Maqsad – talant tarbiyasi

0
134
marta ko‘rilgan.

Iste’dod – xalq mulki. Ma’lum va mashhur ushbu ta’birni ko‘pchilik biladi. Bebaho xazina hamisha e’tiborga, ehtiyotga, himoyaga, qo‘riqlashga, sayqal va hatto, ko‘z-ko‘z qilishga munosibdir. Iste’dodli insonlarning dunyoga kelishi, bu iste’dodni ilg‘ash va uni yuzaga chiqarish millatni har jihatdan yuksak maqomlarga olib chiqishi mumkin.

XXI asr boshida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida Oliy adabiyot kursi tashkil qilingan edi. Biroq uning ish faoliyati uzoq davom etmadi. 2001–2009-yillar mobaynida faoliyat yuritgan bu Oliy adabiyot kursi yoshlarning adabiy tafakkuri va qalamini charxlashda imkon boricha o‘z vazifasini bajardi. Ammo kursning moddiy ta’minoti, rasmiy-huquqiy maqomi va bitiruvchilarga beriladigan hujjatlar ustida muammolar paydo bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha Oliy adabiyot kursini bitirgan bir qator iste’dodlar o‘z tahsilidan mamnun bo‘lganini yashirmadi. Bugun ular jamiyatning turli madaniy-ma’rifiy, adabiy jabhala­rida – nashriyot, matbuot, televideniye, Yozuvchilar uyushmasi tizimida samarali ishlab keladi. Ular ikki yillik o‘qish davomida olam-jahon adabiy-nazariy yangiliklar, maslahatlar, o‘z ijodiga yordam beradigan bilimlar olganini, qizg‘in adabiy uchrashuv va suhbatlardan bahramand bo‘lishganini har vaqt mamnuniyat bilan eslaganlariga men guvohman.

Matbuot turli janrdagi “badiiy asarlar”ga to‘ldi. Nashriyotlarda turli saviyadagi “badiiy asarlar” paydar-pay bosildi. Oddiy so‘zlar yig‘indisiga go‘zal she’r sifati, bir marta o‘qishga arzimaydigan quruq voqeanomalarga hikoya, qissa yoki roman sifati berilayotgan holatlar kuzatildi. Aslida, beto‘xtov turli kitoblar, hatto ko‘pjildliklar nashr ettirish ham katta adabiyot maydonida hech narsani anglatmasligi mumkin. Yozilgan narsalarning darajasi, insholardagi sayozliklar iste’dod tarbiyasi bilan maxsus shug‘ullanish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, “Mahorat maktabi” mashg‘ulotlarida tajribali adiblar maslahatini olishga zarurat borligini ko‘rsatdi. Shunga ko‘ra, Oliy adabiyot kursi o‘tmishga aylanmasdan milliy adabiyotimizning kelajagi – yosh adiblarni tarbiyalaydigan chinakam ma’rifiy maskan bo‘lishiga ehtiyoj kundan kun ortdi.

Shu ma’noda Respublika Prezidentining “O‘zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yosh iste’dodlar tarbiyasiga alohida urg‘u berilgani, xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida Oliy adabiyot kursi tashkil etilgani ko‘pchilik yoshlarni quvontirdi. 2018–2019-o‘quv yilida Oliy adabiyot kursi qaytadan yangi bir yo‘sinda ish boshladi: dasturlari, ish rejalari yangilandi; kurs maqomi magistratura darajasiga ko‘tarildi.

Har qanday yosh nihol kamoloti uchun doimiy e’tibor va parvarish zarur. Har kim o‘zicha qalam tebratib, xayoliga kelganini yozgani bilan uzoqqa bora olmaydi. Jahon adabiyoti tarixida hamma vaqt umrboqiy asarlarda umuminsoniy masala va muammolar yuksak obrazli tafakkurning adabiy-nazariy qonuniyatlari asosida taqdim etilgan. Ming yillik mumtoz adabiyotimiz tarixida ham ijod ahli tarbiyasi bir necha minglab misra she’rlarni yodlatish bilan birga “ilmi bade”, “ilmi aruz”, “ilmi qofiya” kabi nazariy bilimlar maxsus o‘rgatilgani moziy haqiqati.

Ilm – ijodkor uchun tuganmas maxzan. Adabiy tahsil – ijodkor uchun ma’naviy ozuqa. Ijodkor­ning o‘z vaqtida adabiy-nazariy bilim olishi uning badiiy tafakkur kuch-quvvatini sarflash yo‘lida yordam beradi.

Ijodkor har kuni, har soat va har lahzada ijoddan bezovta yurgan, qalb ko‘zi ochiq va beto‘xtov izlanishdagi odamdir. Ijodkor uchun ba’zan hafta kunlarining xronologik tartibi o‘zgaradi, gohida tush bilan xush yoki kun bilan tunning o‘rni almashadi. Chinakam ijodkor peshonasiga haqiqatni yozish, adolatga sadoqat, to‘g‘rini yoqlash, go‘zallikdan zavqlanish, eng muhimi, o‘z xalqiga, Vataniga, qo‘lidagi qalami – o‘z yuragiga xiyonat qilmaslik kabi fazilatlar bitilgan bo‘ladi.

Ildizi mustahkam viqorli tog‘lar Yer shari harakatidagi muvozanatini saqlab turadi. Go‘zal adabiyot insoniyat hayot tarzini adabiy-estetik, axloqiy-etik mezonlarga soladigan ma’naviyat tog‘laridir. Iymon nuri ma’naviyat obidalarini ich-ichidan yoritadi, ularga toza-pokizalik baxsh etadi. Ijodiy faoliyatning uzun yo‘lidagi har bitta bekat muhtasham adabiy durdonalarning tavallud manzili sanaladi. Yaxshi kitob yozish adiblar ijodiy biografiyasini bezaydi. Ijodkor qalbi daryodek toshqin keladi. O‘z vaqtida kerakli o‘zanlari sari burish natijada bunday daryolar ummonlarga ulanadi…

Oliy adabiyot kursida o‘qiydiganlarninggina emas, balki ularga ta’lim va tarbiya beradigan ustozlar zimmasida ham ulkan mas’uliyat yuki bor. O‘zi tarbiya ko‘rmagan odam birovga tarbiya bera olmaydi; gapi yuqmaydi. Murabbiy hamisha ma’nan yuksak bir rutbada turgan odamdir.

Oliy adabiyot kursida o‘qiyotgan yoshlar tabia­tini ozgina bo‘lsa ham bilaman. Ularning har biri bir olam, biri-biridan o‘zib ketishni istashadi. O‘zaro adabiy bahs-munozalari qiziydi. Birining gapi boshqasini o‘yga toldiradi; gohida ular orasida bir qator ko‘rkam misrasi uchun aytilgan ol­qishga butun boshli bir oylik stipendiyasini sarflab kursdoshlariga bazm uyushtirib beradigan toifasi ham topiladi. Qolgan kunlari saboqdoshidan qarz oladi yoki qotgan non bilan obijo‘sh tanovul qiladi. Bu­ning oqibatida esa do‘stlik, o‘zaro ma’nan yaqinlik va umrlarga tatigulik fayz-u tarovat shakllanadi. Umuman, ijodkorlarning qiziq tabiati haqida o‘ylaganda shu kabi ko‘p fikrlar xayolda kechadi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidagi Oliy adabiyot kursida yosh iste’dodlarga chuqur ta’lim berish uchun barcha imkoniyatlar bor. Qolaversa, talant tarbiyasi o‘z farzand­lari kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir insonning ishi sanaladi. Oliy adabiyot kursi magistrlari uchun universitet professor-o‘qituvchilari bilan birga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli adiblarning maxsus “Mahorat sirlari” bo‘yicha amaliy-seminar mashg‘ulotlari ham tashkil qilinib kelmoqda. Qush tilini qush biladi.

Ijodkor shaxsiyati va badiiy asar, ijodkor so‘zi va amali – bu juftliklar o‘zaro ajralmas, o‘zak masalalardir. Ta’limda yosh ijodkorlarning qalami va dunyoqarashi­ni durdona asarlar yozish tomon yo‘naltirish, ijodning tabarrukligi, so‘zning qadrini, qog‘oz va qalam vositasida mudragan yuraklarni uyg‘otuvchi chinakam san’at namunalarini bunyod etish yo‘llari o‘rgatilishi kerak. Bunday adabiy-nazariy o‘gitlar hosilasi umrboqiy go‘zal asarlar bo‘lishi aniq.

Yosh ijodkorlarning ortiqcha manmanlik va manfaatga berilib, ozgina maqtovdan taltayib ketmasliklari, xolisona aytilgan tanqidiy fikrlarni to‘g‘ri qabul qilishlari uchun ularga bashariyat tarixida asrlar bo‘yi sinovdan o‘tgan odamiylik va kamtarinlik ilmidan sa­boq berish o‘rinli bo‘ladi. Shu ma’noda hazrat Navoiy­ning “Odami ersang demagil odami, Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” degan bebaho hikmatlarini o‘zlariga hayotiy va ijodiy dastur qilib oladigan adabiy avlodlar tarbiyasi Oliy adabiyot kursi zimmasiga tushadi.

Ijod ahli hamisha odamlarning yuragiga quloq tutishi, ularning qalb amrini anglab, to‘g‘ri yo‘ldan borayotganlarga ilhom, qanot va qanoat berishlari, ayni chog‘da, jinday adashganlarni o‘zlarining o‘tkir, sehrli so‘zlari bilan to‘g‘ri yo‘lga boshlashlari kerak. Buning uchun har bir yosh qalamkash o‘z “meni”ni, estetik idealini to‘laqonli shakllantirishi, milliy qadriyatlarni e’zozlashi, so‘z san’atini moddiy manfaatlarga, yengil-yelpi shuhrat-u qarsaklarga alishmasliklari lozim. Oliy adabiyot kursi kelgusida shunday oliyjanob, o‘zbek adabiyotining buyuk kelajagi uchun tinmay, tunlarini bedor o‘tkazib chin yurakdan ijod qiladigan adiblarni tarbiyalashdek missiyani ado etishi shart.

Aynimasdan tushunarli yozish, bilib, o‘ylab, anglab va sezib yozish – umuman badiiy asarning bunyod bo‘lish omillarini jahon va milliy adabiyotshunosligimiz negizida teran anglash – bu ham yosh iste’dodning saodati. Alloma adibimiz Abdulla Qodiriy aytadiki: “Yozuvchining o‘zi tushunib, boshqalar tushunmasligi katta ayb. Aslida yozuvchilik aytmoqchi bo‘lgan fikrini hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashil­movchilik solmaslikdir”.

Bugungi yosh ijodkorlar tafakkuri darajasini inson qalbining haqiqiy muhandisi degan baland rutbaga ko‘tarish, shuningdek, ular ong-u shuurini nafosatning odamlarga zavq-shavq ulashishdek saxovat nuri bilan yoritish kerak. Shu e’tibordan:

“Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!”

degan cho‘lponona chaqiriq mohiyatini teran anglash lozim.

Badiiy ijodni qismat deb bilgan yoshlarni tarbiyalash jarayonida ularga so‘z san’atining qonuniyati va falsafiy-estetik mazmunini, obrazlar olami va ramzlar tilini, konseptual abadiy mavzularni aniq va ravshan tushuntirish o‘zbek adabiyotining yaqin kelajakdagi jahoniy dovrug‘i uchun zamin hozirlashi mumkin.

Ayniqsa, bugun el-yurt, Vatan va millat dardi bilan yashab, qalam tebratayotgan yosh iste’dodlarga o‘zbek va dunyo adabiyotining boy tarixini, adabi­yotshunoslik nazariyasi, ijod psixologiyasi, mashhur adiblarning ijod laboratoriyasi sirlarini tizimli o‘rgatish, albatta, o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Yana bir mulohaza: Oliy adabiyot kursiga qardosh qo‘shni respublikalardan, umuman, uzoq va yaqin xorijdan o‘zbek adabiyotining eng nodir namunalarini o‘z ona tillariga tarjima qiladigan yosh adabiyotchi-tarjimonlarni ham qabul qilish masalasi ham kun tartibida turibdi. Samarqandda bo‘lib o‘tgan “She’r oqshomlari”ga qatnashgan qardosh respublikalardan kelgan yoshlar bilan suhbatlashganimizda ularning O‘zbekiston adabiy muhitiga talpinishlari, xususan, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan kelgan yosh adiblar bizdagi Oliy adabiyot kursida o‘qish istaklarini bildirishdi. Yaqin qo‘shnilar bilan bo‘ladigan bunday ijodiy hamkorlik, tahsilning huquqiy me’yor va maromnomalarini ishlab chiqish lozim, menimcha. O‘zbek adabiyotining dunyoga chiqishi va millatla­r­a­ro adabiy aloqalarning kuchayishiga Oliy adabiyot kursida ta’lim oladigan o‘sha qardosh millatlarning iste’dodli yoshlari o‘z ulushlarini qo‘shishlari kutiladi.

Umuman olganda, ushbu Oliy adabiyot kursi respublika ma’naviy-adabiy muhitining tozarishi, zamonaviy o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti uchun xizmat qilishi tabiiy. Ezgu ishlarga ezgu tilak, orzu-niyatlar yarashadi. Oliy adabiyot kursidan o‘zbek millatining nomini, shon-u shuhratini dunyoga tanitadigan, jahon adabiyoti xazinasiga o‘z hissasini qo‘shadigan adiblar yetishib chiqsin. Bunday cho‘ng orzu ro‘yobini ko‘rish har birimizga nasib etsin.

Quyida Oliy adabiyot kursida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning ijod namunalaridan o‘qiysiz.

 

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.