“Birinçi kitobim” loyihasi asosida çiqqan
Bek Alining “Men axir senman” kitobini öqib
Xalq oğzaki ijodini bilmagan, Alpomişdan hayratlanib, Göröğlini tinglamagan odam Bek Alining “Men axir senman” kitobini öqisin, baribir tuşunmaydi. Töğri, öynoqi ohangni his qiladi, sözlar jarangini, qofiyalar sadosini tinglaydi, ammo mağziga yeta olmaydi. Nari borsa şeʼrdagi falsafiy 2-3 gapni anglar, ammo tag zamirida yotgan inja tuyğularni his qilolmaydi. Bek Ali şeʼrlarida Gurkiboy bilan Mohiboyga öxşab telpaklari bilan mayxörlik qiladi, Alpomişday zindonda yotişni istab qoladi, Qultoyga toy tanlatişni, şahzodasiz saroyga sulton bölişni orzu qiladi. Ha, bugunning öquvçisi şeʼr öqiş uçun ham qaysidir maʼnoda, tayyorlanişi kerak, heç yöq, ota-bobolarining hikmatlarini quloğiga singdirgan bölişi lozim.
Bek Ali şunday şoir: u qanday şeʼr yozsam ekan deb öylanib ötirmaydi, qofiya izlab boş oğritmaydi, böğin sanab barmoq yummaydi, qalbidan otilib çiqqan bir qöşiqni avval tiliga köçirib kuylaydi, söng qoğozga tuşiradi. Uning şeʼrlarida ota-bobolarimizning ming yillik orzu-armonlari, turiş-turmuşi, kundalik taşvişlaridan tortib yuksak dardlarigaça joy oladi. U şeʼrlari orqali qaysidir xalq dostonining çala qolgan joylarini töldirgandek böladi. Yoki qaysidir bir lapar-u qöşiqlarni yangiça ifoda bilan kuylayotgandek tasavvur uyğotadi. Ifoda uslubi ham xuddi şunday quyma, öynoqi:
Qora tunning bağrin yorar it hurib,
Qora tunga bağrin yorar it hurib.
Yo qora tun it bağrida hurarmi?
Yo it qora tun bağrida öltirib…
Yoki şu şeʼrida yana şunday satrlar bor:
O, onam-a, bağring örtab doğlading,
Yöq, bağringni örtar edi doğlaring.
Larzon-larzon mevalari tökilib
Qaytişimni kutar edi boğlaring.
Eʼtibor qilyapsizmi? Xalqona ifoda usuli bilan onaning soğinçi, iztirobini bundan ortiq ifoda etiş mumkinmi? Xalqimizda kutaverib, közi tört böldi, içi tökildi, degan ibora bor. Larzon-larzon mevalari tökilib kutayotgan boğlar aslida ana şunday tökilib borayotgan ona köksining aksi emasmi?
“Men tuğilgan qişloq haqida tasvir”. Bu şeʼrni öqib, hamma qişloq bir xil bölarkan-da degan öyga bordim. Bek Ali tuğilib ösgan Samarqand emas, Surxondaryoning çekka bir qişloği tasviriga öxşadi. Çunki bizning ham qişloq haqidagi xotiralar, asosan, qiş vaqtiga töğri keladi. Tom boşida möridan tutun öralişi, muşukning peçka tagida bolalaşi, paxta çigitlab ötirgan onaning hazin ertaklari, qarğalarning sovuq qağillaşi… Bari-bari bolalikning dilni orziqtiruvçi ertaklari bağriga singib ketadi. Şuning bilan birga, eng beğubor xotiralar qaʼriga ham.
Menda tilmas yaproqlar,
Yurak zarbin çaladi.
Mening qişloq haqida
Ertaklarim qoladi.
Yoğoç eşik ortida
Katta hayot kutgani
Derazaning oldidan
Vatan ötib ketgani…
Bular murğak gödak tasavvurlari, katta hayot haqidagi dastlabki öylari. Qişloq haqida öylaganda köpçilikning xayolidan ana şunday tasvirlar ötişi tabiiy. Ammo buni gözal bir lirikaga solib, özgalarga-da yuqadigan ifodada aytiş şoirning asl mahoratidan darak.
Bek Alining Vatanni alqab, uning şaʼniga madhlar keltirib yozgan şeʼri yöq. Ammo deyarli barça şeʼrlarida turfa tasvirlar, majoziy iboralar, işoralar orqali vatanparvarlik, sadoqat, millatsevarlik kabi tuyğularni berib ketadiki, bu odatiy madhiyalardan köra kişiga yuqimliroq, taʼsirliroq böladi. Jumladan, “Uyga vazifa” şeʼrida tunda çiroq öçib qolgani uçun dars tayyorlay olmagan bolaning ustoziga qişloğining oğir holidan söz oçişga yuzi çidamagan, jimgina dakki eşitgan holati juda taʼsirli çiqqan. Şeʼr sönggida öşa bolakay men edim, deya tan olgan şoir “Vatan agar dözax bölsa ham, Özgalarga sotib bölmaydi”, satrlari bilan öqirman yuragini nişonga oladi va öylaymanki, bexato uradi. (Agar yurak ölmagan bölsa…) Bu bugun turmuş taşvişlaridan nolib, jamiyatda öz örnini topa olmasdan çet ellarga işga ketib, Vatani haqida turli iğvolar tarqatib yurganlar uçun bir saboq bölsa, ne ajab.
