Odamiy

0
37
marta ko‘rilgan.

(Doston)

 

Men o‘sha…

Qo‘lida dasturi

Ujmohdan tushgan –

Odamiy.

Shayton hamon

Qon quyadi qonimga…

Kim qayishar

Yolg‘izlangan jonimga?

Tangrim! Tangrim!

Adolat haqqi,

Adolat xalqi!

Yorlaqa! Yoqla!

Qaytargin rabboniy onimga.

Ishtiyoqmand, chalinajak qutquga,

Yomon o‘chman juda noravo

Ginachi, g‘addor quv uyquga.

Xiyonat oshig‘u moshug‘im,

Kasofat, halokat

Zalolat, hamoqat

Sherikdir nonimga.

Chirpirakman, juda chirpirak

Xazondan haqirroq,

Jon kuyar jizg‘anak,

Tavba nima bilmasman,

Yuz yillarning bag‘rida kesak…

Sabr-bardosh, yig‘i tiladim

Ko‘nglim o‘ldi, o‘lmadim…

Havvo osilgan arqonimga…

Borim shu inondim,

Yo‘q yo‘ldan baqoni tilandim…

O‘lmoqni o‘rgandim.

Tirilmoqqa hamon hushim yo‘q…

 

O‘taverar hammasi, har on,

Mangu lahza isyon va iymon…

Shayton jilpanglaydi yonimda

Evriladi gohi Bonumga.

Chang soladi har bir onimga

Tupurar botinan nomimga…

Qochaman, qochaman o‘zimdan yiroq.

So‘qir chiroq otilgan ingroq.

O‘sha tuproq, dapchak, loy tuproq

zuvalam,

Jismim guvala.

Ko‘nglim tegrasida zax qo‘rg‘on

Har soniya qulajak qo‘rg‘on.

Yarmim Kun qiriga otildi,

Yarmim Tun to‘riga osildi.

Irganchman-ku anglovsizlik domida

Odamiy izlagan Odamiy…

 

Nuh qavmiman,

Bilmadim-ku yer o‘zi ummon…

Ko‘zimni ham cho‘ktirdi tilsiz.

Shayton ramzi o‘ynagan qaroq…

Mehrgamas, toshlarga yoron

Yo‘lsiz, yo‘lsiz, cho‘kkancha yo‘lsiz

So‘nggi dam ham kemaga chiqmagan

Gumroh Kan’on bo‘ldim ko‘ngilsiz.

 

Go‘yo har gal jumada

qurultoydan qolgan…

Xayr, niyat, nek amal, siyrat,

Taqvo, toat, munojot nima

bilmagan

Od qavmiman,

Samud qavmiman –

O‘zigamas o‘zga topingan,

Jinlar iddaosin yopingan

Bo‘y-bastiga shakkok kerilib,

Maxluqdan maxluqqa evrilgan…

Yo‘q, bilaman, juda bilaman –

Men bo‘ri, ayiq, maymun avlodi emas,

Maymun, to‘ng‘iz mening avlodim…

Yana to‘ng‘izgami do‘naman?

Qaramayman, qarolmayman yonimga…

Esimda-ku badbaxt Lut qavmi

Jirkanchlikni nahot sevadi,

Hamon irganch, rasvoi raddi

Hamon ko‘molmaydi tosh bo‘ron,

Esgan sari esadi buhron,

Yallama yorim qilgancha to‘fon…

Qisqartirar zaminni Farmon!

O‘lik dengiz, tobutsiz dengiz,

Qabohatning jazosimi biz,

Qiyomatning oyati, essiz…

 

Baribir

Men o‘shanchiq, haddan qizg‘anchiq,

Jannatdan nozil,

Ayon fe’li Yoqubga tushdan…

Nafsga, nafsga faqat sig‘ingan,

Johil…

Uv, muncha Oy qismating peshvoz

Oralaydi katta azobni

O‘n ikki Yulduz Oyga egilgan

Tozadan toza Azobi

Yusuf! Yusuf

Sohib husn, go‘zal qalb, oqil

Bo‘lgan bois sotilgan…

Davrondan zindonga otilgan,

Zohiri shu…

Nafs janglarida,

Dars ranglarida

Shabnam asli, shu’la fitrati

Tamom ko‘ngil dardiga davo.

Uni azal xush ko‘rar ayol,

Ona, ayol

Oyni oyday tebratardi nafsida,

Bir kun to‘lg‘ondi-ku qasdida

Hali go‘zal

Shayton rasida…

Nomus-or zodagonlar hayotida bir chaqa:

Meniki bo‘lishi kerak, dedi

Meniki bo‘lishi kerak.

Ko‘zga nur, tan-jonga surur…

Ko‘ngildagi ingroq kerakmas

Nomus toptalgancha gunohmas…

Yusufning uh ziyobaxsh joni,

Yuragida Iloh farmoni,

Misr xazinabonining xotiniga kerakmas.

Bokira edi u, iffatli…

Yusuf undan ming chandon a’lo,

Zero, butun berilgandi iymoni,

Orzui xo‘b edi,

Yo‘q edi armoni…

Joduzor olam.

Vosita xotin

Ko‘ngliga oshiqmas, taniga, jamoliga

Husn otli moliga xaridor,

Hech qachon boqmagan holiga…

Qoldi Yusuf iymon yoniga.

Dog‘ tusharmi dog‘siz qurbonga!

Kim edi eshik og‘zida tutganlar,

Aybdorni aybsiz,

Musaffoni aybdor topganlar,

Gunohni gunoh-la yopganlar.

Haqiqat, zindonda ham haqiqat.

Yer usti qachonki yolg‘on bo‘ladi,

Haqiqat juda ham arzon bo‘ladi,

Kimga Shayton do‘stu tolqon bo‘ladi,

Yer ostiga ko‘chib kirar chin,

Ichkarida yashayverar din.

Haqiqat yashayverar zindonda.

Haliyam o‘shanday Yusuflar yo‘qmi?

Zulayholar yo‘qmi hali ham.

Balki unday Yusuf, qalbi ko‘klam yo‘q,

Sohibkamol Zulayholar dargumon…

Sohibjamol Zulayholar sog‘ hamon,

Payt poylashar, poylashar zamon…

Yer lola orttirgan bahorda,

Tun-kunduzlar bir mohitobon –

Ko‘ngli Yusuf, ko‘ngli charog‘on,

Yusuf bo‘lgim keladi hamon,

Chiqamanmu zindondan omon,

Bir ko‘ngilga bir xazinabon…

 

Vodiyi To‘bo

Har zamonda to‘shagay sabo,

Bori sahro – qorong‘u sahro,

Bu dunyoga qaytganday Muso,

Sabiy Muso,

Qo‘rqoq aqli tilidan judo.

Muhit urho-ur,

So‘zlolmas burro.

Duduqlanar ma’nosiz,

Noadldan bo‘g‘riqadi hislari.

Loqayd, kamxarj, beg‘am, jimgina,

Iniga yo‘lamas shamolday

So‘z aytmaydi, chiqarmas sado…

Garchi

Hayoni o‘marib ketishmoqda pashshalar,

Surbet va befahmning qo‘lida g‘ijjak…

Qarg‘a mashvaratning to‘rida,

To‘tiga ajrli beqasam kiygizar.

Jinoyat uchunmas, kamsuqumlik uchun

Jazo tayin.

Aqlni emas,

Jahlni pullaydi zag‘izg‘on.

Odamiyning ko‘zi yumuq,

Yuragi holsiz,

Labi olsiz,

Manglayining ajinlariga cho‘kib ketgan yillari

Jarayonning fursatidan zorlanib

Kunim o‘tdi.

Kurtaklar til chiqardi

Qonimda o‘rmaladi bahor

Yashillanishni,

Ozod fikrni,

Tuyg‘ularim ilg‘adi,

Men tilsizning tilini ber o‘g‘irlagan dunyo!

Bulbuligo‘yo dunyo,

Bulbullari qolmagan dunyo,

Haqqa, Haqiqatga tilim ochilsa edi…

Hech narsa kerakmas menga

Qadrni qadrlashdan,

Birodarga qiyomatli salom yo‘llashdan,

Izhori Yor,

Bemorlarga shifo tilashdan

Onamni oldidagi qarzimni,

O‘zining huzuridagi arzimni,

Fosiq, fojir, itoatsiz, ajdaholarga

Navo yanglig‘ uzatsaydim narzimni.

Musoman – Fir’avn chang solgan har onimga

Yo‘qolishga qalqonman.

Otishi, osishiga

Nishonman.

Hali ham o‘sha goh halol,

Gohida yo‘lidan adashgan bandaman.

Har joyda tandaman…

Har narsa sinov, ne’mat,

Illat, tuhmat, qabohat,

Halovat, huzur, nur, farishta, hur

O‘ngu so‘limda.

Ko‘zimda, qo‘limda.

Ana Ka’ba sari ketayotgan Abraha

Filday-filday fillar qurgan yo‘l…

Abobil qushlari

Tumshug‘ida sopol

Tog‘larni qo‘porgan,

Toshlarni teshgan gil

Iymon dur, bezavol…

Jazoi Haq

Shuncha kichik,

Shuncha qudratli.

Dovul…

Bugun ham esmayaptimi

Butun yer shari bo‘ylab…

Kim bugun Abraha?

Kim Abdulmutalib?

Kim mag‘lub,

Kim g‘olib,

Ka’baning egasi kabi

Insonning egasi bor!

Qonining egasi muhimmas,

Jonining egasi bor.

Qalb – Ka’ba

Vayrona, vayrona,

Obod, obod, hayrona,

Ozod, ozod, do‘stona

Bandaga qul,

Bandaga cho‘ri –

Qalb – Ka’ba

O‘ziga begona.

– Yazdonga lo‘li.

Tavof qiling uni,

Aylanib bir huzur

Yerdan, tepadan

Jami mavjudot,

Maxluqot.

Yetgani shu Haqning imdodi,

Yetgani shu Tangriga dodim,

Tavbam, faryodim,

hayvoniy onimga,

insoniy jonimga.

 

Qo‘limda dastur

Tugal, mukammal

Aniq-tiniq, ravshan, yop-yorug‘

Kim, kimga

Yorlug‘. Nomahram, tanmahram,

Qalbmahram; qish, yoz, kuz, ko‘klam

Vaqti bir tavofning

Ibodatning, ibratning

Yashashning ham…

Dengizlarni bo‘lib yo‘l berdi Tangrim

O‘sha unutuvchan, kufroni ne’mat qilayotgan

Muso qavmi, Iso qavmi senmasmi, menmasmi,

Yetmish to‘rt yil to‘rt yoqqa uloqqan,

Yuz o‘ttiz yil ko‘z yoshi ichiga oqqan –

Qirq yil sahrodagi Muso qavmi

Ko‘zini ochmaydi. Har kuni chiqadi

Bitta Somiriy.

Tilla buzoq shart emas endi

O‘lik eshak bo‘lsa ham mayli,

Uchrashadi telbalar xayli,

Vaqtni o‘ldirishga ermak kerak-da.

Esli lahzani ushlashga yurak kerakmas,

Shukrona ne’matga yo‘lak kerakmas.

Sanab bo‘lmas, jami o‘rmon siyohi yetmas

 Qalam, qog‘oz, iltijo,ovoz

Guras-guras o‘tib boryapti…

 

Tavba, tushimga kiribdi Iqlimo,

Kechir O‘zing.

Men go‘yo Qobil,

Men yana Hobil

Aralash-quralash

Ho‘l va quruq,

Arzon va qimmat,

Nodir va mo‘l,

Sahro va ko‘l.

Ummon-quruqlik qonimda

Mehr-shafqat,

Haqiqat,

Nafrat,

Surur,

Sehru jodu, muhabbat –

Kuch-g‘ayrat.

Ilohiy ruhiyat

His qilish,

Qisilish,

Ezilish,

Hurriyat, qullik…

Kufr, shukr.

Hayo, behayo, illat…

Kuydirajak barisini nur,

Olov emas

Ilohiy nur jonimda!

 

Ajabki, xayolimni zabt etgan nima?

Nima jodulagan ko‘zimni?

Ro‘yo ko‘zlarimga in qo‘ygan kana

Xunimni simirib o‘ynatar sarob.

Muttaham arbob

Bobilga tushurilgan sil Horut, Morut

Har ko‘chada bog‘lar aqlimni… ana!

