Oliygohni endi tugallab kelgan yillarim edi. Öşa kezlar eng köp nusxada çop etiladigan “Olğa bos” gazetasiga işga joylaşdim. Avvaliga iş boşlaşim biroz qiyin böldi. Bu dargohda öttiz – qirq yil işlab, suyagi gazetaçilikda qotgan ustozlar köp edi. Men ana şu qalami qayralganlar safiga kirdim.
Bir kuni boş muharrirning navbatdagi topşiriği bilan ikki kun qir-adirlarda yurib “Çöponning çoponi” deb nomlangan maqola yozib, tahririyatga olib keldim. Albatta, maqolani birinçi bölib, qişloq xöjaligi bölimi mudiri Qaysarbek Kimsanboyevga körsatişim kerak edi. Asta xonasiga möraladim. Bölim mudiri ğoyat berilgan holda diqqat bilan nimalarnidir yozib, tağin öçirib ötirgan ekan
– Qaysarbek Kimsanboyeviç, kirsam maylimi?
– Kimsan? – dedi u kişi qoğozdan boşini kötarmay. – Muddaoingni öşa yerdan aytib ketaver.
– Bu men, yangi kelgan xodimman.
– Ha, senmisan, kir.
– Maqola tayyorlab kelgandim, şuni…
– Bitta maqola yoziş uçun ikki kun ketasanmi? Ana, mendan örnak olsang, bölmaydimi? Telefon orqali fakt olib, bir soatda yozib taşlayman, bunaqa narsalarni.
– Keçirasiz, men qahramonim bilan suhbatlaşiş uçun toqqa çiqib keldim. Ularning yaşaş şaroitini örgandim. Yomğirda sel kelib oqib ketayotgan qöziçalarni qutqardim, – dedim xuddi ayb iş qilgan kişidek qunişib.
– “Tandir”çalar ham yedingizmi? – dedi bölim mudiri menga baqrayib. qaragança. – Ha, xöp. Hali yoşsan, sekin-sekin kirişib ketarsan. Qani, “aşʼoringizni” beringçi? – dedi “aşʼor” söziga alohida urğu berib. Keyin yozganlarimga köz yugurtirarkan, negadir, birdan avzoyi özgara boşladi.
– Öv, jurnalist! Menga qara, qaçon yozişni örganasanlar-a? Sizlarga universitetda nimani öqitişgan özi? Buni qara, sarlavhaning özidan bemaʼniligi bilinib turibdi. Tavba, “Çöponing çoponi”. Nima bu? Sen tikuvçi emasmisan? Çöponing çoponi bilan nima işing bor. Endi buyoğiga, maqolaning boşlanişiga qara: “Çöponning tayoği oğir, yegan noni qattiq böladi… Ihm, ihm… Yomğirda şalobbo bölgan çoponi hali qurimasdan, yana suruv ketidan çopib ketdi. Ihm, ihm… Tavba-yey… Qöy: “meni tuyoğimdan qattiq odam boqadi, degan ekan. Şuning uçun ham hammayam çöponlik qilavermaydi…”
– Menga qara, bu sen öqigan jurnalistikada nima, qöy tili ham ötadimi? Qöyning şunaqa deganini kim eşitgan? Nima qilasan yolğon işlatib. Endi bu gapinga qara? Nima uçun çöpon yeyayotgan non qattiq bölişi kerak. Axir, çöponlarga şogird tuşadigan birorta yoş qolmadi. Endi-endi çöpon bölaman, deb turganlarni ham yöldan qaytarmoqçimisan?! Şu sözning örniga “dasturxonga endi uzilgan oppoq börsildoq nonlar qöyilişi bilan, madaniy hordiq çiqarayotgan çöponing iştahasi oçilib ketdi”, deyiş mumkinmidi? Mumkin edi…
Bölim mudiri “yegan noni qattiq” degan jumlani öçirib, öziça nelarnidir yozdi-da, minğirlaşdan davom etdi.
