Onam
Kelgunimça yöl qarab,
Uyqusi öçgan onam.
Yarim tunmi yo sahar
Darvoza oçgan onam.
Ölim – qisqa judolik,
Jovdirab jannatda ham
Bolam qani, Xudo, deb,
Darvoza oçgan onam.
Menglixon qissasi
Maxtumquli – Haq qulin
Hiyla bilan yengdi Xon.
Yulib ketdilar gulin,
Guliraʼno – Menglixon.
“Dedim: – Mohitobonim!
Dedi: – Göyo Menglixon!”
Közasi ketdi oqib,
Daryoda qalqib ketdi.
Menglixonni yuz otliq
Saroyga olib ketdi.
“Dedim: – Qöyding armonga,
Dedi: – Köngildur vayron”.
Ğaflatda qoldi qizlar,
Na dodga ulgurdilar.
Şörlik yigitni izlab,
Qişloqqa yugurdilar.
“Dedim: – Ölarman endi,
Dedi: – Qolarsan omon”.
Manglaydagi bitikda
Har bandaning aʼmoli.
Keltirdilar yigitga
Menglixonning röymolin.
“Dedim: – Kipriklaring öq,
Dedi: – Qoşlarim kamon!”
Tölgani şu paymona,
Röyo desa, rostdirkim.
Muştin siqib, röymolni
Lablariga bosdi jim.
“Dedimki: – Libos kiymiş,
Dedi: – Töni zarafşon!”
Boşdan qum soçdi sahro,
Amudaryo tölğondi.
Körib qöy, beor dunyo,
Yiğladi mard öğloning!
“Dedim: – Tovus na joydan?
Dedi: – Joyi Hindiston”.
Judo bölib yoridan,
Elkezar oşiq qoldi.
Hasratidan, doğidan
Bir mungli qöşiq qoldi.
“Dedim: – Undan ber manga,
Dedi: – Istarmiş bejon”.
Bu dunyoning koriga
Bardoş berar jonim yöq.
Menglixonning holidan
Söz aytgali holim yöq.
“Dedim: – Ölim bor senga,
Dedi: – Senga ham farmon!”
Hijroningda öldim-ay!
Yoşim artsam, yengim qon.
Kimga çöri bölding-ay!
Mungli xonim, Menglixon!
“Dedim: – Endi ketarman
Dedi: – Ketsang – bor omon!”
Qanisan?
Kalta kiyib, lak qöyar dunyo,
Köylagi uzunim, qanisan?
Tillaman deb nak urar kimyo,
Qöllari uzugim, qanisan?
Bir zamon, bir vaqtlar ketgandim,
Qölingni siltablar ketgandim,
Çaqirsang, ildamlab ketgandim,
Ovozi huzunim, qanisan?
Yoş edim, şöx edim, hovliqqan,
Yuragim zöriqqan, zoriqqan.
Yöl qarab közlarim toliqqan,
Közlari suzugim, qanisan?
Köz taşlar döst-duşman nonimga,
Döst-duşman pöst taşlar yonimda,
Hammasi yodimda, yodimda…
Jonimga kuyugim, qanisan?
Kiftimda şaytonmi böylagan?
Kaftida oltinmi öynagan?
Oltinni oldimmi, öylamay?..
Sözlari tuzugim, qanisan?
Hayotim xattingdek qisqadir
Kiprigi uzunim, qanisan?
Odamdek yaşaşni istardim…
Hammadan luzumim, qanisan?
Savol
Yodingdami paxta, Yozyovon?!
Eslaysanmi eski şiyponni?
Ştab, qizlar, qiy-çuv, töpolon,
Dala-daştlar yodingda bormi?
Möyqalamda çizilgan şafaq,
Bilqillagan dala yöllari.
O, öşanday zarif manzara
Hayotimda qaytib körmadim!
Tutqatorlar qolganmi hozir,
Tebranarmi tunda şuvoqlar?
Olis-olis yoqlarda yonib,
Öçarmikan milt-milt çiroqlar?
Esingdami, baloğat fasli,
Qizil boşmoq, sariq köylaging.
Qöytikandan ayiqça yasab,
Etagingga solib qöyganim…
Quvonçimga qorişiq ğussa,
Öttizimda soçim oqardi.
Birov seni uçratdim desa
Işongisi kelmas odamni.
Men nahotki aqldan ozdim,
Haqiqatan bormiding, nigor?!
Öşa kunlar bölganday rostdan
Tuşlarimda şovullar çinor…
Jamoliddin Badalov
1989-yili tuğilgan.
Farğona davlat universitetining Özbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Respublika yoş ijodkorlarining Zomin seminari iştirokçisi.
2021/9
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida