Bolaligimda hamma narsadan qörqardim: qoronğilikdan ham, haşarotlardan ham, çaqmoqdan ham, tovuşlardan ham, şamolda çorboğimizdagi teraklarning ğiçirlab yerga tekkudek bölib qimirlaşidan ham. Ayam kula-kula, baʼzida esa koyib meni qörqmaslikka örgatardi. Qörqadigan heç narsa yöq ekanligiga işontirardi. Onalar özi şunday. Qöli kuysa-da kaftiga çöğ olib farzandining irodasini toblaydi…
Bir kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Javlon Jovliyevning “Qörqma” romani çop etilayotganligi haqida öqib qoldim.Dastlab asar nomi eʼtiborimni tortdi. Nima uçun “Qörqma”? Nimadan qörqmaslik kerak, kimdan qörqmaslik kerak, qanday qilib qörqmaslik kerak? Ijodkorning maqsadi nima özi? Onam, bolaligim yodimga tuşib ketdi…
Oradan heç qança ötmay ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarda asardan olingan iqtiboslar paydo böla boşladi: “Qörqoqni tuğmoqlik hali onalik emas. Mardlarning onalarigina onadir faqat”.
“Özligini bilgan odamning tarixi böladi, kimligini biladi. Bilmasa, hayvon böladi, qöy böladi, hayvoniy tarix böladi”.
“– Oğzingni oçma, tuproq! Bobomni öldirma, Alloh! – Bökirma, şunça yilini berdi, şukur qil. Faqat qizil otam bilan duç bölgim yöq. U dözaxda, men jannatga ötişim kerak. – Otangiz jannatda bölsa-çi? – Adolat sotilmaydi u yerda”.
Nihoyat, kitob sotuvga çiqarildi. Oldim. Asarni özgaça qiziqiş bilan öqiy boşladim. Birinçi eʼtiborimni tortgani – asar tili, uslubi böldi. Doimgi bir xillikdan yiroq ekanligidan quvondim. Xuddiki şeʼr öqiganday öqiysiz, ohangdor. Lekin yuki oğir. Har satri iqtibos bor. Har satrda bir savol. Savolki, bir kişiga emas, butun bir millatga, jamiki qalbga, mudroğ-u uyğoq yuraklarga beriladi. Közlaringizga, kökragingizga sançiladi bu savol. Özimga beradigan savolim qalaşib ketdi. Nima uçun öqiyapman, kim uçun öqiyapman, kimman özi, kim bölaman özi? Yurt qayğusi, millat qayğusi, jigarlar qayğusi bormi menda ham?
Bu asar isyon bilan, uyğoq vijdon bilan, mard yurak bilan, matonat bilan yozilgan. Bu asar hammani öylaşga majbur qiladi. Har bir darçaga toş otib bölsa ham körpa ostidagilarni uyğotadi. Asarda eʼtiborimni tortgan jihatlardan biri bu – romandagi ayollar obrazi. Voqealar rivojini aynan ayollar şakllantiradi. Hodisotlarni bir-biriga ulaydi. Balki bunda ramziy maʼno yaşirindir. Har bir vaziyatda ayollar jasorat körsatadi. Misol uçun talaba qizning otasi bilan vidolaşuv oldi suhbatini olaylik:
“– Qizim, öqişga borma!
– Burçim va ajalim – millat uçun öqimoq!
– Sen mening nomusimsan, qizim!
– Bir siz emas, millat otalari uçun nomusim – qasam!”
Uşbu sözlar bizni öylaşga undaydi. Bugun ham hamma qizlar şundaymi? Hamma qizlar ham katta şaharga öqiş uçun, öqiganda ham millat uçun, or-nomusini bayroq qilib, birovga böyin egmay, öz maqsadi, orzu-niyatlarida sobit qoliş uçun, ötkinçi hoy-u havaslarga berilmay öqiş uçun kelarmikan? Bugungi talabalarimiz orasida ham şunday qizlar bormikan?..
Asarda ayol xarakteri ham ahamiyatlidir.
“Momom inqillab guruçni katta toğorada sopi qilar va şu guruç donalaridan köp meni duo qilardi”. Onaning mehriga çegara qöyib bölmaganidek, uning duolarining adoğiga ham yetib bölmaydi. Yana bir örinda: “Onaning yoşli közlariga termulaman – bor dözax şu közlarga kirib olganday”, deydi. Farzandidan ayrilgan onani yana qanday tasvirlaş mumkin. Yoki: “– Bolajonim, özimning. Xöp qiynalganga öxşaysan, ovozing siniq, nimaga ön sakkiz soat uxlamading? Otang gapiraveradi, bir kun keyin olim bölarsan, uxlab ol vaqtida!” Ona hamişa farzandi uçun ğamxör. Nomard bölsa ham, vijdonsiz bölsa ham, nomussiz bölsa ham, xudbin bölsa ham bolasidan mehrini ayamaydi. Quçoğiga olib dunyo ğamlaridan panalaydi. Qörqmaslikka örgatadi. “Onalarning millati bir – mehr. Onalar bir millatga siğmaydi, ular osmondan tuşişgan”, deb yozadi adib. Men onamning onadan tuğilganligiga işonmayman. Onalar kökdan tuşişadi deb öylayman, hozir ham. Asarda ayollar millat dardini yelkasiga orta oladi. Bir juvonmard bölib, suyukligiga yelkadoş böla oladi. Suygani uçun, millati uçun farzandimga yaxşi taʼlim berişim, yaxşi tarbiyalaşim kerak, deydi. Mardlar döstini, qondoşini, yuragini, millatini sotayotgan paytda tanimni sotsam ham millatni sotmayman, deya oladi qahramon ayollarimiz. Qörqmay millat şaʼni uçun, millat işonçi uçun, xalq, maorif umidi uçun qiyinçiliklarga tik boqa oladi. Eng qiyin vaziyatlarda ham qasamiga sodiq qoladi. Nasroniy ayol ham, qahramonimizning momosi ham, Xayriniso ham, Lola, Asal, Marta, Mariya… hamma-hammasi butun bir asarni şakllantirib turadi. Körinmasa-da, voqealarni boşqara oladi. Qahramonimizning nasroniy ayol bilan suhbatini öqib yiğlagingiz keladi.
“– Alla qaysi tilda bölsin? Inglizçani ham yaxşi bilaman.
– Onalar tilida bölsin, qolgan narsaning ahamiyati yöq”.
Darhaqiqat, onalarning öz tili, öz kuyi, öz mehri, öz tafti, öz ohangi bor. U qaysi millat onasi bölmasin, ularning ÖZligi bor. Siz bilan biz bu suhbatni öqimaymiz, uni tinglaymiz. Qahramonlar bilan bir xonada, yonma-yon ötirgandek sezamiz özimizni. U nomussiz bölsa-da ayol, garçi tani, libosi isqirqt bölsa-da, hamma undan jirkansa-da, uning vijdoni pok. Ğururi bor! U ham ona bölişni, onalik tuyğusini his etişni, mehr berişni istaydi.
“– Alla aytib ölişni istaysanmi?
– Eng uluğ orzum şu”.
Töğrisi, bu sözlarni, bu tuyğularni qanday izohlaşni bilmayman. Nahotki, bir nasroniy ayolning, bir nomussizning eng uluğ orzusi – alla aytib öliş bölsa?! Nega alla aytişni orzu qiladi? Sababi nima? Sababi ayol, deysizmi? Yöq, adaşasiz. Atrofga boqing, ayollarni köring, kuzating. Hammasining könglida şunday orzu bormi? Baʼzilari farzandimning ovozini eşitmasam deydi, baʼzilari dam olişga borsam, farzandimsiz borsam deydi.
