“Ijara uylarning shavqi yodimda…”

0
141
marta ko‘rilgan.

Xalqimizning sevimli shoiri Usmon Azimning “Dasht haqida ballada”sini birinchi marta qachon o‘qiganimni eslay olmayman. Biroq, shunisi ayonki, balladani o‘qiganimdan u meniki bo‘lib qolgan. Yo‘q-yo‘q, bunday emas – men shu balladaning asiriga aylanganman, desam to‘g‘ri bo‘ladi. She’rdagi dardning samimiyligi, pafosning umumiyligi bilan bog‘lab tushunishga harakat qilganman. Ammo u baribir balandroq, viqorliroq kelaveradi. Va bo‘g‘zini kuydirib tilga otilib chiqadi: “Tog‘lar kichraydi. Pasaydi osmon. / Yashab bo‘lmaydi-ku, axir engashib…

 

Quv og‘ochga til bitdi

Talabalikning ilk yili edi. Yangi yil arafasida qishloq­qa borganimda bobom bilan qilgan gurungim hech yodimdan chiqmaydi.

Boboni ko‘rgani bordim. Momom qarshi oldi: – Bova, Ortiqning uli kepti, – dedi. Yo, Xudo, men shu chol-kampirning nabirasiman. Ular bo‘lsa, avval otamning ismini aytib so‘ng menga o‘tadi.

– Kel, – deb sandalning bir kunjagidan joy ko‘rsatdi bobom.

– Ha, ko‘rinmay ketding, qayerda yuribsan?

– O‘qiyapman, bova.

– Qayerda, Tashkandami?

– Ha, Toshkentda…

– Hosilot bo‘lasanmi?

– Yo‘q.

– Mudir bo‘lasanmi?

– Yo‘q.

– Bo‘lmasa, Tashkanda nima qilyapsan?

– Filologiyada o‘qiyapman.

– U nimasi?

Olifta talaba jo‘ngina qilib, filolog – o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘ladi, deb aytgisi kelmaydi.

– Filologiyada ko‘p shoirlar o‘qigan – dedim.

– Ha, shoirlarning ham maktabi bormikan?! Hali she’r ham yozasanmi?

– Yo‘q.

– Unda, hosilotlikkami, mudirlikkami o‘qiyvermabsanda…

Gurungimiz shu ko‘yi borayotganida radiodan xalq baxshisi: “Mulla to‘rg‘ay tong-saharda sayraydi, / Enajon, vay ena, ena-yay…”, deb bo‘zlab qoldi. Bobom ko‘zini chirt yumib, o‘ng qo‘lini havolantirdi. Momom yugurib borib, yarim quloch quv og‘och – do‘mbira tutqazdi. Shomurod Tog‘ayev: “Bilmaganim, bildirding, / Poyezlarga mindirding…”, deb davom etti. Bobomning qo‘lidagi quv og‘ochga til bitdi – keng dalalardan ko‘kka kaptarlar gurkirab uchdi; daralardan dupurlab tulporlar chopdi…

 

So‘z tamshangan kechalar

Ko‘plab teng-to‘shlar talabalikni ortda qoldirib, tahririyatlarda ish boshladik. O‘y-tashvishi – adabiyot, san’at, tarix… To‘rtta “dadarvoqi” yig‘ilsa, yurt taqdiri uning ertangi kuni, millatning tutumlari, ulug‘ ajdodlarning jasorati, zamondoshlarning badiiy ifodasi haqida bahs qiladi – falsafa so‘qib tong ottiradi. Biroq hammasining cho‘ntagida shamol o‘ynaydi. Orasiga biror moliyachi qo‘shilib qolsa, albatta, uning aytar gapi tayin: otangni ko‘rdim – ahmadi forig‘, onangni ko‘rdim – tovoni yoriq…