Faqat tanitmaydi o‘zini,

Faqat tanitmaydi meni ham…

Yolg‘ondan bo‘g‘ilgan haqiqat

Xunuk , yomonotliq, o‘jar savt

Yig‘latadi hatto Horut-Morutni,

Tarallabedodman,

shodlanmay kulganim kulgan,

Bo‘lganim shumi? Bedodman…

Qornini to‘ldirib, ko‘nglini tilgan

O‘zim-ku!

O‘zim!

 

U kimningdir qo‘liga tutadi udni!

Yirtilgan, yoqilgan xat ayni dunyo

Sog‘inadi qaytishimizni

Afsungamas, chinga!

Borimizni aytishimizni,

Taxti singan hukmfarmo riyo

Yo‘l soladi har tomon…

Oqim, guruh, firqa, uyushma…

Yo‘l esa bitta!

Yo‘l faqat bitta!

Unvon, martaba, tabaqa ham…

 

Achchiqlansam, xatom jazo bo‘lib keladi,

Quruqlik suvga itqitar vujudim.

Baliq qornidagi Yunusman…

Kir koriga hamon bo‘lmagan iqror,

Qiyomatgacha nahang qornida qolib ketsam nima bo‘ladi?

Zero, ne bir aqlli yirtqichlarning og‘zi ochiqdir,

Poylab yotibdi komiga tushishim…

Men esa achchig‘imni, jahlimni yig‘ib olmadim

Yo‘lga solmadim.

Chinorning yoshidaman

Ummonning qoshidaman

Dovdir, telba, nodon,

Mayda, ovsar, sustkash, beg‘am,

Laqma, laqqi,

Hamma narsani Aziz bergani holda

Kibri qadar tutgani motam

Shahvati-chun yutgancha sitam

Insu sevgan jinni…

Odamiy, odamiy…

 

Hamon o‘sha Odamdan odam,

Biroz bodi,

Biroz manmanroq

To‘xtamaydi qilishdan orzu,

Hech to‘ymagan kechishdan armon.

Har dam sevar bo‘lmoqni qozi.

G‘ayratliman deya tanbalroq…

Ko‘zimni och degim keladi,

Ko‘zimni och degim keladi.

Isyonga g‘arq,

Iymondan nari.

Iymonsiz g‘arq

Qara, qara isyonning jari

Qulagan daydi.

Falastinda meni xo‘rlashar,

Afg‘onda izg‘iydi bo‘rilar…

Nafsim namuncha ham giyohvand,

Nafsim namuncha ham hunarmand.

Kimlar vayron qildi pul bozorini,

Kimlar obod qildi qul bozorini?!

Namuncha illatdan ko‘krak keraman,

Ne’matdan o‘zimni nari suraman?

Otashin yaxshilar hamkorsiz,

Tobora bedilu dildorsiz,

Kabirlar qurbonliq.

Iblis oshkora bo‘g‘izlaydi

Sag‘irlar boshpana izlaydi.

Har zabun, izillaydi, yig‘laydi.

Har joyda yomonlar bir, hamkor,

Nafsig‘or barqaror tadbirkor

Ta’magir,

Ko‘ngli kir

Yuragida qon oqmaydi, jir…

Zamon shunday emish,

Zamonni so‘kma

Inson o‘sha

Odam Ato zuryodi.

Nafsing shuncha otdimi hakalak,

Shavqing buzdimi to‘g‘onni,

Men kamalak,

Nonushtaga yetti rang yegan…

Davo so‘rabman sendan bedavo…

Qo‘limga qaraysan

Ko‘zimdan avval.

Qo‘lim bo‘lmasa ham…

Boshqa gal

Ko‘zingga uzataman qo‘limni…

Men xastami

Sen xasta?

Sen xastami,

Men xasta?

Birda yurak chatoq,

Birda qalb chatoq

Qo‘limga qaraysan

Ko‘zimdan avval…

So‘zimga ishon,

Ishonma,

Lekin ishon!

Ishonchsiz odam

Bergansan va’da

Al-Misoqda,

Rad etolmassan!

Qaydan tegdi kir,

Pul, mol-mulk,

Go‘zallar, shon-shuhrat,

Dabdaba oldida

Titrayman dir-dir.

Axir ular hechchi*

Mening oldimda,

Nur ichgan

Ko‘ngil, yurak

Yaralishi yolida

Ular hechchi!

Ko‘ksingda otgan tong,

Bag‘ringda tug‘ilgan bahor,

Uyg‘ongan quyosh,

Sevingan oy,

Sajdago‘y yulduzlar,

Qaramas,

Ko‘tarolmas yukni men,

Amalni

Zimmamga olganim oldida…

 

Men o‘sha odamiy,

Sen o‘sha odamiy

Iblis cho‘qilagan qonini,

Rahmon asrab qolgan jonini.

Talashman,

Talashsan…

Kurashsan,

Kurash san

Iymon jonida,

Iblis har yonida,

Malak tomonida,

Jinlar yobonida

Talashman,

Talashsan,

Kurashsan!!!

Har lahza iymon-iymon,

Har lahza omon-omon!

Nogahon isyon, shayton

Jirtak chalib qochsin,

Sen ham qoch undan!

Tunda tundan,

Kunda buzg‘undan.

Angla shunda

Angla tun-kunda

Ibodat

Sen odamiy

Odam zuriyodi,

Vazifangni, huquq, sha’ningni,

Qalbingning rangini.

Kelgan joying,

Ketar makoning

Otar, botar zamoning.

Kulshan, gulshan diyoring

Ag‘yoring.

Va toabad

Yoring.

Yo‘qligingda

Bo‘lgani Boring!

Men o‘sha taslim

Farzandi muslim,

Avvali,

O‘rtasi,

dahshat oxiri

Yoxud a’lami ulim

Ustodi Alim,

Oxiri,

O‘rtasi,

Avvali Rizvon!

Borlig‘i g‘ufron,

Zino, qutqu, beaql,

Sinov, fitna, hikmat

Bo‘lgan jon

Oxiring avvalgi Vataning bo‘lsin,

Oxiring zardob oralab emas,

Bol oralab yursin!

Farishtalar qilganda sajda,

Hurlar eshitgan va’da:

Ne’mat, xislat, imtihon, kamol,

Kelgan mahal va ketmoq mahol –

Ruku, qiyom, qa’da va sajda

Sening sharafing-ku,

Mening sharafim

Qalbi Ka’ba

Qibla tarafim!

 

Sen o‘sha –

Men o‘sha

Hamon o‘zgarmaysan,

Yillar, asrlar

Turlanadi tegrangda.

Aylanadi g‘animga jo‘rang

Gar iblis evrilsa to‘rangga.

Avval qalbingga qiron soladi,

Qalbingdan o‘chini oladi.

O‘ch bo‘lmaydi lojuvard osmonda.

Non tiqqancha qorin to‘rvangga,

Aylanasan ongsiz yo‘rg‘aga…

Heyy!

Olislarni ko‘zla san!

Ko‘zla juda ham olislarni!

Ufqda boqiy bir bitik bor!

Zangori, moviy, qip-qizil, oppoq

Yaylovlarda xizrrang voliy,

Qishloqlarda dehqonrang yangroq,

Ko‘nglingda za’faron mard tole’.

Boshingda shaharlar tiklading,

Sharqqa, G‘arbga, Janubga inib.

O‘zingga o‘zingni yuklading

Zamzam ichar ravzalar kelib.

Kitob ol!

Tashlagan kaloming ko‘targin!

To‘rvangga savol sol!

Xorlangan saloming aytib qol!

Ketarvergin olg‘a!

Ketavergin olg‘a!

Qancha illat kutmoqda yo‘lda…

Qancha sarvat qolgancha do‘lga…

Sen Odam – odamiy

Mahkumsan,

Mahrumsan,

Mahbussan,

Miskinsan juda ham,

Shunda ham sen ODAM!

Nafsmi g‘ori,

Iymonmi bori…

Ishqmi ori,

Armonmi zori?!?

 

 

Vafo FAYZULLOH

1963 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Hut”, “Xabarsiz sevinch”, “Mangu lahza” she’riy kitoblari nashr etilgan. Jahon she’riya­ti vakillari – Sh.Bodler, P.Verlen, A.Rembo, I.Brods­kiylar she’rlaridan, F.Kafkaning “Jarayon” romanini tarjima qilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.