Har bir avlodning o‘z mavzusi bo‘ladi

0
127
marta ko‘rilgan.

Anvar aka!

Yaqinda “G‘o‘bdintog‘ hikoyalari”ni o‘qib chiqdim. Mutolaa jarayonida ba’zi fikrlar tug‘ildi-yu, qo‘ng‘iroq qilib, sizga aytmoqchi bo‘ldim. Keyin fikrlarimni ikki enlik maktub shaklida bayon qilsam, boshqalar ham o‘qisa, ehtimol, yangi fikrlar ham tug‘ilar va ayrim teng-to‘shlarimizga foydasi tegar, ijod maydoniga ot solayotgan do‘stlarimizda ozgina mulohaza uyg‘otib, shijoat qo‘zg‘ar, deya o‘yladim.

Xullas, “G‘o‘bdintog‘ hikoyalari” yaxshi to‘plam bo‘libdi. Nimasi yaxshi? Tili. Personajlaringiz buqalamun emas: goh u shevada, goh bu lahjada sayramaydi. Hammasiyam ko‘kayi tuproq iskagan, zamindan oyog‘i uzilmagan, jaydari odamlar. Ayniqsa, bolalar ruhiyati yaxshi chizilgan: kitobiy emas, haqiqiy; dalaning, qir-adirlarning havosidan nafas olayotgan bolakaylarning ichki dunyosi durust tasvirlangan (men bu o‘rinda asosan “Ota va o‘g‘il” hikoyangizni nazarda tutyapman). 

Nazarimda, “Ikki tong orasi”, “Yo‘qchi” hikoyalaringiz to‘plamdagi eng baquvvat, hikoya janri talablariga to‘la javob beradigan, milliy ruhni yaqqol ko‘rsatadigan asar bo‘libdi. Savdolashayotgan dallolning “Ko‘ng­lingizga botmasin deb, mo‘ljali­ngizga yaqin oldim”, olomonning “Tiling tanglayingga yopishib qolganmi, guldirasang-chi!”, “(ulov) kuchdan qolgan qirchang‘iday imillab”, “Jag‘iga pichoq qayraydigan bo‘libdi” (“Ikki tong orasi”) kabi tasvir va ifodalar o‘quvchiga xush yoqishi tabiiy.

Avval ham sizning bir nechta hikoyangizni o‘qiganman, fikr ham bildirganman. Ko‘p gapim sizni qanoatlantirmagandir, ehtimol (bir gal “Qishloqdan uzoqlashib ketgansiz”, deya ta’na qilganingiz ham esimda). Mana, kitob mutolaasidan so‘ng, o‘sha ta’na­ngizda jon borligini bildim. 

Hikoyalaringizda jonli ifoda mo‘l. Tabiat tasviri – peyzajni yaxshi chizasiz. Ayniqsa, jonivorlar, o‘t-o‘lanlarning bilimdoni bo‘libsiz. Bir hisobda bu borada sizda Shukur Xolmirzayevning ulgusi borligi ham seziladi. Biroq bir jihatdan menda xavotir uyg‘ondi: hamma hikoyangizni tabiat tasviri bilan boshlaysiz. Bu ketishda, ehtimol, bir xillikka o‘rganib qolishingiz mumkin, hatto bu allaqachon boshlanganday, deb o‘ylab qoldim. Bu esa o‘quvchini asarlari­ngizga nisbatan biroz behafsala qilib qo‘ymasmikan.

Yaxshi bilasiz, ba’zan hikoyalarga peyzaju ob-havo haqidagi tasvir,  manzaralar chizgisi uncha o‘tirishmaydi, ma’noni kuchaytirish yoki “yuk” berishga xizmat qilmaydi. Ramziylik ham kasb etmaydi. Xususan, “Majlisboshi” hikoyangizni olaylik. “Qish. Kechagina qilichini qayrab turgan ayoz negadir ortga chekinib, qaylargadir g‘oyib bo‘ldi-yu, anchadan buyon qirchillagan sovuqda hurpayib yurgan odamlarga iliqlik va namxush havo xush keldi”, deya uzundan-uzun tabiat tasviri bilan boshlanadi. So‘ng ayni paytda binoning ichidagilar bunga e’tibor bermasligi-yu, aslida buning ularga qizig‘i yo‘qligini aytasiz. Ko‘rdi­ngizmi, voqealar rivoji bilan tanishgan odamga bu peyzaj va qahramonlar xarakteridagi biror o‘xshashlik yoki konf­likt yo‘qligi, turgan gapki, faqatgina binoning ichidagi odamlar haqida so‘z borgach, hech qanday ramziylik ham kasb etmasligi yaqqol ko‘rinadi. Nazarimda, tub mohiyati “Itni siylasang, to‘rga o‘tar” degan o‘zbek xalq maqolini ifodalovchi mazkur hikoyani ortiqcha tabiat manzarasi ifodasidan forig‘ qilinganda ham hech nima o‘zgarmaydi.

