Bu kunlarning qadri ko‘p ulug‘

0
63
marta ko‘rilgan.

Chet elda yashayotgan bir millatdoshimiz ona qishlog‘iga mehmon bo‘lib keladi. Qo‘lini peshonasiga soyabon qilib, bulutlarga bo‘ylashgan qorli cho‘qqilarga to‘ymay termuladi. Qarindosh-­urug‘larning suhbatini dam kulib, dam yig‘lab eshitadi. Eng qiziq voqea ertasi ertalab yuz beradi. Taomilga ko‘ra, mezbonning “Yaxshi dam oldingizmi?” degan savoliga mehmon kutilmagan va odamni hayajonga soladigan javob beradi:

– O‘ttiz yildan beri bunday xotirjam, miriqib uxlamagan edim! Sizlar naqadar baxtlisizlar-a!..

Nega, axir? Shunaqasi ham bo‘ladimi? Inson bolasi o‘ttiz yil badalida bir tun ham odamday bo‘lib royish hordiq chiqarolmasligi, dunyo tashvishlarini orqaga tashlab, osuda uxlay olmasligi mumkinmi? Unda yashashning, tiriklikning mazmun-mohiyati yo‘qoladi-ku!

Tafsilot keyin ayon bo‘ladi. Mehmon yashayotgan mamlakat uzoq yillardan buyon urush girdobida yonar, ota uch o‘g‘li bilan navbatma-navbat tom ustida poyloqchilik qilib chiqarkan. Xonadon ahli qachondir biz tomonlarga ham xatar yetib keladi, degan hadik bilan har lahzada ko‘chib ketishga shay yasharkan.

Bu holatni tinch-osuda yashayotgan xalqqa hech kim mehmonchalik teran tushuntirib berolmasligi aniq. Chunki u allaqachon ma’nan yo‘qlikka yuz tutgan umridan emas, ortida qoladigan farzandlarining taqdiridan, kelajagidan bezovta edi.

– Sizlarning ertangi kundan ko‘nglingiz to‘q. Bolalaringiz o‘qib, bilim olayapti. Fan-texnika yutuqlarini o‘zlashtirib, dunyoga chiqayapti. Ularning intilishini davlatning o‘zi qo‘llab-quvvatlayapti. Mening zurriyodlarimning ertasi uchun kim qayg‘uradi?!

Mehmonning anduhli suhbatini eshitgan borki, hali-hanuz shu voqeani ta’sirlanib aytib beradi va gap oxirida “Tinchligimizga ko‘z tegmasin!” deb ilova qiladi.

Tinchlik, osoyishtalik – eng ulug‘, eng aziz, dunyoning bor sarvatu zevariga alishib bo‘lmas ne’mat ekanini bugun barcha yurtdoshlarimiz juda yaxshi biladi. Xalqimiz yaqin va uzoq mintaqalarda sodir bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar, etnik va diniy nizolarni kuzatib, yurtimizda izchil olib borilayotgan millatlar­aro bag‘rikenglik va totuvlik siyosatining tub mohiyatini tushunib yetgani fikrimizni tasdiqlaydi. Prezidentimiz Islom Karimov shu yilning    9 may kuni Xotira maydonida ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat, behisob yo‘qotishlarga olib kelgan urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bitta fikr bilan yashaydi: bunday yovuz ofat hech qachon qaytmasin, ostonamizga yaqin kelmasin. Bizga tinchlik kerak, omonlik kerak. Odamlarimiz har qanday davralarda, to‘y-ma’rakalarda Yaratgandan avvalo shuni so‘raydi.

Qalb ko‘zi ochiq, shuuri butun odam borki, O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining bu kunlarga oyoq uzatib, bamaylixotir yetmaganini yaxshi idrok etadi. Zero, yigirma besh yil ichida o‘tgan har bir kunimiz yillarga tatigulik ishlarga boy bo‘ldi. Mustaqillikkacha o‘tgan kunlar xalqimiz tarixidagi eng alamnok sahifalar ekanini katta avlod vakillaridan eshitganlarim asosida bilaman. Ayniqsa, amakimning hikoyalari menga chinakam “o‘tmishdan ertaklar” bo‘lib tuyuladi.

– Arafa kuni chollar biror kayvoninikida yig‘ilib, hayit namozini qayerda o‘qishni muhokama qilardi, – gurungini boshlaydi amakim. – Bir-ikki soatlik mashvaratdan keyin bir to‘xtamga kelinib, hamma uy-uyiga tarqalardi. Oqsoqollar bola-baqrasi oldiga borishi bilan tovushini baralla qilib kampiriga xitob qilardi: “Kampir, erta azonlab payshanba bozorga jo‘nayman. Kelin-nevaralaringga biror narsa kerak bo‘lsa, tayinlab qolsin!” Boshqa xonadondan yana bir mo‘ysafidning ovozi yangrab qolardi: “Qo‘shni qishloqlik Erdonaboy to‘y qildi, loygarchilikda borolmadim. Musurmon chopag‘on ham nevaralarini sunnat qildirdi, uning oldidayam odam uyatli bo‘ldi. Ertaga shularnikiga borib, “To‘y qulluq bo‘lsin!” qilib kelaman. Xurjunga ul-bul solib qo‘ying­lar”. Shu yo‘l bilan chollar o‘zlarini ehtimoliy xatardan himoyalab, uyquga yotishar, ertasiga azonlab kimdir otda, kimdir eshakda yo‘lga chiqardi. Turli so‘qmoqlar bilan aylanib kelgan oqsoqollarning yo‘li hech kimning xayoliga kelmagan, ko‘zdan pana ovloq joyda tutashar, imi-jimida ibodat ado etilib, hamma aytgan manziliga jo‘nardi. Iymon-e’tiqodni asrash shu qadar mushkul, hadislarda aytilganidek, cho‘g‘ni kaftda tutib turgan bilan barobar davrlar edi. Ro‘za kunlari o‘roqqa chiqqan qishloq ayollarini brigadir, raislar “Ro‘zangni och!” deb qamchilaganini enamdan ko‘p eshitgan, o‘zim ham ko‘rganman. Keyin bilsam, bunday voqealar faqat bizning qishloqda emas, boshqa joylarda ham bo‘lgan ekan.

Yurtimizda 17 yildan buyon 9 mayning Xotira va qadrlash kuni deb nishonlanishi zamirida bobolarimiz boshdan o‘tkazgan mashaqqatli davrlarni yodga olish, bugungi tinch-totuv, osuda, farovon hayotimizning qadriga yetish kabi ma’no-mazmun ham mujassamdek tuyuladi, nazarimda.

Xotira va qadr tushunchasi haqida so‘z ketganda biri eskicha xat-savodi, ozgina ilmi tufayli umrbo‘yi ta’qibda yashagan, ikkinchisi fashizmga qarshi kurashib, qonli janggohlarda bebaho yoshligini, chimildiq ko‘rmay nobud bo‘lgan ikki navqiron akasini, beg‘ubor tuyg‘ularini yo‘qotgan, urushdan og‘ir taassurotlar bilan qaytgan bobolarimga xayolim ketadi.

Otamning otasini eslolmayman. Onam­ning otasi meni boshqa nabiralaridan ayricha yaxshi ko‘rgani aniq-tiniq yodimda. Uning medallari ko‘p edi. Hammasi sandiqda saqlanardi. Biroq biror maktab­­mi yoki muassasaga urush faxriysi sifatida chaqirilsa, doim jelagi ko‘ksiga “Jasorat” medalini taqib borardi.

– Bobo, bobo, nimaga faqat shu medalingizni taqib yurasiz? – deb so‘rardim.

– Chunki bu medal o‘zimizniki-da, – derdi bobom.

– Nima boshqa medallaringiz birovnikimi? – tag‘in ijikilab so‘rardim.

Keyin bildimki, bobomning hamma orden-medali to‘kkan qoni, chekkan aziyati evaziga berilgan. Biroq “Jasorat” mustaqil yurtimizning medali bo‘lgani bois ham bobom uchun qadrli edi.

Xalqimiz azaldan tinchliksevar, urush-janjalga murosasiz bo‘lgani tarixdan yaxshi ma’lum. Zero, vaqti zamonida insoniyatni ko‘p bezovta, besaranjom qilgan fashizmga qarshi bobolarimizni otlantirgan ham shu tuyg‘u ediki, bugun ular erishgan g‘alabani biz, avlodlar shoyon nishonlaymiz. Ko‘kragimizni to‘ldirib, tinchlik havosidan to‘yib-to‘yib simiramiz. Bugungi kunlarga shukrona, ertangi kunga ishonch bilan yashaymiz.   

 

Xayriddin MUROD

1986 yili tug‘ilgan. O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Maqolalari respublika matbuotida muntazam chop etiladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.