Yangi kuy boshlaymiz osmon tilida

0
245
marta ko‘rilgan.

Ko‘nglimga

Kel, men seni bugun olib ketaman

Ishqni tush ko‘rayotgan daryolar tomon.

Agar sen jilmaysang,

            entikib tursang,

Mastona oshiqqa aylanar armon.

Bilaman, sen mendan juda xafasan,

Netay,

Tuproqli vujudman og‘irdan og‘ir.

Kulaman, ko‘zimning oynasida goh

O‘z aksini ko‘rib kulganda yomg‘ir.

Va yana kuladi mening ustimdan

Hasad sharbatiga to‘lgan olomon.

Senga yarashmagan libosdir jismim,

Salgina telbaman, salgina nodon.

Bilaman, xudoning oldida ko‘p bor

Seni izza qildim, qildim sharmanda.

Masxaraga moyil vujudim bilan

Dunyodan dunyoni izlab yurganda.

Sabog‘ingdan chiqib ketdim ba’zida

Va tun soyasiga bo‘lganman pinhon.

Gunohim ko‘p mening, ohim ko‘p mening –

Salgina telbaman, salgina nodon.

Kel, men bilan endi yarashgin, ko‘nglim,

Yarashgani kabi suvu alanga.

Xohlasang suratin chizib beraman

Qadim oshiqlarning ko‘nglini sanga.

Junun sahrosida yulg‘un gulining

Ashkidan pishirgum senga musallas.

Osmon kosasida suzib ichamiz

Va qismat oldida mast bo‘lamiz, mast.

Xohlasang men seni suyib, erkalab,

Shafaqning yurtida aylantiraman.

Hijron bog‘larida pishib yetilgan

Sog‘inch olmasini uzib beraman.

Parvo qilma, hali pushaymon bo‘lar

Sha’nimizni toptab laqillaganlar.

Baxtiyor kunimiz suyakday g‘ajib,

Yana ortimizdan akillaganlar.

Ular qolib ketar zulmat qa’rida

Yoki hasad yanglig‘ sovrilgay kuli.

Parvo qilma ular g‘iybat botqog‘in

Zamonlardan qolgan eng badbo‘y  guli.

Kel, men seni bugun olib ketaman

Riyosiz kunlarning xayollariga.

Birga o‘rgatamiz ishq kalomini

Vaqtning zaboni yo‘q shamollariga.

Mastona-mastona chayqalgan tunning

Javharidan tongni olamiz tortib.

Yangi kuy boshlaymiz osmon tilida,

Maysani uyg‘otib, gulni uyg‘otib.

Kel, seni men bugun olib ketaman

O‘zimdan-o‘zimga, jonimdan jonga.

Faqat ko‘nglim bilan yashayapman deb

Xabar yuboraman olti tomonga.

Mendan arazlama, ey suyukligim,

Sensiz tuproqdirman, bor-yo‘g‘i  tuproq.

Sen bilan Rabbimga tanishdirman men,

Sen bilan o‘zimga o‘xshayman ko‘proq.

 

***

Ey mening ko‘nglimni

            Olov sahroning –

Laylivash tushiga badarg‘a etgan.

Ey mening jonimda yashab turib ham –

G‘anim sari ketgan,

            G‘am sari ketgan.

Ming yillik maydayin –

            Dilim qonini

Ey tamshanib totgan,

            Ichikib totgan.

Ey gavharday asrab tili ostida –

Meni qop-qorong‘u tunda yo‘qotgan…

Men hali

            Men hali topilganim yo‘q,

Goh yaproq, gohida chumolidaman.

Qarg‘alar cho‘qigan olmada,

            ba’zan,

Sarg‘aygan  bog‘larning xayolidaman.

Meni chaqirib ol,

            meni yig‘ib ol –

Oyoqlar ostidan bitta-bittalab.

Ey parvona tilin

            ishqning tili deb,

Adashgan, yanglishgan ko‘hna ishqtalab.

Gullamoqchi edim,

            Samo bog‘ida,

To hanuz,

            To hanuz gullaganim yo‘q.

Sen meni yo‘qotib qo‘ygan lahzangdan –

Tush ko‘rib yashadim…

            (Uxlaganim yo‘q.)

Ey mohir qo‘llari qo‘liga tegmay,

Qismat bozorida savdo qilguvchi.

Tosh kabi yurakni yurakka urib,

Chaqnagan olovda g‘avg‘o qilguvchi.

Sening oshiqlaring tongdan kelarlar,

Mening oshiqlarim kuzdan, begumon.

Tomirimda chertsam “Cho‘li iroq”ni,

Qoshimga yugurib kelar biyobon.

Hoy baxt, deb, chaqirsam,

            qayrilmagaysan.

Boqmasdan ketarsan kiborlarga xos.

Seni chorlamadim, yo‘qlamadim ham,

Men senga shunchaki talpindim, xolos.

 

Tashbeh

Ko‘kda oqqanida telba daryolar,

Ufqda chizildi quyoshning izi.

– Necha yoshga kirding? –

            So‘radi mandan

Barmog‘im uchiga qo‘ngan xonqizi.

Yelkamga boshini qo‘ydi atirgul,

Dilimning rangidan rang olgan yuzi…

– Yoshim ishqim bilan barobar, desam,

Barmog‘imdan uchib ketdi xonqizi.

