Boysun archazorlari

0
17
marta ko‘rilgan.

Shukur Xolmirzayevga

  1. Sog‘inch

Qoyatoshlar orasidan chiqib kelgandek,

Huv qotlarning tepasida turar shovullab.

Yo‘l bermaydi bepoyon cho‘l Jayhunga qadar,

Saratonda qir-adirlar yonib, lovullab.

 

Yetib kelmas bu joylarga Jayhun suvlari,

Tikanak sim, qumtepalar qirg‘oqlarida.

Quruq cho‘l deb o‘ylamagin burun jiyirib,

Asotirlar ko‘milgandir tufroqlarida.

 

Shamol bo‘lib kelganida xotiralaring,

Yo she’r kabi birpasdayoq qo‘yar shoshirib.

Cho‘pon bilan gurung qilsang uzun tunlari,

Qumg‘oniga qaramaydi, choyni toshirib.

 

G‘ir-g‘ir esib tursa shamol, mayli kechgacha,

Huv tepada maza qilsang Boysunga qarab.

Loysuvoq uy shundoqqina qoya ostida,

Bir suluv qiz o‘y suradi sochini tarab.

 

Tuyaqushning tuxumiga o‘xshatar edim,

Kim ko‘tarib keltirgan-a ulkan toshlarni.

Xayol sursang, hech kim senga bermasa xalal,

Tanishlaring salomlashar irg‘ab boshlarni.

 

Tong-azonda eshagini haydab bolalar,

Yo‘ldan o‘tar qanorini tagiga solib.

Butun shahar g‘imirlaydi, tashvishlari mo‘l,

Sen shunchaki kuzatasan xayolga tolib.

 

Qirga qarab chiqib borar o‘nqir-cho‘nqir yo‘l,

Halizamon unutmadim o‘ynoqi soyni.

Toshsupada yotganimda asta imlardim,

Ko‘kda suzib borayotgan tillarang oyni.

 

Xo‘rsintirar, hali-hali xotiramdadir,

Toshdan-toshga sakrab yurgan olis yillarim.

Sokingina hayotimga bermadi tinchlik,

Bahor chog‘i oqib o‘tgan toshqin sellarim.

 

Bunda toshlar qadrdonim, jo‘ralarimday,

Bahordagi qizg‘aldoqlar yaqin egachim.

Har gal borsam chopib chiqdi yo‘lga Boysunjon,

Shuni o‘ylab yashaganda yorishar ichim.

 

Qanday go‘zal oydinlikda turgan daraxtlar,

G‘am qotirgan bo‘lsa hamki, eriydi ko‘ngil.

Oyga qarab uyqu kelmas yosh bolalardek,

Yulduzlar ham harsangtoshda sinadi chil-chil.

 

  1. Ov

 Qoyatoshlar orasidan chiqib kelgandek,

 Huv qotlarning tepasida turar shovullab.

 Yo‘l bermaydi bepoyon cho‘l Jayhunga qadar

 Saratonda qir-adirlar yonib, lovullab.

 

Tong-sahardan kimdir o‘tar miltiq ko‘tarib,

Qoyatoshlar o‘shshayadi yoqtirmagandek.

Pir etgancha ko‘tarilar kakliklar hurkib,

Ovchi unga parvo qilmas, sezmayotgandek.

 

Archazorlar oralab jim boraverasan,

Ayuvlarga duch qilmasin bu hayot seni.

Ming yillarkim, dilgir-dilgir shovullaydi soy,

Taqdir senga ravo ko‘rgan, bilmaysan neni.

 

Qorli tog‘lar xotirada qotar abadiy,

Ov ham esdan chiqar shunda oldinga yurmay.

Ilonizi so‘qmoq qayga burilib borar,

Qadam bosma, o‘ylamasdan, chamalab ko‘rmay.

 

Bu hayot ham ovga o‘xshar bilsang aslida,

Boy berganing payqamaysan o‘ljangni darrov.

Huv qaragin, g‘or og‘ziga tashlab ketgandek,

Yoqmoq uchun olib kelgan o‘tinni birov.

 

Ayoz qisar. G‘or ichida isinaylik, kel,

Hech bo‘lmasa qahrlangan shamoldan pana.

O‘tin bizga nasib qilgan ekan, jo‘rajon,

Qaysi ovchi ilingani – to‘shak ham ana.

 

Yomg‘ir yog‘sa ustu bosh ham shalabbo bo‘lar,

Balki ov ham tatimaydi uyga borganda.

Eh, unutib qo‘yibmiz-ku ovxaltada yo‘q,

O‘t yoqmoqqa gugurtni ham miltiq olganda.

 

O‘tin qolar, o‘rtalikda qiziydi gurung,

Huv daraga suzib ketar bulutlar yog‘may.

Qancha kiyik otganiyu merganligini,

Anchagacha maqtanadi akang qarag‘ay.

 

So‘ng qaytamiz borgan yo‘ldan qovoq osilib,

O‘ljasidan quruq qolgan bo‘ri misoli.

Ikkimiz ham urinamiz bildirmaslikka,

Ov qilishdan qaytish yo‘q deb albatta hali.

 

Hayot shunday. Yo‘lga chiqqan qancha ovchilar,

Dovonlarda qolib ketar manzilga yetmay.

Qanchalari boy beradi o‘ljalarini,

Biroq  sirni ichga yutib, aslo sezdirmay.

 

  1. Qo‘hna tepalar

 Qoyatoshlar orasidan chiqib kelgandek,

 Huv qotlarning tepasida turar shovullab.

Yo‘l bermaydi bepoyon cho‘l Jayhunga qadar

Saratonda qir-adirlar yonib, lovullab.

 

Tepaliklar bilsang oddiy tepalar emas,

Bunda oy ham, yulduzlar ham botib ketgandek.

Mahshargacha ovoz bermas, indamas hech kim,

Ajal mayin totganidan sarxush yotgandek.

 

Ay, bu makon, ulkan quyosh shu yer ostida,

Qoraygancha so‘nib yotar ko‘tarilolmas.

Tiriklikning shami o‘chgan, charx urar faqat,

Parvonalar arvohlardek tinib-tinchimas.

 

Shamol chiqib yetaklaydi xarobalarga,

Betavoze’, hamma bunda teng va barobar.

Xumga qara, bo‘shab yotar qiyomatgacha,

Hayot bunda so‘nganidan beradi xabar.

 

Sovutlaru shamshirlarni ko‘tarmas hech kim,

Bir chekkada zanglab yotar qilichu qalqon.

Sopol ko‘za siniqlari olis xotira,

Xayollarni ta’qib etar, to‘xtagin bir on.

 

Ay, bu hayot daryosida suzib ilgari,

Sohilida unutilgan qayiqlar bo‘m-bo‘sh.

Ay, bu jimlik olamida qancha botirlar,

Yotganiga guvoh erur shu sirli og‘ush.

 

O‘, Jarqo‘ton, Sopoltepa, Kuchuktepalar,

Ko‘zalarga quyulgandir g‘aroyib qayg‘u.

Shamol g‘ir-g‘ir esayotir do‘ngliklar osha,

Devorpana joyni topib chalgani cholg‘u.

 

Qizg‘aldoqlar yopirilgan tepaliklarga,

Hech kim endi u tarafga nigohin burmas.

Jimlik aro to‘ng‘igandek, qotib qolgandek,

Qani, men ham ko‘rayin deb o‘rnidan turmas.

 

Shohu gado, boy va faqir, hamma jamuljam,

Tirik payti uxlab bunday orom olmagan.

Nayza tutgan yasovullar yo‘lni to‘smaydi,

Eshiklarning oldida ham birov qolmagan.

 

Shoh saroyi bo‘shab yotar. Bir-bir tushasan,

Endi shohga olib bormas zinapoyalar.

Senu menga nimanidir bildirmoqchidek,

Bu kenglikda aylanadi faqat soyalar.

 

  1. Qorakamar

Qoyatoshlar orasidan chiqib kelgandek,

Huv qotlarning tepasida turar shovullab.

Yo‘l bermaydi bepoyon cho‘l Jayhunga qadar

Saratonda qir-adirlar yonib, lovullab.

 

Yulduzlarni elagidan o‘tkazar osmon,

Oyning so‘nik yog‘dusida yorishmas so‘qmoq.

G‘am-anduhlar uyulgandir yer suprasida,

Qizim, undan pishirib ber menga bir quymoq.

 

Bosqonlarda zarb qilinar quyosh tangadek,

Kechalari xumdonlarda iylanadi oy.

Nahot, seni seskantirmas, ey nodon kulol,

Bobolarning qoni tomgan bu tabarruk loy.

 

Xayolimda lopillaydi sopol tobutlar,

Hojat yo‘qdir ko‘zdan silqib chiqqan yoshlarga.

Buqalamun dunyo, sendan o‘ch olmoqchidek,

Ro‘zi Chori rasm chizar qoyatoshlarga.

 

Indamayman, chaqirmayman, mayli, yayrasin,

Ilhom payti durust emas xalaqit bermoq.

Torozusi ko‘payganda halollikning ham,

Dang‘illama uy nima-yu chaylada turmoq?..

 

So‘nggi avlod jon saqlagan Qorakamarda,

O‘rgimchaklar to‘qiyotir o‘ziga gilam.

G‘or og‘zini topa olmay shamol ovora,

G‘or og‘ziga sig‘may qaytar bu yorug‘ olam.

 

Orzularni qatl etar qilich tutgan vaqt,

Shamol bo‘lib yashamoqning qanday gashti bor!

Binafsha-yu boychechakni sog‘inganimda

Olislardan o‘tib ketar men kutgan bahor.

 

Tog‘lar uzra yog‘ayotir pag‘a-pag‘a qor,

Daralarning sovug‘ida yurib muzlayman.

Chuldiragan irmoqlarning suvidan ichib,

Hurkib qochgan ohulardek neni izlayman?

 

Osmon salqib tushar yerga ulkan pardadek,

Daraxtlar ulgurmasdan ostida qolgan.

Hayratlanar, ko‘kka qarar ajablanishib,

Allaqachon hamma o‘zin bir chetga olgan.

 

Huv yuksakda shovullaydi archazorlarim,

Ruhim yanglig‘ bo‘yinsunmay va chaqmoqsimon.

Iz qoldirib yashay dedim bu hayotimni,

Cho‘qqilarga qarab borgan bir so‘qmoqsimon.

 

Bobomurod  Erali

 

2011/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.