“Bu diyorning ayvonlari nurga talosh…”

0
23
marta ko‘rilgan.

Qalbi olov shoirning ushbu satrlari xayolimga tushsa, yuragim hapqirib ketadi:

Bu diyorning ayvonlari nurga talosh…

Qishloq, uy, ayvon… Bolalik yillarim ni­gohimda gavdalanadi. Ayniqsa, momomning uyi, hovlisi o‘sha kezlar murg‘ak qalbimda ulkan taassurotlarni muhrlagan. Tongdan shomga qadar quyosh nurlari bilan siylab turadigan uzun ayvon, bo‘yi yetib qolgan nabiralari uchun chopon qavib o‘tirgan momom… U damlardagi odatiy manzarani bugun hayot hikmati, tanti el va yurt haqidagi saboq ekanini anglab boryapman.

Ayvon. Ne-ne suhbatlarga guvoh arslon ustunlar – jasorat tiynati. Suv sepilgan tuproqdan ko‘tariladigan ajib ifor ona yurtga bo‘lgan muhabbatni yuksaltiradi.

Ba’zan qishning qirovli kunlarida odam eti uvushib, quyoshni sog‘inadi. Vujuding­ning oftob taftiga tashnaligini sezasan. Qish kunidagi uch-to‘rt kunlik qordan so‘ng bulutlarni surib quyosh bastini ko‘rsatadi. Zarrin nurlarini zaminga hadya etadi. Ayvon charog‘on nurga chulg‘anadi. Quyoshni sog‘inganlarni yana bag‘riga oladi.

Ayvonda ko‘rpa qavib o‘tirgan enamga aytaman:

– Issiqdan terga botibsiz, uyga kirib qaving shu ko‘rpangizni…

– Nega, bolam, xamirturush xamirni ko‘pchitganday, quyosh nuri ham ko‘rpaga solingan paxtani shishiradi, ishimning unumi oshadi…

Aytsam hikmatlar bisyor: ayvondagi so‘rida momom bilan yonma-yon yotardim. Qancha-qan­cha rivoyat-u matallarni, doston-u ertaklarni shu ayvonda goh uzala tushib, goh cho‘kkalab eshitganman.

Kunduz quyosh nuri bilan siylagan ayvonni tunda oy shu’lasi yoritadi:

Bu diyorning kayvonisi oy-u quyosh….

Keksalar bir xazina. Qari bilganni pari bilmaydi, deganlari ham shundan. Qumg‘onda choy qaynatib kelsam, sut qo‘yguncha savatni ko‘tarib tursam, yo oftobani keltirib bersam, xullas, arzimagan yumushlarimdan so‘ng, momom albatta bir so‘zni takrorlardi:

– Baraka top, savob ish qilding, bolam.

Momomning uyi qishloqqa kiraverishda birinchi xonadon. Hovlisi ekinzorga tutashib ketgan. Butun qishloqni suv bilan ta’minlaydigan birgina ariq hovlini daladan ajratib turadi. Ariq bo‘yining o‘zi ajib bir manzara. Taxtako‘prikda cho‘kkalab, suv tebratayotgan o‘t-o‘lanlarga ninachining qo‘nolmay halak bo‘layotganini ko‘rib miyig‘ida samimiy jilmayasan. Ilk bahorda, ayniqsa, yalpiz­lar anvoyi hid taratib, bodroqdek sochilib yotadi.

Ayvondan ekinzor, qishloqqa eltuvchi yo‘l ko‘zga tashlanib turadi.

Qishloqda hamma odamlar bir-birini yaqindan biladi. Olisdan kelayotganni yurish-turishidan taniydi. Momomda bu fazilat ikki hissa ortiqroq. Qo‘lini peshonasiga tirab, oftobning nuridan to‘sib, bo‘ynini cho‘zib uzoq nazar soladi-yu ilg‘aydi:

– Hamsoya-ku, yugur, bolam, yuki og‘irga o‘xshaydi, yengillatib kel, savob bo‘ladi…

Bolalarcha quvnoqlik bilan shataloq otib yugura­miz. Momomning oxirgi so‘zi og‘zida qoladi:

– Ul-bul narsa bersa, olib yurmanglar, uyat bo‘ladi…

Ilk hayot saboqlarini shu ayvonda olganmiz. “Suvga tupurma”, “nonni uvol qilma”, “daraxtning shoxini sindirma, joni og‘riydi”, “qushlarga ozor berma”, “ko‘rpaga oyog‘ingni yuvib kir”, “mehmonning yonida dasturxonga hadeb qo‘l cho‘zma” va hokazo. Bir ko‘rinishida oddiy nasihat, tanbeh bo‘lib tuyuladi. Bu oddiy gaplar zamiriga fikran razm solsangiz, ulkan ma’no mujassam ekanini ilg‘aysiz.

Momomning uzundan uzun, faqat o‘ziga xos ohangdagi duolarini ham shu ayvonda eshitganmiz. “Rizqli, izli, qutli bo‘l! El koriga yara…”.

Ayvon – o‘zbekning ostonasi. Mehmonni ham shu manzilda kutib oladi, shu manzildan kuzatadi. Ayniqsa, onalar uchun bu ostona qadrli. Ayvonda turib jigarporalarini uzoq safarlarga kuzatadi. So‘ngra arslon ustunlarga suyanib yig‘laydi. Yana ko‘zda yosh bilan shu ayvonda, quchoq ochib kutib oladi. Xalqimiz, Vatan ostonadan boshlanadi, degan naqlni, shu bois bot-bot takrorlasa kerak. Zero, shu ayvon –“darsxona”da olingan saboqlar yuksalib, yurtga ravnaq bo‘ladi:

Vatan, desam ko‘zimda yosh, yuzimda yosh…

Sog‘inaman. Bolaligimni, menga Vatanni anglatgan momomning ayvonini, rayhonli hovlilar, tuproq ko‘chalarni sog‘inaman…. beixtiyor sog‘inchim qarog‘imda aks etadi. Yuzimga yosh dumalaydi.

Momom 3-sinfgacha tahsil olgan. Keyin Ikkinchi Jahon urushi, boshqa tashvishlar, alam va ajralishlar… goh shirin, goh achchiq ko‘z yoshlar… Ammo men momomning ko‘zida yoshini hech ko‘rmaganman. Bolalarcha qiziqish meni savol berishga undaydi:

– Momo, nega siz hech yig‘lamaysiz?

U kishi ajabtovur savolimni eshitib kuladi:

– Yig‘layverib, ko‘zimda yosh qolmagan-da…

Eti qochib, so‘lg‘in tortib qolgan terisiga boqib, ishonaman…

Biroq, momomning yig‘laganini keyinroq ko‘rdim. Bobom olamdan o‘tganda, ayvonda cho‘kkalab, ko‘ylagining uzun yenglarini yuziga bosib, uzoq yig‘lagan. Vatanini menga tashlab ketdimi, deb ko‘z yosh qilgan. Momomning nazdida hovli-joy, bog‘-rog‘ bobom barpo qilgan Vatan, hozir ham shunday tushunamiz.

Fe’li ko‘ylagining etagidan keng momom­ning. Qaldirg‘ochlar eng ko‘p in qurgan ayvoni, nazarimda. Qushlar yerga xas-cho‘p tushirsa, notoza qilsa ham momom ulardan ranjimagan. “Voy, shu qushga ham Vatan kerak, mitti joniga…”, deb qo‘yardi tumshug‘ida loy tashib in qurayotgan qaldirg‘ochlarga mehr bilan qarab…

Oshxonada esa tandirdan endi uzilgan nonning isi ufuradi:

Ko‘zga surtay nonlaringni, nonlaringni…

                                                          (S.Sayyid)

Faxriddin Hayit

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.