269 marta körilgan

Işq atalur olamlarning mehvari…

Vafo Fayzulloh

Kakkujon

Navo qilding qaylardandir bir zamon,

Köngilginam bölib ketdi çaroğon!

Tilsimlarga tölib-ketdi qahkaşon.

Men bir gödak, ovozingga qul böldim.

Seni izlab örmonlarga yugurdim,

Topolmasdan ğunçalarga termuldim,

Yiğlab-yiğlab dilsizlarga dil berdim…

Sensiz özni ğarib kördim, tul kördim…

Qaylardasan, qaylardasan, kakkujon?

Navo qilding qaylardandir qay zamon…

Kimga saʼva, kimga törğay, zoğ habib…

Kimga çumçuq, kimga turna, andalib.

Toqqa çiqdim, ğorga kirdim sarğarib,

Nahot yöqmi köngil  uçun  bir tabib?

Şunday ezib ötadimi bir armon,

Qaylardasan, qaylardasan, kakkujon?

Tuşunmadim şamollarning kuyini,

Közlarimni oçirmadi quyuni…

Harom bildim tulkilarning töyini,

Şod qilmadi yölbarslarning öyini…

Bir mard surud-tarona-ku mulki jon,

Qaylardasan, qaylardasan, kakkujon?

Işq atalur olamlarning mehvari,

Odammi quş, quşmi  odam sarvari?

Bu olamdan topolmagan dilbarim,

Ravzalarga yelajakman sarsari…

Qaylardasan, qaylardasan, kakkujon?

Navo qilding qaylardandir qay zamon…  

* * *

Şudgorlangan dala, tuproq hidida

Meni mast qiladi yomğir yoğişi.

Şudgorlangan dala qoldi çetida,

Bolaligim çopgan poklik tovuşi.

Ketmonida oyning şuʼlasi yongan,

Dehqon otam yelkalagan xirgoyi.

Şudgorlangan dala, yomğirli tongdan

Hamon   eşitilar, hamondir qoyim.

Şudgorlangan  dala, endi çetida,

Otam qabri çökkan savolçan, ğampöş…

Mardlik taronasi ustuvor yurtda

Topolmayman bitta hamdardu dilxuş.

Şudgorlangan dala, tuproq hidida

Meni mast qiladi yomğir yoğişi.

Meni mast qiladi xayol  kentida

Şomga yaqin palla, kunning oğişi…

Talab

Bir miskin deb özni xokisor yaşa,

Yeru osmonlarga jon nisor yaşa!

Çöqqidan hatlab ötar odimlar taşla…

Töxtab qolgan barça ezguliklarni

Qaytadan boşla, hey! Qaytadan boşla!

Ğalat olami bu – Isoning şami,

Banda har dam banda, mavlud – bayrami.

Maxluqning Xoliqdan bor qança kami…

Bilmoq maʼrifatdir, maʼrifat dami (n) – 

Qaytadan boşla, hey! Qaytadan boşla!

Sariq yaproqlarga boqma sarğayib,

Daraxtlar omon-ku, öylama ğarib,

Ğamlarni qarğama, döstday jilmayib,

Köklam bölmoqlikni keç kuz ulğayib,

Qaytadan boşla, hey! Qaytadan boşla!

Yelkanga asru mingan, behadik ilgan

Boşginangni dorga, aqlingni şilgan,

Yöllaringga tösiq, tilingni  tilgan

Iblisni itqitgunça taratib jarang,

Qaytadan yaşa, hey! Qaytadan yaşa!

Tamaga boğlanding-ku ming bora giryon,

Taqvoga ham köngil boğlagin  bir on,

Nafsing senga ulton, köngling ölgay xon.

Iymon şafağida tanlamoqni rang

Qaytadan boşla, hey! Qaytadan boşla!

Qaytarib bölmaydi ötgan umrni!

Izlasang asl nurni – totli huzurni,

Könglini körgaysan mohitob hurni,

Işongin, topgaysan haqiqiy durni,

Qaytadan izla, hey! Qaytadan izla!

