Men va yigirma besh oppoq kabutar

0
259
marta ko‘rilgan.

Oppoq kabutarlar qanotlarini keng yozib moviy osmon bo‘ylab parvoz etishmoqda. Ota-onamning eslashlaricha, men dunyoga kelishimdan avval samoda faqatgina qora qarg‘alar kezgan ekan. Men ularning nima deb qag‘illaganlarini kitoblardan o‘qidim, bobolarimdan eshitdim, badiiy filmlarda ko‘rdim. Ular bir-birlariga tinmay: “Ma’rifatini, tilini yo‘qotsak, millat bizniki bo‘ladi”, deya qag‘illashganini anglay oldim, xolos. O‘sha qarg‘alarni ko‘rmaganimga, yurakni titroqqa soluvchi ovozlarini eshitmaganimga Yaratganga shukronalar aytaman.

Onamning aytishlariga qaraganda, meni ilk bora beshikka belaganlarida bir dona oq kabutar avval deraza rafiga, so‘ngra beshigimga kelib qo‘ngan ekan. Keyin ular ikkita bo‘libdi. Aqlimni taniy boshlaganimda oppoq kabutarlar uchta edi. Ular men bilan quvlashmachoq o‘ynar, daraxtga qo‘nib, meni imlab yonlariga chorlar edi. Yoshim ulg‘aygan sayin Eski shahardagi kichkina hovlimizdagi kabutarlar ko‘payib borardi. Maktabga qadam qo‘yganimda yelkamga qo‘nib olgan yettita oq kabutar menga hamroh edi. So‘ng­­ra kabutarlarim 12 ta, 17 ta, 19 ta bo‘ldi. Bugun esa oldimga yigirma beshta oppoq kabutar kelib, ular bilan birga parvoz etishimni so‘radi.

Mana, bir vaqtlar qarg‘alarning dastidan ajdodlarimiz qarolmagan ko‘m-ko‘k, beg‘ubor, keng osmonga ko‘tarildik. Ha, biz ko‘tarildik: men va yigirma beshta oppoq kabutar. Yuqorida – ovchilar o‘qidan, qarg‘ayu quzg‘unlar hamlasidan xavotir olmay parvoz etish naqadar zavqli. Dastlab ko‘zimiz bir ayolga tushdi. Boshlari egik, g‘am shu qadar ado qilgan ediki, ko‘zlarida yosh ham quribdi. U ona edi. U Vatan edi. Ammo qarg‘alar uning farzandlarini bir zamonlar o‘z yemiga aylantirgan edi. Shu sababdan ona motamsaro edi. So‘ngra u bizga butun onalar nomidan urush haqida, Vatan deya urgan yurak­lardan oqqan qonlar haqida, Vatan tuprog‘ida to‘kilgan yoshlar haqida va o‘sha yoshlardan chanqog‘ini bosgan qarg‘alar haqida gapirib berdi. Suhbatimiz tugagach, farzandlariga tilagani kabi bizlarga ham oq yo‘l tiladi.

Biz yana samoga ko‘tarilib parvoz eta boshladik, go‘zallik­larga mahliyo bo‘lgancha uzoq uchdik. So‘ngra chanqog‘imizni bosish uchun Amudaryo labiga qo‘ndik. Daryo bilan xayrlashgach, Xivaga borib qo‘ndik. Sayyohlarga mezbonlik qilayotgan obidalarning bir vaqtlar go‘yoki dol bo‘lgan qaddi alifdek turardi. Bu obidalar salobat-la o‘zlariga mehr bilan tikilgan nigohlarni kuzatar, hayratdan urayotgan yurak zarblarni eshitardi. Bu yurt tuprog‘i Xorazmiy, Zamaxshariy, Beruniy, Pahlavon Mahmud kabi mutafakkirlarning izlarini endi bexavotir asray olardi.

