“Birov bilmasin…”

0
102
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Shahar chekkasida qu­rilayotgan namunali uylarda ustachilik qilib, tom yopib yurgan aka-uka oylik maoshlarini olgach, qishlog‘iga borib kelmoqchi bo‘lib yo‘lga otlanishdi. To ishboshidan ruxsat olib, kiyim-kechagini taxlab yo‘lga chiqqunlaricha qorong‘i tushdi.

– Kech bo‘lib qoldi. Endi qishloqqa taksi bo‘lishi qiyin, – dedi katta. – Undan ko‘ra shaharga kirib, Abdulladan bir xabar olib, ertalab chiqib ketsak bo‘lmaydimi?

– Yaxshi aytdingiz, – dedi uka ham gardanini qashlab. – Xotinning oldiga bir kun keyin borsak, osmon uzilib yerga tushmaydi. Yozi bilan ish­da bo‘lib, Abdulladan xabar ham olmadik. Shu kunlarda u haligi… nimanidir himoya qilishi kerak edi…

– Ha, gapni olasan-da, – kuldi aka. – Doktorlik­ni himoya qilyapti. Shunga tayyorgarlik ko‘rib yuribdi.

– Ha, ishqilib-da, – kulib qo‘ydi uka. – Men tushunmasam…

Aka-uka taksi bilan shahar markaziga kelishdi. Ayni xufton vaqti bo‘lsa ham, hali ko‘chalar tirband, odam gavjum.

– Abdullaning uyiga qay­si avtobus borardi? – so‘radi aka.

– Aka, kallamda mix bilan bolg‘a bo‘lsa, avtobusni qayerdan bilaman? – kuldi uka. – Yu­ring-e, haligiga… taksiga o‘tiramiz.

Mashina to‘xtatishdi. Aytilgan manzilga yetib kelishgach, aka ukani turtdi.

– Yur, do‘konga kirib, bolalariga ul-bul olaylik.

– Mayli, haligidan ham bitta olaylik, mayda­lab o‘tiramiz-da, – ko‘z qisib qo‘ydi uka. – Gurung ham qiziydi.

– Ishdan chiqdingmi, boshlaysan-da! – Aka o‘zicha tanbeh bergan bo‘ldi. – Ol, mayli. Quruq qo‘l bilan kirmaylik.

Aka-uka ikkita yelimxaltani to‘ldirib, do‘kondan chiqishdi va kenja ukasining uyiga qarab keta boshlashdi.

– Abdulla o‘qib yaxshi qildi-da, – dedi uka o‘zi­ga-o‘zi gapirib, – bo‘l­masa bizga o‘xshab mix qolib, bolg‘a bilan barmoqlarini urib yurardi.

– Ha, Xudo ziyoda qilsin. Otam rahmatli hammamizning o‘qimishli bo‘­lishimizni orzu qilardi, ammo taqdir ekan-da. Sen bilan menga nasib qilmadi.

– Aka, o‘qish deysiz-u, buning ham o‘zi bo‘lmaydi-da. Menga o‘xshaganlar kitobga qarasa, boshi aylanib, ko‘zi tinib ketadi. Shularning jo­niga balli!

Shu payt ularning yonidan bir ayol ikkita maktab yoshidagi bolasi bilan mast erini qarg‘ab o‘tib ketdi.

– Bu yerdayam senga o‘xshaganlar bor ekan, – kuldi aka.

– E, qo‘ysangiz-chi! – Uka xijolat tortdi. – Men, men… bilasiz-ku!

– Bilamiz, kelinni ko‘rishing bilan “smirno” bo‘lasan.

– So‘ljaymay, haligi… erkak bo‘lib, tik tura­miz-da, aka!

– Ha, senga gap yo‘q. Lekin manavinday xotin tushganida ko‘rarding, – aka hozirgina o‘tib ketgan ayolga ishora qildi. – Oldiga solib, zirillatardi!

– Shuning uchun peshonamdan aylanay, deyman-da, aka!

Aka-uka gangir-gungur suhbatlashib, Abdulla­ning uyiga kelib qolganini sezishmadi. Eshik ochgan kelin – Zarnigor ochiq chehra bilan ularni kutib oldi va mehmonxonaga boshladi.

– Yo‘q, yo‘q, mana shu yerda o‘tiraveramiz, – dedi katta aka oshxonadagi xontaxtaga ishora qilib. – Ishdan kelyapmiz. Kiyimlarimiz ham rasvo.

– Unday demang, aka. Kiringlar.

– Yo‘q. Bo‘ladi shu yer.

Aka-uka Abdullaning ozg‘ingina, xuddi qattiqroq shamol bo‘lsa yiqilib tushadigandek qiltiriq, ammo rang-ro‘yi sutga chayilgandek oppoq bo‘lgani uchunmi, nima kiysa yarashib keta­veradigan qizi va o‘ta odamovi, uyatchan, xo‘mrayib turadigan badqovoq o‘g‘li bilan salomlashib, ularga olib kelgan narsalarini bergach, ah­vol­la­shish barobarida kelindan Abdullani so‘rashdi.

– Ukangiz ikki-uch kundan beri domlanikida. Doktorskiysini yakunlayapti. Kelasi hafta chorshanba kuniga himoyasi. Shunga, ozgina ish qolgan, tugatishim kerak, degandi.

– Haaa… – bosh chayqab qo‘ydi katta aka. – Ammo yaxshi qilibdi. Xudoga shukr. Bizning avloddan ham fan doktori chiqsin-da! – U shunday deya cho‘ntagidan bir bog‘lam pul olib, kelinga uzatdi. – Buni olib qo‘ygin. Lekin men berganimni birov bilmasin. Abdulla kam-ko‘stiga ishlatadi.

– Rahmat, aka… – kelin shunday dedi-yu, pulni oldi. – Doim shunday qi­lasizlar.

– Bu yog‘i bilan ishing bo‘lmasin. Bu otamning orzusi edi. Biz o‘qiy olmadik, endi qo‘limizdan kelgancha Abdullaga yordam beramiz-da.

– Shu, ukam haligi bo‘l­sa, doim undan faxrla­nib yuramiz-da! – dedi o‘rtancha aka ham. Ke­yin o‘z gapidan o‘zi nash’a qilib, kulib yubordi. – Aka, nimaydi?

– Fan doktori!

– Ha, ukam fan do‘xtiri bo‘lsa, mening ham armonim yo‘q! O‘zim changga botib ishlasam ham u bilan g‘ururlanaman! Kelin, ma­na buni ham olib qo‘y­gin… – U ham cho‘ntagidan bir bog‘lam pul chiqarib, Zarnigorga uzatdi. – Abdulla bilmasin, keyin yangang ham bilmasin!

– Rahmat, aka. Borlaringizga shukr. Shu kunlarda ukangiz xarajat ustida yuribdi. Kecha dadam ham kelib ozroq pul berib ketgandi. Nasib bo‘lsa, yaxshi kunlaringizda qay­taraylik.

– Aka-ukaniki bir-birida qolib ketmaydi. Mana, Abdulla mening o‘g‘limni tayyorlab o‘qishga kiritdi. Endi buning qizi kelaman deb yuribdi. Shunday-da…

– Kelin, Abdulla bugun keladimi? – so‘radi uka.

– Anig‘ini bilmayman, aka. Kelmasligiyam mumkin. Chunki ertalabgacha bo‘lsayam ishlarni tugatishim kerak degandi. Qani, dasturxonga qaranglar. Hozir ovqat suzib kelaman.

– Shoshma. – Katta aka kelinni to‘xtatdi-da, ukasiga qaradi. – Abdullaning oldiga boramizmi? Domlasi ikkalasini biror joyga ovqatlanishga olib kiramiz.

– Zo‘r bo‘lardi, – ma’­qulladi uka. – Telefon qilib qo‘yaymi?

– Yo‘q. Syurpriz qilamiz. – Aka shunday deya Zarnigorga yuzlandi. – Domlaning uyi o‘shami, biz borib, vannaxonasini remont qilib bergandik.

– Ha, o‘sha uy.

Aka-uka, Abdullaning ustozi yashaydigan ko‘p qavatli uyni topib borishdi. To‘rtinchi qavatga chiqib, eshikni taqillatishdi. Ichkaridan “Dom­la, sizmi? Eshik ochiq”, degan javob keldi. Bu Abdullaning ovozi edi. Katta aka sekin eshikni ochdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Abdulla eski, bo‘yoqqa botgan ki­yimda, boshiga ro‘mol bog‘lab, usto­zining uyini ta’mirlayotgan, devorlarni pardoz qilayotgan ekan.

– Abdulla? – Ukasining ahvolini ko‘rib, akalar dami chiqqan sharday bo‘­shashib ketdi. – Nima qil­yapsan?

Abdullaning tizzasidan mador ketdi. Boshiga bog‘langan ro‘molni yechib, toza joylari bilan yuz-ko‘zlarini artgan bo‘ldi.

– Assalomu alaykum… Kelinglar…

Akalar salomga alik oldilarmi-yo‘qmi, ovozlari chiqmadi. Bir qur uyga nazar soldi. To‘rt xonali uyning uch xonasi pardozdan chiqqan, yaltirab turibdi. Bir xonasida ish qurollari, bo‘yoq idishlari, qoplar, chiqindilar aralashib yotibdi.

– Seni haligi… – kichik aka asabiylashib, nima deyishni bilmay qoldi. – Kelin seni domlasinikida fan do‘xtirligi qilyapti, dedi-ku?!

– Otam rahmatli orzu qilgan ishing shumi, Abdulla? – katta akaning fig‘oni falakka chiqdi. – Seni biz katta domla bo‘lyapti, fan doktori bo‘lyapti deb kerilib yuribmiz-ku?!

– Ilmiy ish ham bo‘lyapti… – Abdulla ko‘zlarini olib qochdi.

– Qanaqasiga? – akalarning battar hayrati osh­di.

– Domla yozyaptilar…

– Domlang yozayotgan bo‘lsa, sen bu yerda nima qilyapsan? Bu domlaning uyi emasmi?

– Ha, domlaning uylari. Birov bilmasin, shunday kelishganmiz… – Abdulla yana boshini ko‘tarolmadi. – Men uyini ta’mirlab beraman, domla ilmiy ishimni yozadilar…

– O‘l-e, bu kuningdan!.. – Katta akaning qo‘llari musht bo‘lib tugildi. – Yana birov bilmasin, deysan…

– Aka, fan do‘xtirlikni himoya qilish shun­day bo‘l­sa, – kichik aka ularga bir qarab oldi, – ikkalamiz ham bir haligi qilib ko‘r­sak bo‘larkan… Bu­naqa ishlarni qiyib yuboraman-ku! Menga birdan propessirlik berishsa kerak…

– O‘chir sen ham! Undan ko‘ra, yur, bularning ilmiy ishlariga xalal bermaylik-da, tinchgina uyga ketaylik. O‘zimizning aqlimiz yetgan ishlarni qilaylik…

Katta aka shunday deya eshikka qarab yurdi. Izidan kichigi ergashdi.

– Aka?

Abdullaning nidosi javobsiz qoldi. Aka-uka zinadan bir-bir qadam bosib tushar ekan, go‘yo juda pastlashib, allaqanday tubanlashib, yelkasidan bir yuk bosib ketayotgandek tuyuldi. Tashqariga chiqishgach, qorong‘i tunda shahar ko‘chalari chirog‘ining yorug‘ida ketib borishar ekan, aka qattiq o‘ksinar, uka esa hozir ko‘rganlaridan lol-u hayron edi.

– Qayerga boramiz? – so‘radi akasidan.

– Sen Abdullaning uyi­ga kirgin-da, sumkalarni olib chiq. Qishloqqa qaytamiz. Lekin hozir ko‘rgan narsangni Zarnigorga aslo ayta ko‘rma. Birov bilmasin.

– Tushundim… Lekin qishloqqacha mashina bo‘­larmikin?

– Ey, galvars. Yigirma birinchi asrda yasha­yapmiz! Ukang qanday qilib fan doktori bo‘layotganini ko‘r­ding-ku. Nahotki, biz yarim kecha bitta mashina topib, qishloqqa yetib ololmasak?..

 

Xoliyor Safarov

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.