Kurashib yashash ishtiyoqi

0
30
marta ko‘rilgan.

Ivan Ayvazovskiy umri davomida 6 mingdan ziyod kartinalar yaratgan. Ularning aksarida bezovta dengiz tasviri bor. Rus davlat muzeyiga sayohat qilgan rascomning har qanday muxlisi shubhasiz bir kartina oldida taqqa to‘xtaydi: “To‘qqizinchi to‘lqin”. 

Dengizchilar bilan ko‘p bora suhbatda bo‘lgan rassom har gal “to‘qqizinchi to‘lqin” haqida gap ketsa, ularning ko‘zlarida qo‘rquv va sarosimani ko‘rar edi.  Afsonalarga ko‘ra, to‘qqizinchi to‘lqin o‘ta qutirgan va shafqatsiz bo‘lib, hayot bilan vidolashuv pallasini anglatar ekan.

Mavjlarning jilolanishiga mehr qo‘ygan rassom dengiz sayohatlariga ham otlanadi. Bir gal uning kemasi  halokatga uchraganida, ommaviy nashrlar rassomning vafoti haqida ham yozib bo‘lishgan edi.

Musavvir 33 yoshida hayot va o‘lim orasidagi muqarrar manzarani chizishga erishdi.

Kartinada tungi kema halokatidan keyingi otayotgan tong, dengizning po‘rtana  to‘lqinlari bilan inson irodasining yuzma-yuz kelishi tasvirlangan. Halokatdan omon qolgan sharqlik kishilar kemaning siniq machtasiga osilib jon saqlamoqda.

Oldinda “To‘qqizinchi to‘lqin” turibdi. Ular omon qoladimi, yo‘qmi, bunisi musavvirga-da qorong‘u. Ammo shunisi aniqki, inson har qanday chorasiz ko‘ringan xatarni ham yengib o‘tishga harakat qilishi lozim.

Kartinada avzoyi buzuq osmon burjidan quyoshning tillarang nurlari yorib chiqayotgani bejiz emas. Go‘yo fojianing quyuq bo‘yoqlari  ichra umid shu’lalari bodrab chiqmoqda. Bu o‘quvchi qalbida tiriklikka, hayotga bo‘lgan doimiy talpinishni uyg‘otadi.

“To‘qqizinchi to‘lqin” millionlab insonlar qalbida har doim kurashib yashashga bo‘lgan ishtiyoqni oshira olgani bilan qimmatlidir.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.