* * *
Umrning yana bir quyoşi botdi.
Mana, ey qurbonlik söragan osmon.
Ismi Qizil dengiz lojuvard tortdi.
Qöllarini çözib keldi men tomon,
Qöllarini çözib çökdi-ku Quyoş –
Sirlar sarvatidir Tangrimning mulki.
Qöy meni…
Bermaysan neçun osoyiş:
U quyoş, u dengiz Sen eding balki.
Muhlikdir, muhlikdir böhton zarbasi.
Tilarmen yodingni unutmoq faqat.
Baʼzan sönsa deyman aql şuʼlasi –
Sönsa edi deyman qilolmay toqat.
Manguday bir kuç bor… Kimman qoşida?
Nimadir soçadir ajaldan yomon.
Mozoriston kabi sokin-osuda
Yöllar ilikkaça sördi beomon.
Unutmoq umidi yaşatar meni.
Bu yon haydab keldi nokomlik, sabr.
Quyoş, tuğilmoqni örgat har kuni,
Singan ruhiyamga yangi bir şavq ber.
Toğday qoyim turgan ilohiy suvlar,
Mardud firʼavnni tuflagan dengiz,
Men Sizni taniyman!
Yengmay qayğular
Azaliy ruhimga qaytaring hargiz.
…Çökkan quyoş sori termulaman jim.
Bir taniş kuy içra jismim çayqalar.
O! menga ergaşib keldilar balkim.
Aylanib raqs etar darveş şamollar:
“Özi suygan oşiqlarin sarson qilur”…
“Özi suygan oşiqlarin sarson qilur”…
1937
Tongmidi ul – yulduzlarni öçirgan ul tong?
Oldingizdan otdilarmi, hazrati Fitrat?
Orqangizdan otdilarmi, hazrati Çölpon?
Boşingizdan otdilarmi, Qodiriy hazrat?
Yuragingdan otdilarmi, kun körmagan xalq?
Közlaringdan otdilarmi, mağlub Turkiston?
Böğzingdan yo otdilarmi, ey ehmolga ğarq?
Jigaringdan otdilarmi, xuni zaʼfaron?
Öng yoğingdan otdilarmi, oğriq jigarim?
Kökragingdan otdilarmi, ey xoki turob?
Söl yoğingdan otdilarmi, yuragim manim?
Peşonangdan otdilarmi, yulduzin körib?
Çal, ruhingni yemirmasin közi kör hasad,
“Şaşmaqom”dan qadimroq bir kuyingdir “Uyğon”.
Musiqorsan, ming yeridan teşilgan jasad.
Bahri jadid nafasdursan, ey çiqmagan jon!
Arafa
Hademay osuda tortadi quyoş.
Zaminni öraydi gulday havolar.
Olis keçalarda bamisli köz yoş
Oqib kelaverar ğamgin navolar.
Olis keçalarda uzooq-uzooqdan
Oy nurida yölga tuşadi kimdir.
Erigan zumradlar oqqan soyloqda
Balki mahzun bölar, çökmaydi köngil.
Ayvondan qaraysan xotirfaromuş:
Tuproqqa tuşgunça öynar xazonlar.
Qaydandir sokinlik, yot bir osoyiş
Ruhingda suzadir moviy oqşomlar.
Har jism şaffofday…
Qaʼda içinda
Köksingga termulib, çekursan iyzo.
Behuda umidlar qiynamas endi.
Boriça anglaysan – ne bölsa dunyo.
Hademay azaliy sokinlik inar.
Munojot aytasan subhi kozib payt.
Köklardan ilohiy bir nafas enar:
“Söragil, söragil… söragil faqat…”
* * *
Xuş ölsin har daming, ey xalq!
manim ozurda holim bor:
Ğaroyib xastayam man,
ayşi dunyoga malolim bor.
Seningdir puşti ranglar!
Men balo sahrosida.
Ğamimdan alhazar etma,
manim ğamda kamolim bor.
Qilur men birla bahs soğlar,
“Bu işq sirrin bayon etsam”,
Nari jamʼiyatingdan tut,
jununsavdo xayolim bor.
Gahe qulluq, gahe isyon,
gahe faryod, gahe tavba!
Gahe yovvoyi kulgular,
gahe yovvoş zilolim bor.
Judoliğ – bezavolim bor,
umid otliğ zavolim bor,
Judoliğday zavolim bor;
umidim – bezavolim bor.
Manam afsonayam, ey xalq!
Manam baytul hazan qurdim!
Ism sayyodlarin saydi –
hazin yusufjamolim bor.
Uzun yiğlarmanam, ey xalq!
Fuzun yiğlarmanam, ey xalq!
Bu yiğlaşlarga had yöqday –
içimda ehtimolim bor.
Qizilgul bargiga boqğil,
öqursan munça savdolar –
Közimga bosganim yerda
parişonim römolim bor…
* * *
Buvi, buvi! Tuşimga bir quş kirdi.
Huşdan ayru yodimga yo tuş kirdi.
Eski hovli. Yulduz, Quyoş, Oy kirdi.
Tuni bilan şovullagan soy kirdi.
“Payğambarning ön bir öğli bor edi.
Ön biridan Şohyusuf gulzor edi”…
Osmon yaqin. Eski hovli keng edi.
Har yulduzi bir quyoşga teng edi.
“Şohyusufni ovga olib çiqdilar”…
Töxta! Osmon ustimizga yiqilar!
Yetar! Murğak dilim töla zor edi.
Suv zarbidan diydiragan tol edi.
Nahot, qörqmay “böri yedi” desalar?
Şafqatsizmi hamma gözal qissalar?
Eski hovli quduqdanam tor böldi.
Karvon kelmay, ufq uzun dor böldi.
Yoydi – tongning köylaklari ol böldi.
Oh dey desam, nafaslarim şol böldi…
Men bilaman, buvi, hanuz uyğoqsan.
Suzgan bulut, daryo, tirik tuproqsan.
Gulçanglarni olib uçgan şamolsan.
Suvlar uzra hovurdayin xayolsan.
Yoğolmayin, maʼyus tuşgan tumansan.
Qizğaldoqsan – qir uçinda kulgansan.
Tuni bilan şovullaydi soy hanuz.
Sojidadir navqiron ul Oy hanuz.
Hanuz qissang içindaman… Bağrim çöğ.
Endi “qörqma…” demakka bir Sendek yöq.
Men bilaman, uyğoqdirsan… Gohi dam
Söz deysan-u, ovozing yöq, şafiqam.
Qaçon ohsiz yerlariga yetarman?
Yakuniga yetmay oyo ketarman?
Quş edim-a… Şol ayladi ğussalar.
Qayğulimi hamma gözal qissalar?
* * *
Ilk odamsiz. Odam Atosiz.
Havvo edim – kezdim darbadar.
Mağrurda-yu, titrar sadosiz
Oyişadan qolgan teraklar.
Men – xatoman, tarixiy xato.
Rutbam vale bunçalar baland.
Mubayyanman ilohiy aro.
Siz – Isosiz, men – Bibi Maryam.
Siz – nabiysiz, jamʼi rasulsiz.
Bir nizomkim, hikmat ilğadim.
Bu olamdan qadimroq nursiz.
Men yiğlasam, Siz deb yiğladim…
* * *
Bilmam, ibtidoyim mening qay sari,
Balki, Iskandarga zamondoş edim.
Yöl yurdim. Möl yurdim. Ertakday bari.
Sayyor bir toş edim, soyir loş edim.
Ne-ne maʼvolarda kezdim sargardon.
Daryo şarqiradi jarliklar aro.
Bösa-la işorat berdilar pinhon.
Ehtiros içidan boqdim beparvo.
Bodomlar gulladi qiş çiqmay hali.
Kuz – xazon, özini yoqdi ğaramlab.
Umrdan ne edi muddao-maʼni?
Bilmadim. Yöl bosdim.
Va bir tun… Yorab!
Taqqa-taq töxtadim.
Kötardim boşim.
Rangin yonar edi oy-u yulduzlar.
Jismimga urildi ming bitta yaşin,
Zamzama boşladi yaqin-olislar.
Qay manzil edi bu?
“Bizning Arafot” –
Bulbul lahjasida keldi bir javob.
Tomirimga siğmay yugurdi hayot.
Köz yoşlar yuzimga tortdilar hijob.
Darz ketdi yuragim. Boqdim öşandan.
Voajab! Şamol-u quyoş, suv edim.
Yetti qavat osmon pardalaridan
Men Seni tanidim…
Tanidim…
Nodira OFOQ
1966-yilda tuğilgan. Buxoro universitetida tahsil olgan. “Bahorning boşlanişi”, “Arosat fasli”, “Köngil şevasi”, “Söz ayvoni”, “Qora navo”, “Vatan darslari” kabi töplamlari naşr etilgan.
2022/3
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida