Qushlarga halovat baxsh etdi jonim

0
108
marta ko‘rilgan.

MUSOFIR

 

Ey jon!

Bu ko‘hna chang bosgan,

zaxkash do‘konda,

Attor rastasining bir chetidagi,

namxush va ko‘rimsiz,

yotib bir yonda,

kasod bo‘lgan mato kabisan, ey jon…

 

Ey jon!

Dar badar uloqqan,

bir darvish misol,

va olam zahmatin o‘ylamagancha,

o‘zingdan, o‘zgadan kechgancha oson,

O‘ziga talpingan bir qushsan, ey jon…

 

Ey jon!

Gohida iymonda,

goho g‘aflatda,

goho zulumatda manzil-bamanzil,

goho devonalik,

goho fikratda,

nafsingga juhd qilib borasan, ey jon…

 

Ey jon!

Ey musofir jon!

Tug‘ilmoklik – haqdir,

O‘lmoqlik-da – haq.

Dunyo bir vafosiz yor kabi bejon.

Topganlaring – haqdir,

yo‘qotmog‘ing – haq,

yo‘qotib topganing ne bo‘ldi, ey jon…

 

 

 

SO‘NGGI KUN

 

Ming yilki shoxlarim gurladi yashnab,

ming yilki, uzandim bulutlar tomon.

Ne-ne sovuqlarga dosh berdim yashab,

Ne-ne talafotdan qolgandim omon.

 

Ming yil-ki ildizim yerning qa’riga,

tobora chuqurroq sanchildi tabiiy.

Har yili sarg‘arib kuzak bag‘riga,

xazonrez barglarni to‘kdim asabiy.

 

Gulladim, soyalar soldim ham quyuq.

qushlarga halovat baxsh etdi jonim.

Ming bor kallaklanib, yig‘ladim kuyub,

Ammo pastlamadi betoqat orim.

 

Ming yilki saraton chillasidagi,

olovrang havoni simirdim qaqshab.

Bir epkin saboning jilvasidagi,

bokira hislardan chayqaldim yashnab.

 

Ming yilki serhosil quvvatim berib,

asalday shirali mevalar tugdim.

Ming yilki mardona ko‘kragim kerib,

Dunyoda eng yolg‘iz daraxtday turdim.

 

Ming yilki ildizim, tanam bag‘rini,

g‘alvirday kemirdi o‘rlagan qurtlar.

Ming yilki po‘stlog‘im qaqroq yag‘rini,

simobiy shiralar ilvirab sirlar…

 

Bir qattiq shamoldan yiqildim uvlab.

Mozorimga do‘ndi gullagan joyim.

Meni yiqitmadi shamollar guvlab,

Yiqitdi ichimda o‘rlagan xoin!!!

 

Orifjon KOMIL

1985-yili tug‘ilgan.

Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.