Sizningça, odam qanday qariydi? Yoşi ulğayadi, tani töziydi, şundaymi? Yöq, topolmadingiz? Bilsangiz, odamni odam qaritadi!
– Seytekni yaqin orada kördingmi? – söradi Mustafo bir maʼrakada uçraşib qolganimizda mendan.
– Yöq.
– Beçora juda qarib, çökib qolibdi.
– Qanaqasiga? Uçovimiz institutda birga öqidik. Sen bilan men dingillab yuribmiz-ku?
– U armiyadan kelib öqişga kirgan edi-ku! Şuning uçun uni “starosta” qilib saylagan edik.
– Bor-yöği ikki yoş katta edi. Demak, ikki yildan keyin biz ham… – u yoğini gapirişga tilim bormadi.
– Kim bilsin, – dedi u boş çayqab. – Xullas, borib körib qöyganing maʼqul. Keyin armon qilib yurma.
Mustafoning gapiga qaraganda, Seytek köpga bormaydiganga öxşaydi. Beş yil bir tişlam nonni bölişib yegan edik, keyinroqqa qoldirişga vijdonim çidamadi. Ertasi kuni tong azonda yölga tuşdim.
Mustafoning aytganiça bor ekan. Seytek menga közi tuşib örnidan turmoqçi bölgan edi, kampiri tizzasidan bosib joyiga qayta ötqazdi:
– Yiqilib tuşarsiz, ötiring.
Men tiz çökib, u bilan salomlaşdim. Boyoqiş quçoq oçgani bilan örnidan turişga holi kelmadi.
– Seytek jöra, bu nima ahvol? – dedim salom-alik qilib, bir çoynak çoy içib olgandan söng. – Oğrib qoldingmi?
– Xudoga şukr, tani-jonim soğ, – dedi u ovoziga kuç berib.
– Unda nega qöling qaltiraydi? Yoki… köp içayapsanmi?
– Xudoga şukr, bunaqa işlarni yiğiştirganimga ança böldi.
Men bu yoğiga nima deyişni bilmay, unga savol nazari bilan tikildim.
Seytek nuri qoçib qolgan közlarini mendan olib qoçdi.
– Yaqingaça köp qatori öz suyagimni özim kötarib yurgan edim, – deya gap boşladi u birozdan söng. – Töğrisi, meni odamlar xarob qildi. Manavi kampir ham şularning qatorida…
– Bu kişi dardini ham birovlardan köradi, – deb uning xotini yuzini ters ögirib oldi.
– Töğri-da! – Seytek biroz nafasini rostlab olib, gapida davom etdi. – Özing bilasan, odam yoşi ötgan sari quşuyqu böp qoladi. Azonda kampirdan bir, bolalardan ikki soat burun uyğonaman. Hamma dasturxon boşida jam bölgunça qöl qovuştirib ötiramanmi? Mol-holga, ekin-tikinga qarayman. Bir kuni ertalab qovun polizini ketmon bilan çopiq qilayotgan edim. Kimdir:
– Seytek oğa! – deb çaqirdi. Bundoq qarasam, Tursunboy degan inimiz çelning boşida qaqqayib turibdi.
– Bu yoqqa keling! – dedi u.
– Tinçlikmi?
– Kelavering!
Bordim.
– Sizda kampir yöqmi?! – dedi u salomlaşiş uçun qöl uzata turib.
– Bor, – dedim hayron bölib.
– Öğillar yöqmi?
– Bor.
– Qizlar yöqmi?
– Nega bunça tergab qolding, Tursunboy inim? Tinçlikmi, işqilib?
– Oğa, yoşingiz payğambar yoşidan oşdi, bundan bu yoğiga dunyoning tubiga yetmoqçimisiz?
– Tagini çopsak, qovun yaxşi pişadi-da…
– Ey, padariga laʼnat şu qovunlarning! Şu yoşgaça qora mehnatning tagida yaşaganingiz kammidi?
Tursunboy şu gaplarni aytdi-da, katta işni qoyillatganday ortiga burilib jönadi. Men anqayib qolaverdim. Uning aççiq-tiziq gaplari yuragimga botib ketdi. Ketmonni bir çekka otib yubordim-da, uyga kirib yotib oldim. Şu böldi-yu, qovun polizi çopilmay, mollarning tagi tozalanmay qoldi. Eşakning oxuriga vaqtida öt solinmadi. Sabrim çidamay taraddudlanib turaman-da, Tursunboyga öxşagan bitta-yarimtasi kelib qolib, daşnom berişidan hadiksirab özimni tiyaman. Bolalar bilan kelinlar işda, kampir bola boqişdan ortmaydi.
Bir kuni ovulda maʼraka böldi. Pişqirib turgan sur eşagim bor edi, özing ham bir-ikki marta körgansan. Şu jonivorni egarlab, maʼrakaga minib bordim. Uyning oldidagi stolda Pirimbet, Gulman, Şerboy – uçalasi ötirgan ekan. Darvoqe, sen ularni tanimaysan.
– Senda öğil yöqmi? – dedi Pirimbet.
– Xudoga şukr, bor, – dedim qovoq uyib.
