Mo‘jaz kitoblarning katta zavqi

0
172
marta ko‘rilgan.

“Iste’dod maktabi” VIII respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchilarining “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida nashr etilgan to‘plamlarini ko‘zdan kechirarkanman, ko‘nglim allanechuk faxrga to‘ldi. Mualliflarning ba’zilari bilan do‘stligim yoki qisman tanishligim, ba’zilarini ijodi orqali bilishim, yana kimlarnidir o‘zim uchun kashf qilganim, xullas, bu mo‘jaz kitobchalardan olgan taassurotlarimni qog‘ozga tushirgim keldi. Buni adabiy tanqid emas, yoshlarning ijodiga bir tengdoshining munosabati desangiz, xursand bo‘lardim. Bir tomondan, ilk to‘plamlarining ko‘pi she’rlardan tashkil topgani, boshqa tomondan esa, nazmga oshuftaligim sabab shu yo‘nalishda qalam tebratayotgan do‘stlarimiz ijodiga to‘xtaldim. Demak, she’riyat haqida gaplashamiz.

 

“Bu she’rlar ertadir, bu she’rlar – taqdir”

Qo‘limda o‘ndan ortiq she’riy to‘plam turibdi. Ularning ba’zilariga batafsil to‘xtalishga ahd qilib, kitoblarni varaqlayman. Nima topdim, bilasizmi? Mana buni:

 

“Bu she’rlar shunchaki xomxayol emas,

Bu she’rlar ertadir, bu – she’rlar taqdir”.

 

Dilmurod Do‘stning “Ko‘ksimdagi qush” kitobidagi so‘nggi she’r shu misralar bilan boshlanadi. To‘plamdagi she’rlarni “nigoh she’rlari” degim keladi. Olamni taftish qilayotgan va ko‘rayotganlarini imkon qadar sayqallab qalamga tutayotgan nigohning tortiqlari bu.

O‘z bo‘stonining eng baland daraxtiga qo‘nib, dunyoni jim kuzatayotgan qush! Tiriklik va tirikchilik orasida andarmon odamlarga chetdan qarab ne o‘ylarga botadi u? Odamlarga muhim tuyulgan narsalar unga kichik ko‘rinadi. Axir, u yuqoriroqdan nazar tashlayapti-da!

Mana, nasroniy xochni o‘pib ibodat qilyapti. Yerning narigi burchida musulmon toatga berilmoqda. Aslida, ikkisining maqsadi ham bir – jannatdan umidvorlik. Nega bir-biriga g‘ayri nazar bilan boqishadi?

Mana, varrak parvoz qilmoqda. U shamol izmiga bo‘ysunmay, qushlarga esh bo‘lib samo kezmoqni istaydi. Osmon kengliklariga sho‘ng‘ir kez pastdan, yerdan kimdir varrakning ipini tortib shamol izmiga tushirib qo‘ya qoladi. “Parvoz tiriklikdir. Ma’nodir parvoz”. Bu – “Varrakning armonli qo‘shig‘i”.

Mana, Yer. U insonni osmondan kuchliroq sevadi. Osmondan rashk qiladi. Shuning uchun ham u bag‘rida bir xona qazib, insonni osmondan mangu yashirib qo‘yadi.

Mana, kimdir qimmatbaho soat taqib yuribdi. Lekin vaqtning qadrini bilmaydi. Odamlar uni boy deb o‘ylashadi. Chunki tilla soati bor. Yo‘-o‘q, u – qul. Vaqt o‘zining tilla kishanini uning qo‘llariga osib qo‘yibdi.

Bu qush yana nimalarni ko‘rdi. So‘raylik-chi!

 

“Shoirlarni ko‘rdim ko‘p qofiyaboz,

Nafasni qafasga tirkab qo‘yardi.

Dil so‘ziga pulni, erkka – berk deya,

Dilga siyohini surkab qo‘yardi”.

 

U-chi? U o‘ziga qarab nimalarni ko‘rdi?

 

“Millatim iymondir, bayrog‘im vijdon,

Butun yeru osmon Vatanim mening.

Toshlar boshim bo‘lsa, yuragim – qushlar,

Har zarra tuproqda bor tanim mening”.

 

Dilmurod Do‘stning “ko‘ksidagi qush”i ohang izlamaydi, ohang kutmaydi. U chiroyli sayrashdan ko‘ra rost sayrashni afzal ko‘radi. U hamma ko‘rgan narsani boshqacha ko‘rish mumkinligini isbotlashga urinadi. Uning she’rlarida dazmol ko‘ylakka sevgi izhor qiladi, Yer Osmonga chiroyli ko‘rinish uchun qishda yuzlariga upa suradi, gung yigit o‘zining o‘n barmoqli tilida so‘zlaydi, barmoq chiroq tugmasini o‘pganda xonaga zulmat yiqilib tushadi…

Bu badiiy topilmalar qatoriga yana birini qo‘shish mumkin edi. Bilasiz, yo‘l harakatida o‘ng qo‘l qoidasi mavjud. Xalq orasida esa “O‘ngda – rahmon, chapda – shayton” degan naql yuradi. Demak, umr yo‘lida ham o‘ng qo‘l qoidasiga amal qilish kerak ekan. Men shu joyga kelganda Dilmurod Do‘stni ayblagim keladi. Shunday go‘zal topilma topibdi-yu, oddiygina ifodaga singdiribdi. She’r so‘ngida shiddatli badiiy portlash tayyorlashning o‘rniga “Yo‘l qoidasini nega buzasiz?” degan jo‘ngina savolga joy hozirlabdi.

“Ko‘ksimdagi qush”ning achchiq entikishga yo‘g‘rilgan, o‘ychan haqiqatlardan sayrashi so‘z qushlari oshiyonida yangi navozandaning paydo bo‘layotganidan xabar bermoqda.

 

“Yuragimni yoza olaman”

“O‘n sakkizim” kitobining varaqlaridan she’rlar emas, o‘ynoqi jilg‘alar chiqib keladi. Shohista Ergasheva qalamiga mansub misralarda yoshlikning eng inja hislari qizlarga xos nazokat va erkalik bilan bayon qilinadi. Shohista o‘zining “Tanishuv”ida: “Otang – usta, sen kim bo‘larding? Olmaning tagiga olma tushadi”, deb kamsitguchiga qarata mag‘rur-mag‘rur so‘z qotadi.

 

“Osonmi bir bog‘da qurt tushirmasdan

Olmaning tagiga olma tushirish?!”

 

She’r so‘ngida esa aslidan orlanmaydigan o‘zbek qizining so‘zi yangraydi:

 

“Do‘stlar, mening onam – oddiy enaga,

Men – o‘sha Alijon ustaning qizi!”

 

Shohista ozgina ginaxonlik bilan yozadi, ozgina hazil bilan yozadi, ozgina araz bilan yozadi. Uning she’rlarini o‘qir ekanman, qaysidir misralardan Cho‘lponning Zebisi chiqib keladigandek tuyulaveradi. Uning yozmishlarida, asosan, uchta lirik qahramon harakat qiladi. Otabek, Kumush va Zaynab uchburchagida o‘zini Zaynab deb biladi.

 

“Men bekman, u bekam” debsiz,

Baxtli qilsin bekamingiz”.

 

(E’tibor bering, “bekam” so‘zi bilan iyhom tarzida so‘z o‘yini qilingan.)

Gohida:

 

“Men kim bo‘pman,

Aytgancha, uning

Oyi bor-ku peshonasida”,

– deb o‘ksib qolsa,

gohi:

 

“Baxtli bo‘l” deb qarg‘ayman, yana…

Yana nima deyishim mumkin…?”

deya oladi.

Bu satrlar go‘yo “Kecha va kunduz”dagi Zebining sud majlisida sudyaga qarab: “Yo‘-o‘q, o‘libmanmi o‘z erimni o‘ldirib”, degani kabi soddagina hayrat bilan yo‘g‘rilgan.

“Qo‘g‘irchoq” she’rining go‘zal badiiy yechimi kishini maftun qiladi. Asar qahramoni kichikligida qo‘g‘irchoq o‘ynaganida otasidan eshitgan so‘zlarni tarorlaydi: “Qizim, o‘zing jajji qo‘g‘irchog‘imsan, Qo‘g‘irchoq qo‘g‘irchoq o‘ynar ekanmi?”. Ko‘zyoshga cho‘milgan satrlar orasidan: “Sizni o‘zim uchun asrab qolay deb, O‘zimni siz uchun butkul yo‘qotdim” kabi misralar charaqlab turadi.

Endi u ulg‘aydi. Qo‘g‘irchog‘ini olovga uloqtirdi. “Qo‘g‘irchoq qo‘g‘irchoq o‘ynamas axir”. Ko‘zyosh to‘kar ekan, otasi uni yupatib: “Yig‘lama, qizim, qo‘shnilar eshitsa, uyat bo‘ladi”, deydi. Qizi nima deydi deng?

 

“Qo‘rqmang, siz aytgandek bo‘ladi, ota,

Bilaman, paymonam bir kun to‘ladi.

Yo‘q, siz o‘shanda ham yig‘lamang zinhor,

Qo‘shnilar eshitsa, uyat bo‘ladi”.

 

“O‘n sakkizim” she’rida ham oddiygina so‘zlar badiiylik libosini kiyadi. Bu fikrimizga “Sendan butkul kechishim uchun “Xudo haqqi” deyishim shartmi?”, “Men haddidan oshgan haddingman” kabi satrlarni isbot deya olamiz. Mana bunga e’tibor bering:

“O‘n sakkizim”da modernnamo so‘ztaroshlikka urinilgan joylar ham bor. “Xonadon” she’rida shunday satrlar bor:

“Darvozaga yozilgan so‘zni

O‘zim davom ettirib qo‘ydim:

                   Uy sotiladi!

                   Uy otiladi!

                   Uy tiladi!

                   Uy iladi!

                   Uy ladi!

       Uy adi!

 Uy di!

 Uy i!

 Uy

 U…”

Bu misralar haqidagi fikrlar boshqa maqolaga aylanib ketadi. Muhimi shuki, Shohista faqat so‘zlar bilan emas, harflar bilan ham badiiylik yasashga uringanidir. Buni  esa  ma’qullash kerak, nazarimda.

 

“Tinglaylik yulduzlar shivirin”

 

Humoyun Quvondiqovning “Yulduzlar shiviri” to‘plami “Sohibqironim” she’ri bilan boshlanadi. To‘g‘risi, ajdodlarga bag‘ishlangan yana bir madhiyamikan deb o‘yladim. Odatda she’riy kitob­lar o‘shanday madh bilan boshlanadi. Ajdodlarning qilgan ishlarini e’tirof etsak-etmasak, bundan ularning shonu shavkatiga daxl yetmaydi. Tarixiy haqiqatni tiklash uchun bitilgan, adabiyotga va abadiyatga doxil madhnomalar bo‘lsa, boshqa gap. O‘z davrida Abdulla Oripov va Erkin Vohidov tomonidan yaratilgan shunday asarlarni misol keltirish kifoya deb o‘ylayman. Ammo Humoyun na u, na bu tarzdagi madhni tanlaydi. U erkalik bilan “Sohibqironim bor, sohibqironim”, deya mag‘rurlanib qo‘yadi.

Xayol daryosining o‘zanlari keng bo‘lsa, yaxshi ekan. Humoyunning she’rlarini o‘qib shunday o‘y kechdi xayolimdan. Uning o‘zi bilan tanishuvimiz bundan bir yil oldin Qashqadaryoning “Lochin” oromgohida bo‘lgan edi. Dunyoga, unda yashayotganlarga, uni talashayotganlarga hayrat bilan boqadigan, ijodga va adabiyotga yoshiga nisbatan ancha yuqoridan qaraydigan, balki, shundandir o‘z yozganlarini ko‘pda baland baholamaydigan bu bola bilan do‘stlashib ketdik. Tanlov so‘ngida: “Yaxshiyam, o‘rin olmadim. Bo‘lmasa, adabiyotning ahvoli shunday g‘arib ekan, deb o‘ylab qolardim”, degan edi. Uning she’rlarida parvoz ko‘p. “Qanotimni qa­­yirsang, men uchaman beqanot”, deydi bir she’rida. “Erksevar” ko‘ngliga “yovqur shamollarning etagini tut”ishni buyuradi, shabbodadan “oydinda birga sayr etish”ni yolvoradi, “qanoti qayrilgan bechora yerga osmonni yetaklab kelish”ni maqsad qiladi.

 

“Do‘stim, huv, anavi tog‘larni qara,

Yotibdi dunyoning dardidan kechib”,

deydi “Asotir” she’rida. Keyin xayolga cho‘madi. Nega ular bunday yaralgan? Balki…

“Balki, bu tog‘lar mard botirlar bo‘lib,

Uxlagan yalmog‘iz jodusi sabab.

