Sendan maktub kutdim…

0
104
marta ko‘rilgan.

* * *

derazada charchagan soat

o‘tgan kunlariga tikilar unsiz

sanagan vaqtlarin eslaydi bir-bir

 

u shoshib yurardi yaqindagina

qichqirib chorlardi o‘ziga

o‘tib ketayotgan vaqt haqda ayta

shoshirardi hammani tinsiz

 

bilmasdiki u o‘lchagan on

baxtiyor etardi qancha baxtsizni

chorasizlar qanday chekardi azob

faqat kuzatardi

chinqirib bot-bot

 

xotira yozgisi keladi uning

o‘tgan umri haqda

odamlar haqda

 

uning o‘rniga kelgan

yangi soat uchun

saboq bo‘ladigan nimalardir

yozib qoldirishni istaydi juda

 

 

* * *

orzum,

aldab ketma meni, azizim,

zada yuragimni qilmagin payhon

senga bog‘langan ne bo‘lsa barini

sening visolingga baxshida etgum.

 

sevgi,

asra meni

yuragim quvnar

yana bahorlarni sog‘indim, qara

nima bu

senmasmi meni uyg‘otgan

cheksiz orzularga bog‘lagan yana

o‘tgan kunlarimdan kechib

kechirib

ertaning quyoshiga mahliyo etgan?

 

hayot,

qadrimga yet,

yayrat ko‘nglimni

mening yuragimdan foydalan

men senga rizolik olib kelaman

va yana neki bor sen orzu qilgan

shu yuragim bilan.

 

 

 

 

* * *

Sendan maktub kutdim…

Kunlarim o‘tmay,

Qalbimda hech nega qolmadi havas.

Sulaymon boyligin tuhfa etsa ham,

Sening maktubingcha quvontirolmas…

 

Garchi ko‘zlaringdan jon qolmas omon,

Izhor potrab chiqdi – bo‘lmadi tiyib.

Garchi kiprigimda mezondek nimjon

Necha bir joyidan tugilgan umid…

 

Ostonam kutsa-da meni orziqib

Ko‘nglimga oyina – za’faron kuzak –

Yo‘lga qarab-qarab toliqqan ko‘zday

Osmonga umidsiz tikilar ko‘lmak…

 

Axir, yengib borar dilni vasvasa

Yolg‘izman iztirob mamlakatida

Bir parcha nomangdek taftni bosmasa

Ne naf Iskandarning saltanatidan?

 

Sendan maktub kutdim

Nafasim yutib

Nisor etmoqqa shay bisot – borimni!

Balki olib kelar menga shu maktub

Sening izmingdagi ixtiyorimni…

 

 

 

* * *

…botayotgan kunni qoq bo‘lgan

qirg‘oqdagi dalaning yo‘li

armonlarga qalbimni chulg‘ar

ezar mungli xotirot bo‘lib.

 

sudraladi qariya shamol

ivirsiydi kuzda chol kabi

javonibdan so‘raydi savol

hovuzlarning titragan labi…

 

bu kuz nima keltirar menga

yomg‘ir izhor etar nimani?

orziqtirar bilish istagi

qayda izg‘ir izlangan ma’no…

 

 

 

 

 

 

* * *

Men keturman.

Ketmasam bo‘lmas.

Kutarmisan meni, dala-dasht?

Tole yo‘li menga bo‘ysunmas,

Umrim kechar vaqtga qasdma-qasd…

 

Onim shoshar izmimdan xoli

Goh manzilim ne, bilmay sarson.

Hech ushalmas orzu uvoli –

Yuragimda mangu g‘alayon…

 

Men qaytguncha kutarmi bog‘lar,

Yetarmikan gulning bardoshi?

Yo‘qotmasmi viqorin tog‘lar,

Keksaymasmi onamning yoshi?..

 

Dag‘i umid qilurman, hayhot,

Garchi ayon – oqqan suv qaytmas!

Ko‘nglim uchun bo‘lsa-da fursat

Taskin bo‘lar biron so‘z aytmas…

 

Umrim kechar vaqtga qasdma-qasd,

Tole yo‘li menga bo‘ysunmas.

Garchi shashtim – sust, ko‘ngil – barbod,

Men keturman.

Ketmasam bo‘lmas…

 

 

 

* * *

Onam dard-u holimni so‘rdi,

Bolam pul-u molimni so‘rdi,

Yor deganim jonimni so‘rdi,

O, ko‘nglimni so‘rmadi hech kim…

 

Tunlar yig‘lab, kundan yashirdim,

Izhor-la So‘z qadrin oshirdim,

Harchand ishqim sori shoshirdim,

Gung ko‘nglimni so‘rmadi hech kim…

 

Garchi umrim saraton bargi,

Manzil magar jon qushin tarki,

So‘lsam qadrim bilinar, balki,

Gul ko‘nglimni so‘rmadi hech kim…

 

* * *

Umr bo‘yi

qilarsan orzu

Rejalaring asl,

betakror.

Biroq ular amalga oshmas –

Go‘zal so‘zga

Bu dunyomi zor?

