Bormidim, kuyingda bo‘lmaguncha jo…

0
30
marta ko‘rilgan.

1.
Mani yozg‘irma, ey qismat,
o‘zimdan o‘zga kelganman.
Chamanlar kulgusi o‘chgan,
Yomg‘irvash kuzda kelganman.
Kim atlas, kim kimxob uchun,
Men esa bo‘zga kelganman,
Ta’msiz, eski dunyosiga –
Bir hovuch tuzga kelganman.
Ko‘nglimni titmaki g‘anim,
Sanga ko‘z-ko‘zga kelganman,
Dedilar: ishq-kasalmanddir,
Ishqi qaqnusga kelganman
Adashtirdi mani ranglar,
G‘amangiz tusga kelganman.
Yonar gulxan aro jonim,
O‘ylama, muzga kelganman.
Umrimni kashta qilsin deb
Chevar-guldo‘zga kelganman.
Kim bo‘lsang ham yo‘limdan qoch,
Mardona so‘zga kelganman,
Afsona so‘zga kelganman.

2.
Men sozman,
Qo‘lingda sozlanguvchi soz,
Tomirlarim chertar ishqning noxuni,
Barglar shivirlashin
Solasan menga,
Sen menga solasan sargardon kunni
Chayqalib boradi umrim soyasi, –
Kuz g‘azabin yegan gulday bemajol,
Kuylaring qa’rida nimadir pinhon,
Kuylaring qa’riga to‘ldim ehtimol
Har kuni sozlaysan yangi ohangga
Kuylar oqib kelar dard chorbog‘idan.
Seskanib ketadi bechora hayot
Charchagan yuragim qaltirog‘idan
Men sozman.
Chalasan jilmayadi g‘am,
Chalasan badtarroq kuyadi sahro.
Ayt, axir, bormidim o‘zimdan avval,
Bormidim, kuyingda bo‘lmaguncha jo.
Men sozman, qo‘lingda
Eskirgan bir soz,
Shimaman borliqning mahzun o‘yini.
Ilohiy sozandam,
nomini aytgin,
Menda chaladigan so‘nggi kuyingni.
Men sozman qo‘lingda
Sozlanguvchi soz…

3.
Bu qaysar g‘ul g‘ula jonimdan kelur,
Umrim larzalardan hech olmadi tin.
Neni qoraladim, neni kuyladim
Men ham shoirmanmi o‘zingiz ayting?
Qachon o‘z g‘amimdan ortib,
og‘rinmay –
O‘zgalar dardiga bo‘loldim sherik
Axir, qochmadimmi,
bemor haqiqat –
Na’ra tortganida sherday:
Men tirik!
Oyning yog‘dusiga g‘arq
bo‘lib, tanho,
Lof urdim ishqimning
gulistonida
G‘aliz edi manda, quvonch ham
baxt ham
Nimani axtardim zulmat qonidan
Nega men yashirdim o‘zimni tunga,
Tonglar jarangiga qilmadim parvo
Nega yer qa’ridan manzil axtardim,
Yo‘qlab kelganida gohida samo
Shoirlik baxtmidi yoki baxtsizlik.
Men qaysi tarafdan keldim so‘z tomon.
Ichimda ingraydi million yillik dard:
Sening shoirliging yolg‘ondan, yolg‘on…
Axir xalq ko‘ngliga borguvchi yo‘lni
Qayg‘ular sindirib tashladi chil-chil.
Men kimga o‘xshadim,
kimga ergashdim –
Shamolni kuylabman ellik
to‘qqiz yil!…
Men ham shoirmanmi o‘zingiz, ayting?!

4.
Saraton,
hansirar yer bilan osmon,
O, nega gullarni g‘ijimlaydi yoz?
Va quyosh sho‘ng‘igan suvning ichidan –
G‘amgin qurbaqalar beradi ovoz.
Jismida bol to‘lgan shaftolilarning
Ifori qushlarni aylagan majnun.
Hansiragan yerni hamda osmonni
Soyalar chayqalib qilar tarannum.
Ammo men ketishim kerak bu yerdan
Shudringlarning saxiy qalbiga tomon.
Axir, g‘ijimlangan gullar faryodi,
Jon-u jahonimni o‘rtadi yomon
Shunday so‘ladimi yoshlik fasli ham,
Shunday tinadimi jonning na’rasi.
Olib ketadimi bizni bir kuni
Osmon sarobi-yu yerning nafasi.
Yashayman umidvor, ilhaq, jonsarak,
Sezgum: ko‘pi ketib, qolganidir ozi.
Va kelar ko‘nglimning
qa’ridan yana
G‘ijimlab tashlangan gullar ovozi.

5.
Jannat bog‘larida pishgandir sog‘inch,
Nilufar yuziga qo‘ngandir shabnam.
Kavsar suvlariga o‘ychan tikilib
Biz haqda xayollar surgandir onam,
Tubo hidlab qaytgan
qaldirg‘ochlardan
Berib yuborgandir bizga salomin
Va yana soddalik bilan aytgandir
– Unutib qo‘ymangiz har birin nomin

…Onajon, men ko‘rdim qaldirg‘ochlarni,
Ular salom aytdi sening tilingda.
Jannat ichida ham oroming yo‘qmi,
Nega tashvishimiz hamon dilingda.
Bizdan hech xavotir olma onajon,
Hamma o‘z kunida yayrab yuribdi.
Ortingdan qolganmiz oltita soya –
Hali yuragimiz urib turibdi.
Qaldirg‘ochlar kelmay qo‘ydi sendan so‘ng,
Derazani yopdi kichkina ukam.
Sen bilgan huuv o‘sha qadrdon uyda
Kezib yurar endi bahaybat bir g‘am.
Qabring toshidagi suratingni ham.
O‘chira boshlabdi yomg‘ir va shamol.
Men ham suratdirman hayot ko‘ksida,
Uni ham o‘chirgay yomg‘ir ehtimol
Hamon ketayapman,
bilmayman qayga,
Qayg‘ular yangi-yu, shodlik eskirgan,
Sen mehribon degan odamlar bugun
Beshafqat shaytonga tomon yugurgan.
Ularga yuragim achiydi, ona,
Ko‘zlarimga to‘lar achchiq bir boda
Ko‘ksimga urilib yupatar meni
Jannat bog‘laridan kelgan shabboda.
Va yana o‘ylayman:
sog‘inch pishgandir.
Rizvon daraxtiga qo‘ngandir quyosh…
Va jonim uyidan ko‘zimga qadar,
Emaklab-emaklab keladi ko‘z yosh…
Jannat bog‘larida pishgandir sog‘inch.

6.
Bir kuni o‘zimni olib ketaman
Hayot ildizidan dilni sug‘urib
Tomosha qilaman quyosh uyini
Juda ham, juda ham yuksakda turib.
Bir kuni o‘zimni olib ketaman,
Namozshomgullari ko‘zin ochgan payt,
Menga hamroh bo‘lar, ham safar bo‘lur
Suyak-suyagimdan o‘tib ketgan dard.
Va yuksakda turib tinglayman tag‘in,
Hayotning kir bosgan qah-qasini
So‘ng entikib deyman o‘zimga-o‘zim:
– Jonimga ichirsam ishq nafasini.
Bir kuni o‘zimni olib ketaman,
G‘animim suyunmang, do‘stim achinmang…
Aytay, tinch yashashga qo‘ymaydi sizni
Yuksakda ruhimdan taralgan
jarang.
– Shaffof bo‘lgin yana shaffof bo‘lgin deb.
Billur ovoz kelar osmon qa’ridan,
Va samo ruhiga qovushar ko‘nglim.
Qutulib tiriklik g‘alvalaridan
Bir kuni o‘zimni olib ketaman.


7.
Sen ham sezdingmi, do‘st yer tomiridan,
Sizib chiqqanini qandaydir alam.
Sarg‘ayib borayotgan o‘t-o‘lan ichra –
Sarg‘aygan daraxtday sillasiz tanam.
Zavqim ham yo‘lidan qolmadi, ketdi,
Unga aytolmadim: – qaytging kelsa qayt
Qoqsholga chalingan panjasi bilan,
Meni mahkam quchib turar rutubat.
Sezdingmi,
tun bo‘yi so‘lgan gullarning
Qayg‘usida shabnam, titroqlarini
Va shamol qachondir o‘g‘irlab ketgan –
Yoshlik shiddatining ingroqlarini
Kimdir o‘t qo‘yganday umrim bog‘iga.
Charsillab yonmoqda kecham, kunduzim.
Odamzor dunyoda biror odam yo‘q.
Ajralib ketayapman o‘zimdan o‘zim.

Qichqiraman:
Hoy, do‘st qutqargin meni, –
Yerga chandib qo‘ygan rishtalarim uz!
Qayerdandir kelar do‘stning ovozi:
– O‘zingni bos, axir, kuz kelayapti, kuz…
8.
Ortimda fitna-yu, oldda ardog‘lar,
Aytmishlar: nomida bunga ko‘p dog‘lar.
Ruhimni yanchmoqda g‘anim, charchoqlar:
Nomimni yuvishga daryoga ketdim.

Chaqirma, tillaring kuyadi shamol,
Qushlarday hurkakdir holimdagi hol
Hajrida men uni ko‘rdim ehtimol,
Nomimni yuvishga daryoga ketdim.

Chorlama yoningga bormayman endi
Chinnigul, qarg‘ishing qonimga indi.
Do‘stsiz ekanligim yomon bilindi.
Nomimni yuvishga daryoga ketdim.

Ular to‘p-to‘p, ular uyur-uyurlar –
Bunchalar ko‘p axir beor g‘ayurlar,
Qachon tinch yashashga meni qo‘yurlar –
Nomimni yuvishga daryoga ketdim.

G‘iybat, mish-mishlarga to‘lgan o‘ng-so‘lim
Sen ham maydalashma, titmay dil kulim
Kelsang, mardona kel, mard kelgin o‘lim.
Nomimni yuvishga daryoga ketdim. 


9.
U kimdir ko‘nglimda qilgan g‘alayon
U kimdir borimni yo‘qqa berkitgan.
Va chayir qo‘llari qo‘liga tegmay,
Jonimni xoshokday olovga otgan.
Goh yig‘lab, goh kulib kecha-yu kunduz.
Umid bog‘larimda shopirgan xazon
Yovvoyi g‘am bilan chog‘ir talashib.
Va yana ertamni aylagan payhon
U kimdir, baxt sari otlanganimda,
Yo‘llarimni to‘sgan , yongan, qaqshagan.
Kuygan yulduz bilan aldab ruhimni.
Va ojiz jismimni tuflab tashlagan.
Ba’zan sanchiladi xayollarimga 
Quyosh adashtirgan nurning sinig‘i.
Ashkim oy tutilgan tunday qorong‘u.
Bo‘g‘zimga tiqilar chaqmoqday yig‘i
Ming yillik suronlar kechganday mandan,
Holsirab vujudim titraydi dir-dir.
Qaddimni tiklashga bermaydi izn –
Men hanuz bilmagan ul mash’um kimdir…
U kimdir ko‘nglimda qilgan g‘alayon…

10.
Boryapman, jaranglaydi tun,
Va ruhimga qo‘nadi shabnam.
Maysalarning hurmati uchun
Shabnam bo‘lib titrayman men ham
Ko‘rgum, yorug‘ darichalarga –
Shirin xabar yetkazar shamol.
Va bulutning parchalariga,
Ishq naqshini chizadi hilol
Nedir sodir bo‘lganligi rost 
Berolmasman garchi bunga tan
Ketayapman, oshiqlarga xos,
Ishq naqshi bor bulutlar bilan
Ergashadi zulmat bog‘idan
Qochib chiqqan nurlar galasi
Qo‘rqmayapman qorong‘ulikdan
Chunki tegram – Uning nafasi
Boryapman, borganmi sari…
O, ko‘nglimga yulduz chayqaysan.
Sezayapman, mendan ilgari
Bu yo‘llardan o‘tib ketgansan.
Boryapman, jaranglaydi tun.

 

Halima Ahmedova

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.