Millat ruhining qalqoni

0
80
marta ko‘rilgan.

Olam sohibi har bir mavjudotni himoya vositasi bilan birga yaratgan. Aytaylik, qushlarning qanoti, turli mavjudotlarning o‘ziga xos, betakror xususiyatlari qalqon vazifasini o‘taydi. Bunday himoya qurollari hatto o‘simliklarda ham mavjud. Birgina atirgulning tikonlarini eslaylik…
Xo‘sh, odamda-chi? Inson farzandi o‘zini, o‘zligini nima yordamida himoya qiladi? Ko‘p masalalarda bo‘lgani kabi bu savolga ham javobni hazrat Navoiydan olamiz:

Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.

Ha, so‘z, kengroq oladigan bo‘lsak, til – insonning himoya vositasidir. Turli mushkul vaziyatlardan so‘z, til yordamida chiqib ketganimiz uchungina bunday demayapmiz. Gap shundaki, til – ruhning himoya qobig‘i, libosi. Har bir insonning, qavmning, muayyan millatning ruhi aynan til zirhi bilan himoyalanadi va til ko‘prigi orqali keyingi avlodlarga o‘tadi. Mazkur tilda bitilgan go‘zal badiiy asarlar esa, ushbu qalqonni yanada mustahkamlovchi bosh unsur hisoblanadi. Qaysi millat tili, adabiyotini e’zozlasa, boshiga ko‘tarsa, demak, uning ruhini, o‘zligini zabt etib bo‘lmaydi.
Bosqinchilar mazlum xalqning eng avvalo tiliga hujum uyushtirishi ham shundan – ona tilini poymol qilish, ildizlarini quritish, yo‘qotish orqali millat zirhini ilma-teshik qilib, uning mingyillik qiyofasini yo‘q qilmoqchi, o‘z soyalariga aylantirmoqchi bo‘ladilar. Uzoqqa bormaylik, sho‘ro davrida yurtimizda olib borilgan til siyosati asoratlari barchamizga ma’lum. Hukmron tilni bilmagani uchungina chetga surilgan, hamiyati og‘rigan hamyurtlarimizning son-sanog‘i yo‘q edi. Bulbulni boshqa qush singari sayray olmagani uchun qafasga solish qanchalik mantiqsiz, xo‘rlik uyg‘otuvchi hodisa bo‘lsa, bizning holimiz ham undan avlo emas edi.
Istiqlolning eng ulug‘ ne’matlaridan biri – g‘ururi zaxa yegan ona tilimizning qadri tiklandi.  Yuksak minbarlarda ham bemalol, ko‘kragimizni kerib jonajon tilimizda so‘zlay oladigan bo‘ldik. Mustabid tuzum davrida ayrim kimsalar ona tilida so‘zlashni u ya t  deb bilgan bo‘lsalar, endi, aksincha, o‘zbek tilida so‘zlash barcha uchun  f a x r ga aylandi. Qiynalib bo‘lsa-da ona tilimizda so‘zlashga harakat qilayotgan xorijliklarni ko‘rib, yayradik: onamizni boshqalar ham ardoqlayotganini ko‘rganimizda qanday suyunsak, shunday xursand bo‘ldik. O‘zbek tilining Davlat tili deb e’tirof etilgani va milliy adabiyotimizning yuksak qadr topgani mustaqillik yillarida milliy immunitetimizning, himoya qobig‘imizning mustahkamlanganiga bosh omil bo‘ldi.
Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani esa bu borada qilingan ishlarning gultoji bo‘ldi. Bu Farmon o‘zini millat taqdiriga daxldor deb bilgan barcha ziyolilarga, ayniqsa, yosh ijodkorlarimizga yangicha kuch, rag‘bat berishi shubhasiz. Zero, yangi tashkil etilgan universitet faoliyati adabiy jarayon bilan hamohang kechadi: har bir yaxshi asar ona tilimiz va adabiyotimiz rivojiga hissa qo‘shar ekan, iste’dodli mualliflar o‘z-o‘zidan  qadrdon universitetimizning tadqiqotchisiga aylanadi.
Bunday sharaf ijod ahliga muborak bo‘lsin, deymiz!  

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.