Nasroniy ayolga farzand kerak edi. U alla aytişni istardi. Onalik mehri uni bu qiyinçiliklardan, bu majburiyatdan, bu orsizlik, nomussizlik botqoğidan olib çiqib keta olardi. U özini anglab turgan edi. Tanamni sotsam-da millatimni, vijdonimni sotmayman deb turgan ayol edi. Uning matonati qalbida, vijdonliligida, mehrga, mehr berişga taşnaligida edi. Javlon Jovliyev bu romanda ayol qalbi, uning ruhiy keçinmalarini ustalik bilan ifoda eta olgan. Aynan şu jihatlar roman yutuqlaridan biri desak, yanglişmaymiz.
Yana bir eʼtiborimni tortgan syujet bu – “Şarq keçasi”da Amir Temur sağanasi qoşida tiz çökkan qiz. “Uning soçlari uzun”, deydi adib. Köz öngimizda çinakam özbek qizi namoyon böladi. “Nega qiz? Turkistonda erkakka qirğin kelganmidi?” deydi adib. Qiz: “Turkistonda bir mard qolmadi, hukmdorim!” deb yiğlaydi. Mardlar “menman” deb maydonga çiqişi kerak bölgan payt – millatini sotib turganda, yiğlamasinmi ayol? Vijdoni uyğonmasinmi? Qatordoşlari, millatdoşlari, xalqining vijdonini uyğotmasinmi? Nega aynan Amir Temurdan madad söradi, nega aynan unga arz qildi? Tiriklar, uni tinglaguvçilar yöqmidi? Bor edi, albatta. Ammo ularning vijdoni uyğonmagandi. Uyğongan bölsa-da qörqardi. Qörqoq edi bari. Mana şu qörqoqlar içida bir mard – Xayriniso içidagilarni ayta oldi. Bu faqatgina tomoşabinlar oldida qöyilgan sahna emas edi, bu – millatning asl yuzi, millatning haqiqati edi. Buni kim aytdi? Ayol aytdi, öşa zamonlarda ojiza, deb qaralgan, ular uçun öqiş şart emas, deyilgan, lekin qalbida ilm oliş olovi gurillab yonib turgan bir özbek qizi aytdi. Mana, adib ayollar siymosini qanday gavdalantirgan!
Mayerson sahnada turib qizlarni “savodsiz”ga çiqarganda butun zal ğazablangan edi. Bugun hamma özganing oldida şer, özining oldida-çi? Bugun hamma özidan qörqadi. Sababi nima? Sababi özini bilmaydi, özligini bilmaydi.
“…Siz yuzidan paranjini otayotgan qizlar ahvoli qanday? Ularga hurlik va ozodlik, ilm va ziyo bermoqlarini vaʼda qildingiz, qani öşa ilm, qani öşa ziyo? Paxtazorda paxta teriladi, ilm-u kitob emas. Siz ayollarni qoloqlik botqoğidan çiqarib, azobli mehnat, xörlik hojatxonasiga taşlab yubordingiz. Sizga dunyoni tanigan Şarq ayoli emas, kamxarj jonli maxluq kerak edi… Çunki aqlini tanisa, jonli ketmon bölişga könmaydi, bilasizki, ayollar uyğonsa, bu millatni eplab bölmaydi…” Sattor Jabbor naqadar haq fikrlarni aytadi. Ijodkor uning fikrlari orqali ayolning jamiyatdagi örni yuksak ekanligini eslatadi. Agar ana şu yetmiş talaba bugun bizning oramizda bölganda nima bölar edi. Baʼzida birgina odam bir qişloqni özgartira oladi, uyğota oladi. Yetmiş talaba-çi?! Töğri, ularga qiyin bölardi, ammo ular bu qiyinçiliklarni öz zimmasiga olgandi. Ular qiyinçiliklardan qörqmas edi. Ular na söz, na ölimdan qörqar edi. Yagona maqsadi ilm edi. Ular ilm orqali xalqini uyğotmoqçi, unga özligini tanitmoqçi, ozodlikka, erkka erişmoqçi edi. Qahramonimiz faqat qizlardagi yaxşi xulqlarni sözlamaydi. Yozuvçi qahramonimiz amakisining qizi, Lola, Asal timsolida ayol nomiga doğ tuşirayotgan qizlar borligini ham eslatib ötadi. Jamiyatning qusurlardan yiroq emasligini taʼkidlaydi…