– Borligini biz ham bilamiz. Bir bolangda “Neksiya”, boşqasida “Lasetti”, sening bu yurişing nimasi? Şu zamonda eşak minib yurgan odam qoptimi?
– Nima qipti? Eşak özimniki…
– E, qöysang-çi!
– Undan köra bolalar gapimga kirmaydi deb töğrisini aytaver!
– Özi, Seytek bolalarini yoşligidan erka qilib östirdi. Mana, oqibati.
Xullas, ular meni “bolalarini durust tarbiyalamagan, qartayganida ham jonining rohatini bilmaydigan jonsabil”ga çiqarişdi.
Ovulda Ötaboy degan qariya eşak arava axtarib yurgan edi. Ertasi kuni “Aravasini özingiz topib olarsiz”, deb eşakni şu odamga berib keldim. Eşakka öt beriş, dalaga boğlab keliş, suğoriş men uçun yaxşigina ermak edi, şundan ham qutuldim.
Bir kuni keçqurun turmuşga çiqib ketgan qizim mehmon bölib keldi. Kurka söyib, jöxori gurtik pişirtirdim. Ovqat pişgan mahal örnimdan turayotgan edim, qizim sörab qoldi:
– Qayoqqa, ota?
– Qölimni yuvib kelaman, qizim.
– Nima, sizda kelin yöqmi?
– Hov… Jömrakni burasam, suv şarillab oqadi. Kelinni ovora qilib nima qilaman?
– Ana, aytmadimmi! Dadang qarib, yoş bolaga öxşab qoldi, – dedi manavi kampir qiziga. – Özi hurmatini bilmasa, kelin ham siylamaydi-da.
Noiloj joyimga qaytib ötirdim. Kelin obdasta olib kelib, qölimga suv qöydi. Hovlida u yoq-buyoqqa yursam, oyoğimning çigili yozilib, qonim yurişar edi. Şundan ham mosuvo böldim.
Kampir namoz öqiyotganida kenja nabiramiz uyğonib, yiğlaşga tuşdi. Turib, uni qölimga oldim. Biroz kötarib, yupatmoqçi edim.
– Qöying joyiga! Yiqitib qöyasiz! – deb kampir joynamozini naridan-beri yiğiştirib, oldimga yugurdi. Jonholatda çaqaloqni qölimdan tortib oldi. – Siz özingizning holingizni biling.
Asta-sekin oyoq-qölim uvişadigan odat çiqardi. Taşqariga çiqib kelsam, hansirab qolaman. Bu ahvolda biratöla yotib qolişim mumkin, har kuni bir-ikki çaqirim piyoda yursam yaxşi bölar, degan qarorga keldim özimça.
Ertalab köçada ketayotsam, Ortiqboy qarşimdan çiqib qoldi.
– Ha, Seytek oğa, yöl bölsin? – dedi u.
– Bir muddat oyoqning çiligini yozay degan edim.
– Biratöla yugura qolmabsiz-da! – deya tirjayib yonimdan ötib ketdi.
Ön-ön beş odim yurgan edim hamki, Soatboy dökonçiga röpara keldim.
– Tinçlikmi, Seytek oğa? – dedi u ham.
– Biroz oyoqning çiligini yozay deb…
– Yuzga kirmoqçisiz, şekilli! – deya hiringladi u.
Bunaqa gap-sözlardan yuragim bezillab qoldi. Oxiri hammasini biratöla yiğiştirdim. Polizni çopiq qilmayman, mollarning tagini tozalamayman, beda yeydigan eşak ham yöq. Töy-maʼrakalarga maşinada borib kelaman. Uyda esa hojatga çiqişdan boşqa qiladigan işim yöq. Mana, oqibati. Qimirlasam, böğinlarim zirqiraydi. Ön qadam yursam, öpkam qisiladi. Piyolani qölimda tutib turolmayman. Yoşim yetmişga yetmay, tanim tözidi. Meni oğriq emas, odamlar qaritdi, inim. Şularning orasida manavi kampir ham bor.
– Özingni qölga ol, hali ham keç emas, – deb men örnimdan turdim.
– Şoşma, eşikkaça kuzatib qöyaman, – deb Seytek qaltiragança örnidan turayotgan edi, kampiri yana etagidan yerga bosdi.
– Ötiring joyingizda! Tağin yiqilib-netib bir baloni boşlamang.
Meni Seytekning örniga kampiri kuzatib qöydi. Darvozadan biroz uzoqlaşgan edim, kampirning ğudrangan ovozi quloğimga çalindi:
– Teng-töşlari qiliçday qarsillab yuribdi, şörqisgan bizning çol kun sayin orqaga ketayapti. E, xudoyim-yey!..
Murodboy Nizanov,
Qoraqalpoğiston xalq yozuvçisi.
1952-yili tuğilgan.
Nukus pedagogika institutida tahsil olgan. “Tekin parvoz”, “Telefon jinnisi”, “Kuldirgani uçun aybdor” kabi hajviyalar töplamlari, “Duşman”, “Oxirat uyqusi” romanlari, “Aqçagul”, “Ikki qonxör” qissalari naşr etilgan.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


