34 daqiqada öqiladi

734 marta körilgan

Şeʼriyatning jon tomirini izlab

Musulmon Namoz

Yoşlar şeʼriyati haqida öylasam ongimga, gapirsam tilimga keladigan ilk söz – professionallik.

Tasodif bilan özini kelajak daholari sanaydigan yoş şoirlar davrasiga borib qoldim. Meni “Ustozim”, deb taniştirdi mezbon. Maʼlum-u maşhur şoirning eʼtirofi davra ahlida haybat uyğotdi, şekilli, stol ustida tartibsiz yoyilgan qoğozlarini yiğiştirgan bölişdi. “Bizning ustozga ustozlik daʼvosini qiladigan bu odam kim ekan?” degan savol ayrimlarining nigohida kalovlandi.

Ular maşqlarini men borgunça ustozi nazaridan ötkarib, köpi maqtovlarga loyiq körilib, endi iljayib ötirişgandi. Seryoğ, sergöşt oş yeb, ustidan aççiq kök çoy içib, gazagiga özlarining buyuklikka daxldor şeʼrlarini öqib, bir-birovining gapini, öqigan şeʼrini maʼqullab, adabiyotning uluğ missiyasi özlarining zimmasiga tuşganidan ğururlanib ötirgan bu yigitçalarga, ularning bağri keng ustoziga qarab, içimda allanarsa ğimirladi. Meni ustoz, deb hurmatlayotgan katta şoirga qaradim. U özining ham allaqaçon ustozlik maqomiga erişganidan masrur, yoyilib ötiribdi. Har harakatida viqor va suv tubida oqimlar şiddat solayotgan keng daryo­ning yuza sokinligi aks etadi. Yuzi, közi kulib turadi.

Qolaversa, u şogirdlikka daʼvogar bu yigitçalarning qançalik toş bosişini mendan yaxşi bilardiki, ortiqça gap aytib qöyişimdan çöçidimi, bir közini bilinar-bilinmas qisib qöydi. Bu bilan yoşlarga kenglik qilasiz, tepinib qolmangki, ot tepkisini ot kötaradi demişlar, deganday böldi, nazarimda.

Ayni çoğda, ustozning ustozi bizga nimalarni uqtirar ekan, degan savol davra ustiga engaşganini ham sezdim. Ularning hammasi men qaysi davraning odami ekanim bilan qiziqib turardi. Aytadigan ilk gapimga qarab, meni mijğov çollargami yo kelajak yukini yelkasiga ortmoqlagan bölğuvsi buyuklargami, daxldor ekanimga baho berişmoqçi edi, taxminan. Ularga ustozidan ötkarib bir söz aytiş majburiyati yelkamdan bosdi.

Maylimi, deb yonimdagi yigitçaning qoğozlarini oldimga tortdim. Bir qaraşda sarbastnimi, oq şeʼrnimi eslatadigan uzuq-yuluq jumlalar, majburan singdirilgan qatorlar kişining diqqatini tortmay qöymasdi.

Bular modern şoirlarmi, deb ustozidan söradim. “Bular yoş şoirlar!” degan javob oldim. Javob ohangida bağrikengroq bölasiz, degan iltimos isi yana sezildi. Burnimni jiyirdim. Varaqlardan ikkitasini olib, közimga yaqinroq tutib, öqiy boşladim.

Bugun öşa şeʼrning nima haqdaliginiyam, obrazlariniyam, bironta söziniyam eslolmayman. Juda böş şeʼr, yöq, “şiğir” edi. Şunisi esimda qolgan.

Bizning zamonlarda şeʼrning bardavom obrazi, vazni, turoği degiç gaplar bölardi, yo bular eskirib, allaqaçon modadan qoldimi, deya ösmoqçilab söradim muallifdan. Bu sarbast, dedi şoirça mening közimga hadik, ayni çoğda tuşuniksiz bir öjarlik ila tikilib, vazn-turoq deganlari şart emas. Yöğ-ey, dedim javoban, bizlarga ustozlarimiz sarbastning öziga xos vazni böladi, turoğini örniga qöyib öqisangiz, ohang sel qiladi, baʼzan, şeʼrda aytilgan fikr, işlatilgan obrazdan kuçliroq taʼsir körsatadi u, sarbastning özigagina xos bölgan ritmi unça-munça kamçilikni ham yopib ketadi, deb tuşuntiri­şar edi. Endi bu qoidalar bekor bölganmi?

Yigitça javobga çoğlangan payt davra­ning töridan yana maʼlum-u maşhur şoir­ning ovozi keldi:

– Ustoz, – u bu sözga alohida urğu berdi. – Baland toğgayam asta-asta yurib çiqiladi. Bular hali yölning boşida. Uça­digan quşning qanotini qayirib qöymang. Keyin heç qaçon uçolmaydi.

Adabiyotning bir oltin qoidasi bor. Har qanday obraz rivojlanişga mahkum. Qaysi tomonga rivojlanişi esa, şu obraz vositasida aytilmoq­çi bölgan fikrga boğliq. Yaʼniki, şoir aytgan quş obrazi mening xayolimga özga tildagi maşhur iborani yetaklab keldi. Uning maʼnosini özbekçaga ögirsak, taxminan şunday: “örmalaşga mansublar osmonni orzu qilmasin”. Öşa özga tilda yana bir ibora bor: har qanday obraz, öxşatiş bir oyoğiga oqsaydi, degan. Şuur qaʼridan sitilib çiqqan şu ibora sababmi, yo şoir aytganiday, bağrikenglik qilgim keldimi, harholda, badbaşara qurt bir umr ovqat yeb semiradi, keyin ğumbak boğlab, özini öraydi, oxir bir kun öşa uyadan örmalaşga-da madorsiz qurt örniga rangorang kapalak çiqib, samoga parvoz qiladi, degan fikr xayolimdan yaşin tezligida uçib ötdi.

Uyasi buzilgan ariday boşim­­da ğönğillab qolgan fikrlarni kuç bilan bosib tuşdim. Şoir haqni sözlayotgan edi. Dangal gapni aytayotgan edi. Noilojdan vaziyatga böysunayotganimni bildirmoqçiday, gap qotdim:

– Agar ot tepkisini ot kötaradi, degan istiholani aytayotgan böl­sangiz, allaqaçon qirçanği bö­lib qolganimizni özimiz yaxşi bilamiz. Hozirgi yoşlar esa asov otlarni-da jilovlaşning hadisini olgan.

– Sizga örgatiş şart emas, aksinça, bizning hali sizdan örganadiganimiz köp.

Şoir lutf qilayotgan edi. Yoşim undan kattaroqligini, xos davralarimizda adabiyotga taalluqli ayrim gap-sözlarimni eşitib, maʼqullab ötirganini aytmasa, unga sira ustozlik qilganim yöq. Şu bois gapni kalta kesdim.

– Hali birovning maslahatini olib, şoir bölgan odamni körmadim, – dedim göyo şoirga gapirayotganday bölib.

– Isteʼdod bölsa, siz aytmoqçi bölgan kamçiliklarni özlari körib, topib olişadi, – dedi şoir.

– …

– Yetovga yuradigan hökizni faqat qöşga qöşişadi, demoqçisiz-da.

– …

– Ölmang, öylaşimça, bugungi kunda yoşlarga faqat rağbat zarur. Yomon yozsa ham, şeʼrdan, şeʼriyatdan uzilib qolmasa, hisob. Badanida bölsa, turtinib-surtinib katta böladi,  ustoz.

Şu oxirgi “ustoz” degan söz menga “bu gurungni bas qilaylik”, deganga öxşab eşitildi. Gap mavzusini boşqa tomonga burdim.

* * *

Zamonida maşhur bölgan bir şoirimiz “Biz obraz-pobrazni tan olmaymiz, pryamoy yozamiz”, degan ekan.

* * *

Şu kunlari “Şeʼr yoşlikning hasmi”, degan bir jumla xayolimda öralaşib qolgan. Dunyoda yangi gap qolmagan deyişadi-ku, buni allaqa­yerlarda öqigan bölişim, özim töqigan bölişim ham mumkin. Ança vaqt özim topgan şu jumlani özim hazm qilolmay yurdim. Kuni keça xotiramni kavlab ötirsam, uning ildizi topilganday böldi.

Öyladimki, balkim yoşligimda yaxşi körgan şoirim Aleksandr Blokning “Rus moya – jena moya”, degan hayratlantirarli taşbehining tadrijiy hosilasi bölib, miyamga örnaşgandir bu fikr. Köp yillar ongim qatlarida yaşirinib yotgan-u, mana endi yuzaga qalqib çiqayotgandir.

Yoşligimda qanaqasiga ona-Vataningni xotinim, deb aytişing mumkin, deya özimga qayta-qayta savol berganlarim esimda. Lekin javob topolmasdim. Bir kuni şu iştibohimni rahmatli şoirimiz Rauf Parfiga yozğirdim. Rauf aka öşa payt heç nima demadi. Dafʼatanda xato fikr aytib qöyişdan çöçigan bölsa kerak, deb öylayman hozir.

Sözning şeʼrda qöllangan asl maʼnosini tuşunmasang, qiyin böladi. Şoirning nima demoq­çiligini anglayolmaysan, kişi. Özingça maʼno çiqarmoqçi bölsang, baʼzida biliming, baʼzida diding, baʼzida oddiygina til bilmasliging pand beradi. Öşa çoğ menda ham şunday bölayotgandi. Avvalo, rus tilini çuqur bilmasligim, rus ruhiyatini anglamasligim, uçinçidan, sözning luğatda öqiganim öz maʼnosiga yopişib olişim, törtinçidan, Aleksandr Blok timsollari töğrisida juda kam tasavvurga egaligim xalaqit berayotgandi. Ança vaqt ötib Rauf Parfi şu şeʼrning tarjimasini eʼlon qildi – “Rus – yorim”. Birdan könglim joyiga tuşdi. Aleksandr Blokning şu şeʼrda öz yurtiga qarata “Qanday olib çiqay men seni tundan?” degan söroği yurtni sevikli yor deb tuşunilgandagina şeʼrxonning köngliga yetib boradigan yölni oçar ekan.

Yaʼniki, mening öşandagi iştibohlarim­ning mohiyat sababi timsol degan narsani çuqur tuşunmasligim bilan boğliq edi. Oddiy söz narsa-hodisani ataş mavqeyidan yuqori kötarilib, timsolga aylanişini anglagan onlarimdan şeʼriyatning sirli qasriga yöl oçilganday böldi.

Aleksandr Blok ijod qilgan ötgan asrning yigirmançi yillari Rus uçun tahlikali zamon edi. Döst birodaridan, aka-ukasidan voz keçgan, qon-qarindoşlar barrikadaning ikki yoğiga ötib olib, bir-birovi bilan qonli uruşga kirgan mudhiş falokat asrida azroil soyasi bir butun mamlakatni qamrab olgan, yamlab yutayotgan edi. Qora ajal şarpasi har yerda sanğib yurardi. Jaholat bayroğini kötargan qizil iblis qon bilan suğorilgan dalalardan har yili möl hosil kötarardi. Bilonihoya, farzandlari qirpiçoq bölayotgan Rus zamini zulmatga şönğigandi. Axir, suyukli yoringni zulmat içra taşlab ketmaysan-ku!

Öşanday bir zamonda Aleksandr Blok ona-Vatan iborasidagi “ona” sözini “yor” sözi bilan almaştirib, vaziyatni tasavvur va tasvir etdi. Baho berdi. Ona har qanday inson uçun, har qança qadrli bölmasin, ötmişdir, deb uqtirgandi şoir. Ötmişni zulmatdan qutqariş, albatta, şarafli iş, biroq kelajakni zulmatdan qutqarib ololmasak, ötmiş yana qoronğilik qaʼriga çömadi, der edi u. Kelajak yor bilan sobitdir, umrning davomiyligi yor bilan qovu­şişda. Yorni faqatgina bir tanmahram, ojiza dema, u senga kelajakni tuğib beradi, der edi şoir. Yorni taşlab, özing ozodlikka çiqişingda heç qanday maʼno-mazmun yöq, deb kuyinardi. Uning har sözi şunday ramz-işoralarga töla edi. Timsollar şoiri edi u.

Aleksandr Blok inqilob yillari tahlikasini, yurt va millatni kutayotgan fojialar kölamini anglaş va anglatiş uçun tasvirda timsolga murojaat qilgan bölsa, xuddi şu vazifani özining ijodkorlik burçi, deb bilgan boşqa bir maşhur şoir – Vladimir Mayakovskiy sözning egnidagi haşamdor libosini yeçib taşladi. Yalanğoç sözning badanidagi titroq­larni körsata bildi u. Tan oliş muşkul, biroq uning söz emas, aslida yurakdagi tuyğu, atrofda keçayotgan jonli hayot muhim, boşqa hammasi ötkinçi, degan qaraşlari öşa zamon şeʼriyatida ham inqilob qilgandi. Aleksandr Blok şeʼriyatda ustuvor etgan simvolizm örniga kelgan soçma va sarbast dunyoning oltidan bir qismini egallagan olaquroq yurtda şeʼrning asosiy janriga aylandi. (Ğafur Ğulom, Mirtemir kabi inqilob farzandi bölgan yoş şoirlarimiz ijodini sarbastdan boşlaganini eslang).

Professionalizm faqatgina vazn-turoq, obrazning timsol darajasiga kötirilişigina emas. U obyektni butun dramatizmi bilan tasvirlaşning yangidan yangi yöllarini izlab topiş va ijodda qöllaş ham demakdir. Jumladan, sarbast şeʼr tuzilişida qofiya va vazn yaxlitligini yangiça idrok etişning bir yöli bölgan edi. Şoir özi işga solgan obrazning ortidan ergaşmay, ruhini titratib turgan tuyğuning izmiga yursa, uning suvratini çiziş uçun badiiy ijodning noodatiy, noanʼanaviy usullaridan foydalansa va bunda muvaffaqiyatga erişsa, tan olişga majburmiz.

Bugungi öquvçi Mayakovskiyni şörolar­ning jangari şoiri sifatida biladi, xolos. Holbuki, Mayakovskiyda quyidagi kabi satrlar ham bor:

 

Törtda kelaman degandi Mariya.

Sakkizda kelmadi.

Töqqizda kelmadi.

Önda kelmadi.

Kelmadi,

Kelmadi,

Kelmadi.

Faqat voqea, faqat harakat bor bu satrlarni öqigan çoğlarim mening inja sanʼat sanalgan şeʼriyat haqidagi qançadan-qança tasavvurlarim ostin-ustin bölib ketganni aytib ado qiliş qiyin. Keyin esa…

Keyin soat törtda kelaman, deb vaʼda bergan maʼşuqani soat önda ham intiq kutib ötirgan oşiqni tasavvur qilar ekanman, hazrat Navoiy­ning maşhur “Kelmadi” radifli ğazalini yodga oldim. Keçqurun kelaman degan yorni sahargaça intiq kutgan, kelmayaptimikan degan umidda “lahza-lahza” yöl qarab, intizor kutgan oşiqlar obrazi asrlar oşa bir-biri bilan qöl olib körişganday böldi, nazarimda. “Hayhot, – dedim, – bu dunyo neçoğli qadim, unda bironta yangi narsa qolmabdi, hatto şörolar­ning baqiroq şoiri aytgan gap ham yangi emas”. Keyin Mayakovskiyni hazrat Navoiyga teng­laştirib qöyayotganimga özimning ğaşim keldi. Qaytadan özimga xitob qildim: “Hayhot, bu dunyo neçoğli qadim, unda bironta yangi gap yöqki, hazrat Navoiy aytib ketmagan bölsa!”

Mayakovskiy sayohat bilan Parijga borgan çoğda inqilob sabab yurtni taşlab ketgan knyaginya – malikalardan biri bilan tanişib qoladi. Tabiatan inqilobçi, öziga mahliyo bölib, özgalar könglini tuşunişni unutib qöygan, mamlakatni yangitdan quriş uçun uni avval tag-tomiri bilan buziş kerak, degan aqidada sobit minbar şoiri bilan inqilobning duşmani sanalgan nazokatli malika örtasida sevgiga öxşaş bir holat ham yuz beradi. Mayakovskiy buni şunday tasvirlagandi:

Yolğiz sening böying böyim bilan teng,

Qoşingni qoşimga, qani, tenglab tur.

Uşbu muhim oqşom töğrisida men,

Kel, hikoya qilay odamday bir qur.

(Bu şeʼrlarning tarjimasi gözal. Biroq ular asliyatda yanada gözalroq, şiddatliroq, maftunkorroq).

Mayakovskiy özini otdi. Usmon Azim bundan keyingi holatni şunday tasvirlaydi: “Hayron yuguradi muxlisbaççalar. Men ming yil yaşar edim öşança şuhratim bölsa!” Muxlisbaççalar şoir şuhrat uçun yaşamasligini, şunçaki, şuhrat deganlari unga haqiqat yo adaşiş yölidagi şaytoniy hamroh ekanligini tuşunib yetiş darajasida emasdi. Şoirning özi esa hukumatni bosib olgan ğaddorlarga qöşilib, baqirib-çaqirib yaşaganidan söng, bir kun bölsa ham odamga öxşab yaşaşni orzu qilgandi. Men ham “odamday bir qur” gapirib köray, deya orzu-umid qilgandi. Özi yaşab turgan hayotda buning ilojini topolmay, çakkasiga töpponça tiragan edi.

Buni bugun tuşunamiz. Biroq u aravasiga tuşib, qöşiğini baralla aytib borayotgan tuzumning borar manzili insoniylikka zid ekanini, bu aravadan tuşib qolişga endi keç bölganini anglagan çoğlarida nimalarni öyladi ekan? Töpponça tepkisini bosayotgan lahzada-çi?..

Adabiyot ilmini öqib yurgan çoğlarim hozir nomini eslolmaydiganim bir rus munaqqidining kitobida Tolstoyning “Anna Karenina” romani tahliliga duç keldim. Tolstoy öşa zamon rus voqeligini, rus jamiyati aʼzolarini Anna Kare­ninaning boşiga tuşgan kulfat misolida tahlil va talqin etgan, deb yozilgandi kitobda. Jamiyatni şunday çuqur tahlil etiş uçun eri bor ayol­ning boşqa birovni sevib qolişi, taqdiriga çora topolmay özini poyezd tagiga taşlaşi kabi oddiy va jön voqea ham katta romanga material berişi mumkinligini anglaganimda Tolstoy dahosiga yana bir marta qoyil qoldim.

Göyoki, Tolstoy biz hammamiz gunohga botdik, uyda özimiz sevmagan, bizni sevmagan yor bilan qolsak ham, köngilning xohişiga ergaşib, hammasini taşlab ketsak ham, baribir, xato qilamiz. Oldimizda ikki yöl bor va ularning har ikkisi ham muqarrar jarlikka olib boradi, demoqçi bölardi. Romandan özimça xulosa çiqarib, garçi, roman qahramonlari hayotda mağlub bölsa ham, ötmiş kelajak ramzi bölgan poyezd ğildiraklari tagida qolib halok bölsa ham, yangi va biz kutmagan kelajak bir urinişda töxtatib bölmaydigan poyezd timsolida bostirib kelmoq­­da, der edim.

Lekin…

Lekin köçada xayol surib ketayotganingda ortingdan birov kelib, oğir söyil bilan bo­­şingga tuşirgani kabi garangsitib qöygan fikr munaqqidning tahliligina emasdi. Munaqqid Tolstoyning tilidan keltirib ötgan “Anna bu – mening özim”, degan birgina jumla edi.

Keyin, juda keyin tuşundim bu jumlaning maʼnisini.

Tolstoy özining şaxsiy hayotini, fikr-qaraşlari dunyosini tahlil qilib körib, nafaqat butun boşli rus jamiyatini, hatto öz hayotini ham özgartirişga qodir emasligini anglab yetgaç, taqdir bitigi, bizning ixtiyorimizga zid ölaroq, osmonlarda yozilişini tuşunib, özini öynaşga işonib, ersiz qolayotgan ayol kabi tasavvur etgan, dedim bir kuni özimga qatʼiy ravişda. Şu fikrga özim ham işondim. Keyin, yöq, u öynaşga emas, muhabbatiga işongan edi, afsuski, bu muhabbat uni jarlikka tortib ketişini avvalboşda sezmagan, faqatgina “Anna Kareni­na” romanini yozib tugatgandagina şunday iştibohiga özi ham amin bölgan dedim. Şu boisdan, “Anna bu – mening özim”, deganda naqadar haqli edi u.

Mening muhabbatim hamma uçun buzuqlik bölib körinadi, holbuki, könglimni bilmaysiz, uning qançalar buyuk muhabbat olovida lanğillayotganini ham tuşunmaysiz, eng alam qiladigani, buni mening seviklim – vatanim Ros­siya ham tuşunmaydi. Uning özi menga bir öynaş kabi qaraydi. Şu öynaşidan qutulib ketolmayotgani uçun özini koyiydi va yana quçoğimga qaytib kelaveradi, deb öylagan Tolstoy.

Şunday dedim va öylarimni uzoqdan aylantirib kelib, yana xulosaladim: Anna Kareni­na Tolstoyning özi böladigan bölsa, demak, maʼşuqaga munosib bölmagan yor obrazi sanalgan Vronskiy timsolida Rossiya degan ulkan mamlakatni tuşuniş lozim (mana, qayerda Aleksandr Blok işlatgan “rus – yorim” degan taşbehning ildizi!). Rus jamiyati Tolstoyni qabul qilmadi, podşo uning asarlarini taqiqladi, çerkov dahriy deb eʼlon qildi, hatto bir vaqtlar jonidan ortiq sevgan xotini erining ortidan poyloqçilik qildi… Anna Karenina özini poyezdning tagiga taşlagan edi, Tolstoy esa umri poyonida poyezdga minib, yaqinlarini tark qildi…

Romanni öqiyotganda biz Anna Karenina­ning hayotiga oşno, qayğulariga şerik, dardi­­ga hamnafas bölamiz. Vronskiy şunday inja qalb egasi bölgan ayolga munosib emasligidan azoblanamiz, hissiz va subutsiz er jonivor­ning Annaga Vronskiydan ham köra begonaroq ekanini anglab, battar qiynalamiz. Nahotki çora yöq, deb osmonga boqamiz.

Faqat roman mutolaasidan juda yiroqlaşganimizda, Anna va Vronskiyning ziynatsiz mu­habbati tafsilotlari xotiramizdan öçib ket­gan­dagina, Tolstoy qoğozga bitgan ulkan haqiqatga yaqin kelamiz. Öşa zamon rus jamiyati uçun Anna Karenina toza qalb ramzi, bokiralik timsoli edi. Lekin sassiq araq va uning şaltağiga botgan bu zamonga bunday toza qalb, bokiralik kerak emas edi. Har qanday zamon har doim ifloslarni suyadi va ularning oşiğini olçi qilib qöyadi.

* * *

Tolstoy professional adib edi. Oilaviy mojarodan ham buyuk maʼnolar çiqara bilardi.