“Siz har qanday diplomdan balandroqsiz, xonim”, – deydi qahramonimiz Murodiyning ayoliga. Bu özbek yigitining ayolga körsatgan ehtiromi nima uçun edi? Martava arzirmidi bunday iliq sözlarga? Menimça, arziydi: “Martava xonim qahva uzatarkan, közlarini turmuş örtoğidan uzmasdi. Uning boqişlarida şirin mehr bor edi”, “Murodiy qançalik jilmayişga urinmasin, kayfiyati yaxşi emasligini ayoli tezda payqadi. Unga mening maʼnisiz kulgilarimdan nima naf, sevganing yuzi yorişmasa, olamga quyoş çiqqani bilan zulmatligiça qolaveradi. Şuning uçun Marta uni ortiqça gapga tutmay, bizni xoli qoldirdi”. Avvalo, özbek yigitiga mehr bera olgani, unga bölgan sadoqatini saqlay olgani uçun, uni tuşuna olgani uçun, turmuş örtoğining Vatanini xuddi u kabi seva olgani, vatan hissi, erk-ozodlik hissini, haqiqatlarni asray olgani uçun ham u bunday iltifotga, balki undan ham ortiğiga loyiq edi… Şuning uçun ham Murodiy: “Menga bölgan muhabbati uning Vatani!” deya oldi.
48.14.25-a uy. Bu eşikning oçilişini qahramonimizdek yuragim hapriqib kutdi. Hayajon bilan, umid bilan kutdim. Oçildi! Faqatgina eşik emas, tarix, haqiqat oçildi! Lekin meni öylantirgan jihat nega aynan boşqa millat qizi oçdi bu haqiqatni? Lola-çi? Asal-çi? Ular ham oçişi, qidirişi mumkin edi-ku. Özga yurtda özligidan keçayotgan qizlarning xayoliga bunday mulohazalar qayerdan ham kelsin?! Aslida şu ikki qizning tarbiyasi, asardagi örni bu – qönğiroq. Qizlar uçun qiçqiriq.
Asardagi Marta, Maryam özga bir olam. Ularning tomirida özbekning qoni bor. Ajdodlarga, ularning merosiga bölgan hurmatini körib yiğlagisi keladi, odamning. Otasini unutmagan qiz özligini ham unutmaydi. Ular asardagi tugunni yeçib bera oldi. Otasining yurtdoşi, ota yurtidan bölgan yigitga qölidan kelgan bor yordamini ayamaydi.
Romandagi hamşira qizning samimiyligi, odamiyligi, beğuborligi, işqqa, muhabbatga töla nigohlari könglingizni ilitadi. U ham sevgini Vatan, Vatanni sevgi, sevgilisini ham Vatan, ham sevgi deb biladi. U ham Vatanga muhabbat bilan sevadi.
Qahramonimizga har yerda ayollar yöldoş böladi. Ehtimol, unga yöl körsatadi. Har bir ayol, qiz unga bir kalit tutqazayotgandek, göyo. Poyezddagi ayolning unga ğamginlik bilan tikilişida özbek onalariga xos bölgan barça tuyğular mujassam.
Men bu roman ustida köp öylandim, köp savollar berdim özimga. Atrofimdan yetmiş talabani izlay boşladim. Hammadan “Siz yetmiş talabani körmadingizmi?” deb söray boşladim. Qaraşlarim, maqsadlarimni özgartira oldi bu asar. Şuningdek bu asarda bugungi kunimiz, ötmişimiz va kelajagimiz haqida söz boradi. Til va milliy ğurur masalalari ham dadil aytilgan.
Bu asar – erk va qullik, haqiqat va xiyonat haqida. Bu asar – siz va men haqimda, özimiz, özligimiz haqida. Ölaymanki, bu roman öquvçiga kuç bera oladi. Uni uyğota oladi. Uni öylaşga majbur eta oladi.
Parizoda RÖZIBOYEVA
2000-yili tuğilgan.
Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti özbek filologiyasi fakulteti talabasi
2021/2
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


