Sendan o‘zga yo‘l yo‘qdir

0
16
marta ko‘rilgan.

Bilmaysiz

Sevmayman deb kuydirasiz-u,
She’rlarimni yodlaysiz zimdan.
Ko‘z-qoshingiz, barmoqlaringiz,
Sochlaringiz chiqmas esimdan.

Vujudingiz mayin tebranib,
Izhorini etganin bayon
Bilmaydi deb o‘ylaysiz-da siz,
Bilmaganday o‘ylaysiz, ayon!

Bilmaysiz-da, yosh, navniholsiz,
Taqdir doim kulmasligini.
Bilmaysiz, lek hardamxayolsiz,
Bilib sevib bo‘lmasligini.

Yoqmayotgan bo‘lsam, ketaman,
Yuragingiz o‘par izimdan.
Sevmayman, deb kuydirasiz-u,
She’rlarimni yodlaysiz zimdan…

Zebojon

Zeboginam, Zebojon,
Tushlarimga kirasan.
Gulbog‘lar aro sarson,
Nimani qidirasan?

Kiprigingda yosh ko‘rdim,
Yuragimni tosh ko‘rdim.
O‘z ko‘ksimga qamalib,
Qobirg‘amga bosh urdim.

Sinsa sinsin qobirg‘am,
Yaralsin-yey malaklar.
Ortiq umrim yoqmasin
Senday joni halaklar.

Farishtam, Zeboginam,
Ishqmi – yorug‘ yulduzing?
Xotiramda barhayot
“Unuting” degan so‘zing.

Mayli, barin g‘ov yillar
Silliqladi birma-bir.
Lekin nechun tushimga
Kirasan yig‘lab, gapir?!

Izlaysan neni Zebo,
Saodat, tole, visol?..
Yuragim to‘la yig‘i,
Beraymi ikki misqol?

Bir qizni sevar edim

Bir qizni sevar edim,
Ismini aytolmayman.
Endi adir oralab,
Qishloqqa qaytolmayman.

So‘ramay kiraverar
Xayolimga, o‘yimga.
U qizni yig‘latganman,
Qorlar yog‘sin to‘yimga.

Endi uzun kechalar,
Sochlari bo‘g‘ib chiqar.
Qo‘llari chayon kabi
Chimchilab, chaqib chiqar.

Uyg‘onaman, ter artib,
Shukur deyman, tush ekan.
Yaxshiyam, yostig‘imning
Yarmi hali bo‘sh ekan.

Bo‘ronday tuproq yo‘ldan
Aylanib borsammikan?
Sen hamon qalbimda deb,
Ko‘nglimni yorsammikan?

…Bir qizni sevar edim,
Ismini aytolmayman.
Yorilgan ko‘nglim bilan
Yoniga qaytolmayman…

Ruhingni quchgim keldi

Birgina tabassum deb,
Borimdan kechgim keldi.
Kulgichingda o‘ynagan
Hayotni ichgim keldi.

Farishtalar jam bo‘lib,
Kipriklaring sanashdi.
Ko‘zingga boqqan edim,
Oh, ko‘zlarim qamashdi.

Yuzingga barmog‘imni
Tekkizsam kuymasmikan?!
Turmaklangan sochlaring
Shamolni suymasmikan?!

Sendan o‘zga yo‘l yo‘qdir,
Boray desam – manzilim.
Yoningda bir xayolday
Yashayapman, sevgilim.

Ko‘p emas muddaoyim,
Tanasi yo‘q ildizman.
O‘sib o‘solmayapman,
Mavjudman-u, beizman.

Kulgichingda o‘ynagan
Hayotni ichgim keldi.
Vujud… vujud mayliga,
Ruhingni quchgim keldi.

Sho‘x kulgungiz

Siz dunyoni to‘ldirib nurga,
Farishtaday kelin bo‘ldingiz.
Ichga yutib yig‘imni zo‘rg‘a,
Baxt tilasam “qah-qah” kuldingiz.

Olib qochdim sizdan ko‘zimni,
So‘ng o‘zimni –  olislarga men.
Koshki, olsam qo‘lga o‘zimni,
Ololsaydi ruhi-jonim tin.

Ozdi, to‘zdi taqvimlar bir-bir,
She’rlar bitdim dardli imloda.
Yor, negadir yuragim og‘rir,
She’rda sizni etsam ifoda.

Bahor keldi gullar ko‘tarib,
Yoz olmalar otib o‘ynadi.
Kuzda vazmin, qishda charsillab
Yondim. Hijron omon qo‘ymadi.

Sevaman deb uzun kipriklar
Shabnam tutib kelaveradi.
Yolg‘iz qolsam, yig‘lasam sim-sim,
Sho‘x kulgungiz taskin beradi.

Bahodir BAHROM

1990 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. 2008 yili yosh ijodkorlarning Zomin seminarida ishtirok etgan. “Eng suluv armon” (2008), “O‘ttizinchi fevral” (2014) nomli she’riy kitoblari chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.