Oqquşim
Oqquşim, oppoq quşim,
Közlari munçoq quşim.
Munça maʼyus yiğlaysan,
Dardi beadoq quşim.
Oqquşim, oppoq quşim,
Yuragi qadoq quşim.
Sendan keçib bölmaydi,
Seviş-da gunoh, quşim.
Oqquşim, oppoq quşim,
Sevgi çöng qiynoq, quşim.
Qölimda tutolmayman,
Qölimda titroq, quşim.
Oqquşim, oppoq quşim,
Dilbarim, dilxoh quşim.
Ayriliq taqdirimiz,
Yöq bizga panoh, quşim.
Oqquşim, oppoq quşim,
Qalbim töla doğ, quşim.
Ölgim keladi mening,
Yiğlasang uzoq, quşim.
Qanotli odamning qöşiği
Qanot bilan yaşaş qançalar qiyin,
Agar odam bölsang, undan ham oğir…
Na-da samoliksan
Va na-da yerlik,
Muhojir singari umr körasan.
Döst bölolmas senga burgut, kalxatlar,
Ular juda mağrur,
Balandparvoz, ör…
Kakliklar ham senga eş bölolmaydi,
Ularning taşvişi qorin, don, tuzoq.
Qanoting bor, ammo uça olmaysan,
Undan dahşatliroq insonlik – qullik.
Jim yaşaysan faqat mahkumlar kabi,
Uçqur nafasingni içingga yutib.
Ulkan qanotingni qöltiqqa urib,
Örmalayverasan odamlar tomon.
Parvoz zavqi bölsa ölimdan kuçli,
Parvozsizlik erur ölimdan badtar.
Sarqit istak bilan töyadi qorning,
Uvada tuyğular örtaydi baʼzan.
Siniq qanotingni körar odamlar
Ölganingdan keyin. Faqat juda keç…
Sen bilan…
Sen bilan baxtiyor baxtsizman,
Podşohman va lekin taxtsizman.
Tirikman, sen bilan ölikday,
Ölikman, sen bilan tirikday.
Yolğonsiz yolğondir sözlarim,
Fiğonsiz fiğondir sözlarim.
Köngilsiz köngilli zobitman,
Toatsiz işparast obidman.
Jilovsiz jilovdir muhabbat,
Sinovsiz sinovdir muhabbat.
Sen bilan hisobsiz azobman,
Sen bilan azobsiz hisobman.
Şoşaman sen tomon, yölim yöq,
Ming bora quçaman, qölim yöq…
Sen bilan baxtiyor baxtsizman,
Podşohman va lekin taxtsizman…
Sen baribir menikisan…
Kunlar, oylar, yillar soldi örtaga firoq,
Men çidadim, sen çidading, bizda köp toqat.
Bir qarasang, begonaday yaşaymiz, biroq
Sen baribir menikisan, meniki faqat.
Goh jilmaygim, goh yiğlagim kelar alamdan,
Qalbimizni anor kabi siqar muhabbat…
Ming yil izla, mendaqasi yöqdir olamda,
Sen baribir menikisan, meniki faqat.
Zulfizarim, bu ğamlarga bejiz tölmading,
Bekorgamas bunça alam, bunça sadoqat.
Mensiz yaşab-yaşamading, ölib-ölmading,
Sen baribir menikisan, meniki faqat.
Men kirmagan tuşlaringga kirsin yovuz dev,
Soğin meni, soğinçlar ham buyuk bir davlat.
Mendan keçib, bor, xohlasang mingtasini sev,
Sen baribir menikisan, meniki faqat.
Seni desam, beqarorlik şavqdir, oromdir,
Qayga ketma, qalbingdaman abadulabad.
Mensiz ötgan har bir oning senga haromdir,
Sen baribir menikisan, meniki faqat.
Hazrat bobur ğazaliga taxmis
Qaddi niholim, ber menga imdod,
Könglim uyini qil özing obod,
Qiynama ortiq, közlari sayyod,
Ey yuzi nasrin, qomati şamşod,
Neça qilursan jonima bedod.
Sözlari aşʼor, odati ozor,
Yuzlari gulzor, soçlari zunnor,
Aylama noçor sen yana, dildor,
Sen kibi purkor, şevasi bisyor,
Bilmadi, ey yor, heç kişi yod.
Sevgida oxir Zuhra-yu Tohir
Etdi-ku taqdir, örtama, sohir.
Ahvolim oğir, tut menga çoğir,
Javrda nodir, zulmda mohir,
Işvada qodir, ğamzada ustod.
Jomi Jamidin, dil sitamidin,
Raşk damidin, husn şamidin,
Xol raqamidin, qoş qalamidin,
Yor ğamidin, hajr alamidin,
Sabr kamidin nola-yu faryod.
Şokila kokil işqida qoyil
Ötadi oy, yil, dil söra, oqil.
Davlati ğofil, kel, işi odil,
Boburi bedil, ey buti qotil,
Javrunga moyil, zulmunga muʼtod.
Davlatjon Karimov
1991-yil tuğilgan. Özbekiston Milliy universitetining Özbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
2023/4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida