rangin erur,
Har gul anga oyinayi çin erur.
Jilvayi husn ölğali zohir anga,
Böldi bu mirʼot mazohir anga.
Yaʼni: husning jilvasiga poyon va hisob yöq edi, uni oşkor etiş uçun esa xuddi mana şunday (uluğvor, gözal va poyonsiz) közgu kerak böldi. Şuning uçun bu gulşan (yaʼni olam) yaratildi. Undagi har bir gul (yaʼni har bir mavjudot) çiniy oyina kabi (haqiqatni namoyon etuvçi) böldi. Husningning jilvasini paydo qiliş uçun bu közgu akslantiruvçi vazifasini ötadi.
Dostonning bir neça örinlarida Navoiy bu közgu olam, undan murod esa inson ekanini va Yaratgan inson qalbiga öz xazinasi bölmiş maʼrifatni joylaştirganini taʼkidlaydi.
“Farhod va Şirin” dostonida közgu obrazining ikki xil variantini köramiz. Dostonda xoqon Farhodning könglini oçiş maqsadida xazinaga olib kirib, ajoyibotlarni körsatgan paytida tilsim sandiqqa duç kelişi lavhasi bor. Oltinu javohirlarga nazar solmay tilsim sandiqqa qiziqqan Farhod uni oçiş uçun Yunon mulkiga safar qilişi kerak edi. Saroy donişmandlarining aytişiça, öşa sirli közguda kişi öz taqdirini körar ekan.
Bu obrazning paydo böliş tarixiga ham Navoiy ijodida javob borligi qiziq. “Saddi Iskandariy” dostonida tasvirlanişiça, Iskandarga Çin xoqoni ikki ajoyibot sovğa qiladi. Bu ajoyibotlarning taʼsirida Iskandarning özi ham musohib donişmandlarga bir közgu va bir usturlob yasaşni amr etadi. Jahongir podşo usturlob bilan osmon jismlarini kuzatişni möljallagan bölsa, közguga qarab olamdagi barça voqealardan xabardor bölişni öylaydi. Natijada Arastu boşçiligida ikki yuz hakim temirga sayqal berib Iskandar közgusi (oyinayi Iskandariy)ni yasaşadi. Taqdir taqozosi bilan mana şu közgu Farhodning otasi bölmiş Çin hoqoni xazinasida paydo böladi va uning tilsimini oçiş uçun Farhod Yunon mulkiga safar qilişi, ajdaho, dev va temir paykar kabi tösiqlarni yengib ötib, Suqrot bilan suhbatlaşmoği kerak edi.
Bu örinda tilsim sandiq – vujud, Iskandar közgusi esa inson köngli bölib, uni soflaş uçun kişi riyozat tortmoği kerak, degan fikr dostonda obrazli tarzda ifodalangan. Farhod Yunon mulkida temir paykar köksidagi közguga öq otgan paytda tilsim sandiq oçiladi va Farhod közguda Şirinning aksini köradi. Navoiy Suqrotni tasvirlar ekan, uning qalbini mana şu Iskandar közgusiga öxşatadi.
Dostonda yana bir közgu obrazi mavjud bölib, kamon öqi bilan urib sindirilişi kerak bölgan temir paykar odamning köksida joylaşgan. Agar öq közguga tegmasa, temir paykarning atrofidan yuz nafar öziga öxşaş nusxalari çiqib, Farhodni kamondan otib öldirişardi. Farhod bu şartni ham bexato bajaradi. Bu örinda temir paykar odam – yolğon dunyoni, uning köksidagi közgu esa kişini öziga jalb etadigan dunyoning turfa jilvalarini ifodalamoqda. Va bu közgu ayni paytda inson köksidagi ilohiy közgu – köngilga ters maʼnoda qöyilmoqda.
“Layli va Majnun” dostonida Navoiy Iskandar közgusini “oynayi jahonnamo” (olamni körsatuvçi oyna) deb ataydi va uni işqqa qiyos qiladi. Iskandar bu közgu vositasida olamni körgani kabi, işq tufayli nazari tozargan oşiq ham qayerga qarasa, yorni (bu örinda haqiqiy Yor, yaʼni Olloh maʼnosida) köradigan böladi:
Xurşedi jahonkuşoy sensen.