“Tomosha” hikoyangiz haqida ham shunday fikr uyg‘ondi. Aniqrog‘i, to‘plamdan joy olgan hikoyalar ichida eng ajablanganim shu “Tomosha” bo‘ldi. Maqsad-muddao noaniq, kompozitsiya g‘arib, “yuk” esa parqut bulut og‘irligicha, xolos. Eng chatog‘i, qahramon bo‘lmish nega buncha kitobiy tilda gapiradi? Qani, boshqa hikoyalardagi jozibali til? O‘quvchi ko‘nglini o‘rtaydigan dard?

Hikoya matniga ishonsak, qahramon ko‘cha ko‘rgan, choyxonayu ziyofat oshig‘iga o‘xshaydi. Biroq uni muallifning o‘zi hadeb “yo‘ldan urib”, g‘ashga tegadigan darajada rasmiy va kitobiy tilda gapirishga majburlaydi, go‘yo. Axir, yemakxonada ikki do‘st so‘rida o‘tirib, bo‘­­yinbog‘ni yechib, sal erkinroq gapirsa, tabiiy chiqmaydimi? Gapim quruq bo‘lmasin, “Tomosha” qahramonining o‘zi aytgancha: “…qishning qotqaloqli kunlari ketib, omonatgina ijara uyimning loyshang hovlisi puchmoqlarida qurbaqa qurilladi”, “Bahaybat idoramiz ko‘zimga devorlari oftob aksi o‘ynaydigan Toj Mahalday ko‘rinib ketdi. To‘rt qavatli bino, keng sahnli yo‘laklar, foyedagi kashandalarning chekish joyi, marmar pillapoyalar, turli-tuman asbobu aslaha bilan ta’minlangan xonamiz men birinchi kuni ishga kelganimdagidek sirli va tarovatli edi”.

Endi tasavvur qiling, shu gaplarni boshqa bir ijodkorning qahramoni aytsa, aminmanki, kamida uning ustidan kulasiz. “Hech kim bunday gapirmaydi”, deysiz. Nazarimda, bu kabi ohangjama faqat muallif tilidan bayon qilinsagina yarashardi. Unda ham zinhor-bazinhor dialoglarda ishlatib bo‘lmas. Fikrimcha, “Tomosha” juda tahrirtalab. Hatto uch-to‘rt abzatsini butunlay olib qo‘ysangiz ham bo‘ladi. Masalan, xazinabonning tixirlik qilgani, qahramon uning ko‘nglini qanday sovg‘a-pora bilan topgani haqidagi bayonlar hikoyaga yamoq bo‘lib, hajmini ko‘paytirib turibdi, xolos.

Yana bir mulohaza. Ayrim so‘z va iboralar, tasvirlar bir necha hikoyangizda takror keladi. “Qiya qaradi”, “hayigib ketdi”, “qovurchini qotgan”, “mahramlar” va hokazo.

Men nega aynan shu iboralarni aytayotganimning sababi bor. Bu tasvirlar, hoynahoy, men o‘qigan boshqa asarlarda hadeb uchramagan, ehtimol, ayrimlari bilan ilk bor shu to‘plamda duch kelgandirman. Masalan, “qiya qaramoq” qanday bo‘larkin, deb ancha o‘yladim. Keyin bu tasvir qariyb barcha hikoyada takrorlanib, ko‘chmanchi kabi ko‘chib yurishini ko‘rib, men uchun ohori to‘kilgan matohday bo‘ldi-qoldi… Hatto “Qo‘shburun”dagi Bog‘lon kampirga o‘xshaganlar hech zarurat sezilmasa ham choliga “qiya qarashi” ortiqcha ko‘rindi…

Sirdosh, do‘st, birodar, oshna, o‘rtoq kabi durustgina so‘zlarimiz turganda ko‘p o‘rinda takror va takror “mahram” deya ishlatibsiz. Bir o‘quvchi sifatida aytaman: eskirib ketgan, burungi ma’nosidan ancha uzoqlashib, tor ma’no kasb etib qolgan bu arab­­cha so‘z matnda hadeb g‘ashga tegaveradi. Bu menga bir tilchi do‘stimizning anchayin kulgili dunyoqarashini eslatadi: “sotka”siga pul to‘lash uchun bir “do‘kon”chaga bosh suqib, “peynet” ishlayaptimi, debdi. “Nima?” – so‘rabdi yigitcha. “Peynet” debdi jo‘ramiz takroran. “Paynet” deng, aka”, debdi haligi. Do‘stimiz yigitchaning savodsizligidan rosmana jahli chiqib: “Peynet” inglizcha so‘z bo‘lib…” deya yarim soat boshini qotiribdi. Shunda haligi yigit: “Qo‘ysangiz-chi, aka, butun xalq nima deb til chiqargan bo‘lsa, shunisi to‘g‘ri bo‘ladi”, deya o‘z bilganidan qolmagan ekan.

