90 marta körilgan

Ruhim ozod bölsa mendek qolipdan…

Sardor Salimov

* * *

Namozşom. Soçlarin yoyar izğirin,

Dilda esar armon yelvizaklari.

Qunişib, omonat quçar bir-birin,

Yaproqlar – hayoning egizaklari.

Yaldo tuni kabi öylarim uzun,

Sabr qalbga öyar dastxatlarini.

Sarsonlikni kiydim asramoq uçun,

Şamol ermak qilgan hasratlarimni.

Yorilib ketsaydi çöng tomirlarim,

Ruhim ozod bölsa mendek qolipdan.

Yarador jangçidek besas ihradim,

Holi mağlublardan abgor ğolibman.

Bekat:

Tamakining qoldiqlarida

Akslanar çekilgan dardlar vujudi.

Ayyub ruhi bordek çinor bağrida,

Şunçalar gözalmi daraxt sujudi?!

Oqquşlar – norizo ketgan pirlarim,

Saboğin unutgan noşud tolibman.

Qaniydi, yorilsa çöng tomirlarim,

Ruhim ozod bölsa mendek qolipdan.

* * *

Yomğir:

Dilxun samo mungli şeʼr öqir.

Oğir

Odimlaydi soyabon – söqir.

Çoğir

Quyiladi köngil jomiga.

Sağir

Tuyğularni tortar domiga

Zamin –

Titroqlardan darz ketgan bağir.

* * *

Qaçonki qayğurang közingga boqsam,

Nido yaqin kabi tuyulaverar.

Tilimdan örmalar sözlarim oqsab,

Vido yaqin kabi tuyulaverar.

“Men seni heç kimga bermasman, işon”,

Vaʼdalar köksimga sançilar çunon.

Turna, bahor keldi deganing yolğon,

Yaldo yaqin kabi tuyulaverar.

Bunça könikuvçan odamzod köngli,

Biroq hijronlardan ketarkan öngib.

Yomğirzor çorlaydi. Kuzdayin mungli

Sado yaqin kabi tuyulaverar.

Tobora baxt bizdan çekinar nari,

Yurakka yiqilar ğamlarning bari.

Sendan yiroqlaşib ketganim sari

Xudo yaqin kabi tuyulaverar.

Sardor SALIMOV

1994-yili tuğilgan.

Respublika yoş ijodkorlarining anʼanaviy Zomin seminari iştirokçisi

2021/6

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (325)

Ayol

Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan çekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
Ön töqqiz yoşida beva qoldi u.