Mirʼoti jahonnamoy sensen,
Kim qildi sanga nazarni ravşan,
Kördi yeru kökdagin muayyan.
Çun boqqali ixtiyor topti,
Har soriki boqti, yor topti.
“Sabʼayi sayyor” dostonidagi hikoyatda ham közgu obrazi bor. Unda tasvirlanişiça, bir musofir şohga antiqa közgu sovğa qiladi. Uning röparasidagi kişi rost sözlasa, yuzi nurli bölib körinar, yolğon sözlayotgan bölsa, qora tusga kirardi. Şoh u bilan suhbat qila turib, “Sen köp yurtlarni körgansan, menga öxşagan saxiy kişini uçratganmisan?” deydi. Mehmon bu savoldan gangib, beixtiyor yolğon gapiradi, yaʼni “yöq”, deb javob beradi. Şunda mehmon yuziga özi keltirgan közguni tutişsa, u qorayib ketadi. Musofir bu holdan xijolatga tuşib, “kördim” deydi. Yana közgu tutişsa, uning yuzi çaroğon böladi.
Uşbu közguning yaratiliş tarixi haqida ham “Saddi Iskandariy” dostonida maʼlumot beriladi. Iskandar Çinga kirib kelgaç, hoqon unga sovğa tariqasida bergan ikki ajoyibotning birinçisi mana şu Çin közgusi, yaʼni oyinayi Çin edi. Bu örinda “çin” sözi ikki maʼnoda qöllanilib, iyhom sanʼati hosil qilinmoqda. Yaʼni bu oyna rostni yolğondan ajratuvçi çin oyna hamda Xitoyda yasalgan çiniy oynadir:
Tuhfa kelturmiş erdi bir közgu
Kim, ani tutsa har kişi ötru.
Çin desa aksida safo erdi,
Desa yolğon yuzi qaro erdi.
Közgu obraziga Navoiy falsafiy-tasavvufiy dostoni “Lison ut-tayr”da ham murojaat etadi. Dostonning “Ul şoh hikoyatikim, husnini zohir qilurğa közguni vosila qildi” bobidagi hikoyatda bir şohning haddan ziyod gözalligi tufayli dunyoga hayajon va tuğyon tuşgani, qançadan qança oşiqlar qurbon bölgani, buni töxtatiş maqsadida öşa podşoning özi qasri tegrasiga közgu yasatgani tasvirlanadi. Bob yakunida Navoiy uşbu hikoyatdagi obrazlarni quyidagiça şarhlaydi:
Sen bu közguni köngul qilgin xayol,
Kim solur aksini onda ul jamol.
Qasri tan, onda köngulni közgu bil,
Közguda şoh husnin nazzora qil.
Bermayin bu közguga avval jilo,
Aks anda solmağay ul podşo.
Yaʼni: sen bu közguni köngil deb angla va unda ilohiy jamol aks etadi, deb öylagin. Qasrni tan deb, undagi közguni köngil deb tuşun va köngil közgusida (ilohiy) Podşohning husni (olam jilvalarini, ilohiy maʼrifat, gözallik, isteʼdod kabilar) aks etayotganini tomoşa qil. Lekin buning bir şarti bor: közguga oldin yaxşilab jilo berib, yaltiratmasang, Podşo unga aksini solmaydi.
Demak, bu örindagi közgu obrazidan murod ham inson qalbidir. Uning zang bosişi köngilning Yaratgandan çekinişi; yaraqlaşi, jilolanişi esa uning riyozatlar bilan poklanişini bildiradi.
Navoiy ijodida közgu obrazi asosan ikki maʼnoda qöllanadi: 1) butun dunyoni körsatiş vositasi (Iskandar közgusi); 2) rost va yolğonni, haq va nohaqni ajratiş vositasi (Çin közgusi).
Obrazning har ikkala maʼnosi ham ramziy bölib, alaloqibat, inson qalbini ifodalaydi. Bir söz bilan aytganda, Alişer Navoiy ijodida közgu obrazining xalq doston va ertaklarida, tasavvufiy adabiyotda işlatilgan barça maʼnolari rivojlantirilgan va yangi-yangi qirralari kaşf etilgan.
Zuhra MAMADALIYEVA,
filologiya fanlari nomzodi.
1977-yili tuğilgan. Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagan. 2011-yili Alişer Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonida ramziy obrazlar tizimi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


