Sport iroda demakdir

0
62
marta ko‘rilgan.

Sport halol g‘alaba qilishni, shuningdek, munosib yutqazishni ham o‘rgatadi? Qisqasi sport hayotni, hamma narsani o‘rgatadi.

E. Xeminguey

 

Hamqishloqlari uni kaltabaqayligi uchun orqasiga shapatlab: «Obbo, Saypicha, senam kurashmoqchimisan?» deya erkalatadigan kezlari u sambo bo‘yicha O‘zbekistondan birinchi jahon chempioni bo‘lishni orzu qilish darajasida emasdi. Ko‘cha-ko‘ydagi hamma tengqurlari singari chang-tuproqqa belanib, kiyimining xarobini chiqarib, ba’zan burni qonab, ba’zan beli qayrilib uyiga qaytardi, lekin avvaldan fe’lida shaddodlik bor: hech ko‘zyoshi qilmas, o‘zidan pesh kelganga yalinmas edi.

Aslida ham u erkatoy emasdi.

Maydonda hatto katta-katta kurashgir polvonlar bitta butun non uchun, bir dumaloq choy uchun jonini jabborga berib olishganini u ko‘rgan, o‘zi ham dastlab uyiga bir qog‘oz choy ko‘tarib kelganida quvonganidan ko‘zida yosh qalqqandi.

«Boshida oddiy odamday kun kechirishni orzu qilganman, boshqa hech narsani o‘ylamaganman».

Ha, olis-olis qishloqlarda 60-yillarning boshigacha kishilarning qorni nonga to‘ymay kelganini eslasak, kurashchining so‘zini his qilish qiyin emas. Qashqadaryo, ushbu viloyatning, ayniqsa, Kitob rayoni kurashchilar yurti hisoblanadi. «Kitoblik o‘g‘il yurishdan avval kurashishni o‘rganadi» deydi shu yerlik so‘zamol oqsoqol. Shu o‘rinda qanchadan-qancha mahalliy polvonlardan tashqari o‘zbeklardan sambo bo‘yicha birinchi SSSR chempioni, birinchi xalqaro klassdagi sport masteri (ustasi) Xushvaqt Ro‘ziqulov va jahon chempioni Erkin Xoliqovning nomlarini eslab o‘tish kifoya. O‘sha vaqtda X.Ro‘ziqulovning shuhrati hamma qishloq yoshlariga katta ta’sir o‘tkazgandi. Balki yosh Sayfuddin ham dastlab uning orqasidan ergashib unvonlar olishni orzu qilgandir-u, bari bir oddiy qishloq kurashchisi, «jaydari polvoncha» edi. Shu oddiy, hech kim mensimaydigan bola bora-bora birinchi tovoqqa talashadigan bo‘ldi.

Ma’lumki, milliy kurash vazn chegarasini bilmaydi — toifalarga bo‘linmagan. Bu — 60-70 kilogrammlik polvon yuz kilolik polvonga raqib bo‘laveradi, deganidir. Yosh Sayfuddinning vazni nihoyatda yengil —46 kg. dan oshmasdi. U mag‘lubiyatni tan olmas, nima bo‘lsayam, yiqitaman shuni, deb olishardi. Yuz kilolik og‘ir vaznli polvon, agar yuz ellik kiloliging bo‘lsayam chappa qilaman, deb mushagini ko‘z-ko‘z qilib tursa, 46 kilolik paqirga non tegarmidi? Endi o‘zidan ikki baravar og‘ir polvonga tovoq talashayotgan yigitchani ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring.

Voyaga yetavergach esa oqsoqollardan tanbeh eshitardi:

— Bu sovrin senga emas Sayfuddin, bir quti konfet hazil gapmas-da. Balki yoshing ham kichkinalik qilar… O‘tir, qara, boshqalar qanday kurashyapti…

Shunda Sayfuddin alamdan lov-lov yonib ketardi: «Nahotki, men bir umr birinchi tovoqni ololmay o‘tsam?!»

Ha, bu so‘zlarni eshitish Qashqadaryoning mashhur polvonlaridan bo‘lgan Hodi bobo Iso o‘g‘liga ham yengil emasdi. Boboning obro‘yiga yarasha olishish kerak nevara ham.

Alam, agar u haqqoniy bo‘lsa va u irodali qalbda nish ursa qudratli harakatlantiruvchi kuchga aylanadi. Sayfuddin irodali edi va ko‘pincha o‘z so‘zini takrorlardi: «Gapirishsa gapirishar, menga nima… Ko‘ramiz hali!..» U o‘jar edi, to o‘n yetti yoshga yetguncha o‘zidagi katta iste’dodni sezmadi. Sobiq komandadoshi, so‘ngra esa sambo bo‘yicha O‘zbekiston terma komandasi treneri Mels An kishidagi eng zarur fazilatlarni tez ilg‘ay oladigan aqlli odam.

— Hodiyev o‘n yetti yoshida Toshkent Davlat Jismoniy tarbiya institutining studenti bo‘ldi hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan trener Yefim Borisovich Koltunov rahbarligida erkin kurash bilan shug‘ullana boshladi. Milliy kurash unga ko‘p foyda bergan: unda kurashish va raqibini his qilish tuyg‘usi baland, lekin meni hayratga solgani bu emas, — M. An bir oz sukut qilib jilmayarkan, qo‘shib qo‘ydi: — U o‘ta shafqatsiz edi! Hamma narsaga! Bizga — o‘z do‘stlariga, trenerlariga…

Biz, tengqurlari u ko‘p uqtiradigan mashaqqatli mehnat va mas’uliyatga ko‘nika olmas, shu tufayli chiqisholmasdik, trenerlarimiz ham bunchalik katta mas’uliyatni ravo ko‘rishmasdi. Xudo ko‘rsatmasin, u bo‘lsa sira murosa qilmasdi, tortishib turib olar, og‘ir mashqni bajarishga, o‘z-o‘zi bilan olshpishga doim tayyor turardi!