Shu ma’noda, adabiyotda so‘z qo‘llashda ming yil avvalgi ma’nosiga emas, bugun, hozir – hikoya yozilayotgan mahalda kasb etayotgan mazmuniga e’tibor bergan ma’qulmikin, deb o‘ylayman. Tag‘in bilmadim-u, do‘stu birodarni “mahram” desangiz, bugun hayotda ham, ijodda ham uncha-muncha odamning tilini tirnaydi…

To‘g‘ri, bu kabi qaytariq, takrorlarni, magar muallif bir odam ekan, tabiiy ravishda uchraydi-da, deyish mumkin. Xuddi shoirlarning o‘ziga xos sevimli, turli she’r­larida har xil talqinlarda ishlatadigan timsoli, tashbehi bo‘lganiday, yozuvchilarning ham o‘zlari yoqtirgan iboralari, qo‘llaydigan bayon uslubi bo‘ladi. Bu ham tabiiy hol… Biroq hikoyalar to‘plam shakliga kelganda, bunday qaytariqlarni birrov ko‘rib chiqish, “yopishmagan gajak” bo‘lib turganlaridan voz kechish ham yutuq bo‘lar, ehtimol.

Anvar aka!

Sizu biz – tengdoshlarimiz qog‘oz qoralab, hikoyalar yozib turibmiz. Bir necha yozuvchi akalarimiz bizning tengdoshlardan nimadir umid qilayotganini ko‘p aytishgan. Sirtdagi ayrim ijodkor akalarimizda esa: “Shulardan ham yozuvchi chiqarmidi”, degan bepisand qarash ham yo‘q emas. Go‘yo, biz adabiyotimizning kelajagi sifatida, zo‘r avlod bo‘lamiz, deb da’vo qilib, so‘ng ularni mahtal qilayotganday. Aslida esa, biz “G‘o‘bdintog‘ hikoyalari” qahramoni – xaskash bilan yer tirnayotgan bola kabi, qalbimizni tirnab, u-bu mashq qilyapmiz. Azbaroyi yozuvchilik yo‘lini tutishga ahd qilganlarimiz kam. Yaxshi niyatlar bilan hikoyalar yozib, qalamni charxlayapmiz, toblanyapmiz, xolos. Yaxshi asar bitishning erta-kechi yo‘q. Muhimi, adabiyotda qoladigan nimadir yozish…

Bir paytlar Jeyms Oldrij: “Yosh yozuvchilar bilib qo‘ysinlarki, adabiyotda novatorlardan so‘ng professionallar, professionallardan so‘ng taqlidchilar va ulardan ham so‘ng hashakilar, buzg‘unchilar va eng oxirida ko‘rshapalaklar paydo bo‘ladi…” degan ekan. Bu gap haqiqatga yaqin keldimi-yo‘qmi, bilmayman, ustozlarimiz aytganidek, har bir davrning o‘z adabiyoti, har bir avlodning o‘z mavzusi bo‘ladi. Professional yetakchi baribir chiqaveradi. Bunga vaqtning o‘zi hakam, albatta.

Anvar aka! Hikoyalaringiz haqida qancha maqtovim bo‘lsa, o‘zingizga ko‘p aytganman. Bugun maktubimda bildirilgan tirnoqday e’tirofu barmoqday tanqiddan esa ranjimaysiz, degan umiddaman. Hikoyalar mohiyatiga chuqurroq kirib borish, uni anglash, muallif ko‘ngliga tukkan ma’nini uqish har bir o‘quvchining o‘ziga havola. Men faqat yaqqol ko‘ringan ayrim kamchilik va uslubiy g‘alizliklar haqida mulohaza qilganim foydaliroq degan fikrdaman.

Bugun tanqid qilinishi shart bo‘lgan, hatto tanqid qilishga ham arzimaydigan asarlar kitob rastalarida, afsuski, ko‘p. Ularga qarab ko‘ngling ozadi – beixtiyor nigohingni, e’tiboringni va, albatta, vaqtingni qizg‘onasan. Yaxshi kitob esa ko‘zni quvnatadigan, ko‘ngilga yorug‘lik bag‘ishlaydigan  guldastaga o‘xshaydi: nafis gullar safida so‘lg‘in yoki rangi unchalik mos tushmagan chechak ko‘zga tashlansa, uni olib tashlaging, tuzatging, guldastani mukammal holatda ko‘rging keladi.

Kitobdan kitobga o‘sib borishingizni, har bir hikoyangizga qishloq nafasi bilan dam solib, uning ruhi-ifori tobora o‘tkir taralib turishini istardim.

Omon bo‘ling, ijodingizga baraka tilayman!

Yangi asarlar kutib qoluvchi ukangiz, Jasur KENGBOYEV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.