Tolstoy har qanday obrazni timsol darajasiga kötara olgani uçun ham daho!..

Şeʼr esa yoşlikning hasmi.

Yoş şoirlar şeʼrni turli qiynoqlarga solib körişadi, sözlarni özga maʼnoda qöllaşadi, satrlarni sindirişadi, eşitilib turgan ohangni buzişadi, hamma aytib kelgan eng köhna qöşiqqa ham yangi nağma boğlaşga urinadilar. Bularning hammasi mumkin bölgan işlar. Biroq şunday yöl tutiş professionallik bölgandagina yaraşadi.

Havaskorlik ayb emas. Bir umr havaskor bölib qoliş ayb.

* * *

“Men, men!” deyiş kasali bizning ham bo­şi­mizdan ötgan.

* * *

Ustoz, – deb söradi bir kuni şogirdlikka daʼvogarlardan biri. – Realizm adabiyotning çöq­qisidir, degan gapga qanday qaraysiz?

– Töğri qarayman, – dedim. Keyin biroz tu­şuntirgan böldim: adabiyot sanʼatning bir turi, sanʼat esa gözallik demakdir. Dunyoda eng gözal narsa nima? Albatta, haqiqat. Haqiqat­dan gözal narsa bölmaydi olamda. Binobarin, haqiqat­­ni yozmoq, gözal yozmoqdir, deya xulosa qilsak ham böladi.

– Demak, realizm adabiyotning çöqqisidir, degan gap töğri ekan-da, – deya qaytalab söradi şogirdlikka daʼvogar.

– Realizm hayotni real holiça, bor böy-basti bilan tasvirlaşdir, desak, sizning aytganingiz töğri.

– Demak, asarlarda faqat rost gapni yoziş kerak, – deya gapimni xulosaladi u.

– Avvalo gözal yoziş kerak, – dedim şo­gird­likka daʼvogarning ğalçaligidan asabiylanib. – Gözal yozsangiz, demak, haqiqatni yozgan bölib çiqasiz.

– Haqiqat va gözallik bir narsa emasmi?

– Oddiyroq tuşuntiraman: haqiqat gözaldir, gözallik haqiqatdir. Bunisi aniq. Lekin yana bir narsani biling – hamma haqiqat ham gözal emas, deylik, köpçilikning içida gaz çiqarib yuborsangiz, bu sirayam gözal iş emas. Va şuningdek, atrofga qarasangiz, yolğonning ham köp hollarda gözal bölişini körasiz. Adabiyot nuqtayi nazaridan qaraganda keyingi holat – yolğonning gözalligi asliy hisoblanmaydi. Demak, yolğonga har qanday holatda ham gözallik deya qaralmasligi lozim.

– Özimizning lof adabiyotga kirmaydimi?

– Lof gözal, şuning uçun ham u adabiyotning bir qismi. Qolaversa, lof, bu teskarisiga aytilgan haqiqatdir.

* * *

Yuqorida yozganlarimni neçançi martadir öqib çiqayotganimda labimga tabassum yugurdi. Talaba çoğlarim özimning ham xuddi şu savolni berganim yodimga tuşdi. Faqat men bu taxlit savolni özimdan söragan va şunday javob aytgan edim: “Gözallik mukammallikdir. Faqat haqiqatgina mukammal (çunki unda öziga özi zid örinlar bölmaydi). Demak, faqat haqiqatgina gözaldir. Lof esa ortiq darajada börttirilganidan yolğon bölib körinadigan haqiqat, xolos”.

* * *

Sevar yorimiz şeʼriyat bölgan talabalik çoğlarimiz matbuotda yangi çop etilgan har qanday şeʼrni ming çiğiriqdan ötkazardik. Çori Avaz, Şodiyor Töra (har ikkovi boqiylik dunyosiga ketdi – Alloh rahmatiga olgan bölsin), men boşimizni boşimizga uriştirib, özimizga maʼqul tuşgan şeʼrning tit-pitini çiqarardik. Avvalasi, şeʼrni şeʼr qilib turgan jon tomirini topişga intilardik. Şeʼrdagi sehrning manbasini kaşf qilişga urinardik. Mabodo, şeʼrda vazn saktaligi, qofiyaning oçligi kabi juzʼiy kamçiliklar uçrab qolsa, “Qanaqa şoir bu, oddiy vaznni töğrilaşga iqtidori yetmaydimi, yaxşi qofiya topolmasang, nima qilasan şoir nomini kötarib”, deganga öxşaş taaddi-yu iddaolar tilimizning uçidan töxtovsiz uçib çiqardi.

Har obrazni oxirigaça tahlil qilib körardik. Kuçimiz yetganiça talqin qilardik.

Bir tuni Xurşid Davronning yangi eʼlon bölgan şeʼrini muhokama qilganimiz esimda. Hayotdan erta ketgan yoş rassom Şuhrat Abduraşidov xotirasiga bağişlangandi u. Lekin öşa şeʼrni köçirma nusxadami, biron naşrdami öqiganimizni eslolmayapman, şu bois uni yodimda qolgan şaklda keltiraman:

Biz şunday yaşaymiz!

Sevib may, çoğir,

Qonun-u rasmga telba-teskari.

Biz ming kutişga rozimiz, axir,

Daraxt şoxlarida bargday ösgani.

Bizni yozibdi, dedik. Juda aniq-tiniq, sodda va ravon, içkaridagi yuragimizni taşqariga çiqarib, eldan yaşirmoqçi bölgan mohiyati­mizni oşkor qilib yozibdi, dedik. (Axir, johiliyat zamonlari, özimiz ham may va çoğir bazmlari­­ni sevar edik-da). “Qonun-u rasmga telba-teskari” ekanimiz ham rost, çunki biz erkinlikni, mutlaq erkinlikni sevamiz, qonunlar ham, odat-u rasmlar ham, aslida, kökka talpingan yuragimizning qanotiga urilgan tuşov, dedik. Keyin özimizni töğriladik: tuşov oyoqqa uriladi, aniqroği, boğlanadi, qanotni qayiradilar yoki uçini kesib qöyadilar.

Şoirning “ming kutişga” deb yozganida ham maʼno, ham vazn saktaligi bor, satrga bir böğin yetişmayapti, “ming yil kutişga” bölişi lozim edi, deb munozara qilişdik. Bu yerda şunçaki xato köçirilgan, “yil” sözi tuşib qolgan, dedi şoirni oqlab Çori Avaz.

Men aytdimki, balkim şunisi töğri bölgandir, ming yil kutiş deyilsa, maʼno öşa ming yil bilan çegaralanib turaveradi, uni boşqa, yanada gözalroq, teranroq maʼnolarga buriş qiyin. Yil degan sözni olib taşlasang, öquvçi xayoliga erk berişi mumkin, ming kutişda yil maʼnosidan taşqari ming xil usulda, ming xil holatda, ming iztirobda kutişni ham tasavvur qilsa böladi, qolaversa, ming umid bilan kutiş, degan maʼno ham çiqadi bu satrdan. Bu talqin uçovimizga ham yoqdi. Şunga kelişdik…

Kelişuvni Şodiyor Töra buzdi.

– Notöğri aytayapsizlar, – dedi u hozirgina özi ham şu talqinni qöllab turganini esdan çiqarib va har ikkovimizga bir-bir qaradi. Kuldondan yarmigaça çekib, keyin öçirib qöyilgan sigaret qoldiğini oldi. Qaytadan tu­tatdi. Çuqur tortdi. Tutunni burnidan pişqirtirib çiqardi. Keyingina sözida davom etdi: – Notöğri aytayapsizlar! Siz taʼkidlagan kutişga oid usul, holat, iztirob va hokazolar til nuqtayi nazaridan abstrakt ot, bular qandaydir mavhum tuşunçalarni atab turibdi. Bilasizki, voqea va harakatlar makon va zamonda sodir böladi. Yil sözi makonga emas, zamonga oidligini unutdingiz! Ming yilda kutişning million… – Şodiyor şu yerda söziga iştiboh qilib, bir zum taraddudlandi. – Ming yilda kutişning million turi va holati sodir bölişi mumkin.

Bahsimiz qaytadan boşlandi…

“Daraxt şoxlarida bargday ösiş”, degan taşbeh bizga ayniqsa yoqqan edi. Sirliligi, mavhumligi bilan yoqqandi. Illo, biz özimiz hali kelajakdan nima kutayotganimizni tuzuk-quruq anglamaydigan yoşda edik. Bilganimiz – kelajak bizniki, degan şiornamo gap edi. Garçi, yaşayotganimiz zamon bizniki bölmasa ham, bor-yöği ertangi kundan umidvor talaba bölsak ham, qamoqxonaga öxşatib qurilgan yotoqxonaning uzun koridoriga çiqib, Şerali Jörayev ijrosidagi “Zamon-zamon, bizning zamon, davron bizniki”, degan qöşiqni jör bölib aytadigan paytlarimiz edi. Şu qöşiqni aytar va şunday ekaniga dil-dildan inonar edik. Inonçimiz susaygan damlarda “Bizni kutayotir ajib kelajak”, deya şeʼr aytişni boşlardik. Biroq öşa ajib kelajakni hali tasavvur qilolmasdik. Yoş edik va oldimizda hali ming yil umr borday tasavvur qilardik özimizni.

U çoğlar ölim bizlarga begona edi. Qornimiz oç bölsayam, köngil töq edi.

Şu boisdirki, ulkan daraxtning baquvvat şoxlarida bargday ösiş, barg kabi şivirlab bölsa ham öz sözimizni aytiş, ayni çoğda, teran ildizlari zaminga mahkam yopişgan qudratli daraxtning farzandi böliş, kun kelib, bargday uzilib ketsak ham, daraxtimiz yaşab qolaverişini iç-içdan tuyiş özgaça bir farah bağişlar edi.

Biz yolğizlikdan qörqardik. Töda bölib yurardik. Va şuning barobarida “Men, men”, deya hayqirardik. Yagona bölişni xohlardik. Barg yago­na va bir butun vujud bölib tuyulgandi öşa on bizga. Va şuningdek, bargni tutib turgan baquvvat şoxlar, zamindan oziq oladigan tomirlar borligi könglimizga xotirjamlik indirgandi. Afsuski…

Birovimiz şoir bölib, sözning tub maʼnosiga yeta boşlagan çoğlarimizda hayotdan juda erta ketib qolişimiz mumkinligini; boşqamiz maktab öqituvçisi oladigan maoşga oila tebratolmay, ön yillab özi kabi xastahollarning uyida paxsakaşlik bilan umrguzaronlik qi­lişini, nihoyat, könglini qiynab yaşaganining evaziga kasal-pasal bölmay, heç qursa, bir-ikki kun töşakda yotmay, boqiy dunyoga ketib qo­lişimizni; men esa qanotlari kesib taşlangan quş kabi şöppayib, osmon orzusi bilan umrim ötişini bilmasdim u paytlar.

Oradan köp yillar ötgaç, qaydadir Xurşid Davronning uşbu şeʼriga yana közim tuşdi. Bir satr özgaribdi:

Biz ming yil kutişga rozimiz, axir,

Tayyor turib yurtni yovdan tösgani.

Çori Avaz oramizdan ketgandi bu çoqlar. Şodiyorga qönğiroq qildim.

– Xurşid Davronning bir şeʼri bor edi-ku, biz yaxşi köradigan: “Biz şunday yaşaymiz, sevib may, çoğir, Qonun-u rasmga telba-teskari”, deb boşlanardi.

– Biz haliyam şunday yaşayapmiz, – dedi uyoqdan Şodiyor. – Boşqaça yaşaşning ilojiyam qolmadi.

Şodiyor uzoq jim qoldi, mening nimadir deyişimni kutdi, çoği. Men ham indamadim.

Nihoyat, Şodiyor tilga kirdi:

– Lekin men bu şeʼrni unutibman, keçirasiz, döstim.

Negadir öksindim. Men bilgan Şodiyor boşqa odamga aylanib qolganday tuyuldi nazarimda. Huv, bir yili ayni bahor palla Şodiyornikiga borganim, kajavali motosiklga beş kişi mingaşib, Oqtovga çiqqanimiz, gul-u çeçakga burkangan bepoyon qirlar bağridan borayotganimiz mahal uning quloçini keng yozib, “O, asal havoni töyib sipqordim”, deya Abduvali Qutbiddin satrini öqigani yodimga tuşdi.

Öşanda uning ğadur-budur yölga uçib tuşişidan hadiksirab, yengiga mahkam yopişgandim. U esa bu xavfga parvo qilmay, quloğimga qiçqirgandi: “Oşna, havodan nafas oladilar, degani yolğon. Heçqursa, mana bunday havoga nisbatan şu tuşunçamiz yolğon. Bunday havoni may içayotganday töyib-töyib sipqoriş kerak!” Şularni esladim-u öşanda havoda haqiqatda ham asal hidi ufurib turgani, keyin jildirab oqayotgan keng soy böyida dasturxon yozib, bir dunyo şişani çekkaga duma­latganimiz lip etib xayolimdan ötdi.

Şu xayol könglimga quvvat berdimi, “Şoir şeʼrning bir satrini özgartiribdi, “Daraxt şoxlari­­da bargday ösgani”, degan jumla örniga “Tayyor turib yurtni yovdan tösgani”, deb yozibdi”, dedim. “Nimasiga ajablanasiz, dedi Şodiyor uyoqdan bosiqlik bilan. Şoir maʼnoni konkretlaştiribdi-da”. Töğri, konkretlaşgan, lekin şuning barobarida satrning sehri, jozibasi ham yöqolgan. Şeʼrda sehr bölmasa, uning şeʼrligi qoladimi?

Şodiyor yana ança vaqt jim qoldi. Ni­malarnidir eslaşga urinayotganini, lekin aynan öşa bahslarimiz yodiga kelmayotganini sezdim. Vaqt hamma narsani özgartiradi.

– Hammamiz hayotga moslaşayapmiz, oşna, – dedi u umumiyroq qilib. – Bugungi zamonga sehr yot, mavhumlik duşman. Zamonimiz konkret gapirgan, konkret natija körsatgan odamlarni suyadi. Xurşid Davron ham zamonga suygunçik bölişni istagan bölsa, buning nimasiga ajablanasiz.

– Ajablanayotganim yöq, – dedim xafa bölib. – Men ham konkret gapiryapman. Şoir törtlikning oxirgi satrini özgartiribdi, deyapman, xolos…

Şu suhbatdan söng adabiyot haqida deyarli yozmay ketdim. Lekin yozişni butunlay taşladim, desam yolğon böladi. Rahmatlik ustoz Mahmud Saʼdiy har uçraşganimizda “Sen adabiyotga xiyonat qilding, yozmay ketding”, deganida içim ğimirlardi. Biroq hayotda mening ham taşvişlarim bor edi. Yuragimni adabiyotga bersam, bola-çaqalarim oç qolib ketişini sezardim. Şu bois men ham köp vaqtlar zamonning aravasiga çiqib, sözlari öşa bölsayam, endi unga boşqa maʼno yuklab, “Zamon-zamon, bizning zamon, davron bizniki”, deya qöşiq kuylab yurdim. Birovning kuyiga raqs tuşayotgan odam öz qöşiğini unutişga majbur bölar ekan.

Mana, bugun yozyapsiz-ku, deysizmi?

Konkret sababi: bolalarim katta bölib qoldi, ular, özingiz yaxşi körgan iş bilan şuğulla­ning, deydi, rözğorning taşvişini bizga qöyib bering, deydi. Şundan ğururlanaman. Kiçkinam xorijda öqidi, hozir öşa yoqlarda işlab yuribdi. “Ota, deydi u ham, boşqalarning gapiga eʼtibor bermang, hayot sizniki, özingiz xohla­ganday yaşang, yozgingiz kelsa, yozing. Har kim özining hayotini yaşaydi. Birovlar kutganiday yaşaşga urinmang. Hayotning maʼnosini yozişda deb bilsangiz, demak, yozing!”

Lekin yoziş uçun xuddi şu konkret sabab çin sabab emasligini özim yaxşi bilaman. Buyoğiga el qatori özimning kayfimni surib yaşasam ham böladi. Biroq… adabiyot vazn bilan turoqni tuşunmaydigan, tan olmaydigan bir tödaning qölida qolib ketayotganini öylasam, xudo bekorga mening umrimni döstlarimnikidan uzunroq qilmagandir, deb xijolat çekaman. Uyoq­­qa borsam, senga oz-moz bilim bergandim, uni nelarga işlatding, deb söroqqa tutsa, nima javob aytaman, deya taşvişga tuşaman. Qörqqanimdan qölimga qalam oldim, desam, sizga yolğon, xudoga çin.

Dunyoning avvali söz edi. Yaratganning birgina “Böl!” degan sözi bilan dunyo, dunyoning zarrasi bölgan biz ham böldik. Allohning zoti va sifoti haqida öylaş, gapiriş joiz emas, deydilar. Lekin Alloh dunyoni söz bilan yaratgani aniq ekan, biz kabi sözning xizmatkori sanalmiş kişilar unga xiyonat qilişimiz keçirilmaydi.

* * *

Keyingi vaqtlar “Boşqalar ham şuni anglayaptimikan?” degan savol tez-tez xayolimdan ötadigan bölib qolgan.

* * *

Darvoqe, Abduvali Qutbiddin.

Men filologiyada, u jurnalistikada öqirdik. Dorilfunun uluğ dargoh emasmi, bir-ikki yil yöllarimiz kesişmagan. Qolaversa, yuqorida yozganimday, özimizning kiçik davramiz bor edi. “Ulfati se”ni or bilmasdik, maqolni tan olmasdik, “ulfati çor” bölişni istamasdik. Inson özi bilan yolğiz qolişi lozim bölgan tunlarni-da adabiyot haqidagi adoqsiz suhbatlarda keçib ötardik. Lekin kunduzlarimiz bölak edi. Mening boşqa şoir jöralarim, akalarim, döstlarim bor edi. Kunduz şularning yoniga ketardim. Baʼzan bu kunduzlar tunga, keyin tongga ulanardi. Qaytib kelib, tölib-toshib gurung berardim.

Çori Avazning xonasiga qamalib oladigan odati bor. Tonggaça şeʼr yozib, öçirib, qayta yozib çiqadi. Kunduzi esa u ham özga döstlari yoniga ketadi, allaqanday tögaraklarga qatnaşadi, ulardagi bahs-munozaralarda iştirok etadi. Izdihom oralab, öz yölini topişga intiladi. Faqat Şodiyor, faqatgina Şodiyor kunduzlari heç qayerga bormaydi. Darsdan böşagan onidan bizni kutib ötiradi. Biz esa allaqaylarda daydiymiz. Tundagi adoqsiz suhbatlarga mavzu izlab yurdik-da, jöra, deymiz qaytib kelganimizda. U tönini teskari kiyadi. Odam özini atrofdan izlamaydi, özining içidan izlaydi, deydi u. Biz uning bu gapi­ni “dono”likka yöyamiz va kulib qöya qolamiz.

(Aslida, u hammamizdan donişmandroq bölganini bugun fahmlayapman).

Içindagi içindadir, degan ögit hali bizgaça yetib kelmagan. Biz hali mavlono Jaloliddin Rumiyni tanimaymiz.

Rumiy deganda uning özini emas, Radiy Fişning kitobini eslaymiz, xolos. Biz şarqliklarga bir ğarblik bir şarqlikni taniştirmoqda, deya özimizça millatçilik qilamiz.

* * *

Abduvali Qutbiddin deyatuvdim.

Abduvalining bir balladasi bor edi. Şumroq, quvroq bir kişi qimor öynab ötirib, atrofdagilarga ötgan-ketgandan gurung beradi. Hamma qiziq gaplarga andarmon bölganida uning qartasi öyinni yutib olaveradi. Şu balladani öqisam ham, eşitsam ham, qahramonning hikoyani şartta töxtatib, “Uç söm çözing qulusga” degan joyida maza qilardim. Balladaning syujetini töxtatib qöygan şu bir satr, aslida, asardagi dramatizmni çuqurlaştirib, joziba bağişlab turibdi, deb Abduvalining öziga uqtirişga urinardim. Abduvali yoyilib kulardi. Şeʼrini özidan ham köproq yaxşi körgan muxlis topganidan quvonib, tebranib-tebranib yangilarini öqirdi.

Ança keyin şu balladani eslaşib, Abduvalining özidan “Asli, özingiz qimor öynaganmisiz?” deb söradim. Baʼzan-baʼzan rolga kirişni xohlab qoladigan döstim aytdiki, “Biz şu gunohni qilğonmiz, şunday aybimiz bölğon, vallohki, keyin bu maqomdin ötib ketgonmiz”. Hazilni bas qilib töğri aytsangiz bölmaydimi, dedim. “Rosti, oşna, qimordan qörqaman, – dedi Abduvali. – Munday öylab körsangiz, hayotning özi qimorga öxşaydi. Hammamiz yutib olişning ilinjida yuramiz. Qilayotgan işlarimiz ham qimorbozning oşiq otişiga öxşab ketadi. Bir işni boşlab qöyamiz-u, keyin yuragimiz taka-puka bölib turadi, olçimi-çikka deb”. Men oddiy savol söradim, siz esa yana tagdor-u tukdor javob aytayapsiz, dedim xafa bölib (Şu­naqa, arzimagan narsalarga ham araz uradigan, boşqalar nazdida besabab xafa bölib qoladigan odatim bor). Öynaganman, keyin taşlab ketganman, desangiz ham böladi-ku!

“Özingizga qarşi borayapsiz, – dedi Abduvali. – Öynaganimni bilib turibsiz, bilib turib yana sörayapsiz. Çunki sizni nega buni taşlab ketganim köproq qiziqtiradi. Rosti, köp öynamaganman, öynaganimda ham oşiq otmaganman, özimiz kabi havaskorlar davrasida qarta çiylab körganim rost. Faqat, öşa onlardan esimda qolgani şuki, qimorda yolğiz va yagona bölgan yutuq va yutqiziq degan tuşunçalar bor. Yarim soatmi, bir soatmi öynagandan keyin sezasizki, hayotning maʼnosi ham faqat yutiş yo yutqizişdan iborat bölib qolarkan. Dunyo torayib ketarkan. Tor joyda esa, özingiz bilasiz, boşingni egib, yelkangni qisib yurişing kerak. Men bunday çegaralangan hayotga könikolmayman, döstim. Menga kenglik kerak. “Voh” deb hayqirsang, hayqiriğing toğlarga urilib, aks sado bölib özingga qaytmasa, toğga çi­qişdan ne maʼno?! Men yuragimning titroğini, undagi tuyğularning şovurini eşitib turişim kerak. Töğri, qiziqib ketgan payting qimorda ham yurak titraydi, lekin yurakning faqat pul deb titraşi odamni çarçatadi”.

Abduvali bir zum jim qoldi. Nazarimda u qaçonlar öylagan gapini emas, aynan hozir kallasiga kelgan fikrlarni aytayotganday tuyuldi. Unga, huv, öşa, olis yoşlikda qolib ketgan tentakligini eslay turib, bu tentaklikdan qutu­lişiga qimorda omadli yo omadsiz bölgani emas, qiziqişi kasallikka aylanmay, öz-özidan ötib ketgani emas, özini bu gunohdan tiyişga intilgani emas, hattoki, irodasini işga solgani ham emas, insonga, aynan şoirga kenglik kerakligi haqida keyin tuşunib yetgan falsafani gapiriş maroqliroq edi, nazarimda.

Abduvali şeʼrga aniq-tiniq maʼno beradigan obrazlarni yoqtirmasdi. Işora tili bilan sözlardi u. Baʼzilar uni söfiy şoir, timsollar şoiri deb ham aytadi. Mumkin.

Lekin mumkin degani aniq şunday degani emas.

Abduvali söfiylarga öxşab yozardi, desak qisman töğri böladi. Katta bobosi tariqatning piri murşidi bölgan bölsa ham uning özi söfiy emasdi. Söfiylar sinf sifatida tugatilgan zamonlarda yaşaganmiz, axir. Uning qonida ötgan söfiy bobolarimizning jazbasi goh-goh ğulğula qilib turardi. Şunisi aniq.

Abduvali ön töqqizinçi asr farang simvolistlariga öxşatib yozişga harakat qiladi, desak ança töğriroq böladi. Çunki u ramz bilan, timsol bilan gapirişni sevar edi. Nafaqat şeʼrda, hayotda ham timsolni xuş körardi. U aniq va maʼno doirasi çegaralangan obrazni qabul qilolmasdi. Istardiki, uning obrazlarini har kişi özi xohlaganday tasavvur etsa va ulardan özining aqli yetgan darajada maʼnolar çiqarsa. Muxlislar uning şeʼridan qança köp maʼno topsa, u şunçalik köp xursand bölardi.

Aniq aytiş mumkin bölgan bitta gap bor: Abduvali havaskorlik bosqiçini ötamagan.

U birdaniga professional şoir bölib tuğilgan edi. Baxti ham, fojiasi ham şunda edi.

Uning şeʼri timsolga qurilgan, lekin bu timsolning mağzini çaqişga uriniş, botiniy maʼnosini axtariş har doim ham şart emas. Axtargan odam adaşib ketadi. Çunki timsolni ming xil maʼnoga buriş mumkin.

Abduvali özi yaşab turgan makon va zamonni, jamiyat va şaxsni yurakning tub-tubidan his qilardi. Nimani his qilsa, şuni yozardi.

U dunyoni köngil közi bilan körardi. Xayol otiga minib, dunyoning eng tepasiga, koinotga çiqib olib, siz-u biz yaşayotgan zaminga nazar taşlar edi. Öşanda bizning dolzarb tuyğulari­miz unga juda mayda körinib, atrofimizda biz hozirça körmayotgan, körolmayotgan dolğalar ösib, vahşatli girdobga aylanib borayotganini sezib, azoblanardi. Öşa yuksaklikdan turib bizga özimizni taʼriflab berardi.

Baʼzida u köngil qaʼriga sayohat qilardi. Öşa yerdagi tuşuniksiz tuyğularning suvratini çizardi. Sözga aylangan voqelikni esa tuşuniş oson. Öz könglini tuşungan odam özgalarni ham oson tuşunadi. Biroq…

Abduvalini har kuni osmonga çiqib, keyin köngil qaʼriga qaytib tuşiş taşvişi horitib qöydi. Hayotda köp kasal böldi.

* * *

Shubert otliğ buyuk kompozitor bölgan. Avstriya poytaxti Venada yaşagan. Yoşlik çoğlari özi kabi yoş şoir bilan köp qavatli uyning tomi tagidagi bir xonali kunjakni ijaraga olib yaşagan. Shubertga ijod uçun royal kerak edi, royalni esa tunlari çalib bölmaydi, qöşnilar janjal kötarişadi. Yarim tunda köngliga musiqa oqib kirsa, u alam bilan boşini körpaga burkagan.

Unga ijaradoş şoir uzoq vaqt iş topolmay, sarson yurgan, keyin senzuraga işga kirgan – kunduzlari erkin fikrni böğib, tunlari ozodlik haqda şeʼr bitgan. Shubert har tun boşini körpadan çiqarib, alam bilan lab qimtiganiça yozib ötirgan şoirni kuzatgan. Bir tong köçadagi şovqindan uyğonib ketgan, oçiq daraza­dan taşqari qarasa, hamxonasi yerda çalpak bölib yotibdi. Işi boşqa yoqga, köngli boşqa yoqga tortgan şoir asabiy zöriqişga doş berolmay, özini derazadan taşlagan ekan.

* * *

Adabiyotga, xususan, şeʼr va şeʼriyatga minglab, ön minglab taʼrif berilgan. Tabiiyki, men ham şularning yoniga özimning taʼrifimni qöşganman. Balkim, bu taʼrifni ham allaqayerlardan öqib olgandirman, axir, dunyo qadim-ku.

Şu uçun jumlani quyidagi tarzda boşlay qolay: şeʼr va şeʼriyatga şunday qaraş bor – şoir bir umr özini tuşunişga, keyin tuşunganini özgalarga tuşuntirişga urinib yaşaydi, hatto, özimni tuşunib yetdim, deya özgalarga tuşuntirayotganda ham u özini tuşunişga urinayotgan böladi. Mabodo, böldi, men özimni va dunyoni tuşunib yetdim, endi dunyoni men tuşunganim kabi tuşuninglar, desa, şu onda u şoir sifatida öladi. Sözbozga aylanadi.

Abduvalining şunday satrlari bor:

Ortimda çöl dedim, körsam, Badaxşon,

Qadimiy tangaday behamyon, beşon.

Özimni izlasam – mendan yöq nişon,

Al-amon men qayda,

Sim-sim-ey, sim-sim.

Mabodo aldasam qöllarim sinsin.

Bu şeʼr yozilib, çop etilganida hali şörolar saltanati oyoğida mustahkam turgan edi. Biroq oşkoralik degan ğalati harakat ham boşlanib, nafaqat şaxslar, butun boşli millatlar ham özini, özligini anglaş harakatiga tuşgandi. Ayniqsa, biz kabi ong-şuuri şöro mafkura­si bilan suğorilib, özligi unuttirilgan avlodga qiyin bölayotgandi. Ortimizda çöl, deya burilib qarasak, Badaxşon kabi ulkan toğlar kökka böy çözib turganini köra boşlagandik. Suyanadigan toğlarimiz borligidan ğururlanib, özimizga boqsak, “qadimiy tangaday behamyon va beşon” yurganimizni anglardik. Tarix bor, yurt bor, Vatan bor, faqat biz yöq edik, özimizni topolmayotgan edik: “Özimni izlasam, mendan yöq nişon”. Özimizdan sörar-körar edikki, “Men qayda?”…

Şeʼrda butun boşli bir avlodning juda içkin hayoti öz ifodasini topgandi, göyo.

Şunday inja tuyğularga qorişgan, yurakning tuşuniksiz titroqlarini sözga köçirgan, yangiça va heç kimnikiga siyoği-da öxşamagan şeʼrdan ijtimoiy maʼno qidirmang, deyişni istaguvçilar, albatta, topilişi mumkin. Ularga javobim şuki, men lirik şeʼrdan ijtimoiy maʼno qidirib, yöq narsani quloğidan tortib çiqarib kelayotganim yöq. Men öşa davr ziyolilarining, ayniqsa, yoşlarining yuragida hokim bölgan tuyğular haqida gapiryapman.

Bizning tanglayimizni “lenin”, “partiya” degan sözlar bilan kötarişgan. Yoş könglimizni oktyabryat, pioner, komsomol degan taşkilotlarda tarbiyalaşgan. Aqlimizga tenglik, ozodlik, birodarlik degan şirin yolğonlarni quyişgan. Faqat, oşkoralik zamoni kelib, körsak va bilsakki, lenin deganimiz nafaqat oddiy odamlarni, balki butun-butun xalqlarni aldagan ekan. Millatlarga ozodlik berilsin, deb oğizda tayinlagan şu odam milliy mustaqillikka bölgan har qanday urinişni qonga botirişga buyruq bergan ekan. Kommunistik partiya esa millatlar yöq bölib, örniga sovet xalqi keladi, bu xalq uluğ rus tilida gapiradi, degan siyosat yurgizar ekan. Yaʼniki, jumladan, biz özbeklar ham millat sifatida yöq bölib ketişimiz lozim ekan. Şu boisdan ham bizga bobolarimizni eslatişmas, mabodo, jahongir bobolarimiz haqida aytişga töğri kelib qolsa, ular johil, qonxör va yana allambalo sifatlarga ega maxluqlar bölgan, deb yozişar ekan.

Eng yomoni, biz ham şunday safsatalarga işonib katta bölgan ekanmiz. Otasini sotgan Pavlik Morozovni bizga ideal qilib berişlaridan maqsad, bizlarning ham sotqin bölib yetiluvimizni istaşganidan edi. Va biz ham şunga juda yaqin kelib qolgan ekanmiz…

Oşkoralik natijasida bularning hammasi deyarli maʼlum bölib qoldi. Natijada, özini anglaş qobiliyatiga ega bölgan yoş avlodning könglini tubsiz böşliq egalladi. Axir, biz jamiki işonib yurgan qadriyatlarimizdan mosuvo bölgan edik-da! Ötgan hayotimiz yolğon bölib çiqdi. Endigisi ham şubha ostida. Yuqorida aytganimday, ortimizdagi hayotni biyobon, çöl atay boşladik.

Va yana şu oşkoralikning şarofatidan, burilib qarasak, kuni keça çöl deb tuşungan tariximiz baland toğlardan iborat bölib çiqdi. Bunisi bizni badtar dovdiratdi. Özimizni şunday baland toğlar egasi sanab, içimizga boqsak, heç vaqo yöq ekan. Iztirobdan atrofga alang­lardik va körardikki, boşqa xalqlarning oliy minbarga çiqqan notiqlari millat manfaatini közlab gapirsa, biznikilar jim turişdan musobaqa öynardi. Mabodo, gapirişga töğri kelsa, avval boşliqning oğziga qarab olardi. Biz kabi  mustamlaka bölgan ölkalarda el istiqlol istab köçalarga çiqsa, biznikilar “Nega magazinga non kelmadi?” deb janjal boşlardik. Non kelgan bölsa, “Nega muning narxi oşibdi?” deya yana töpolon qözğardik. Magazinlarda non uzilmay, narxi ham oşmay tursa, qöşnilar tomonga qölimizni bigiz qilardik: “Anavilar bizning nonimizni taşib ketmoqda!”

Rahbarimiz esa televizorga çiqib olib, göyoki mehribonçilik körsatardi: indamanglar, ularga ham non kerak. Holbuki, öşa non yasalgan buğdoyni kuni keça öşa qöşnilar yurtidan şörolarning bir uyum qoğozga aylangan puli evaziga taşib keltirgandik-ku! Qöşnilar buğdoyni öziga qoldirmay, hammasini bizga bergani uçun aybdor edimi?! Bu savolni söraydigan mard topilmasdi.

Oliy maqsad yölida yaşaşni, kura­şişni bilmasdik. Mohiyat qolib, vositalar ustida torti­şardik. Heç bölmasa, avval mustaqillik ke­rakmi, demokratiyami, deb özaro janjal boşlardik. Natija nima böldi? Biz özaro urişib, janjal qilib turgan paytimiz hukumatimizni keça­gi kommunistlar bosib oldi. Bunga sira norozi bölganimiz yöq. Aksinça, özimizning rahbarlar deb ğururlandik, endi Maskovni qora tortib borişga hojat qolmadi, deb sevindik. Xalqni, millatni olğa boşlaşi lozim bölgan ziyoli oğalarimiz Maskovning örniga kelgan yangi boşliqlarga yaqinlaşiş uçun musobaqa boşlab yubordilar.

Bir söz bilan aytganda, millatni umumiy bir parokandalik iç-içidan yemirayotgan, kemirayotgan zamonlar edi. Xalqqa, millatga, mamlakatga emas, öziga mustaqillik qurib olgan rahbar va rahbarçala­rimizdan farqli ölaroq, oddiy ziyoli xalq farzand­lari “ortimizda çöl desak, Badaxşon” – buyuk toğlar yurti borligini körardik, lekin bundan sevi­nişga imkonimiz ham, xohişimiz ham qolmagan edi. Illo, Rauf Parfi aytgani kabi mustaqillik zamonida qadimiy tangaday behamyon va beşon, ğaribgina boş egib yurardik.

Lekin hayot da­vom etardi. Millat bolalarining yura­gidagi bu parokandalikni sezgan va sözga aylantira olgan Abduvali kabi şoirlarimiz ham bor edi.

* * *

Şoir, dedim u bilan körişganimizda quloçimni katta yozib, şeʼringizni öqidim, mazza qildim. Abduvali kutilmagan javobni aytdi: “Siz maza qilasiz, biz esa qon yutamiz. Sözni yurakdan sitib olişning, sudrab çiqa­rişning, keyin unga böyin egişning özi böladimi?”

Söng Abduvali şeʼrning davomini öqidi. Men unga jör bölib turdim:

Sönggi dam özim-la öçakişsam, hay,

Sohir közlaringdan talab etsam may,

Evoh, kekirdagim kesib etsam nay,

Puflasam – kuy yonsa,

Sim-sim-ey, sim-sim.

Mabodo aldasam yuragim tinsin.

– Oşna, – dedim Abduvalining yengidan tortib. – Mening hozir özim bilan öçakişgim kelayotibdi. Öçakişgim kelayotibdi-yu, lekin qörqayapman. Öçakişsam, dunyolar buzilib, vayron bölib ketmaydimi?

– Buning sizga zarraça ahamiyati qolmaydi, – dedi Abduvali yarim hazil ohangida. – Çunki kekirdakni kesgandan söng, sizga borlikmi, yöqlikmi, baribir bölib qoladi. Ana öşanda siz çaladigan kuy – abadiyat kuyi böladi.

Keyin Abduvali biroz xomuşlandi. Şeʼr öqigan paytimizdagi majnunlik halovati biroz ortga çekingani sezildi. Aytdiki, oşna, hamma bizni yor işqida şeʼr bitadi, deb aytadi. Lekin buni siz tuşunasiz: aslida, biz anavi közi, qoşi qaro qizni emas, uning ortidagi yorni sevamiz. Şuning uçun ham visol ummidi oxiratga qolgan. Bu dunyodagi hayotimiz abadiy firoqdir.

– Unda nega şeʼr yozasiz?

– “Yaxşimi, yomonmi, kasbimiz sözdir”, birodar. Tuğilganda böynimizga şu vazifa yuklangan. Undan tonolmaymiz.

Biroz öylanib turgaç, qöşimça qildi:

– Tonsak, yaşaşning maʼnosi qolmaydi. Bizni zaminga boğlab turgan oxirgi rişta ham çirt etib uziladi.

* * *

Afsuski, Abduvalining izdoşlari yöq edi. U özbek şeʼriyati sahnida toğday paydo bölib, ildizsiz qoyaday qulab ketdi.

Musulmon  NAMOZ

 

1962-yili tuğilgan. Toşkent davlat universitetning (hozirgi ÖzMU) özbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Uning bir qator adabiy-tanqidiy maqolalari va “Yulduzlar şamoli”, “Bahouddin Naqşband” kabi kitoblari çop etilgan.

2021/1

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (147)