Hayot deganlari anglangan palla,

Qolgani tuzalmas, tiğ suqiq yara…

Şijoatli kimdir?  Vaqt ila jöra  – 

Dunyoni tuzatmoqni şijoat ila

Qaytadan boşla, hey! Qaytadan boşla!

Baxt tutgin, keçirgin, sen habib bölgin,

Mehr izhor qilgin, ham tabib bölgin,

Sof, yoniq köngilga andalib bölgin,

Ankabut bölmagin, yöl ustida çang,

Andalib bölmoqni qaytadan boşla!

Teraklar tepasida qolmadi yaproq,

Hijron bunça uzun, vasl köp yiroq,

Dunyoni heç qaçon olmagay firoq!

Haq barqaror axir, haqiqat muştoq,

Qaytadan yaşa, hey!  Qaytadan yaşa!

Duşman seni yengdi, sen ham yengmoqni,

Döstni kuldirmoqni, Yorni sevmoqni,

Toğlarga çiqmoqni, boğ yaratmoqni,

Mard, halol, pokiza Odam bölmoqni

Qaytadan boşla, hey! Qaytadan boşla!..

***

Qoratoğda oppoq burgut köçgan kun Seni dedim,

Oq daryodan tillo baliq keçgan kun Seni dedim.

Yöllaringda önqir-çönqir xarsang menga döst topdi,

Gullaringga özin urgan ninaçilar şoirmikin, söz topdi.

Qabo örab vodiylarni aylanganda qari moh,

Çöqmoringdan könglim qonab,tortdim qança-qança oh.

Boraverdim, quva-quva sotilar deb, sotdi dunyo,

Qotil bölar  nomardlarning örtasiga otdi dunyo.

Sotilmasman, töpiğimga kelmas asli nayranglari,

Qaytarolmas çangalzordan yili qabon  yalanglari.

Bu oçunda keldikmi tun, dahri duni  ingragan çoh,

Qular deb ham toqqa boşla,pulisirot olov nigoh.

Bir mardona, ham devona orzular-la toğdan oşay,

Oy buloqdan qonib-qonib simirgaç söng quyoş oşay.

Qora toğda qirğovullar keçgan kun Seni dedim,

Oq daryodan tillo baliq keçgan kun Seni dedim.

* * *

Bedilu gumroh bölib tutdim  Qölingdan,

Quşnoçu yulğiç bölib, ketdim yölingdan.

Bekasu bemurodman qilgança xanda,

Nafsim-ey  gulşandadir, könglim gulxanda…

Oriflar davrasidan toriqdim, söldim,

Mayxörlar  qadahida  yoruğlik kördim…

Ohular  gunoh soçdi, könglimni oçdi,

Börilar gul kötarib, könglini  oçdi…

Notavon  telba  emas, içimdagi sas,

Evrilar yaproqçaga qölimdagi  xas.

Uyğondim. Tavba berib, yuvding  dilimni,

Yangorib, iymon kulib, körgin qulingni…

Yiğlayman, işqim toshib bemajol tanda,

Siyratim nişondadir, suratim  banda…

***

Entikib qaraysan

yillar  ötsa ham,

Göyo  sevging muştoq

kutib   turibdi.

Ortingda  sarğaydi

neça bir köklam,

Nabirang  qölingdan

tutib  turibdi.

Ey inson, heç  qaçon

köngling  qarimas,

Xayoling yoritar

maʼsum nodira.

Arzimas taşvişlar

bir dam arimas,

Çaqmoq  yoruğligi

ekan xotira.

Vafo  FAYZULLOH

1963-yili tuğilgan. Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.

“Hut”, “Xabarsiz sevinç”,  “Mangu lahza”, “Jon yöli”, “Azaliy ğussa” kabi şeʼriy kitoblar, “Çaqmoq yoruği” adabiy-tanqidiy maqolalar töplami muallifi.

F. Kafkaning “Jarayon” romanini, “Otamga xat” essesini, M.Miterlinkning “Söqirlar” dramasini, X.Borxes, K.Hamsun, R.Akutagava hikoyalarini, Ş.Bodler, P.Verlen, A.Rembo, I.Brodskiy va M.Svetayeva şeʼrlarini tarjima qilgan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (325)

Ayol

Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan çekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
Ön töqqiz yoşida beva qoldi u.