Shunchaki yozishga haqqimiz yo‘q

0
43
marta ko‘rilgan.

Javlon Jovliyev

Bolalikda bir kun kelib kitob chiqarishni o‘ylamaganman. Bu qandaydir boshqacha, sirli va og‘ir “ish” bo‘lib tuyilardi. Shu sabab orzu ham qilmaganman. Yozar va faqat uni o‘zim o‘qirdim. Shu paytgacha boshqa birov ilk “toy-toy”larim bilan tanish emas. Yozishning o‘zi katta baxt, kuch va kayfiyat berardi. Sirli daftarni birov topib olmasin, deb qalin jun gilam, kigizlar tagiga bekitar, so‘ng o‘zim ham topolmay yurardim. Ko‘proq xatimning xunukligimas, ishoralarimning birovga ma’lum bo‘lib qolishi meni cho‘chitardi. Bu qo‘rquv sevgani yo‘lini yillab poylab, unga duch kelganda tosh qotib qoluvchi o‘smir harakati kabi tushuniksiz, qolibsiz tuyg‘u edi. Shuning uchun bo‘yalgan qog‘ozlarimni hatto yaqinlarim ham ko‘rmagan…

Mana, bir paytlar “sirli va katta ish” deb bilganim – kitobim chiqdi. Iste’dodli do‘stlarim qatorida meniki ham bor… Hozircha hech qanday katta o‘zgarishni tuyganimcha yo‘q, ammo bir narsa bor – Erishish tuyg‘usi! Insonga xos kechinma … Erish… sen yaqinlaringni olib ketayotgan kema qirg‘oqqa yetib borishiga, sahroning vodiyga ulanishi, hijronning intihosi visolga tutashishiga umid va ishonch bog‘lash kabi munis va oniy lahzalarda hayoting uchun juda zarur bo‘lgan tuyg‘udir… Shu tuyg‘u otamsiz huvillab qolgan uyning kitob sandig‘ini-da boyitdi. Muhimi, bu sandiq enam uchun hech kimga ishonmaydigan sehrli qutiga aylangani.

 

Zulxumor Orifjonova

Kutganlarimiz hamisha qadrli bo‘ladi. “Birinchi kitobim”ning qadri ham har bir yosh ijodkor uchun o‘zgacha… Chindan ilk mashqlar to‘plamingni kimningdir qo‘lida ko‘rsang, sevinasan. Ayniqsa, bu e’tibor Yozuvchilar uyushmasi tomonidan, ustozlar tavsiyasi bilan berilgan bo‘lsa.

Ijodkor uchun kuz har doim baxtiyorliklar olib kelgan, chunki ijodning eng qaynoq pallasi shu faslda. Bu yil esa qo‘limizga ilk kitobla­rimizni oldik, o‘zimiz uchun qoralaganlarimiz, tuyg‘ularimizdan yaralgan yoziqlar kitob holida nashr etildi. Zominda har yili yangi buloqlar ko‘z ochishi bejizmas. Bugun ilk to‘plamlari chop etilganlar, o‘sha ko‘z ochgan buloqlar orasida ekanligimiz quvontiradi bizni.

Har bir davrda adabiyotga yangi ruh bilan kirib keladigan yangi avlod kutilgan. Ijodni anglaydigan, chin so‘zning mas’uliyati bor bu yerda. “Birinchi kitob” bizni ana shu yo‘lgacha kuzatib qo‘ydi. Endi shunchaki yozishga bizning haqqimiz yo‘qligini yaxshiroq his qilamiz.

Balki hozir yozganlarimiz ijod olamining kaftini to‘ldirmas, ammo ortimizda ishonch borligidan, bizni suyaydigan adabiyot borligidan qo‘limizdagi qalamni qattiqroq tutgimiz keladi.

 

Bashorat Otajonova

“Birinchi kitobim” loyihasi nizomiga ko‘ra, dastlab mualliflarning yoshi 30 gacha deb belgilangandi. Biroq bu yildan e’tiboran 35 yoshgacha o‘zgartirildi. Bu biz kabi 30dan o‘tgan ijodkorlarga yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Ayrim tengdoshlarim, hali mashqlarim “pishmagan” deb, ba’zilar harakat qilmay kitoblari chiqmay qolib ketadi. To‘g’risi, men she’rlarni jamlab, kitob qilishga hafsala qilmagan edim. Hafsala qilganimda esa mablag’ sarflagim kelmadi. “Birinchi kitobim” loyihasiga topshiray desam, yosh masalasi oldimda ko‘ndalang edi. Xullas, rizqimiz qo‘shilgan ekan, kitob bu yil dunyo yuzini ko‘rdi.
Kitob chiqqach undagi ayrim she’rlarni o‘qib, bunday qilib to‘g’rilasam bo‘lar ekan, degan o‘y kechyapti xayolimdan. Kelasi kitob tayyorlanayotganida bu borada puxtaroq bo‘laman. “Birinchi kitob” bahonasida barchamizda tajriba ham to‘plandi.

 

Shavkat Do‘stmuhammad

Kitobdan miriqib ssenariy o‘qiyotgan odamni kam ko‘rganman. (Pyesa bundan mustasno) Ssenariyni adabiyot emas, loyiha ham deyishadi. Ammo chin dildan umid qilamanki, texnologiyadan bezor bo‘lgan avlod yoppasiga kitobga “tashlangan” mahalda bugungi kun kinosiga, multfilmiga xiz­mat qilgan ssenariylar, teatrlarda talash bo‘lgan pesalar loyiha deb qaralib kitob holida kam chop etilganiga afsus qilinadi. Nima bo‘lganda ham, “Birinchi kitobim” turkumida nashr etilgan dramatik asarlar bu yo‘lda qilingan eng katta ishlardan biri bo‘lib qolishiga ishonaman.
Qolaversa, teatr san’atida faol tomoshabin degan tushuncha bor. Uning oddiy tomoshabindan farqi – pyesa bilan avvaldan tanish bo‘ladi u. Demak, bu kitoblar eng kamida faol tomoshabinni shakllantiradi. Saviyasiz asarlarni siqib chiqa­rishga faol tomoshabinninggina qurbi yetadi.
Demak, bu borada ham xayrli ishga bosh qo‘shilganini anglash mumkin.
Albatta, tashkilotchilar va o‘z hissasini ayamagan ustozlarga minnatdorlik bildiraman.
Epik teatr asoschisi Bertold Brext “Ko‘z tashlash ko‘rish degani emas”, degan edi. O‘quv­chilarni bu kitoblarga qaysidir ma’noda “ko‘z tashlashga”, teatrga esa chin ma’noda “ko‘rishga” taklif qilamiz…

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.