Alp Er To‘nga vorislari

0
32
marta ko‘rilgan.

Janubiy vokzalga yetib borganimda “Sharq” poyezdi yurishiga 10 daqiqa qolgandi. Bir amallab vokzal nazoratidan o‘tdimu, jo­yidan jilayotgan poyezdga yugurdim. Lokomotivni aylanib o‘tib, birinchi vagonga osilib chiqib oldim. “Sharq” nomli tez­yurar poyezd sharq sayqali tomon yo‘rg‘alay boshladi. Nafasimni rostlab vagon derazasidan vokzalga qaragandim, yuklari bilan yugurib kelayotgan Usmon Azimga ko‘zim tushdi. Keyin bilishimcha, uning ortida Xurshid Davron ham bor ekan. Endi ularsiz anjuman qanday o‘tadi? Bu insonlar bor davralar o‘zi tansiq. Lekin she’riyatimizning ikki chinori yoshlar tashkillashtirayotgan anjumanda qatnashishi bizni juda quvontirdi. Xullas, o‘zbekning ikki ulug‘ ijodkori mashinada boradigan bo‘lishibdi.

Manzilgacha qirg‘iz birodarlarimiz bilan birga ketdik. Men Qirg‘iziston deganda, eng avval Chingiz Aytmatovni, O‘sh va Shavkat Rahmonni eslayman, ularga bergan dastlabki savolim ham shu haqda bo‘ldi. Biroq javobdan ko‘ngil to‘lmadi. Nadomatki, turkiy dunyoning katta qismi o‘zining Shavkat Rahmon degan bag‘ri kuyugi borligini yaxshi bilmac ekan. Mana, biz ham qirg‘izlardan faqat Chingiz Aytmatovni bilamiz-ku. Bunda kimni ham ayblay olardik?

 Dunyoni go‘zallik qutqaradi, degandi Dostoyevskiy bobo o‘zining “Telba”sida. Biz esa “Dunyoni adabiyot birlashtiradi” deymiz. O‘zbekda “Navoiy – g‘azal mulkining sultoni” degan gap yursa, qirg‘izlar “Aytmatov – qirg‘izning Chingizxoni” derkan. Yo‘l bo‘yi ikki jonday elning farzandlari she’rlashib ketdik. Biz ustozlarning she’rlarini jo‘r bo‘lib aytamiz, ular o‘z o‘lanlarini do‘mbirada ijro etishadi…

Biz xalq og‘zaki ijodidan uzoqlab ketganmiz. Umuman, baxshilarni adabiyot vakili desak, hayron bo‘lguvchilar talaygina. Ammo turkiy xalqlarning adabiy xazinasi uzoq asrlar og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan. Zero, asosiy yumushi chorvachilik bo‘lgan, ko‘chmanchi elatlar adabiy yodgorliklari uchun katta kutubxonalar qurib, qo‘­lyozmalarni saqlay olmasdi.

Qirg‘iz birodarimiz aytishicha, ularda adabiyot tarixi ikkiga bo‘lib o‘rganilar ekan: folk­lor va yozma adabiyot. Aytmatovdek dahoning paydo bo‘lishi tasodif emas. Xalqning tildan tilga o‘tib yashab kelayotgan asriy dardlari, orzulari, ruhiy qudrati qondan qonga ko‘chaverib Chingiz degan vorisining tomirlarida jo‘sh urdi. Aslini olganda, biz baxshichilik deb bilganimiz ularda mumtoz she’riyat darajasida. Biz she’riyat haqida so‘zlaganda, Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiyni eslaymiz-u, lekin xalq degan BUYUK ShOIRning “Alpomish” degan ulug‘ SHE’Rini unutib qo‘yamiz… Qirg‘iz qardosh­larimizdan biri Aziz Esenaliyev keyinchalik bir necha davrada “Manas”dan parchalar aytdi, xayolga tolganlar hushyor bo‘ldi, uxlaganlar sergak tortdi…

Qardoshlar bilan bo‘lgan gurunglarda ikki elning bolalari bir-birini yaxshi bilmasligi ayon bo‘ldi. Bir muddat adabiy aloqalarning sustlshganini o‘ylab ko‘ngil o‘ksiydi. “Samarqand she’r oqshomlari” turkiy tilli yoshlar anjumani bu ellarning yoshlari bir-birini tanib olishi uchun tashkil etilgan. Buning uchun Samarqandning tanlanishi bejiz emas. Ming yillar ilgari barcha turkiy elatlarni ilk bor bir bayroq ostiga birlashtirgan Turon davlati asoschisi Alp Er To‘nga bunyod etgan shaharda o‘sha afsonaviy hukmdorning vorislari jam bo‘lgani go‘zal va unutilmas hodisa bo‘ldi.