Balki, uyg‘onarlar bir kuni kulib,

Yuzlariga bossa malikalar lab”.

She’rlardagi ba’zi so‘zlarni nojoiz deb hisoblagan joylarimiz ham bor. Har to‘kisda bir ayb, deganlaridek, “Kenja botir” she’rida uning tulporini Boychibor deya atab ketadi. Kenja botir haqidagi ertakni bilamiz, unda Boychibor laqabi tilga olinmaydi. Boychibor – Alpomishning tulpori.

“Sokin hayot” she’rida shunday satrlar bor:

 

“…Sokin tun… Samoda mahvash yolg‘iz,”

Labimda shul oyga gullar tutaman…”

 

“Mahvash” so‘zi “oyga o‘xshash” degan ma’noni beradi. Misra mazmunidan samoda oyga o‘xshash yor yolg‘iz degan ma’no chiqadi. Bu yerda o‘xshatuvchi vosita “-vash”ning umuman keragi yo‘q. “Sokin tun… Samoda to‘lin oy yolg‘iz”, desa, nima o‘zgaradi? Keyin, labda oyga gul tutish holatini tasavvur qila olmadim. Bunda hayotiylik yo‘q.

“Yulduzlar shiviri”dan o‘rin olgan ijod namunalari shakliy izlanishlari bilan ham ajralib turadi. Sergey Yesenin ilk bor qo‘llagan badiiy takror shakliga bir necha she’rda murojaat qilinadi. Ularda o‘sha mashhur “Shahinam, o, mening Shahinam”ning ohanglariga hamohanglik sezilib turadi. Humoyunning “Yor kokili” g‘azal-mashqi ham muvaffaqiyatli chiqqan. Aruz yo‘lida yozilgan she’riy satrlar “Birinchi kitob”­lardan faqat “Yulduzlar shiviri”da uchraydi.

“O‘y-na-gay- no/zik- be-lid-a/ in-ja- yor- ko/                                                                     kil-la-ri,

Foilotun – foilotun – foilotun – foilun

(– V – – / – V – – / – V – – / – V –)

Ay-la-gay- hij/ron- se-lid-a/ in-ti-zor- ko/kil-la-ri…”

Foilotun – foilotun – foilotun – foilun

(– V – – / – V – – / – V – – / – V –)

“Belida” va “selida” so‘zlari yopiq bo‘g‘in bilan tugaganida bayt ramali musammani maqsur vazniga xatosiz tushgan bo‘lardi. Ammo o‘zbek tilidagi so‘zlarda urg‘u so‘nggi bo‘g‘inga tushishi hisobiga cho‘zib aytilishi inobatga olinsa, bu baytni bekamu ko‘st g‘azal maqta’si desa bo‘ladi. Bundan tashqari, baytda asosiy qofiyadan tashqari “o‘ynagay” va “aylagay”, “belida” va “selida” so‘zlari ichki qofiyani ham yuzaga keltirgan. Bu esa muallifning aruz vaznida ham mahoratini ko‘rsatishga imkoni borligidan dalolatdir.

Eng muhimi, Humoyun Quvondiqov ijodni ko‘ngil ovunchog‘i deb bilmaydi. Bu uning har bir she’rida sezilib turadi. Yuksak parvozlar orzusi, “Yulduzlar shiviri”ni ting­lash ilinji ijodkorni bir zumga bo‘lsin tark etmaydi.

 

“Anorlar ko‘ksini yorib boradi”

Shohsanam Nishonovaning “Iqror” to‘plami bu galgi kitoblar orasida alohida ajralib turadi. O‘ynoqi, shu bilan birga, keskin ohang, nafis ifoda va teran mazmun uyg‘unligida muallifning nazmiy iqrorlari bo‘y ko‘rsatadi. “Sen ham meni sog‘indingmi, Farg‘onajon?” degan savolning o‘zidayoq vatan sevgisini, his etamiz, vodiyning dilkash odamlari qiyofasi ko‘z oldimizga keladi.

 

“Quva tomonlarda meni sog‘inib

Anorlar ko‘ksini yorib boradi”,

 

deydi Shohsanam. Quvaning o‘sha mashhur anorlari bir qizining yo‘lida ko‘z tikaverib, sog‘inch­dan ko‘ksi yorilib ketadi. Qanday go‘zal tashbeh! Qizi esa safardan kela solib “vatanjonim” deya otasining bag‘riga otiladi. So‘ng qizgina yana o‘zi “million yil izlagan baxt” tomon yo‘lga tushadi.