Va ketdi daryolar qibla tomonga,

Bilmayman, kimnidir, kimni axtarib…

Men esa hashamdor hayot oldida

Ko‘rinardim ojiz

                        Va juda g‘arib.

Zamin xomushligi, osmon mastligi,

Qonimning ichida mavj urardi, mavj.

Va falak yoshini sanab, sanoqqa

Yetolmay uchardi ko‘kda qaldirg‘och.

Shabboda o‘ynardi maysalar bilan

Maysalar kulardi biram beg‘ubor.

Shabbodaning harir yengidan tortib

Dedimki,

            Dilingni dilimga yubor…

Ammo u  qoshimdan bir yelib o‘tdi.

Ming yillik  tushiga topganday ta’bir.

Ortidan qichqirdim:

            Biz do‘st edik-ku,

Kenglik sog‘inchi bor menda ham, axir…

Tiriklik tirjayar mening holimga

Ozorlari quyma, qayg‘usi quyma.

Bilaman, deyman men, qo‘g‘irchoqbozsan,

Yana o‘ynab meni, yo‘qotib qo‘yma.

Va yana izlayman umrimga tashbeh,

Qismat shakariman yoki tuziman.

(Va shunday tashbehga ravo bo‘laman)

Shamol barmog‘iga qo‘nib,  ishq yoshin

Bilmay uchib ketgan men xonqiziman.

 

Dadamni eslab

Men qaytib kelyapman tundan, kunduzdan,

Ko‘ngilda ko‘tarib bahaybat vidoni…

Va nigohim yopar gohi-gohida

Ko‘zyoshdan ho‘l bo‘lgan yengi dunyoning.

Men qaytib kelyapman, qaydasan, taskin,

Qaydasan, ruhimni kashf etgan sabr.

Qarayman osmonning bir chekkasida

Daryo yuragini yig‘laydi abr.

Men esa yig‘lashni unutib qo‘ydim,

Yovvoyi o‘kirik suzar jonimda.

Shamollar, shamollar, yana shamollar,

Sayr qilib yuribdi to‘rt tomonimda.

Men qaytib kelyapman afsunlanganday

O‘zga bir vujudda yashayapman go‘yo.

Karaxtman, imlaydi tuman ortidan

Yenglari ko‘zyoshdan ho‘l bo‘lgan dunyo.

Hayqirdim, dadajon, men qaytib keldim,

Uxlagan quyoshday yotibdi dadam.

Shu sirli, uyg‘onmas uyqusi bilan–

Barcha bolasini uyg‘otdi dadam.

Men juda kech qaytdim,

            Va g‘ofil qaytdim,

So‘ngsiz qaytishlarning qarzi endi men,

Yolg‘iz qolib bizni eslaganida,

Tortgan bir ohiga arzimadim men.

O, dadam ko‘nglini tinglab ko‘rmadim,

Bolalik chog‘imiz eslardi bot-bot.

Sen uning yonida eding-ku, axir,

Dadamning ko‘nglini aytib ber, hayot.

Esimda, bolalik damlarimizda

Bizni yelkasida ko‘tarardi dast.

O‘shanda osmonning yuragi bilan

Suhbatlar qurardim men xayolparast.

Goho bizlar bilan o‘ynab boladay,

O‘zini o‘lganga solib yotardi.

Biz esa quchoqlab tiriltirardik,

Shunda ko‘zlarida quyosh kulardi.

Shu o‘yin negadir yoqardi bizga,

“Dada, o‘lib  bering” – takrorlardik biz.

U esa o‘lishdan charchamasdi hech.

Tirikligin bizga aylab sarafroz,

Bugun ham yotibdi ko‘zlari yumuq.

Yuzlarida yonar izi sog‘inchning

Men esa turibman, karaxtdan karaxt

Va bir parchasiday ilhaq sog‘inchning.

Uning esa ko‘zin ochgisi kelmas

O‘lib tirilishdan  charchagan go‘yo.

Men avval dadamni uyg‘otib olay,

Ko‘nglim etagini qo‘yvorgin, Vido.

Yuragim ichida ingraydi kimdir,

Yo‘q, yo‘q, tinglamayman judolik kuyin.

Yig‘layman:  ko‘zingiz oching, dadajon,

O‘yin tugadi-ku, tugadi o‘yin…

Men juda kech qaytdim,

            Va g‘ofil qaytdim…

 

***

Sen deding: “Ufqni yasantiramiz,

Egningga quyoshni kiyib olgin, bo‘l…”

Boqdim,

samo va yer oralig‘ida

Juda go‘zal edi o‘sha yo‘l.

 

Men dedim: “Ufqni aldab bo‘lmaydi

Ishqimiz juda oz, yolg‘on esa mo‘l”.

Qarading,

ko‘zingda jon berdi daryo,

Juda olis edi o‘sha yo‘l.

 

Halima AHMEDOVA

1960 yili tug‘ilgan.

ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek fi­lologiyasi fakultetini tamomlagan. “Tun­gi marvaridgullar”, “Erk darichasi, “Tiy­­ramoh”, “Umid soyasi”, “Afsun”, “Shafaq ibodati”, “Nigoh qiblasi”, “Yosuman gulining soyasi” kabi she’riy va nasriy to‘p­lamlari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.