So‘ngra bizga qulochini yozib turgan Buxoroi sharif osmonida parvoz qildik. Men va yigirma beshta oppoq kabutar Minorai Kalonga qo‘ndik. Bu azim shaharni ham bir vaqtlar qarg‘alar makon qilgan edi. Endi Buxoro bog‘larida tovuslar xirom aylab kezib yuribdi. Ular oldinlari ko‘rsatishdan qo‘rqqan, ming xil rangda tovlanadigan patlarini erkin ochib kishilarga zavq bag‘ishlardi. Quvonganimizdan Chor Minor oralarida o‘q ovozidan xavfsiramasdan bir-birimizni quvlay boshladik.

Bir vaqtlar odamlar orzulari uchun otilgandi. Endi esa ularning buyuk orzulari uchun uylar qurib berilmoqda. Tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino, hadislar durini tuzgan Al Buxoriylarni mening ajdodim deya ayta olmagan bu yurt farzandlari bugun ularning obod qilingan qadamjolarini ziyorat qilishmoqda. Bir paytlar qarg‘alar shovqini dastidan namozlar o‘qilmagan, Qur’on tilovat qilinmagan edi. Endi esa piru badavlat otaxonlar masjidlarda yurtimizga tinchlik, dasturxonimizga xayru baraka, Yurtboshimizning ezgu ishlariga rivoj tilab duolar qilishmoqda.

Bunday o‘zgarishlarni ko‘rgach, biz yigirma beshta oq kabutar yanada balandroq parvoz etib, Samarqandga yo‘l oldik. Parvoz etar ekanmiz, bir vaqtlar Buyuk Ipak yo‘li bo‘lgan bu yo‘llarning zamonaviy trassalarga aylanganini, tuyalar karvonlari o‘rnini bosgan avtokarvonlarni ko‘rdik.

Shu zaylda suhbatu hayratlar ila Samarqand­­ga kelganimizni sezmay qolibmiz. Bu vaqtda tun o‘z ko‘rpasini to‘shagan bo‘lib, o‘zgacha shukuh baxsh etayotgandi. Bu tunning bag‘rida yulduzlar porlardi. Mirzo Ulug‘bek bobomiz nigohlariga guvoh bu yulduzlar ajdodlarimizning miltillab turgan ko‘z yoshlariga, sevinch ko‘zyoshlariga aylangan edi. Ana shu yulduzlar yorug‘i ostida Samarqandning chiroyi­­ga maftun bo‘lib tomosha qilib yurganimizda beixtiyor vujudimiz qandaydir ohang ta’sirida tebrana boshladi. Ohanrabodek o‘ziga tortayotgan bu kuy yangrayotgan joyga qo‘nganimizni sezmay ham qolibmiz. Keyin bilsak, “Sharq taronalari” festivalining ustidan chiqib qolgan ekanmiz. Bir vaqtlar faqatgina qag‘illashlar yangragan zamonda Sharq xalqlari o‘z tarixlari bilan, ajdodlari bilan maqtanishga ojiz edilar. Hozir esa o‘z san’atlari orqali bir-birlari bilan suhbat qurishmoqda, baralla kuylashmoqda. So‘ngra men va yigirma beshta oppoq kabutar yana parvozga shaylandik.

Yuqoriga ko‘tarilar ekanmiz, ozod Vatanimizning havosidan to‘yib-to‘yib nafas olar, qanotlarimizni keng yozib erkin parvoz etardik. Bulutlarga Alpomishu Go‘ro‘g‘lilari, Barchinoyu Yunus pari, Misqol parilari, Hasanxonu Avazxonlari, To‘marisu Shiroqlari haqidagi dostonlarini aytib tugatolmayotgan tog‘lardan uchib o‘tdik. Endi bu mag‘rur tog‘larning bag‘ridan insonlarning qonidan sug‘orilgan lolalar emas, odamlarning bir-biriga, Vataniga muhabbatidan rang olgan lolalar unib chiqqan edi. Shamol ham tinmay ozodlikni kuylab, o‘zini har tarafga urar, endi O‘zbekiston mustaqil yurtligini butun dunyoga jar solishni istardi. U xursandligidan o‘zbek qizlarining sochlarini silab erkalar, so‘ngra daraxtlarning oldiga borib, shukronalar aytib yashil barglaridan tasbeh o‘girardi.

Mana, biz yigirma beshta oq kabutar poytaxtimiz – Toshkent osmonidamiz. Bir-biridan go‘zal binolar. Ularning biri o‘tmishimiz yukini orqalagan O‘zbekiston tarixi muzeyi, yana biri Milliy teatr binosi, beqiyos ulug‘vorlik aks etib turgani esa Anjumanlar saroyi edi. Shunda biroz pastlab bir binoning boshiga qo‘nib atrof­­ni kuzata boshladik. Bu bino zamonaviy o‘quv qurollari bilan ta’minlangan, yurtimizdagi o‘n mingga yaqin maktablarning biri edi. Shu payt qo‘ng‘iroq chalindi-yu, portfel orqalagan kelajak vakillari chiqib kela boshladi va ularni kutib turgan ota-onalarining bag‘riga otilishdi. Ularning ichida mitti yuragi ichiga sig‘may bir qizcha “Ona, Vatan” so‘zlarini o‘qiy olgani uchun ustozidan maqtovlar eshitganini jajji qo‘lchalari bilan ta’kidlab, g‘ururlanayotgandi. Biz amin edikki, mustaqil zaminimizda qad ko‘targan ana shunday maktab­lardan oila quchog‘iga ketayotgan bolalardan biri O‘zbekiston bayrog‘ini chizib, yana biri mustaqillik haqida she’r aytib, boshqa biri Vatan to‘g‘risida qo‘shiq kuylab, yana biri O‘zbekiston xaritasini bo‘yab a’lo baho olganidan faxr-iftixor tuyg‘usi bilan maqtanishardi. Ko‘nglimiz quvonchga to‘lib, yana osmonga ko‘tarildik. Parvoz etar ekanmiz, savlat to‘kib turgan universitetlarda bo‘lajak Navoiylar, Beruniylar, Zamaxshariylar, Boburlar, Xorazmiylaru Farg‘oniylar tahsil olayotganiga ishonchimiz komil edi. Shu vaqt men ana shu yigirma beshta oq kabutarning orasida Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat kabi ajdodlarimizning ushalgan orzulari ham parvoz etayotganiga astoydil ishondim.

Keyin yana birdaniga hur va ozod yurtimiz osmoniga ko‘tarildik. Shunda yigirma besh yil davomida poytaxtimizda yuz bergan barcha o‘zgarishlar va bunyodkorlik­lar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ldi. Mana, mustaqilligiga yigirma besh yil to‘layotgan mustaqil O‘zbekistonim, ha, bu mening Vatanim! Ana u yerda esa mustaqil yurt bayrog‘i mag‘rur hilpiramoqda.

Iftixor va g‘urur tuyg‘ulari ko‘zimiz qa’riga cho‘kib, yuragimiz tubiga singiyotgan edi. So‘ngra asta-sekin pastlay boshladik. Yigirma beshta oppoq kabutar meni o‘rtalariga olib xonamgacha kuzatib qo‘yishdi. Ular saflari yana bittaga ortganida albatta yonimga qaytishni va’da qilib, moviy osmon bag‘riga singib ketdi. Yigirma beshta oppoq kabutar, men sizlar bilan birgaman, men sizlarning biringizman! Biz hali ellikta, yuzta bo‘lamiz! Asrlar o‘tadi, biz parvoz etganda yurtimiz osmoni oppoq kabutarlarga to‘lib ketadi!

 

Bibi Robia Saidova

1991 yili tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti. 2014 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Birinchi kitobim” loyihasida “Parvoz” nomli hikoyalar to‘plami nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.