Baʼzi ijodkorlarda qofiyaga zeb beraman deb maʼnodan çekiniş hollari köp uçraydi. Bunda ohangdorlik va öynoqilik maʼnodagi qusurni ham qisman yopib ketgandek böladi. Ammo Bek Alining şeʼrlarida unday emas. Gözal şaklga mos maʼno mujassamki, uni anglab, tuşunib oliş öquvçining estetik didiga havola qilinadi. Dunyo falsafasidan boxabar şoir olam va odam haqidagi xulosalarini gözal ifodalar vositasida akslantiradi. Jumladan, “Bu olamni tuşunmaysan, Keçmay turib to özingdan”, “Özimga eng katta jazo özimman”, “Gar oşiq bölmasa, bulbul balodir”, “Xudoga bir hovuç tilovatim yöq – Ölsam, öxşamayman ölgan odamga”, “Onamga kuz qoldi, otamga Xudoy”, “Yaşadingiz öşa-öşa, Sizni kömar öşandayin”, “Kimlar kimga aylanar, Men yerga aylanaman” kabi satrlarni şunçaki öqib ketib bölmaydi. Köksingizdagi muştdekkina aʼzoning qon haydaşdan ham bölak işi borligini eslatib qöyadi göyo.
Bek Alining şeʼrlarini içingizda öqiyolmaysiz. Uni baralla ovoz çiqarib, kerak bölsa, baqirib, hayqirib, ammo öz ohangiga solib öqiş kerak. Zotan, kitobdagi barça tizimlarning öz ohangi bor. Ohangiga solmasangiz, tuşunmaysiz, anglamaysiz şoir nima demoqçiligini, lirik qahramon holatini. Agar imkoni bölsa, barça şeʼrni Bek Alining öziga öqitiş kerak, öz ohangi, nağmasi bilan. Inçunun, har qanday doston ham baxşi dömbirasi navosiga tuşgaçgina tilga kiradi, yurakka yetib boradi. Ayniqsa, “Anglaş”, “Gulijon”, “Men senga teatr qöyib beraman”, “Kosagun şoirning aytganlari” kabi bitiklar avval ohangi, keyin sözi tuğilgandek, nazarimda. Bu şeʼrlarni ovoz çiqarmay öqib köring va keyin ritmiga solib, badiiy ijro etib boqing. Qay birida köproq maʼno anglaysiz? Albatta, ikkinçisida.
Masalan, xalqona ruhda yozilgan “Kosagun şoirning aytganlari” şeʼrida har bir bandning öz vazni bor. Birinçi bandda ritm 4+4 şaklida kelsa, ikkinçi bandda 2+6 şakliga kiradi va bu öziga xos ohangdorlik bağişlaydi. Undan keyingi bandlarda ham şunday ritmdagi turfalik şoir ruhiy holatiga hamohang ayriça ohang kasb etadi. Bir qaraşda ritm, vazn buzilgandek tasavvur uyğotsa-da, bu aşʼorning öqiliş darajasini, tempini oşiradi.
O, dilbarim, nahot sening
Keçmoq sönggi çorang bölar.
Uçov telpaklarim,
Mening
Bilan
Qöşsang,
Çortang bölar.
Kuntuğmişday qalandarman,
Ovozimni unim böğmiş.
Qaysi kuni böza topsam,
Öşa kuni kunim tuğmiş!
Bek Alining şeʼrlarini öqib, özi ham köp mutolaa qilişini, tinimsiz izlanişini seziş mumkin. Bu izlaniş va maşqlar natijasi ölaroq xalqonalik hamda anʼanaviylikning oltin örtaliğini topib, öziga xos uslub yarata olganki, kitobdagi har bir şeʼr muallifi aynan Bek Ali ekanini aytib turadi. Ammo şu bilan bir qatorda, ayrim kamçiliklar, juʼziy xatoliklar ham ötganki, bu kitobdagi şeʼrlarning baʼzilarini yana bir qayta işlab, maromiga yetkaziş lozimligini bildiradi. Aslida, ijodkor öz asarini qayta öqiganida yangilab, kamçiliklarini töldirib borişi uning yanada takomilga erişişida muhim hisoblanadi.
Xalqona ruhdagi şeʼrlarda ohang birinçi öringa çiqadi. Töplamdagi şeʼralarda uçraydigan asosiy kamçilik esa aynan qofiyalardagi qusurlar bilan boğliq. Jumladan, “Tengqurlarimga maslahat” şeʼri anʼanaviy barmoq vaznida bitilgan. Uning qofiyalanişiga eʼtibor qaratamiz. Birinçi bandda a-b,s-b tarzidagi qofiya berilgan. Ikkinçi va uçinçi bandda ham xuddi şunday. Ammo törtinchi bandda a-a,b-a tarzida, beshinchi band esa a-a,a-a tarzida qofiyalangan. Sönggi band esa a-b,a-b shaklidagi qofiyaga ega. Bu şeʼrning ohangiga bir qadar taʼsir etgan.
“Qizimga maktub” şeʼrida ham qofiyadagi turfalik közga taşlanadi. Şoirning tizgin bilmas tuyğulari har qanday şakl-u şamoyilni pisand qilmaydi, qolipga tuşmaydi, deyiş mumkin, ammo anʼanaviy uslubda yozilgan şeʼrlarda qofiyaning ğalizligi, bir xil ritmga ega bölmasligi darrov seziladi, öquvçining biroz ğaşiga tegadi. Bunday turfaliklar, işlanişi kerak bölgan qofiyalar töplamda bir qança topiladi. Ularni şoirning özi öz ohangiga moslab, joyiga tuşirsa, juda maqbul bölar edi.
Girş degan amerikalik faylasuf badiiy matnni tadqiq etar ekan, “Matnning asl maʼnosi men anglagan maʼnodir”, degan töxtamga kelgan edi. Xuddi şunday, kişilar özlari anglolmagan narsani bemaʼnilikka yöyib qöyaveradilar. Şunday ekan, örni kelganda kitobdagi baʼzi bir “tişim ötmagan” jumlalarni ham aytmasam bölmaydi. Dastlab, “Samarqand” şeʼridagi quyidagi bandga nazar taşlaylik.
Temurbek qöşinlari tilloga töygan ekan,
Ğalaba-yu ayol-u urhoga töygan ekan.
Bir savol qiynar faqat, yori qolib ikkiqat
Tuğilgan farzandiga qanday nom qöygan ekan?
Sendan nişon axtarib, közim toldi, Samarqand!
Suratimni kötarib bolam qoldi, Samarqand!
Dastlabki ikki banddan anglaşiladiki, Amir Temur qöşinlari faqat ğalaba qilib, tillolarga kömilib, bazm-u jamşidda yaşagan. Ğalaba qilgan joyida ayollar bilan maişat qilib, urho-ur qilgan, demakki, xalqqa zulm qilgan, talagan. Bu qançalik haqiqatga töğri keladi? Keyingi bandlardagi ikkiqat yorining qolib ketgani va unga qanday ism tanlagani borasidagi savolomuz ifoda nima maqsadda şeʼrga kiritilgani şaxsan menga juda qiziq. Ammo maʼno çiqara olmadim (muallifdan uzr sörayman).
“Olis makonlarda bölib faromuş” satri bilan boşlanadigan şeʼridagi “O, tongman – uyğonib sizlaysan meni” jumlasiga yuklatilgan maʼnoni ham anglay olmadim. Tongni nima uçun sizlaş kerak? Senlasa, tong xafa böladimi? Buning örniga “O, tongman – uyğonib sezgaysan meni” qabilida işlatilganda, balki, keyinga bandlarga ham boğlangan bölardi.
“Singlimga maktub” şeʼri ham xalqona uslubda, gözal taşbeh-u istioralarga boy tarzda yozilgani bilan eʼtiborni tortadi. Ammo şunday dardli, zalvorli şeʼrning törtinçi bandida “Yaraşgaymi qizğonişlar pul yöğida” satrining berilişi bitikning yengillaşib ketişiga sabab bölgan. Axir, raşk, qizğoniş pulga, mol-dunyoga boğliq tuyğu emas-ku. Töğri, bu jumlani kinoya, piçing deb qabul qiliş ham mumkindir. Ammo bunday mavzuda piçing qiliş şoir tili bilan aytganda yaraşmaydi.
Odatda, birinçi kitob havaskor şoirning bitiklaridan iborat böladi. Bek Ali esa yetilgan çinakam şoirga aylanib ulgurgan. Yoşi ham öttizni qoralab borayotganini hisobga olsak, kamida 300–400 betli töplamlar, yirik dostonlar yaratiş yoşida, şoirona aytganda, avji pallasida. Döstimizdan ana şunday qalin-qalin, maʼno-mazmuni undan-da zalvorli kitoblar kutib qolamiz.
Bekzod IBRAGIMOV,
Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat
özbek tili va adabiyoti universiteti magistranti
2021/4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