 

Kimga kerak sening kun-u tun

odamlarni o‘ylashing

Baxtni,

Sevgini va shirin hayotni –

Yo‘q narsani yonib kuylashing?

 

Haqiqatga ko‘zlaring yetmas

Ko‘ngling hamon bedov shamolda

Ushalmas

Lek unutilmagan

Eski orzu bedor xayolda

 

Qoyalarga

Olov

Suvlarga

Kelib uriladi hayoting

bir zavq uchun,

bir lahza uchun…

ko‘ngil hamon yolg‘iz qanoting…

 

 

  1. Fevral

 

Uch bahodir yo‘lga tushdi

Xurjuniga savollarni

Solib olgan bahodirlar

 

Qoldirmadi birortasin

savol berib o‘tdi ko‘kda

nurin sochgan yulduzga ham

 

Chegaraga yaqin joyda

To‘ra aytgan uchta to‘ng‘iz

Tortib oldi savollarin

 

Majbur qildi aytmaslikka

Ayrilishdi davralardan

Zamonaning shamollari

 

Ko‘nib ketdi ikkitasi

Uchinchisi ko‘nmas hamon

Tushib ketdi tillardan ham.

* * *

Ko‘zlar to‘qnashdi-yu…

dil orom topdi –

tomirlar gupiradi, potradi yurak.

Bu xush bezovtalik hushni yo‘qotdi,

Tug‘ildi turfa rang orziqish, istak…

 

Biz-ku chidayapmiz, har na qilsa ham

Hali tanishmasmiz, ismlar – mavhum.

Lek nechun qachondir qadrdon bo‘lgan

Yaqinlardekmiz?..

Oh, ko‘chalar gavjum…

 

O, na bir sabab bor, na yetar jur’at,

Yuraklar aytolmas o‘z sirlarini.

Yulduzlarimiz-chi,

Bizdan erkinroq –

Allaqachon quchgan bir-birlarini!

 

…Lahzada sevdim-u, yo‘qotib qo‘ydim,

Odam daryosida oqding, ko‘milding.

Olomon vaqtmikin, vaqt suvmikin, yo?

Nolon uchratganim joyga termildim…

 

Seni izlab yurdim, yugurdim giryon

Sog‘inch azobi va yillar shamolida.

Go‘yo shirin tushday tirilar ul on

Alvon fasllarda, goh xayolimda.

 

Sening yoding hayron,

Mening yodim barbod,

O‘tar shunday tunlar, kunduzlarimiz.

Lek yuraklar bedor – ba’zan bir-birini

Eslab yig‘lab qolar yulduzlarimiz…

 

G‘amlar horitganda ruhimni goho

Senga olib borar bu xayol – bebosh.

Istak ne, maqsadim aniqmas, ammo

Ko‘zlarimdan tomar yulduz-yulduz yosh…

 

 

* * *

Mezon osmonidagi oppoq bulutlarni

Yuragim qoniga bo‘yayman

Bir kun

Toki sen uni shafaq deb o‘ylab

Tun kelishidan darak beradigan bu go‘zallikdan

Shirin entikishing

Orziqishing uchun

 

Ayozli kunlarda

Patlari xurpaygan dalli shamolda

Diydiragan xira quyoshga qarab

qorlarda izini qoldirgan

musicha bo‘laman

sening mehringga musharraf bo‘lish uchun

 

kimdir gul tutganda sochilgan kulgularingni

bo‘sa olganda titragan lablaringni

ortidan sog‘inib termilgan nigohlaringni

tomosha qilishdan ko‘ra…

 

 

* * *

Sen ham eslaysanmi meni, gohida

Baxtiyor onlaring kemtigi kabi

Yetishmagan kabi ko‘nglingga huzur

Yetishmagan kabi kulgungga quvonch…

 

Senga yo‘liqtirgan kunni qarg‘aymi

Baxtiyor bo‘laymi seni ko‘rgandan

Yana ko‘rarmanmi,

Tutarmanmi gul

Aytolmagan izhorim etguvchi bayon…

 

Gar bari Xudodan bo‘lsa, roziman,

boshqa ne kelardi axir qo‘limdan

Izlasam, baribir topa olmayman,

Ko‘rgim kelsa, yana so‘rayman undan…

 

 

 

* * *

                                                N.ning she’ri

 

Umrim

Ne xoklarni yashirgan

Alvon so‘qmoqlarga sochilgan.

Hali o‘n gulimdan bir gulim ochilmay

Yigirma bahorim ochildi.

 

Vahki,

men kuygan cho‘g‘ni

Sen atay yuragimda yoqding.

Lekin bilmaysanki,

Sevgim

Seni

halok

qilar

chohdir…

 

 

 

*  * *

…ko‘rgim kelar edi seni

Xatlaring o‘qisam

Qalbimga qaytardi bahor

Endi

Tinchlik bermas uzun tunlarda

Unut tuyg‘ulardan taralgan ifor…

 

Bektemir PIRNAFASOV

 

 

 

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.