O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi

0
86
marta ko‘rilgan.

Halima Xudoyberdiyeva 1947 yilning 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan.

Shoiraning ilk she’rlari o‘quvchilik yillarida Yangiyer tumani gazetasida bosilgan (1964). Birinchi kitobi «Ilk muhabbat» 1968 yili talaba paytida nashr etilgan. Shundan so‘ng uning «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Bu kunlarga yetganlar bor», «Hurlik o‘ti» (1993), «To‘marisning aytgani» (1996), «Yo‘ldadirman» (2005), «Buyuk qushlar» (2012), «Osoyishta sham»  (2017) va boshqa she’riy kitoblari, shuningdek, rus tilida “Gordost”(1976), “Beloye yabloko”(1979), “Reshimost”(1985) nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.

Shoira 1990 yili Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘lgan. 1992 yil O‘zbekiston xalq shoiri faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Halima Xudoyberdiyeva 1972 yili Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Ish faoliyatini «Saodat» jurnalida boshlagan. Shoira uzoq yillar ushbu nashrda adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972-75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982-94) bo‘lib xizmat qilgan. Shuningdek, mehnat faoliyati davomida Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978-82), O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990-94), «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi muharrir (1996-98), «Sanam» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998-2003), 2004 yildan «XXI asr» gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan. 2018 yildan «Dugonalar» jurnalida bosh muharrir vazifasida ishlab kelayotgan edi.

2017 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko‘ra milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy mehnati, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, mamlakatimizning ijtimoiy hayotidagi samarali faoliyati uchun O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangandi.

“Yoshlik” jurnali nomidan marhumaning oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.

 

* * *

MEN BIR KUNI

Men bir kuni
Tashlab ketaman
Bo‘z libosim, siymu zarimni
Qor ivitar,
Shamol varaqlar
Ortda qolgan daftarlarimni.
Garchand tishga bosib tishimni
O‘z yelkamdan o‘zim bosib tek
Gungday ketdim
So‘ng bekatgacha.
Lek ortimdan qolgan she’rlarim
bu dunyoning
yolg‘onlaridan
Qah-qah urar qiyomatgacha.

Halima Xudoyberdiyeva,
O‘zbekiston xalq shoiri

 

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.