Ammo bunday suhbatlar talabalar shaharchasidagi yo bo‘lg‘usi olimlar yotoqxonalari­da emas (u maskanlarning eshigi allaqachon tambalangan), shaharning eng chekkasida Dehqonqulning yuziday ayanchli tusga kirgan ijara uylarda “HavOchun”, “Ramaq”, “Qaytish” – oltin ko‘prik deb tonggacha so‘z tamsha­namiz. Ulug‘larning yozganidan latifa to‘qib, bir-biri­mizga “sen qachon gullaysan” deb oramizdan prozaik izlaymiz. Qani u topila qolsa, birov-birovimizga: “Ey, “Maymun yetaklagan odam”, “Anoyining jaydari olmasi”, “Bir toychoqning xuni” bo‘ldimi? – desak, boshqasi – “Onam­ning yurti”da “Qishda bodom gulladi”, “Kak-ku”, dedi. Ana shu zamonlarda yolg‘iz bosh har yoriqqa sig‘ardi. Ulg‘ayish faslida yelkadoshlar gardaniga olaxurjin tushdi, birov oldin-birov ketin ro‘zg‘orli bo‘ldi. Birdaniga mung‘ayib qoldik, desam mubolag‘a bo‘lmas.

Sababi oddiy edi: kim oilali bo‘lsa, shu ijaraga uy oladi. Endi yolg‘iz bosh emas, unga ishonib, ko‘ngil berib, izmiga kirgan ayol – bo‘lg‘usi onalar bor. Izlagan imkon topar ekan, ijodkor do‘stlarimiz buning uddasidan chiqishdi. Ayrim yosh oilalar ko‘plashib bitta ijara uy olib yashashdi. Biri, Qarshidan kelgan, ikkinchisi, Jizzaxdan. Tabiiyki, ko‘pincha ijodkor oilalarda er termizlik bo‘lsa, ayol namanganlik; yoki er samarqandlik bo‘lsa, ayol nukuslik bo‘lib chiqadi.

Ko‘nglini qachon adabiyotga boy berib qo‘yganini bilmagan dadarvoqilar kechalari Chambil yurtida Go‘ro‘g‘li sulton hukmronligida Ahmad sardorning o‘zidan ketganidan, “Zarbulmasal”da Gunashbonuning mahriga necha vayrona aytganidan bahs qilishar, kelinlar xorazm­cha choy damlasa, dasturxonga farg‘onacha osh tortilardi. Bunday maskanlar katta shaharning gavjum xonadonlari qatoriga kirib, ijara uylarda qator-qator farzandlar dunyoga keldi.

Dunyoga jar solib, yaqinlariga quvonch ulashib tug‘ilgan bolalar go‘yo tomoq qirib yo‘talishdan cho‘chiydigandek, ota-onalari shu yurt, shu tuproq desa o‘pkasi to‘lib nafas olishsa-da, katta shaharning kichik daftarlariga nomi qayd etilmaganini – propiskasizligini ular ham sezadigandek tuyulardi.

Ana shuday kunlarning birida yozuvchi do‘stimizni bir oyda uch bora, yana birini bir haftada ikki bora shaharning u chekkasidan bu chekkasiga, bu chekkasidan narigi chekkasiga ko‘chirdik. Yana birining ko‘ch-ko‘roni yuk mashinasida qolgani esdan chiqmaydigan bo‘lgandi.

Voqea budir:

Yozuvchi oshnamiz ijara uyni almashlaydigan bo‘lib, rosa o‘n-o‘n besh kun uy izladi, topdi. Ma’qul kelganki, ko‘chib o‘tadigan bo‘lib, ko‘ron ko‘tarishga yana dadarvoqilarni chaqirgan. Ular bo‘lsa: “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ko‘chiruvchi” deb hazil qilishadi. Ijodkor uchun bu juda achchiq gap. Yuk bahonasida aytilgan nisba-da, aslida ulug‘lardan matn ko‘chirasan, matn ko‘chirmasang, mazmun ko‘chirasan, mazmun ko‘chirmasang ruhni ko‘chirasan – baribir ko‘chirasan, degan iddoa ham yo‘q emasdi-da!

Xullas, ko‘chiruvchilar bir yosh ro‘zg‘orni mashinaga yuklab manzilga borsak, bizdan ildamroq boshqa birov kelib joylashib olibdi. Dodingni kimga aytasan!

 

Boshdan o‘tgani budir:

Shaharning chekkasidagi mahallalarning birida katta oila yashaydigan xonadonning bolaxonasida er-xotin yashaymiz. Ayolim talaba, o‘zim gazetada ishlayman. Haftada ikki marta chiqadigan nashrning kunda-shundagi navbatchisiman. Tun yarmida bolaxonaga kirib boraman. Bu manzilga kelganimga endigina ikki haftalar bo‘lgan chog‘i, nimadir kerak bo‘lib, mahalla do‘koniga chiqdim. Do‘kondor qiziqsinib so‘rab qoldi: – Uka, qayerda turasiz? – Yon ko‘chadagi ikkinchi ko‘k darvozali uyda. – ……. opaqinikidami? – Ha. – U joyni kim tavsiya qildi? – Hech kim, mahallaga kelib ijaraga qo‘yadiganlar bormi, deb so‘rab yurgandim. To‘g‘ri kelib qoldi.

Do‘kondor boshini menga tomon cho‘zib asta shuvirladi: “O‘g‘illarini bila­sizmi? Yaqinda chiqdi”.

Hayron bo‘lib so‘rayman:

“Qayerdan chiqdi?”

“Ignaga o‘tirib qogan-de…”

Boshimdan muzday suv qo‘yilgandek bo‘ldi. Har kim o‘z ehtiyotini qilgani yaxshi. Nima qilishga hayronman. Ko‘chishdan boshqa chora yo‘q. Zavjamizga dardimni yorolmayman. Kechalari tip­ratikanning ustida yotganday yotaman. Ko‘zga uyqu kelmaydi. Qish eshik qoqib turibdi, ammo yana ko‘chish kerak…

Nomdor nashriyot muharririning

boshidan kechirgani

Tengdoshlardan biri mashhur nashriyotda muharrir bo‘lib ishlardi. Ikki yosh farzandi og‘ir dardga chalinib, moyanasi dori-darmondan ortmay qoldi. Bu o‘rtada, tabiiyki, ijara haqqini ham o‘z vaqtida berolmagan. Do‘st-yorlar qarab turishmadi, ammo qo‘ldan berganga chumchuq to‘yarmidi?!

Qisqasi, bolaga bu yorug‘ olam torlik qildi. Do‘stimizning aytishicha, qishlog‘iga borib farzandini tuproqqa qo‘yib kelgani ketganida biroz qolib ketadi. Shaharga qaytganida ne ko‘z bilan ko‘rsinki, u yashagan xonadonga boshqa birov ko‘chib kiribdi.

O‘ziga o‘xshagan qo‘nimchilardan yuk-yobinini so‘raydi.

“Biz ko‘rmadik. Kelganimizda xonadon bo‘sh edi”.

Uy sohibiga telefon qiladi:

“Uch oydan buyon pulni bermaysan. Sani qochib ketibdi, deb kvartirani boshqaga berdim”.

“Ko‘ch-ko‘ronim qani?”

“Makalaturang bilan sassiq to‘shagingni boshimga uramanmi? Chiqindiga chiqarib tashlagandim”.

“Beshik qani?”

“Beshigingni ham chiqardim!”

“O‘ldiraman…”

 

Gazeta muxbirining boshidan kechirgani

Jo‘ramiz yoshlar gazetasi muxbiri edi. Farzandli bo‘ldi. Bolasi dard bilan tug‘ildi. Mushtdek chaqaloq tug‘uruqxonadan kasalxonaga olib o‘tildi. Shifoxonaga, dori-darmonga yuguradi-tinmaydi. Holidan xabar topgan jo‘ralar do‘stimizga yordam bermoqchi bo‘lib ko‘ngil so‘radik.

“Nima yordam kerak?”

“Qon kerak?”

Davongirdek-davongirdek uch-to‘rt yigit qon topshirgani bordik. Qonimizni olishmadi. Propiskamiz yo‘q ekan. Do‘stimizning peshonasiga farzandi sig‘madi – bola uzoq umr ko‘rmadi. Buning barchasi, avvalo, Xudodan ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, ammo baribir men o‘zimni shu murg‘ak bolaning vafotida aybdor sezaman: “Qon berolmadim!”

 

Yangi kun

Ilm-fan, adabiyot, san’at va matbuot bilan ertangi kuni, hayotini va taqdirini bog‘liq tasavvur qilgan ko‘plab yigit-qizlar odatda uncha-muncha muammolarni pisand etmaydi. Achchiq bo‘lsa ham ochig‘ini aytganda, tishining kirini so‘rib, tuproqdan tashqarida, deb yuraverishadi. Bu holat kimlarningdir nigohida achinish, kimningdir miyig‘ida kulgi uyg‘otsa-da, ular mag‘rur va o‘ktam odimlayveradi. Negaki, sizni – to‘pori va asov, muloyim va jasoratli, oqko‘ngil va tanti, yorug‘ niyatli va orzumand shu xalqni yaxshi ko‘radi. Yolg‘iz aybi bo‘lsa – shu, yana bilmadim.

Buni yaxshi bilgan Yurt egasi – Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatining dastlabki kunlarida mamlakatdagi muhim masalalar qatorida ilm-fan, adabiyot, san’at ahlining ijtimoiy muammolarini yengillatish, faoliyatni isloh qilish, vazifalarining samaradorligini oshirish uchun bir necha qarorlar, farmonlar qabul qildi. Bungacha akademiklar, yoshlar, ijodkor-ziyolilar bilan suhbatlashdi. Poytaxtimizda ko‘p qavatli uylar qurish ishlariga kirishilgan kezlardan buyon ziyolilarni vatanli qilish rejasini takror-takror aytib kelyapti.

Ayni shu yumushlarning amaldagi ifodasiga guvoh bo‘lib turibmiz. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tizimida ilmiy izlanishlar olib borayotgan, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adabiyotga kirib kelayotgan ko‘plab tengdoshlarim uy-joyli bo‘lyapti. Ular qatorida men ham Vatanda vatanli bo‘ldim.

 

Yashasin yomg‘irlar!

Yangi uyga ko‘chib kelyapmiz. Yo‘lda o‘g‘lim savol berib qoldi:

– Ota endi ko‘chmaymizmi?

Mendan avval ko‘zlari porlab ayolim javob berdi:

– Bolam, biz ham uyli bo‘ldik. Endi ko‘chmaymiz.

Uyga kirganimda bildimki, mening ko‘chirib yu­radigan ikki-uch sandiq kitobim va farzandlarimdan boshqa hech narsam yo‘q ekan. Ertasi kuni otam keldi. Kutib oldim, belbog‘iga tugib yurgan pensiyasiga sovg‘a-salomlar olibdi. U kishining ortidan uyga kiryapman. Yelkalari titraydi. Bobosiga peshvoz chiqqan nabiralari otamning bag‘riga o‘zlarini otishdi.

– Bobo, yig‘layapsizmi?

– Yo‘q. Tashqarida yomg‘ir yog‘yapti…

Men ham o‘zimni tutolmayman; lablarimga tish bosib zo‘rg‘a turibman. Ich-ichimdan aytaman, takorlayman: yashasin yomg‘irlar – yashasin yomg‘irlar!

Otam qo‘lini ochib, ulug‘ kishilarning haqiga uzoq duo qildi. So‘ngra tayinladi. Duo bilan el ko‘karar, yomg‘ir bilan yer. Doimo duo qilishni kanda qilma! Qulog‘imga mayin sadolar keladi. Bu o‘sha quv og‘ochning quvnoq nag‘malari, do‘mbiraning sadolari edi.

Bu ohangni xo‘jalikda agronom va ferma mudirini dunyoda eng katta odam deb bilgan rahmatli bobom chalardi.

Adabiyot qalbimni qachon zabt etganini hamon bilmayman: “Jo‘nadim balandroq osmonlar tomon …”

 

Nurilla Chori

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.