She’r oqshomlarida o‘zbeklar nomidan qatnashish uchun besh yuzdan ortiq nomzodlar orasidan saralab olingan yigirmadan ziyod qalamkash maslahat uchun yig‘ilganimizda, tashkilotchilar umumiy muloqot uchun xalqaro til bo‘lgan rus tili olinishi ma’qulligini aytish­di. Yo Xudo, bir tilda so‘zlashuvchi ellarning yoshlari o‘zaro suhbat uchun boshqa tilga ehtiyoj sezsa-ya!? Yo‘q, dedik, hamma o‘z tilida gapiradi! Shunday bo‘ldi ham.                       

Ona tilim, men ruhimning qanoti,

Abut turk nafasi, Oltoy chechagi,

Xun davridan omon kelodi G‘iroting,

Qutlug‘ Enasoyning ezgu ertagi…

 

* * *

Ro‘yi zaminning sayqali Samarqand bo‘lsa, Samarqandning sayqali Registon maydonidir. Anjumanning rasmiy ochilishi Registondagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida o‘tdi. Ha, bir paytlar bu ilmgoh Sharqda bugungi Oksford universiteti darajasida edi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy­larning qadami yetgan, Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi buyuklar saboq bergan bu dargohda Turonning bolalari birlashdi. Turkiyadan Ali O‘ktay O‘zbayrak, Ozarbayjondan Tural Turon va Intiqom Yashar, qozoqlardan Juldыz Namazova, Meldir Bekeeva, Userov Batirxan, qirg‘izlardan Aziz Esanaliyev, Marlen Matnazarov, Jakshыlыk Duyshonbek ulu, Izatova Rыskul, Seseeva Didana hamda turkman qardoshlarimizdan Umidjan Durdiyev, Otabek Safar, Muhayyo Rajabova kabi ijodkorlar ishtirokida o‘tgan marosimga ustozlarimiz Usmon Azim va Xurshid Davronlar fayz kiritdi. Ali O‘ktay og‘a O‘zbekistonga eng avval yetib kelgan turkiyalik yagona ishtirokchi edi. U bilan ko‘rishishdan oldin internet orqali yozishmalarimizda: “Men ham hayajondaman. Bu uchrashuvlar go‘zal ishlarga boshlaydi. Barchasi ko‘nglimizdan o‘tyapti. Shu qisqa uchrashuvlarda uzun-uzun suhbat quramiz”, degan so‘zlarni aytgandi. Demak, bizning ko‘nglimizda kechayotgan hayajon boshqa tengdoshlarimizda ham kechayotgan ekan. Bu uchrashuvlar chog‘ida qonimizning birligini, barchamiz ulug‘ bir millatning vakillari ekanimizni his etib turardik.

 

* * *

Erta tongdan borarimiz Imom Buxoriy ziyoratgohi bo‘ldi. Samarqand shahridan ziyoratgoh majmuasi joylashgan Xartang qishlog‘igacha bir soatdan ko‘proq yuriladi. Bir soat jim borishni istamay, she’ru qo‘shiq aytib ketdik. Qirg‘izu qozoq, turkmanu o‘zbek, ozar va usmonli turk tilida yangrayotgan she’ru qo‘shiqlar ulovimizga og‘irlik qildi, shekilli, avtobus buzilib qoldi. Katta shaharlarda kichik ko‘ngilsizliklar bo‘lib turganidek, ko‘hna shaharlarda ham zamonaviy ko‘ngilsizliklar bo‘lib turarkan. Ortimizdan yetib kelgan avtobusga o‘tdigu, zavqu shavqni kelgan joyidan davom ettirdik. Ustoz shoir­larimizning mashhur she’rlarini jo‘r bo‘lib aytayotganimizda o‘zbek she’riyati qudratining nafasi dimog‘larimizga to‘lib ketgandek bo‘ldi. Goh Shavkat Rahmonning “Turkiylar”ini aytamiz, goh kimdir Ergash Juman bulbuldan “Assalomu alaykum, doring og‘ochi” deb so‘z boshlaydi, qizlardan biri Abduvali Qutbiddinning “Osima”sini aytib qoladi. Usmon Azimning:

 

Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak,

Faqat bekor bilib orom quchog‘ini.

Bu dunyoni sirga ko‘mib yashash kerak,

Qalbga sanchib she’riyatning pichog‘ini,

satrlarini butun avtobus jo‘r ovozda hayqirib aytganimizda, qardoshlar ko‘zida hayrat uchqunlaganini sezdim. Shunday qilib ularga o‘zbek nazmining sara gullarini hidlatishga intilardik…

Ziyoratdan so‘ng Samarqand davlat universiteti tomon yo‘l oldik. U yoqda Yosh ijodkorlar kengashi tavsiyasi bilan chop etilgan bir necha qalamkashning kitoblari va “Jilg‘alar qo‘shig‘i” nomli yoshlar bayozining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot davomida Aziz Said, Abduvali Qutbiddin, Zebo Mirzo, Nodir Jonuzoq, Xosiyat Rustamova singari shoirlar bilan dilkash suhbatlar kechdi.

Tushlikdan so‘ng ko‘hna kent obidalarini ziyorat qiladigan bo‘ldik. Sohibqiron Amir Temur qab­ri oldida jam bo‘lgan turkiy elning farzandlariga qarab turganingizda, jahongirning “Bizkim, mulki Turon, amiri Turkistonmiz. Bizkim, millatlarning eng qadimi va ulug‘i, turkning bosh bo‘g‘inimiz” degan so‘zlari xayolda g‘alayon ko‘taradi. Bir chetda parishon o‘ltirgan dilbar shoiramiz Zebo Mirzoga ko‘zim tushdi. Zebo opa ko‘zlarini yumib nimanidir o‘ylardi. Ehtimol, bu o‘ylarimiz uning ham xayolidan o‘tgandir? Maqbaradan chiqaverishda Sohibqiron barpo etgan Turon davlatining xaritasi bor ekan. Movarounnahr va Xuroson yerlaridan tashqari, Hindistonning bir qismi, Kavkazor­ti hududlari, Ozarbayjon, Turkiya va Eronning katta qismi, hatto Misr yerlarigacha shu davlat tasarrufida bo‘lgan. Bu yerda yig‘ilgan barcha shoirlar shu qadim saltanatning fuqarolari edi!

Kun peshindan og‘ganda biz o‘tirgan avtobuslar Samarqand madaniyat saroyi tomon yo‘l oldi. Bu yerda anjumanning asosiy tabdiri va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Unda turkiy tilli yoshlar mushoirasi, turkiy xalqlar madaniyati namoyishi kutilayotgandi. Mingdan ortiq tomoshabin qarshisida she’r o‘qishni hech kim tasavvur ham qilmagan bo‘lsa kerak. Mana, endi boshga tushar bo‘ldi. Barcha qatnashchilar hayajonda. Hamma o‘z tilida she’r o‘qidi. “Manas”dan parchalar tingladik. Qozog‘u qirg‘izning yosh oqinlaridan o‘lanlar eshitdik. Iste’dodli shoira Nozima Habibullayeva “Oppoq royal va muhtasham zal…” deb boshlanuvchi pianinochi qiz haqidagi she’rini o‘qishga taraddud ko‘rayotgan edi. Tashkilotchilardan biri kelib, unga hammasi tayyorligi, chiqishi oldidan royal sahnaga olib kirilishi, bemalol she’r aytib kelib, royalga o‘tirib musiqa jo‘rligida davom etishi mumkinligini uqtirardi. “Faqat bir muammo bor… Royal oppoq emas, qop-qora!” Sahnaga chiqib kelayotgan Nozimaning qarshisida qora royal turardi va u she’r boshladi:

 

Qora royal va muhtasham zal.

Hayajonning bezaklari jam.

Titroq o‘ynar sahnani o‘pgan

Ko‘ylagimning etaklarida.

