10 daqiqada öqiladi

397 marta körilgan

Ajdar sayyorasi

Ajdar sayyorasi

(Hikoya)

– Oğa, özingga aytmay, elektron poçtangga yozib yuborayotganimning sababi bor. Buni muhimmas deb hisoblayman va umuman, biror kun poçtangni tekşirganda çiqqan bu maktubga unça ahamiyat bermassan, deya umid qilaman. Bilaman, hozir ruhiyatim izdan çiqib, kayfiyatning quliga aylandim. Sen esa uzoqdasan. Tasavvurimda sen öz muammolaringga qorişib yotgandeksan. Bolalikdan baland ruhiyatingga havas qilganman – har qanday holatda ham özingni yöqotmaysan. Ehtimolki, şunday taşvişlar sening töpiğingga kelmaydi va keçga Marmar dengizi sohillarida xuşhol yayov kezasan. Balki biror ofatijonning belidan quçib ketarkansan, quloğiga yoqimli sözlar şivirlaysan va u, albatta, orziqqança yelkangga boş qöyadi. Ha, senga havas qilaman, buni ming bora aytganman ham. Mayliga.

Voqea ötgan şanba kuni yuz berdi. Uyda edim. Birdan zoriqa boşladim. Ötgan safar senga havoda muallaq qotib qolgan quş haqida sözlagandim, yodingdami? U balki özining şu holatini idrok eta olar, biroq qölidan heç narsa kelmaydi. Buni yana jin bosişiga öxşatiş mumkin. Seni heç uyqungda jin bosganmi? Meni köp marotaba. Mana öşa holat – onging har doimgidan tiniq işlaydi, hatto devorsoatning bir maromda çiqillaşini-da eşitasan va bularning barisi uyqungda sodir bölayotganini anglaysan. Xuddi miyang va tana aʼzolaringni boğlagan tomirlaring butkul uzib qöyilganday his eta boşlaysan özingni – butun quvvatingni töplab uyğonişga urinasan. Bilasan, anglab turibsan, agar barmoğingnimi, kiprigingnimi qimirlatgudek bölsang bas, hammasi tamom: uyğonasan. Özimni xuddi şu holatda his etardim: oyoqlarim ostida quruq böşliq, çoh körinib turar, qimir etişga esa menda na majol, na işonç bor edi. Şu bois özimni qöyarga joy topolmay tipirçilab qoldim. Tobora beton devorlarning siqib kelayotgani, öpkam va ongimga havo yetmayotganini his qildim. Köça kiyimlarimni egnimga ilib, uydan şoşib çiqib ketdim. Hovliga çiqarkanman, yoz tafti ketmagan oftobda qayergayam borardim, deb öyladim. Keyin Çilonzor-Oqtepadagi anhor xayolimga keldi. Katta köçaga ötdim. Taksiga ötirib: “Qatortolga haydang”, dedim. Tösatdan sodir böldi bu. Kitob dökonlari haqida öyladim. Sentabr. Ehtimol, biron yengil ust-boş olarman, degan öy ham yöq emasdi. Qayga borişimning ahamiyati yöq, muhimi, şu holatimdan çiqişim, uyğonişim kerak edi.

Gipermarket oldida maşinadan tuşarkanman, xayolim sahro qumtepalari kabi böm-böş edi. Ança özimga kelib qolgandim. Yana özimning odam ekanim, mana şu olomonning – ular yengil ust-boş va niqobda edilar – bir bölagi, arzimas qismçasi ekanimni his qila boşladim. Içim ham ğalayonning bosilganidan tinçib qolayozgan, halovatsizlik biroz tarqagandi. Avvaliga kitob dökonini aylandim, söng kiyim-keçak bölmasiga ötdim. Oxiri, hafsalam pir bölib taşqariga çiqdim. Ensiz yölak böylab terilgan örindiqlardan biriga ötirdim. Sigaret tutatdim. Şovqindan könglim ayniy boşladi. Odamlarga teskari bölib oldim. Yana tutatdim. Şunda u paydo böldi – Jamşid. Ehtimol, ismi butunlay boşqadir, har holda u özini şunday taniştirgandi.

Tuyqus: “Брат, можно прикурит?” degan sas keldi. Örindiqda, qutining ustida sariq çaqmoq turgandi, öşani tutdim. U şabadadan pana qiliş uçun kaftini yoydi, yoqdim, tutatdi. Tutunni öpkasiga tortar ekan, allanimalar dedi. Rahmat aytdi çoği, men şunday hisoblab:

– Arzimaydi, – dedim.

– Iye, sizgayam örisçaladimmi?

– Heçqisi yöq, – şunday deb uning yuziga boqdim. Soqoli qirtişlangan, soçi kalta, qoraçadan kelgan qotma yigit. Nari borsa, sen tengi, degan töxtamga keldim. “Bu yerda hamma bilan örisça gaplaşişga töğri kelarkan”,  dedi özini oqlab va yonimga çökdi. Sigaretni labiga qistirib çuqur tortdi. Yölning ikki qismini töldirib, ğizillab qatnayotgan maşinalarga tikildi. Oğiz-burnidan tutun buralib-buralib kökka örladi.

– Tepada hamma narsa qimmat, arzisa, mayli ekan.

Boş irğadim.

– Ha, qimmat, ammo qizlari zör.

Uning közlari yondi:

– Uh, qizlarini aytmang… Jonni oladi!

Qölimdagi oxirlab qolgan sigaret qoldiğini şundoq oyoq ostidan ötgan beton ariqqa taşladim, ketidan boşqasini uladim. U esa atrofga alangladi, hozirgina aytilgan gapga isbot istadi, aksiga, hadeganda biron ofatijon ötavermasdi. “Ö, anavini qarang. Dahşat-u, a?! Egarri qarang, egarri. Bunaqalar rohat-da!” Qaradim. Yöq, unçamas, u taʼriflagandek huriliqomas. Buning ustiga, şalvirab qolgan, yoqimsiz. Ha, deganday boş qimirlatdim. U gap ayollarga köçganidan xursand edi, hozir yölning narigi betidagi töqqiz qavatlilarning biridagi jononning visoliga şoşayotganini sözlay ketdi. Boş irğab turdim. U esa qizning husni taʼrifini keltirişga söz izlaydi, qöllari bilan “egarini” körsatgan böladi, umuman, tinimsiz kaftini havoga sermaydi. Maşinalar tinimsiz ğizillaydi, ulkan çinorlar şovillab, taniş simfoniya yangraydi. Gapining yakunida ayollarga işonmaslik kerakligini uqtirdi.

– Ehtimol, – dedim. – Muhimi, özingizga işonçingiz.

Şu bilan bas qiliş töğrisida öylay boşlagandim – bunday maişiy mavzulardan zerikib ketganman. Ustiga-ustak, odamlar bir xil mavzuda (siyosat, ayollar, kiyim-keçak, yemak-içmak) soatlab vaqillaşini, seriallar qarşisida umrini ötkazişini tuşunolmasdim. Yaʼni singdirolmasdim özimga. Odam şu qadar bexavotir, beeʼtibor ötişi mumkinmi, degan öy keladi xayolimga. Hayot bizni çalğitişning doim uddasidan çiqqan va menda ham xuddi şunday böldi, çoği. Hayot hammaga öziga xos ravişda yondoşadi. Jamşid – u meni çalğitişga urinayotgan hayotning tili edi, nazarimda.

– Masalan, siz özingizga işonasizmi? – dedi u suhbatni yakunlaşni istamay.

– Ayollar borasida muammom yöq.

– Yöq, umumiy maʼnoda demoqçiman.

Mana buni mot qiliş deydi, oğa. Unga nima ham deya olardim, tuppa-tuzuk yolğonçi bölsam ham bunday savolga heç qaçon javob berolmaganman. Içimni itga tirnatişdan nima naf? Lekin köçada duç kelgan odamga havoda muallaq osilib qolganing haqidagi tasavvurlaringni aytiş ham u qadar töğri emas – bu qörquvlarimga yaqinlarim ham miyiğida kulib, çöpçak eşitgan kabi munosabatda böladi. Ehtimol, şunga men öz qobiğimga berkinganman va öşa qobiqdan turib hodisalarga munosabat bildirarman.

– Balki haqdirsiz. Qaysidir maʼnoda men özimga işonmayman.

– Töğri, hammamiz qaysidir maʼnoda özimizga işonmaymiz. Buyam yaxşilikkadir. Masalan, men, – u örindiq ustida turgan quti va çaqmoqni kötarib, çeksam maylimi, degandek işora qildi, boş irğadim, labiga bir sigaretni qistirdi, – men uylanişdan qörqaman. Oçiği, şu. Menga neça yoş berasiz?

– Sakson beşinçi yildirsiz?

– Sakson ikkinçiman.

– Öttiz…

– Öttiz sakkiz yoş, – u labidagi sigaretini öt oldirdi.

– Xudoning özi biror ofatdan asrayotgandir-da.

Kuldi. Ehtimol şundaydir, degan köyi boş qimirlatdi.

– Bir oğaynim bor, öşaning bitta zör savoli bor edi, aytaymi qanday?

– Ayting-çi.

– Qay biri baxtliroq – oxirgi odammi, oxirgi gorilla?

– Bu savolni biroz boşqaçaroq beriş kerak. Deylik, qay biri baxtsizroq, deb. Agar savol şunday bölganida, men, albatta, oxirgi odamda töxtalardim. Sönggi ekaningni anglaş dahşatning özginasi.

– Menimça esa gorilla baxtsizroq bölardi. Nega desangiz, odamni umid harakatga keltiradi, umid xomxayollar yaratadi, umid işontiradi. Sönggi odam xuddi birinçi odam kabi kimnidir topiş ilinjida yölga tuşgan bölardi. Hatto ölar çoğiyam tepasiga kimdir kelişidan umidvor bölib jon taslim qilardi.

Oğa, odamning olasi içida, degan gap haqiqat. Qara buni, körinişidan suyuq, uçiga çiqqan xotinboz-u, oçilib gaplaşsa, tuzukkina faylasuf, deysan. Yana kostyum-şim, oq köylak kiyib olganini-çi.

– Vaqtingizni olmasam, öşa oğaynimning boşidan ötganlarini aytib berardim. Rosti, u haqida bironta odamga gapirmaganman, odamlar meni qip-qizil jinniga çiqaradi. Siz – boşqa gap, körib turibman, meni özimdek tuşunasiz, qolaversa, ğirt begonamiz-ku, aytaman-u ketaman. Faqat sizga malol kelmasa bas. Aytaveraymi?

Boş irğadim. U oğaynisi haqidagi hikoyasini boşladi. Mana, öşa ğalati hikoya, senga uzilişlarsiz, eşitganlarimni töliq keltiraman.

– Xullas, ota-onalar dahşatli darajada şafqatsiz bölişini tasavvur qilmas ekanman. Baʼzan bolani asraş bahonasidayam uni alohida xonagami, qafas karavotgami soliş mumkin, bu hatto juda tabiiydek tuyuladi. Oğaynim esa orolda qolib ketgandi, buning ustiga, yolğiz. Tasavvur qiling-a, gödakni orolda qoldiriş uçun qançalar şafqatsiz böliş kerak. Ehtimol, bu haqida men keyinroq öylay boşladim, uning ota-onasi boşqa imkoni bölmagani boisdan, deylik, oğaynimning hayotini asraş vajidan şunday qilişga majbur bölişgandir. Boşqa tarafdan olib qaralsa, tanlangan joy juda ajoyib edi – yil böyi oftob, sap-sariq sohil va köm-kök ufq. Bunaqa jannatmonand yerda yaşaş hammaning orzusi. Oğaynim yigirma bir yoşigaça butun orolni aylanib çiqibdi – boya aytdim-ku, odamzodni umid olğa intilişga majbur qiladi, deb. Içki sezimiga köra sol yasaşga kirişibdi va ummon tölqinlariga özini topşiribdi. U menga ummonda boşidan nimalar ötganini sözlab bermagandi, bilganim – bir oy ötar-ötmay orolning narigi tomonidan çiqqan va dahşatli haqiqatni bilib qolgan. Bu mana şu oroldangina iborat u qadar katta bölmagan sayyora ekan. Va bu sayyorada oğaynimdan bölak jon yöq edi. U bundan şu qadar dahşatli umidsizlikka tuşibdiki, özining avvalgi manziliga borib ötirmay, şu yerdagi öngirlardan biriga kirib ketgan. Keyin kulmi, tuproqqami öxşaş allanima yoğgan, yoğgandayam tinimsiz bir fasl yoğgan. Oğaynim esa öz dardi bilan bölib, ğordan çiqmay yotavergan – özingiz öylang, umidi çil-çil singan odam köksini yerga berib yotarkan, qança vaqt ötgani haqida öylarmidi?! Közini oçganida zim-ziyomiş, yilt etgan narsa körinmasmiş; oğaynim xotirasiga tayanib ğor oğziga qarab ketibdi, oxiri öngir devori yakuniga yetgan joyda osmondagi tölin oyga közi tuşibdi – boşqa heç narsa yöq ekan, körinmasmiş. Öşa yerda kun çiqişini poylabdi. Xayolida bir neça kun ötgandek bölibdi, ammo tong otişi qayda deysiz, hatto oy ham öz örnidan jilmasmiş. Şunda u örnidan turib ummon tomon yurmoqçi bölibdi va köp ötmay ikkinçi dahşatli haqiqatni anglab qolibdi: u örada qolib ketgan, anavi olisdagi tölin oy esa, aslida, öraning oğzi ekan. Dahşat-a? Oğaynim qança payt öşa oyga tikilib yotgan bölsa – oxiri nima qilib bölmasin, tepaga çiqib olişga qaror qilibdi. Öra devoriga tirmaşib çiqişning imkoni yöq hisobi, şunda oğaynimning aqliga lahm kavlab yer ustiga çiqib oliş fikri kelibdi. Bundan taşqari, tuproqmi, kulmi – juda oson köçarkan, biroz urinsa bas. Xullas, özi siğadigan lahm kavlab içkariga örmalab ketaveribdi, bu orada panjalari qotib, xuddi yumronnikidek bölibdi. Keyinçalik olayotgan tuproğini orqaga surgalaşning iloji bölmagani uçun çorasizlikdan tuproq çaynabdi. Şundan söng tanasiyam evrilibdi, qöllari kaltalaşib, oxiri yöqolibdi, tanasi uzunlaşibdi, badanini mayda-mayda tangaçalar qoplabdi. Ha, topdingiz, ilonga aylanibdi. Tinimsiz yer ustiga çiqiş – erk umidida tuproq çaynayveribdi, bu heç tugamasmiş, özi esa bahaybat bölib ketibdi. Eşitgandirsiz, oddiy ilon yer ostiga kirib, qirq yil odam köziga körinmasa, ajdarga aylanadi, deyişadi, oğaynim neça mingta qirq yillikni ötkazib yuborgan bölsa… U kattalaşgan sari sayyorayam kengayavergan – xuddi tuxum kabi, tabiiy qafasdek. Biroq u öşa tuxumni yorib çiqişiga işonolmayman. Hozirga kelib, u butkul insoniyligini boy berdi, buning ustiga, umidiyam yöq. Har soniya tanini minglab yumronlar ilma-teşik qiladi. Xudo biladi, agar u yer ustiga çiqqanidayam quyoş taftiga doş berolmay, öz öngiriga tuşib ketardi…

Hikoya yakunlangaç, biroz dovdirab örnimdan turdim. Xayrlaşib olomonga qöşilib ketişga çoğlandim. Uzoq yurmadim, u ortimdan yugurib keldi.

– Keçirasiz, maylimi, bitta qönğiroq qilib olsam? – Şunday deb eski “Motorolla” telefonini körsatdi, bunaqasini körmaganimga ön yillar böldi-yov. – Quvvati ötirib qopti.

– Raqamni ayting, – dedim smartfonimni çiqarib. Qönğiroq tugmasini bosib uzatdim.

Onasi bilan gaplaşdi. Keç qolişini va telefonining quvvati tugaganini aytdi. “Qizil”ni bosib, telefonimni qaytardi.

– Xavotir olişadi. Bir iltimos, mabodo, qaytib qönğiroq qilgudek bölsalar, siz meni bu yerda uçratmadingiz. Çorsu atrofini aytavering. Qarang, şunça gaplaşibmiz-u, tanişmabmiz – ismim Jamşid, bekorçi bola ekan, deb öylamang, kiçikkina bölsayam biznesim bor – mana, – şunday deb qirmizi taşrif qoğozini uzatdi, – tomga metall çerepitsa kerak bölsa, bemalol boraverasiz.

– Uy kötarsam, tomini, albatta, sizdan sotib olaman, – dedim qoğozni çöntagimga solarkanman.

– Biron tanişingizga kerak bölsayam bemalol qönğiroq qilavering, tirikçilik, bir-ikki söm pulini çiqarib beraman. Yana bir çektirsangiz…

Quti va çaqmoqni çiqazib uzatdim. Tutatib tağin gap boşladi.

– Boyagining oxirini aytmabman – bil­ga­ningiz yaxşi-da: oğaynim endi çiqadimi-yöqmi, menga qoronği-ya, ammo uning öşa sayyorasini biz Yer deb ataşga örganganmiz. Böpti. Omon böling.

U qanday paydo bölgan bölsa, öşanday yöqoldi. Men esa hali-hanuz özimga kelolmayapman. Qörqaman. Havoda muallaq qotganim yetmagandek, endi oyoğim ostidagi çohda ulkan ajdar kulola bölib, tuxumini yorişga urinayotir… Yana, öşa ajdar oxir-oqibat taqdirga tan berib, tuxumi içida özini özi yeyişidan vahimaga tuşaman. Bundan ham battari, bu işoralarning nega mening hayotimda sodir bölayotganiga aqlim yetmayapti, Jamşid, hatto Sening ham mavjudligingga şubham bor – bu ongimning yangi öyinidek tuyuladi.

 

Alişer FAYZULLAYEV

1988-yili tuğilgan. Özbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

2021/2

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…