U juda qisqa muddatda barchamizni quvib yetdi, o‘tib ham ketdi. Bir yarim yildan so‘ng (vazni 47 kg. edi, o‘ta yengil vazn esa o‘shanda 52 kg. hisoblanardi) u sport ustasi topshiriqlarini bajardi. Yana shuni ham qo‘shimcha qilishim mumkin: juda mag‘rur u, mustahkam xotirasi bor. Yurtdoshlariga o‘zining kurashchi ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edi — ko‘rsatdi!

Sayfuddinga sport ustasi bo‘lish juda kerak edi, bundan ham zarurrog‘i — qadrdon Kitobida odamlar eshitib xabar tarqalishi edi. Toki ko‘rishganlar hurmat bilan olqishlasin, hatto og‘zi ochilib uning kumush znachogiga tikilishsin.

Toki uni ham kelgusi to‘yda kurash tushishga lutfan taklif etsinlar va u shunda viqor bilan javob qaytarsin:

— Imkoniyatim yo‘q-da. Hozir O‘zbekiston chempionatiga tayyorlanayapman…

Alamli tuyg‘u va katta niyat qasoskor-g‘olibni haddidan oshirib yubormadi. U Kitobni, kitobliklarni sevardi va shuning uchun ham yurtdoshlarini avf etardi.

Keyin u armiyaga ketdi.

Shu o‘rinda, hurmatli o‘quvchi, Sizning dashnomli savolingizni eshitganday bo‘ldim: «Xo‘sh, Hodiyev o‘n besh yil avval chempion bo‘lgan ekan, nega o‘sha paytda yozilishi kerak bo‘lgan gaplarni bugun bizga qayta so‘zlayotibsiz?» Men bu savolni maqola yozishga kirishgan paytdayoq kutgan edim va javob berishgayam tayyor edim: o‘sha kezlari (70-yillarning o‘rtalarida) yurtimizdan ko‘plab o‘zbek jahon chempionlari bodrab chiqqan edilar. Rufat Risqiyev deysizmi, Sobir Ro‘ziyevmi, Sobir Qurbonovmi yo Sayfuddin… Bu shunchaki gap emasdi. Yana shuni ham aytayki, O‘zbekiston gazeta va jurnallari o‘sha chog‘lari chempionlar haqida analitik xabarlar berishdan nariga o‘tmagan. Maqolalar esa deyarli hammasi markaziy matbuotga ergashib, xuddi tarjima qilinganday yozilgan. Faqat Safar Ostonovning sportchilar haqidagi bir necha ocherkini bundan istisno qilish mumkin.

 Sport ham madaniyat. Yurt sha’nini jahonga taratishga jon dildan tirishgan kishilar bir kun maqsadlariga erishibdilarmi, ularni biz qachon bo‘lsa-da, e’zozlashni, kerak bo‘lsa madh qilishni bo‘ynimizga olishimiz kerak.

Yan Dimov dunyoning eng mushhur kurashchilari haqida «Pahlavonlar do‘stlik tufayli ham kuchlidirlar» («I drujboy silnыy bogatыri») nomli kitob yozgan. U mamlakatimizda qayta-qayta nashr etilgan. Hatto o‘zimizning «Meditsina» nashriyoti ham kitobni to‘rt yilcha burun 150 000 nusxada chop etdi. Yozuvchining uzundan-uzoq madhu ta’rifiga sazovor bo‘lgan, yer yuzining kurash yulduzlari safida Sayfuddin Hodiyev va Sobir Qurbonovlar ham ko‘krak kerib turishibdi.

Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlari rostmikin? Adiblarimizda ziyraklikdan tashqari jonkuyarlik ham yetishmaydi, deb o‘ylayman ko‘pincha. Agar biz kurashchimizni maqtasak, oddiy va quloqqa kuniga o‘n bora chalinib zeriktiradigan so‘zlar bilan tahsinga ko‘mib tashlar edik. Qarang, Osiyomi, Yevropami, G‘arbmi-Sharqning qaysi burchagi demay, erinmay borib, eng ko‘zga ko‘ringan o‘nlab polvonlar orqasidan yurib, kuzatib, qalam tebratayotgan yozuvchi minglab kilometr masofadan — naq Ukrainaday joydan kelib, Qashqadaryoning jazirama cho‘lidan kezib o‘tib Sayfuddin Hodiyevni qidirib topadi, tanishib, do‘st kirishadi. Xuddi shu yerlikday to‘yu ma’rakada qatnashib yuradi. So‘ngra o‘z vataniga boradi, yozuv stoliga o‘tiradi-da, quyidagilarni yoza boshlaydi:

«Sportda kimga qiyin, vazn bilan tushuvchilarga! Va ayniqsa, vazn tashlovchilarga! Vazn — eng ashaddiy raqib. Ba’zan bunaqasi ham bo‘ladi: kuniga kam deganda bir soat hammom bug‘xonasida o‘tirib, tag‘in kunduz kunlari bir stakandan ziyod suv ichmaslikka ahd qilgan vazn tashlovchi sportchi kechasi uyqusidan turib suv jo‘mragi yoniga keladi va ichadi. Ertalab taroziga oyog‘ini bosadi-da, oh urib yuboradi — qayerdan paydo bo‘ldi buncha og‘irlik?! U dabdurustdan qachon suv ichganini eslayolmaydi. Bilmaydiki, tushi aralash ichib qo‘ygandi suvni.

Shunday hodisa ro‘y bermasligi uchun Mels An do‘sti Sayfuddin Hodiyev bilan kechqurun kelib mehmonxona nomeridagi kran jo‘mragini qattiq berkitib qo‘ydi. Ertalab ular ikkovlashib ham kranni ocha olishmadi. Komandadagi eng kuchli va og‘ir vaznli Vitaliy Kuznekovni chaqirishdi. U ham uddalay olmadi. Oxiri slesarni chaqirib, maxsus ochqichda bo‘shatishga to‘g‘ri keldi, u ham taajjubda edi: «Qanday qilib bunaqa muhkamlanib qolibdi-ya? Yap-yangi edi, hafta burun o‘zim qo‘ygan edim!..» Bu ikki marta jahon chempioni Sayfuddin Hodiyev hayotidan oddiy bir lavha, xolos. Bunaqasi juda ko‘p bo‘lardi. Hammasi alamdan, achchiq alamdan boshlangandi…»

Yozuvchining nigohi o‘tkirligi haqida boshqa to‘xtalmaymiz. Hadeb o‘zimizni ayblasak, noshukrlik bo‘ladi… Kim bilsin, uning o‘zi ham bir paytlar katta sportchi bo‘lgandir.