– Endi manavi jumlangga qara “çöponning tayoği oğir”. Bu nima degan gap? Heç bir zamonda zil-zambilday tayoq kötargan çöponni körganmisan, özi? Boribsan, çöponning tayoğini kötarib kördingmi? Mana, nima deb özgartiramiz. “Çöpon özining silliq va bejirim, yengilgina tayoğini olib suruvning orqasidan quşdek uçib borardi”. Ana bu boşqa gap!
Ustoz özining yozgan sözlaridan sarmast edi. Men endi gap boşlamoqçi edim. Afsus, öz işidan mamnun Qaysarbek Kimsanboyev yana gapni ilib ketdi.
– Bu gapingni qara, “Çöpon, qişning qahraton kunlarida, yozning jazirama issiqlarida doimo öziga yöldoş bölgan va özi uçun qadrdon bölib qolgan çoponini şogirdiga, yaʼni öğlining yelkasiga yopdi”. Şu ham jumla böldimi? Çöpon kelib-kelib özining öğliga şunça yil kiyilgan eski çoponini yopadimi? Axir, bir qöziçoqni sotsa önta çopon böladi-ku? Mana qara, nima deb özgartiramiz. “Dongdor çöpon Suruvbek Qöçqorov özining şogirdi yaʼni Alpomiş kelbatli öğliga uyda qalaşib yotgan zarbop tönlardan birini yopdi”.
Oçiği, borgan sayin kayfiyatim buzila boşladi. Ustozga nima deyişni bilmay, boşim qotdi.
– Men, axir…
– Nima, axir? Mana, bu jumlangga qara! Tavba-yey, “Suruvbek Qöçqorovning çoponini kiygan öğli bir pasda ulğayib qoldi. Şunça yil otasining yelkasiga soyabon bölgan çoponda minglab qöylarning izi, hidi yaşiringan edi. Şogird uni hidlay-hidlay suruv tomonga içki bir hayajon va hadik ila qarab qöyardi”.
– Bu nima degan gap! Çet elliklar bu maqolani öqib qolsa, nima degan odam bölamiz? Bular hali ham qoloq ekan, deyişmaydimi? Mana, qara qanday yozamiz: “Suruvbek Qöçqorovning yap-yangi zarbof tönini kiygan öğli özini göyo kuyovlardek his qilib, fransuz atiri anqib turgan tönni qayta-qayta hidlab qöyardi. Buni körgan qöy-qözilar xursandliklaridan maʼrab yuborişdi”.
Qaysarbek Kimsanoviç közoynagining tepasidan menga ğalati qaradi.
– Bilasanmi, bu yerni tahrirriyat deb qöyibdi, öz nomi özi bilan tahrir… riyat. “Har bir maqola obdon tahrir-r-r qilinsin va heç kimning riyasiga, yaʼni rayiga qarab ötirilmasin” degani, bu!
Men endi gapiriş uçun oğiz juftlagan edim, ustoz yana davom etdi:
– Esingdami, ötgan sonda ketgan parranda fabrikasidan yozib kelgan maqolangni ham ustidan işlab bergandim. Sen nima deb yozgansan: “Sepilgan donlarni tovuqlar yutoqib-yutoqib yer edi”. Şu ham jumla böldimi? Keyin nima deb özgartirdik, yodingdami: “misoli durdek seplgan donlarni yegan tovuqlar bizga qarab mamnun jilmaydi”. A, “letuçka”da senga rahmat aytişdi, mejduproçim. Heç qisi yöq, hali sendan şunday jurnalist tayyorlayki, jurnalistikada senga saboq bergan öqituvçing körsa, yoqa uşlab qolsin!
Ustozim töğri aytgan ekan. Oradan ança vaqt ötib Toşkentga borgandim, tasodifan jurnalistikadan dars bergan öqituvçimni körib qoldim. Qölida mening maqolam çop etilgan gazeta bor edi. Uzoqdan menga közi tuşgan şekilli, öqituvçimiz haqiqatan ham yoqasini mahkam uşab turardi…
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