Ming ko‘znayza nishonida – men,

Nafaslarim borar siqilib

Va chalishni boshlayman

Betxovenning

O‘n to‘rtinchi sonatasini…

 

Bu chiqish vaziyatga mos aytilgan she’r va jonli musiqa hamohangligi sabab ko‘pchilikning yodida qoldi. Sahnada yangragan har bir she’r o‘z muallifining kashf etilishiga sababchi bo‘ldi. Shuytib, she’riyat oqshomlarining asosiy qismi yakunlandi.

Ikki kun oldin bir-biridan iymanib turgan qardoshlar kechki ovqat vaqtida birga raqs tushishdi, o‘ynab-kulishdi. Turkiylar qayerda yashamasin, vatanparvarlik ularning ruhini ko‘tarib turadi. Yoshlik baribir yoshlik-da. Qonimizdagi jo‘shqinlik sho‘x qo‘shiqlarni eshitgach battar jo‘sh urdi. “Andijon polkasi”, “Lazgi”ga o‘ynayotgan ozariyu qirg‘izning, turkmanu o‘zbekning raqslarini kuzatib turgan ustozimiz Usmon Azim hazil-chin aralash: “Nega bular o‘ynaydi-ya, bular qayg‘urishi kerak”, derdi. Bir-biridan uzoqlashgan ulug‘ elning bolalari ma’naviy birdamlikni ta’minlash endi ularning gardaniga tushushini, bobolarning asriy armonlari ijobati ularga bog‘liqligini, bu esa og‘ir vazifa ekanini anglashini istayotgan edi azim shoirimiz.

Yarim tungacha ijodiy gurunglar to‘xtamaydi. Turkmanlardan vakil bo‘lib kelgan ijodkor Otabek Safarning xonasida qardosh­lar ijodini muhokama qilamiz. Turk va ozar tengdosh­larimizda ijodiy o‘ktamlik, G‘arbga yaqinlik she’riyatda ham aks etganini aytamiz. Alisher Navoiy, Maxtumquli, Yunus Emro, Fuzuliy, Abay, A.Qodiriy, Cho‘lpon, Chingiz Aytmatov umumturk adabiyotiga mansub shaxslar deb hisob­lanishi kerakligini e’tirof etamiz. Tarqalish fursati yetganini o‘ylagan sari savollarim ortib boraverdi. Bu oqshomlar erta tong uchun nimalar berdi? Javob shu: qondoshlar bir-birlarini yana qayta topa boshlashlariga umid berdi.

 

* * *

Bir ulug‘ ish bo‘ldi: o‘zbekning farzandlari qardosh­larini yo‘qladi. Bir-birimizni bildik. Bu boshlanishi bo‘lsin. Turkiy tilli yosh ijodkorlar deya olti mustaqil davlat farzand­lari-ku bir joyda jam bo‘ldi. Endi kelasi anjumanlarga uyg‘urlar, tatarlar, bosh­qirdlar, xakasu chuvash kabi elatlar, afg‘onistonlik o‘zbeklar – qariyb butun Osiyodan Turon farzandlari yig‘ilishi kerak edi. Har narsaning imkoni bo‘lganida olam guliston bo‘lardi, nachora! Boriga baraka, deymiz! Kamchiliklar ko‘p, ammo ulkan yutuqqa soya solgulik emas. Biz so‘z olamida ich-ichimizdan Turon bo‘lgimiz keldi. Aynan yoshlar bu ishga bosh bo‘lishdi. Bu juda muhim. Hali qancha armonlarni, iztiroblarni bosib o‘tmoq zarur Turon degan so‘zga qadar! “Turon adabiyoti” degan istiloh kerak so‘zshunoslik ilmiga. Buning uchun avval o‘sha adabiyot qayta yaralmog‘i lozim. Jadid bobolarimiz shu maqsad uchun kurashgan edilar. Bizning yelkamizda ularnikidan kam yuk turgani yo‘q. Xayolimda esa Usmon Azimning yoshlarga aytgan so‘zlari: “Nega bular o‘ynaydi, bular qayg‘urishi kerak!”

 

Toshkent – Samarqand – Toshkent.

 

Suhrob ZIYo

 1996 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida

ishtirokchisi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.