Darvoqe, Sayfuddin armiyaga ketgan edi. Qaytib kelib Qashqadaryoda oblast kurash seksiyasida trenerlik qila boshlaydi. Ya. Dimovning yozishicha, shu vaqtda sambo bo‘yicha O‘zbekiston terma konmandasining katta treneri G. Kaletkin yosh talantlarni axtarardi. Erkin kurashchilar musobaqasida u Hodiyevning milliy kurashdagi kabi oyoqlari orasida qanday burovga olishini ko‘rdi. «Abjirlik bilan, raqibining ushlashiga yo‘l qo‘ymasdan tashlanadi, — o‘yladi Kaletkin. — Xalatidan tutolmaysan, erkin kurashda xalat bo‘lmasa… Shoshma-chi, agar Hodiyevning raqibida kurtka bo‘lganida-chi?.. Sinab ko‘rish kerak…» Bir oydan so‘ng Kaletkin iqror bo‘ldiki, Hodiyev sambo bilan ko‘pdan shug‘ullanadi. «Sambo gilamiga u o‘zining butun milliy kurashini olib chiqdi. Boshqa bir shogirdi Mels An tajribali va iste’dodli sambochi edi, biroq u ko‘tarib tashlash usullarini Hodiyevday his etolmaydi. Sayfuddin Melsga ko‘tarib tashlashni, u esa yotib olishish va og‘rituvchi usullarni o‘rgatdi».

— Aslida Kaletkin meni qidirib topmagan, — deb izoh berdi menga Sayfuddin aka. — Biz ilgari Gennadiy Ivanovich bilan yakkama-yakka gilamga ham chiqqanmiz, ya’ni biz eski raqiblar edik.

— Dimov xato yozibdi-da? — dedim ajablanib.

— Ha, endi yozuvchilik ishi shunaqa bo‘ladi shekilli-da, hamma jurnalist, muxbirlarning men haqda yozganlarida ham yo unday, yo bunday darajada to‘qilgan joyi bo‘ladi.

To‘qish ularning odatiy ishi deb o‘ylaganim uchun hech vaqtda norozi bo‘lmaganman.

Klassik, erkin kurash hamda samboga yangi vazn chegarasi berildi — o‘ta yengil vazn 48 kg. ga keltirildi. Hodiyevga shu vaznda chiqishni taklif etishdi. O‘sha birinchi urinishni u umrbod eslaydi.

Bu haqda markaziy matbuotning deyarli hammasida yozilgan. G. Kaletkin shunday hikoya qiladi: «Jahon chempionatiga biz Saxkadzorda tayyorlandik. Hodiyevning vaznini joyiga keltirish kerak edi. U 58 kg. chiqdi, maqsad esa — 48. Kam suv ichdi, ikki kamzulda yugurdi va oxiri 52 kg. gacha tushdi. Undan pastga tushirib bo‘lmadi. Bug‘xonada soatlab o‘tirishga to‘g‘ri keldi, bari bir foydasi bo‘lmadi.

Trenerlarning ham boshi qotib qoldi. Hodiyevdan umid uzish darajasiga yetdilar. Ko‘rdimki, men u bilan bir to‘siq oldida turibman…

Hodiyev kamgap, ma’yus bo‘lib qoldi. Sezdim: yigitning o‘ziga ishonchi susayayapti, ishonch bo‘lmasa vazn tushirish mumkin emas. Kuchim yetgancha unga «gaz berib» turdim. Basketbol o‘yini paytida bolalardan iltimos qildim, hujum chog‘ida har doim unga to‘p uzatinglar, dedim… Bari bir bo‘lmadi. Gilamda har xil mashqlar bajardik. Yana foyda yo‘q. Qanday yordam berish kerakligini bilmay boshim qotdi.

Ammo bir narsaga farosatim yetardi, uni ruhlantirib, mahkam bo‘lishga chog‘lab turdim. O‘sha la’nati vazn haqida o‘ylamaslikka da’vat etdim. Issiqroq kiyinishga va toqqa chiqishga majbur qildim. Tog‘ biqiniga yetganimizda u dedi: «Bu yog‘iga yurolmayman, charchadim… Bekorga ovora bo‘lamiz, Gennadiy Ivanovich, o‘zingizniyam, meniyam qiynamang…» Dong qotib qoldim: u juda matonatli edi, boyagi gapi esa…

Qo‘liga sambo belbog‘ini berib shatakka olib toqqa sudradim. Pishillab charchab qoldim-u, o‘zim qo‘shiq aytaman. U esa ziyrak yigit, niyatimni payqadi, meni xafa qilishni istamadi. Tepalikka chiqa boshladik. Kel, deyman unga, oshpaz qizimizga gul teramiz. Axir, biz o‘yinqaroqlik qilib yuribmiz, bechora qiz bola bo‘lsa, biz uchun issiq pechka yonidan ketmaydi. U menga qarab kuldi: «Siz mendan ko‘proq yeysiz, o‘zingiz teravering». Hazillashadi… Guldasta terdik-da, pastga tusha boshladik, tushayotib men oyog‘imni toydirib yubordim — go‘yo «jarohatladim». Hodiyev ishonuvchan odam, men aksincha — quvligim bor, trenerining ayyorligi uning xayoliga ham kelmasdi. Sayfuddin meni pastga ko‘tarib tushdi. Oh, ishonasizmi, shunda men ilojining boricha o‘zimning og‘irligimni unga tashlab, zil-zambil bo‘lib oldim. Albatta, o‘shanda ayyorlik qilganim uchun ham u o‘zi va o‘zining vazni to‘g‘risida o‘ylamadi — trenerni «qutqardi», xolos.