Qalb esa doim bezovta. U o‘z egasini mudom so‘roqqa tutib turadi:

 

O‘zingizga o‘zingiz

Savol berib ayting-chi,

Tanlagan yo‘llarda ko‘p

Adashib ketmadikmi?

 

Shunday so‘roqlar orasida o‘zining nurli manzilini ko‘rgandek bo‘ladi. Ana, o‘sha tomondan shamollar esmoqda. “Adabiyotda toza havo borga o‘xshaydi”. U yo‘lda davom etadi.

Bu maydonga yuksak parvozlar va’da qilib kirib kelgan opa-singillarimizning aksariyati bir-bir jimib ketadi. Ayol uchun oiladan ustun nimadir bo‘lishi, bo‘lganda ham uni saqlab qolish qiyin ish. Adabiyot esa o‘ziga baxshida bo‘lishni talab qiladi. Shu mashaqqatni yelkaga olib so‘z aytayotgan shoiralar orasida Shohsanam Nishonovaning ham dadil ovozi yangrayotgani quvonarli. Bu ovoz turmushning allaqaysi so‘qmoqlarida yo‘qolib, adashib ketmasligiga ishonamiz. Undagi dadillik bizga shuni va’da qilyapti.

“Iqror”ni varaqlar ekanman, yana bir jihat e’tiborimni tortadi. Ijodkor o‘z atrofidagi o‘tkir ijtimoiy mavzularni dadil she’rga aylantiradi. “Imtihon” she’rida bilimdon qizning o‘qishdan yiqilishi va uning: “Nyutondan xato qilmayman, Shundan savol tushgandi, axir”, degan da’vosiga javoban:

“Kitoblarni olib qo‘lingga

Qonunlarni yodlaysan, biroq

Bu hayotning yozilganidan

Yozilmagan qonuni ko‘proq”,

 

deb xulosa chiqaradi.

“Sessiya” she’rida baho talashib bir-biriga ters bo‘lib borayotgan kursdoshlariga qarab:

 

“Evohki, imtihon shundayin bo‘lsa,

Qiyomating qanday bo‘lar, Xudoyim”,

 

deya dodlaydi.

Shohsanam Sharq she’riyatida urf bo‘lgan noma, ya’ni xat janriga e’tibor bilan qaraydi. “Dadamga xat”, “Mo‘min boboga maktub”, “Do‘stimga xat” kabi she’rlarida murojaat ohangi va ko‘ngil izhori ajib uyg‘unlik kasb etadi.

Fikr va so‘z marjon kabi terilib, qog‘ozga tushdi, muqova qoplanib, “Iqror” deb nom qo‘yildi. So‘z olamiga go‘zal iqrorlari bilan kirib kelayotgan yana bir ijodkorga omad tilagim keladi.

 

* * *

“Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etilgan Mansur Jumayev, Gulruh Xudoyorova, Sayfiddin Okanov, Elyor Murod, Allayar Darmenov, Asliddin Sabriddinov, Otabek Odil, Abdumannob Mansurov singari yosh ijodkorlar qalamiga mansub she’riy to‘plamlar haqida ham shuncha so‘z yuritishimiz mumkin.

Uy ostonasi oldida turgan odam ichkari kirar chog‘ oyoq kiyimining changini qoqqani kabi adabiyot dargohining muqaddas qopqasi qarshisida turgan inson borki, o‘z qalbini g‘uborlardan poklasin. SO‘Zdan maishiy ikir-chikirlar uchun, kimnidir ta’zirini berish yoki kimgadir xush yoqish uchun foydalanish ilinji bilan qalam tutadigan kimsalar bu jannatdan abadiy quvg‘in bo‘lgusidir. Adabiyot, she’riyat faqat xalqqa va Haqqa xizmat qilishi kerak. Muhtasham Yolg‘izlik saodati va betinim Mehnat mashaqqatini o‘z qismati deb bilmoqqa shay iste’dodli odamgina qo‘liga qalam olishi lozim. Ulug‘ dargoh ostonasidan hatlayotgan tengdosh­larimga betizgin ilhomga mubtalolik baxtini tilayman.

 

Suhrob ZIYo

 

1996 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi. “Yurak nigohi” she’riy to‘plami nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.