Faxrga yarasha fidoyilik kerak

0
27
marta ko‘rilgan.

Tahririyatdan: Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko‘ra mukofotlandilar. Ularning safida jurnalimiz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan bir necha navqiron ijodkorlar bor. Xususan,  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Nosirjon Jo‘rayev, “Ziyouz.uz” veb-sayti bosh muharriri Davronbek Tojialiyev, “Yoshlar ovozi” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Nargiza Umarova, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimligi nashri – “Yangi Farg‘ona” gazetasi bosh muharriri Azizjon Ermatovni ko‘rish mumkin.

Qadrli mualliflarimizning sohaga qo‘shayotgan hissalariga zafar, ijodiy izlanishlariga parvoz tilaymiz.               

 

Amerika tarixida o‘ziga xos o‘rin qoldirgan prezidentlardan biri Avram Linkoln shunday degan ekan: “Menga bobomning kimligi emas, uning nabirasi qanday odam bo‘lishi muhim”. Ota-bobolarimizning ishlariga mahliyo bo‘lish, ular bilan quruq faxrlanish, “Biz buyuklar avlodimiz!” degan yuzaki hayqiriqlar kuchaygan so‘nggi paytlarda yuqoridagi gapning dolzarbligi ortadi.

Bu bilan biz ota-bobolardan yuz o‘girish, ularning hayotiga qiziqmaslik lozim, degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Demoqchimizki, quruq faxrlanish va hayqiriqlardan voz kechib, vatan, xalq, davlat bildirayotgan ishonchni oqlash yo‘lida astoydil harakat qilish kerak. Yurt kelajagi uchun vijdonan – bu farzandlik burchim, deb yashashimiz, mehnat qilishimiz lozim.

Ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishi, har bir davlat va jamiyatning yuksalishi yoshlarning intellektual salohiya­ti, iste’dodi va qobiliyatlariga bog‘liq. Zero, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim shartidir.

Davlatimiz rahbari nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo yoshlarining ertasi, kelajak taqdiri xususida jon kuydirib, yuqori minbarlarda taklif bilan chiqmoqda. Jumladan, BMTning 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etilishi hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati qabul qilingani olamshumul ahamiyat kasb etishini butun dunyo e’tirof qilmoqda. Xo‘sh, bu masalada nega aynan O‘zbekiston taklif bilan chiqdi? Hozirgi globallashuv zamonida qaysidir illat biror davlat ichida qolib ketmayapti – sarhadlar oshib, keng yoyilmoqda. Hech bir davlat “o‘zimizning yoshlarimizni tarbiyalasak bas, boshqa hech bir illat bizga yaqin kelmaydi” degan o‘y bilan siyosat yuritib bo‘lmasligini bugungi kunda bo‘lib o‘tayotgan voqealar isbotlamoqda. Shu sababdan, yoshlar masalasi mamlakat doirasidan chiqib, butun dunyoning asosiy maqsad-muddaosiga aylandi. Prezidentimiz BMT minbaridan turib aytgan gaplariga quloq tuting: “Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda. Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi «virusi» tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz”.

Darhaqiqat, yoshlar masalasi har doim davlatlarning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan barcha strategiyalarda aks ettirilgan. O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ham bu borada istisno bo‘lmadi. Unda alohida bo‘lim davlatning yoshlar siyosatini takomillashtirishga bag‘ishlangan. U O‘zbekistonning 10 million fuqarosi yoki mamlakat aholisining 31 foizini tashkil etuvchi yoshlarga nisbatan davlat siyosatining samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalarni qamrab oladi. Hech bir davlat yo‘qki, O‘zbekiston kabi deyarli ikki-uch yilda yoshlar hayotiga daxldor qonun va qarorlar loyihasi ishlab chiqiladi, qabul qilinadi hamda amaliyotga tatbiq qilsa…

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu yilning 27 iyunida imzolagan farmoniga muvofiq qabul qilingan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturida “zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim sharti” ekani ta’kidlanadi.

So‘z isboti bilan, deganlaridek yuqori minbarlardan dunyo hamjamiyatiga qilingan bunday murojaatlarning mazmun-mohiyati yurtimiz miqyosda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatida ham o‘z aksini topmoqda. Chunonchi, yoshlarni ish bilan ta’minlash, kam ta’minlangan va imkoniyati cheklangan oilalar farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yosh oilalarga imtiyozlar yaratish, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishning yangicha va samarali mexanizmlarining ishlab chiqilishi, kitobxon yoshlarni kashf etish hamda ularni rag‘batlantirish shular jumlasidandir.

Ammo, tan olish kerakki, yoshlar bilan ishlashda hamon kamchiliklar mavjud. Jumladan, katta maqsadlar bilan tuzilgan Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘limlari yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarlicha e’tibor bermayotgani afsuski, haqiqat. Tashkilot o‘tkazayotgan ayrim tadbirlar dabdababozlik, o‘zini «ko‘z-ko‘z» qilishga o‘xshab qolayapti. Hatto davlat rahbari ham bot-bot ta’kidlaganidek, joylardagi to‘rtta sektor rahbarining aksariyati hali yoshlar masalasi bilan faol shug‘ullanmayapti, mahalla qo‘mitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ta’lim muassasalarining bu boradagi ishlari qoniqarsiz, tuman va shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari jonboz­lik ko‘rsatayapti, deb bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda ayrim raqamlarga e’tibor qarataylik. Joriy yilning o‘tgan davrida sodir etilgan 17,5 ming jinoyatning qariyb 31 foizi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakat bo‘yicha jinoyat sodir etgan 22 ming shaxsning teng yarmi – 11 ming nafarini yoshlar tashkil etmoqda.

Afsuski, kollej va maktab o‘quvchilari orasida ham jinoyatlarni sezilarli darajada kamaytirish ta’minlanmayotgani ham haqiqat. Joriy yilning birinchi yarmida jami 371 o‘quvchi jinoyat sodir etgan. Kollej o‘quvchilari jinoyatlari soni Sirdaryo, Jizzax, Namangan va Samarqand viloyatlarida keskin oshgan. Maktab o‘quvchilari jinoyati asosan Jizzax, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi. Xorazm, Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida voyaga yetmaganlar tomonidan qotillik jinoyatlari sodir etilgani yanada ayanchlidir va mazkur hududlarda yoshlar bilan ishlashni yanada yaxshilash kerakligini ko‘rsatadi.

Yoshlar o‘rtasidagi muammolar, jumladan, jinoyatchilikning ildizi aksar hollarda ishsizlikka borib taqaladi, desak xato bo‘lmaydi. Joylarda yoshlarning bandligini ta’minlash borasida jiddiy muammolar mavjud. 1700 dan ziyod mehnat yarmarkasi o‘tkazilganiga qaramay, ularda ishtirok etgan yoshlarning atigi 5 foizigina ishga joylashtirilgani, so‘nggi bir yilda 509 ming nafar yoshlar uzoq muddatga chet ellarga chiqib ketgani ishga mas’uliyatsiz yondashuvdan dalolat beradi.

Ishonamizki, joriy yilning 1 iyulidan boshlab respublikamizning barcha tuman va shaharlarida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan mazkur Davlat dasturi, eng avvalo, yuqoridagi nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish hamda hech qanday balandparvoz nutqlaru dabdabali tadbirlarsiz yoshlarni aniq moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi, yoshlar masalasida mas’ul bo‘lgan har bir kishiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Darhaqiqat, yoshlar – kelajak bunyodkori. Bu shior har bir yigit-qizni shu aziz yurt, shu muqaddas zaminning ertangi istiqboli uchun  fidoyi bo‘lishga da’vat etadi.  Shu bilan birga, har birimizda Vatan ravnaqiga daxldorlik hissini oshiradi. Ayni chog‘da, mazkur so‘zlar zamirida yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch ham mujassamdir. Shubhasiz, bugun yangi-yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan, barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishayotgan, o‘z bilim va mahoratlari bilan O‘zbekiston nomini jahonga taratayotgan yurtimiz yoshlari ana shu yuksak ishonchga munosib bo‘lishga astoydil harakat qiladilar. Zero, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish – eng oliy baxt.

 

 

Azizjon ERMATOV

 1984 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika

fakultetini tamomlagan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.