Meni ko‘tarib boryapti, usti jiqqa ter, axir u ikki kamzul va uning ustidan kurtka kiyib olgandi-da. Kurtkasini yechmoqchi edi, men qo‘ymadim. «Nima qilmoqchisan, — dedim, — kasal orttirmoqchimisan, shamollaysan-ku?!» Qanaqasiga shamollasin, kun nihoyatda issiq, naq o‘ttiz daraja, undan kam emas. U meni do‘xtirning kabinetigacha ko‘tarib keldi. Vrach pochamni sirib uyoq-buyog‘imni ko‘rayotganida shogirdimni chalg‘itish uchun birdaniga baqirdim: «Tur. Sayfuddin, shallayma». U xohlamaygina yechina boshlaydi, taroziga chiqadi va… beixtiyor qichqirib yuboradi: «Ketdi, Gennadiy Ivanovich, ketdi, endi yengamiz!» Mening sakson kilolik «toshim» uning og‘irligini 50 kilogrammgacha «haydab tushirgandi». Qodiyev menga, mening oyoqlarimga qarab xaxolab kula boshladi».

Balki trenerining ishbilarmonligiga qoyil qolar, balki ustozsiz haqiqatan ham katta natijaga erishib bo‘lmas, har nechuk Sayfuddin akaning o‘zi: «Sportchi tiyiqsiz kuchni o‘zi to‘playdi, lekin chempion bo‘lish uchun albatta zo‘r trener kerak», deydi qat’iy.

Bizda ilgarigiday dongdor sportchilar yo‘q hozir. Nega? Buni Sayfuddin akaning o‘zi ham bir so‘z bilan sharhlab berolmasdi. «Bizda sportchining ham, trenerning ham maoshi kam, manaman degani 180 so‘m oylik oladi, shu oila boqishga yetadimi hozirgi sharoitda? Shuning uchun ko‘p trenerlarning o‘zlari savdo kooperativlariga ishga o‘tib ketdi. Pulning qadrsizlanishi hamma narsaning qadrsizlanishiga olib keldi. Sportning ham obro‘yi ilgarigiday emas. Ilgari ishtiyoq baland edi odamlarda, hozir befarq bo‘lib qolishdi. Milliy sportimizga hakamlik qilayotganlarga e’tibor berib ko‘ring, buning sababini yaxshiroq tushunib olasiz. O‘zbek sportining ravnaqi uchun o‘zbek trenerlar jon koyitmaydi deb o‘ylaysizmi? Koyitadi albatta. Bundan uch yil muqaddam, xabaringiz bor, jumhuriyat sportqo‘mitasida sambo bo‘yicha SSSR terma komandasining O‘zbekiston bo‘yicha Davlat treneri edim. (Sayfuddin aka ayni paytda jumhuriyat ahamiyatiga molik shaxsiy pensioner). Tuz yegan tuzliqqa tupurish deb o‘ylamang-u, dangalini aytish kerak: u yerda asosiy qism kishilar milliy sportning rivojlanishiga qattiq to‘sqinlik qiladi. Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi, g‘irromlik qilishadi, buni yuziga aytsang, «urug‘ingni quritadi». Ularni mas’uliyatsiz bo‘lsa kerak, deb ham o‘ylarsiz, mas’uliyatsizlik oddiy gagg-ku, eh-he… Biz o‘sha idorada bor-yo‘g‘i 12 foiz milliy qadrlar ishlardik, xolos…»

Bir qashqadaryolik o‘rtog‘im, erkin kurash bo‘yicha masterlikka nomzod, o‘zi juda dilkash, sodda yigit edi. U bilan gashtakda o‘tirgandik bir kuni, qo‘lida pichoq, baliq konservalarni ochmoqchi bo‘lib turgandi, to‘satdan chiroq o‘chib qoldi. Besh-o‘n minut o‘tmay chiroq yana yondi, o‘rtog‘im bo‘lsa qorong‘ida to‘rtta konservani ochib qo‘yibdi… Biz unga chiroqsiz ham bunchalik «unumli» ishlagani uchun tahsin aytib tursak, u qo‘lidagi pichoqqa qarab, hayron bo‘lyapti: «Ie, aytdim-ov, nega buncha boltadan battar deb». Bilsak, o‘rtog‘imiz to‘rtta konservani pichoqning teskari — damsiz tomoni bilan ochib qo‘yibdi… Kulishdik rosa.

Men uni yaqinda, roppa-rosa to‘rt yildan keyin Toshkentda ko‘rdim. Aniqrog‘i uni bu yerga olib keldilar. Uch oycha burun sariq bo‘lgan ekan, kasali qaytalabdi. O‘zining aytishicha, hozir naq hovlisigacha paxtazor emish, paxtaga tashlangan zahriqotil tufayli qishloqdoshlari deyarli yoppasiga sarg‘aymaga chalinibdi, ular qatorida bu ham…

Uni, o‘sha vaqtlari devkelbat, savlati chempionnikidan ziyod, qoronguda bilmay pichoqning orqasi bilan konservalarni qatorlashtirib ochib tashlagan do‘stimga hozirgisi — badanidan tortib ko‘zigacha sarg‘ayib, qomati bukchayib qolgan yigitni solishtirdimu xo‘rligim keldi. Axir, uning gunohi yo‘q edi-ku. Tag‘in alamli xayol oqimiga g‘arq bo‘laman: xudo bilsa, olis ukrain o‘lkasi yoki poytaxt Moskva tegrasida odamlar o‘zlari qo‘ldan yasagan zahriqotillar bilan zinhor yana o‘zlariga o‘lat urug‘ini sochmasalar kerag-ov. U yerda dehqonning ham sport bilan shug‘ullanishga, kitob o‘qishga, milliy madaniyatni boyitishga xizmat qilishga vaqti bor. Ongi ham yetarli. Ruhiyati boshqa. U yerdagi birodarlarimiz bizdagiga o‘xshab garchand paxtada ishlash tugul paxsa devorli uyida tek o‘tirsa ham mudom zahar yutib yotmasa kerak. Aks holda, ukrain va rus yigitlari nimjon bo‘lganlarida Ukrainaning beshta, Moskvaning to‘rtta futbol komandasi mamlakat chempionatining oliy ligasida faol to‘p surib yurmagan bo‘lardi. Mamlakat dovrug‘ini ko‘tarayotgan ko‘plab chempionlar yetishib chiqmagan bo‘lardi.

— O‘zbekistonlik sportchiga naqadar qiyin bo‘lishini aytyapsiz. Biz — sportchi va trenerlar ko‘pincha bu tomoniga e’tibor bermas ekanmiz. «Yoshlik»da va «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetalarida jumhuriyatimizdagi kimyoviy zavodlar ko‘payib borayotgani, ayniqsa, Navoiyga o‘xshash sanoat shaharlarida odamlarning ertangi istiqboli yo‘qolayotgani, kelajagi mayib qilinayotgani haqidagi maqolalarni o‘qib, ochig‘i, yuragim uvishib ketdi. Bu fojeiy vaziyatni ko‘rib, Orolbo‘yiyu Navoiy, Olmaliq, Chirchiq kabi shaharlarda sportning ravnaqidan ko‘ra yana o‘n yildan so‘ng, ya’ni biz «kommunizm» kabi tasavvur qiladigan 2000 yilda mo‘tadil hayotning o‘zi saqlanib qoladimi, degan xavotir ko‘proq qiynaydi. Bizning ongimiz bugun har xil fojiaviy muammolar bilan chalg‘imoqda. Madaniyat, shu qatori sportning rivojlanishiga ham ozroq bo‘lsa-da, ruhiy xotirjam vaziyat kerak. Kelajakka ishonch bo‘lishi lozim. Sport rivojlanishi uchun xalqning, dehqonning bo‘sh vaqti bo‘lishi kerak, xalqning hech bo‘lmaganda bir qismi sport bilan shug‘ullana olishi kerak. Shundagina u sportning qadrini biladi, ayniqsa, qishloqda sportni badanni chiniqtirishdan bo‘lak narsa emas deb tushunishadi, tosh (gira) ko‘tarmoqchi bo‘lgan bola sotib olish uchun otasidan pul so‘rasa u: «Undan ko‘ra daladan bir quchoq o‘t yulib kel, shuyam fizkultura», deydi. Oilaviy muhit bilan ko‘pincha chegaralanib qolamiz. Misoli bilan aytay: Xushvaqt Ro‘ziqulov sambo bo‘yicha O‘zbekistondan birinchi SSSR chempioni, birinchi Xalqaro klassli sport ustasi. Biroq, u tug‘ilib o‘sgan Kitob rayonining o‘zida hanuzgacha uning nomi bilan bog‘lab biron marta sport uchrashuvlari o‘tkazilmagan. Rayonimizda sakkizta restoran bor, sakkizta! Lekin aqalli sakkizta odamni sig‘diradigan bitta sport zali yo‘q. Shumi endi bizda sport madaniyati?! Kitobda jahonga tanilgan sportchilar ko‘p, ammo ular rayonning o‘zida tan olinmaydi. Buni nima deb atash kerak endi?

Xalqaro uchrashuvlarda, olimpiya o‘yinlarida o‘zimizdan ham chempionlar chiqishini xalqimiz istamaydi deysizmi? Istaydi! Yoshlarning ulug‘ ideallarga sadoqat bilan kamol topishiga erishishimiz kerak, bunda sportning ahamiyati juda katta, u iroda demakdir, eng qiyin sharoitlarda yo‘l topa olishga, intilib, umid bilan yashashga o‘rgatadi. Ha, shunday, buni men to‘qib chiqarayotganim yo‘q. Ko‘p narsa odamning o‘ziga ham bog‘liq. Agar tarbiyalayman desangiz o‘g‘lingizni bemalol chempion qilib yetishtira olasiz.

O‘g‘illarim Husniddin va Sanjarni kurashchi qilib tarbiyalayapman, yaxshi niyatyarim mol, Sanjar, xudo xohlasa bir marta jahon chempioni bo‘lishi bor!

— Hali kichkina-ku u, nimasiga qarab bashorat qilyapsiz?

— Sport talantni yoqtiradi. Otam, bobom polvon bo‘lgan, ularning qoni, fe’li menga o‘tgan, o‘g‘illarimda ham mardona xarakter ko‘raman, ikkovini olishtirsam ko‘zim yashnab ketadi, bo‘ribachchalarday mag‘rur tashlanadi bir-biriga…

— Ikki yil avval Ispaniyada ToshDU studenti Erkin Xoliqov jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. U sizning…

— Ha, u mening shogirdim, juda chayir bola, sal o‘jarligi bor. Bilasizmi, men uni qancha vaqt tayyorladim? Bir yarim yilda! Shuncha vaqt ichida u oddiy kurashdan boshlab jahon chempionligigacha ko‘tarildi. Kaletkindan ancha-muncha tajriba o‘rganganman. Biroq mening shafqatsizligim Erkinga yoqinqiramaydi. Hozir ham shug‘ullanyapti.

Endi bu yog‘i o‘ziga bog‘liq. SSSR chempioni bo‘lish uchun, hozirgi sharoitda har kuni uch marta 2 soatdan mashq qilish kerak, jahon chempioni bo‘lish uchun esa… u yog‘ini o‘zingiz tasavvur qilavering. Jumhuriyatimiz sardori bo‘layotgan sambochilarning ko‘pchiligi har kuni ikki soatdan ko‘p trenirovka qilmaydi. Haliyam o‘zbeklar juda chayir bo‘lishadi, bunday olganda maxsus mashq qilmasayam yarim sportchi bo‘lishadi. Men o‘ylaymanki, yigitlarimizning, ayniqsa, qishloq yoshlarining samboga juda uquvi zo‘r, sal vaqtda eplab ketishadi. Faqat mustahkam iroda kerak, mashqning og‘irligini o‘ylab tashlab yubormasliklari kerak.

— O‘zingiz ham qiynalgansiz-ku?

— Qiynalmaganman desam ishonasizmi? Hammasini bir boshdan aytishni ep ko‘rmayapman. Shuni bilib qo‘yingki, katta sportda tasodifiy chempionlar bo‘lmaydi… Haqiqiy iste’dodim borligini o‘n sakkiz yoshga dovur sezmaganman, sezganimdan keyin esa o‘zimga juda mustahkam bo‘lganman.

— Qat’iylik ham irodaga bog‘liq.

— Yo‘q, xarakterga bog‘liq. Bu fe’lim otamdan o‘tgan menga. Qaysarlik desangiz to‘g‘ri bo‘ladi. Avval muxbirlardan sir tutgan uchta amalim bor edi, endi uni aytaveraman.

Birinchisi, pokizalik, ikkinchisi — temir intizom, uchinchisi — kuchli taom bilan ovqatlanish. Har gal gilamga chiqishdan avval tahorat olib tilovat qilib olar edim, shunda o‘zimni qayta tug‘ilganday, hech yengilmaydiganday his etardim. Doim kiyimimni toza tutardim… Albatta to‘yib uxlardim. Yirik musobaqalarga jo‘nash oldidan tomoqning tashvishini qilardim. Bilasizmi, nima qilardim: mayiz, yong‘oq va asalni go‘sht to‘g‘ragichda yaxshilab to‘g‘rab, shisha idishga solardim, ustidan limonni ezib tashlardim-da, og‘zini yopardim. Bu — mening ozig‘im edi. Ertalab 8-10 km. ga yugurishdan avval undan uch qoshiq olib yalardim. 7-8 km. yugurgandan so‘ng badanimdan jiqqa-jiqqa ter chiqib, shunday qizib ketar edimki, naq olov bo‘lib yonardim, shu barobar tomirlarimga qon to‘lib asta-asta muskullarim o‘ynay boshlardi. Ana undan keyin har qanday og‘ir mashqni qiynalmay, tap tortmay bajaraverardim. Yigitlar bilan oshxonaga kirsak, ular birinchi, ikkinchi, uchinchi deb, mayda-chuyda ovqatlarni olaverishardi, men esa albatta kamida o‘n-o‘n beshta xom tuxum chaqib yutardim. Keyin o‘z yonimdan xarajat qilib kurka go‘shti sotib olardim-da, uni naq uch soat qaynatardim, tagida ko‘pi bilan bir kosa piyovasi qolardi, shuni ichsam, misoli otdek bo‘lardim-qolardim. Yana agar ilojini topolsam… Bo‘ri qo‘yning qayerini birinchi tishlaydi? Bo‘g‘zini emas, dumini tishlaydi. Qo‘yning dum uchini nima deydi, bilasizmi? Ha, barakalla — po‘stdumba! Shu po‘stdumbani eng ashaddiy raqiblarim bilan tushishdan oldin 50-100 gramm tushirib olardim. Ana keyin naq bo‘ri bo‘lib quturar edim o‘ziyam!

«Hamma ishlar joyida edi. Hodiyev hech kimda hech qanaqa shubha uyg‘otmasdi. 1974 yilgi jahon chempionatida…» (Yan Dimov). Moskvaga jo‘nash oldidan uning og‘irligi 48 kg. 500 gr. edi. Ulan-Batorga yetguncha shu 500 gr. ham «uchdi»… Jahon chempionatida dastlabki uchrashuvlar g‘alaba bilan tugadi. Lekin final matchidan oldin, ayni chempionlik medali nafaqat Sayfuddinga, balki SSSR terma komandasi mavqeiga ham qattiq ta’sir etadigan paytda u birdan o‘zida 300 gr. «ortiqcha»lik borligini ko‘rib tepa sochi tikka bo‘lib ketdi. Axir, endi xohlasang-xohlamasang, seni gilamga taklif etib o‘tirmay, mo‘g‘ul sambochisiga g‘alaba yoziladi.    Sayfuddin Hodiyevni faqat bir narsa — SSSR terma komandasining yuzini yerga qaratib qo‘yaman-ku, degan xavotir qiynay boshladi.

Gilamga chiqishga uch soat vaqt qoldi. Komandadosh o‘rtoqlari ham tashvishda. Komanda bosh treneri Stanislav Ildarovich Ionov tayinladi: tezda bug‘xonaga o‘t!

Soat o‘nga yaqinlashmoqda edi. Hademay o‘rtaga chaqiriladi. Taroziga yana bir tortib ko‘rdi o‘zini. Og‘irligi 47 kg. 800 gr!..

— Mana shunday qilib biz planni oshirib bajardik, — deydi jilmayib menga Sayfuddin.

— Gilamga chiqish qo‘rqinchli bo‘lmadimi? — so‘rayman undan. Savolim o‘rinsiz chiqqani uchun qo‘shib qo‘ydim: — Shuncha hayajondan keyin…

— Qo‘rqdim, — deya tan oldi Sayfuddin va tushuntirdi: — Keyin Gennadiy Ivanovichning yuziga qanday qarayman! Agar yengilsam…» (Vyacheslav Kostirya. «Ogonyok», 1976 y. № 2).

S. Hodiyev: «Mo‘g‘ul sambochisi Shogdor Mononxu mening eng ashaddiy raqibim edi. Albatta, hayajonlanganim chin. Chunki Shogdor sovet kurashchilari bilan necha marta gilamga chiqqan bo‘lsa, uzog‘i bilan 2 minutda mag‘lubiyatga uchratgan. Endi u mening raqibim… O‘rtaga chiqishdan oldin odatiy amallarimni bajardim: tahorat va tilovat qilib oldim. Ishonsangiz, naq burgutday tashlanarkan odamga mo‘g‘ul degani. To o‘yin tugashiga 1 minutu 15 yeekund vaqt qolgunga qadar to‘rtu nol hisobida yutqazayotgan edim.

Lekin qandaydir bir ishonch meni osoyishta tutardi, yengilyapman-u, hozir mo‘g‘ulni ko‘tarib uraman yerga degan ishonch ko‘nglimda turibdi. Bir minutu o‘n besh sekund! Shu vaqt o‘zimda qandaydir g‘oyibona kuch sezdim-da, raqibimning ustiga minib oldim-ku. Changakday qisa boshladim. To‘rt ochko! Hisob tenglashdi! Bu galgi ushlashuvda yana bir qulay fursat topib ko‘tarib tashladim. Yana to‘rt ochko! «Endi yetib bo‘psan!» dedim. «Zum o‘tmay Hodiyev milliy kurash usuli — «yonbosh»ni qo‘lladi, bu sambochilarda «orqadan chalish» deyiladi. Yana to‘rt ochko-ya! Yotgan raqibini ko‘kragi bilan bosarkan, «qiynov»ga oldi. Bir lahza, ikki, uch… o‘n! G‘alaba!» (Vyach. Kostirya).

S.Hodiyev: «Mamlakatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, ittifoqimiz gimni chalinayotganda, birdan oyoqlarim, so‘ngra butun vujudim bo‘shashib, erib ketayotganday bo‘ldim. Televizor yoniga to‘planishib olgan hamqishloqlarim, otam, onam, akam, ukalarimni ko‘z oldimga keltirdim. Battar o‘pkam to‘ldi…»

Televizordagi ko‘rsatuv tugar-tugamas hamyurti, muxbir yigit qog‘oz-qalam olasolib viloyat ro‘znomasiga maqola yozishga kirishdi. Uning ilhomi cheksiz edi, dostonday ba’zan to‘qib-chatib ham ketaverdi. «Uch oqshomdan buyon Og‘amayli qishlog‘ining yosh-qarisi televizor qoshidan nari ketmaydi. Hammaning tilida Sayfuddinning nomi, hammaning dilida unga xayrxohlik, — deya yozardi u. — Axir, o‘z bag‘rilarida o‘sib, kamol topgan yosh polvonning jahon arenasida kurash tushishi kimni qiziqtirmaydi deysiz. Hammaning nigohi ekranda — Mongoliyaning poytaxti Ular-Batordan olib ko‘rsatilayotgan sambo bo‘yicha jahon chempionati bellashuvlarida. Chempionatda Lenin nomli kolxoz a’zosi Hodi polvonning o‘g‘li Sayfuddin SSSR terma komandasi tarkibida qatnashyapti. Uning har bir chiqishini hamqishloqlari hayajon bilan kutishadi. Gilamda oyog‘i toyib ketsa oh chekib, raqibini yonboshlatsa olqish lashadi. Raqibining hamlalarini qaytarganda ekran qarshisida o‘tirganlar «yasha-a, shovvoz!» deb qo‘yishadi.

— Qoplon-da, qoplonning o‘zi, — deydi zavq bilan bir vaqtlar Sayfuddinga ustozlik qilgan To‘xta polvon. — O‘z vaznida tengi yo‘qligini bilardim-a!

— Ota o‘g‘il-da, ota o‘g‘il, — deydi Xurram ota, bir chekkada yonboshlab choy ho‘playotgan Hodi polvonga qarab qo‘yib. — Vaqtida otasiyam kapaday-kapaday o‘mrovlarni yiqitib yurgan.

Bunga javoban Hodi polvon miyig‘ida kulib qo‘yadi. Xotirasiga yoshligi, Sayfuddinning o‘spirinlik yillari tushadi…

… Kitobliklar sportni sevuvchi, asl shinavandalardan emasmi, yangilik bir zumda og‘izdan-og‘izga ko‘chdi. Shu oqshom tug‘ilgan chaqaloqlarga polvon bo‘lsin deb chempionning nomi berildi. Quvonmay, faxrlanmay, havas qilmay bo‘ladimi axir… Bugun uning yutug‘i… vohamiz, mamlakatimiz kishilarini quvontirmoqda».

Bu maqola viloyat gazetasida «Kitoblik jahon chempioni» degan sarlavha ostida chempionning portreti bilan bosildi. (A.Aminov. «Qashqadaryo haqiqati», 1974 y. 17 avgust).

Hazilakam gap emas. Sayfuddin Hodiyev sambo bo‘yicha O‘zbekistondan birinchi jahon chempioni bo‘ldi! Shu munosabat bilan Kitobda kattakon to‘y uyushtirildi. Sayfuddin to‘rga chiqib, oqsoqollar ichida o‘tirdi. Kurash sayli o‘tayotir. Bosh hakam esa polvonlarni yuqori mahorat ko‘rsatishga chaqirdi, chunki sizlarni Sayfuddin Hodiyevning o‘zi baholaydi-ya, dedi.

Kitobliklar yirik jahon chempionini, yana o‘z yurtdoshlarini ko‘rib maqtanardilar. Agar eliga may oylarida kelsa, paxta chopig‘i boshlangan bo‘lar va u yelkasiga ketmonini tashlagancha kolxoz dalasi tomon jo‘nardi. Dalada nafaqat ishlar, balki vazn ham tashlardi. Uzunligi yuz metr bo‘lgan jo‘yakni o‘rtacha bir yarim soat ichida chopsalar, bu Sayfuddin uchun yarim soatlik ish edi. Tag‘in deng, ertadan qora kechgacha, quyosh tig‘ida, qo‘sha choponda.

Mabodo avgust oyi bo‘lgandayam chempion o‘zini paxta ishidan olib qochmasdi. Mels Anning aytishiga qaraganda, u qishlog‘idan ozib-to‘zib va qorayib qaytardi va derdi: «La’nati vaznni haydadim. Ketdik, olishamiz!» M. An: «Bizning Kaletkin esa go‘yo sevinchdan ozib-to‘zib ketdi: Hodiyev jahon chempionatida g‘olib chiqdi, Qurbonov va men Yevropa chempionatida».

Endi kelasi yili Minskda bo‘ladigan jahon chempionatida qatnashish uchun tayyorgarlik ko‘rish kerak edi.

Chempionat boshlanishdan avval Bokuda o‘tkazilgan saralash uchrashuvida u eng ashaddiy raqiblaridan biri, mo‘g‘ul Ponsorni mag‘lub etdi. Sovet sambochilariga o‘ta noqulay bo‘lgan bu kurashchining yutqazib qo‘yishi Sayfuddinga bir kam chempionlik mavqeini berdi.

Chempionat choragida u tag‘in Shogdor Mononxu bilan duch keldi. Shogdor bu gal albatta yutishi, so‘ngra sportni tark etishi kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi. U eng ashaddiy raqibi qoshida egilib, endi abadiy mag‘lubligini tan oldi…

O‘sha vaqtdagi «Sovetskiy sport» gazetasining bir xabaridan ko‘chirma keltiramiz: «Sayfuddin Hodiyev eng ashaddiy raqibi — bolgariyalik Georgiy Stoychev ustidan atigi 39 sekundda 8 ball to‘plab, muddatidan ilgari g‘alaba qilganida zum o‘tmay o‘zini tog‘asi va Kitob rayoni kolxozlararo qurilish boshqarmasi bosh buxgalteri bo‘lib ishlaydigan akasi quchog‘ida ko‘rdi. So‘ng uchalasi o‘zbekcha kuyga muqom qilib o‘yinga tushdilar. Quvonmay bo‘ladimi, ikkinchi marta jahon chempioni bo‘ldi!»

S.Hodiyevning Minskdagi jahon chempionatida ikkinchi marta erishgan tarixiy g‘alabasidan so‘ng SSSR terma komandasining bosh treneri Stanislav Ionov bunday dedi:

«Hodiyev mas’uliyatni juda chuqur tushunadigan, irodasi mustahkam kurashchi. U hech qachon terma komandaning yuzini yerga qaratmagan. Shunisi qiziqki, Sayfuddin bir marta ham SSSR chempioni bo‘lmagan, — goh u, goh bu narsa xalaqit beravergan. Lekin men jahon chempionatiga hech ikkilanmay faqat uning nomzodini ko‘rsatardim va biror marta ham bizni uyaltirmadi. Chunki u juda ishonchli edi». «Halolroq, pokizaroqmisan, demak, sen raqibingdan kuchliroqsan» (Sayfuddin Hodiyev). Kurashda besh martalab jahon, ko‘p martadan olimpiya chempioni bo‘lganlar bor: Ali Aliyev Muhamed Muhamedov, Soslan Andiyev, Valeriy Rezansev, Levan Tediashvili… Mehnat va matonat tufayli erishilgan ketma-ket g‘alabalar. To‘g‘ri, iroda ko‘p narsani hal qiladi: ehtimol, kishilar bir necha karra sayyora sardori bo‘lgan sportchilarning hammasini ham bilavermaslar. Lekin bir qo‘lli bo‘laturib, SSSR xalqlari Spartakiadasida sovrin ololgan, SSSR sport ustasi normativlarini bajargan Dmitriy Dashkoni ko‘pchilik biladi deb o‘ylayman. Shuni ham aytishim kerakki, o‘n martalab dunyo sportida darg‘alik qilib, aytgulik iz qoldirmay ham o‘tib ketish mumkindir. Biroq, yugosloviyalik kurashchi Stevan Xorvad atigi bir marta kurra chempioni bo‘lsa-da, ahyon-ahyondagina, ya’ni tasodifiy hollardagina dunyoning eng halol sportchisiga nasib etadigan «Feyr-Pley» («Halol o‘yin») kubogini qo‘lga kiritgan yakkayu yagona kurashchidir. Raqibiga vrach gilamga chiqish uchun ruxsat bermaganida va radiokarnaydan kurashsiz chempion bo‘lgani e’lon qilinganda u norozi bo‘lib, hammaning ko‘z o‘ngida raqibini gilamga taklif etib, hay’atdan kurashishga ruxsat so‘ragan, kurashib, haqiqatan ham undan ustun ekanligini namoyish qilgachgina oltin medalni bo‘yniga osgan edi… Bunday hodisalar dunyo sportida ham kam uchrashini hisobga olganda chempionlikdan ko‘ra halollikning qadri balandroq, chempionlikdan ko‘ra matonatlilikning ham qadri balandroq ekani ayon bo‘lmaydimi? Parij ringida g‘irromlik qilgan professional bokschini zalda tomoshabin bo‘lib kuzatib turgan yozuvchi E.Xeminguey tutoqib ketib, ringga chiqasolib rosa do‘pposlaganining qanday ma’nosi bor ekan?.. «Halolroq, pokizaroqmisan, demak, sen raqibingdan kuchliroqsan». — Bularning hammasi menga juda uyqash hodisalar bo‘lib ko‘rinadi…

Sayfuddin Hodiyev sportda bir kishi erishish mumkin bo‘lgan natijalarning hammasiga erishgan, bugun ham bemalol faxrlansak arziydigan jahonning eng kuchli sportchilaridan biri. U o‘zini dzyudo, milliy va erkin kurashda ham qattiq sinab ko‘rgan, ushbu turlarning barchasida SSSR sport masteri bo‘lgan.

Ha, S.Hodiyev 70-yillar o‘zbek sporti mash’alasini baland ko‘targan, «engilmas Sayfi» deb nom olgan, chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan yillari to‘rt yilcha biror marta mag‘lubiyatga uchramagan, faqat o‘zigagina xos tabiatli sportchi bo‘lgandi. O‘n yildan ko‘proq Davlat treneri bo‘lib ishlagan vaqtdayam o‘sha shiddat yo‘qolmadi. Go‘yo shogirdlari bilan ayovsiz kurashlarda o‘zi jon kuydirib olishar edi. Haddan tashqari hayajon va o‘zini ayamasligi salomatligiga ta’sir qilmay qolmadi, nafas yo‘li bo‘g‘ilib bo‘qoq kasaliga yo‘liqdi. Og‘ir operatsiya bo‘ldi.

Katta sportni tark etish qiyin bo‘ladi. Tark etgandan keyingi hayot undan ham qiyin. Qiyinligi shundaki, odam shiddatli hayotga ko‘nikib, moslashib qoladiki, keyingi osoyishtalik birdan unga yomon ruhiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Sayfuddin aka bu narsaga hushyor qaradi. Hozir ham bir o‘rtacha sportchi bajargan amallarni kuniga bajaradi. «Bugun ham O‘zbekiston chempionatiga qatnashsam, biroviga bo‘y bermasam kerag-ov” deydi. Shaxsiy pensionerligini tan olgisi kelmaydi, huquqshunoslik fakultetini sirtdan tugallagan, ammo yuristlik tabiatiga to‘g‘ri kelmas ekan, shu tufayli sportqo‘mitada yarim shtat bilan trenerlik qilyapti. Endigi maqsad — yoshlarga yordam berish.

Inson jismi har vaqt oromga mayl sezadi. Shu orom tag‘in jismni o‘ldiradi. Jism mayli bilan o‘chakishib, uni yengish — polvonlik. Polvonlikni boshqalarniki bilan chog‘ishtirib, ustunligini tan oldirish — chempionlik, ya’ni g‘oliblikdir. Jism nafsini yengish — jo‘n gap emas.

Bu juda katta mavzu, shuning uchun suhbatimiz hali tugamaydi.

Sobir O‘NAR

“Yoshlik” 1990/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.