Noyob davriy hodisa

0
100
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 13 maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda izchillik bilan muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirib borilayotgan davlat siyosatining samaralaridan biri, allaqachon jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilib, chuqur o‘rganilayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturining navbatdagi yuksak bosqichiga xos fenomen (noyob davriy hodisa) bo‘ldi.

Shu paytgacha alohida-­alohida amal qilib kelgan ta’lim-tarbiya hamda ilmiy tadqiqot tizimlari uyg‘unlashtirilib, yangi tipdagi – yagona, yaxlit, mukammal tizim (sistema) yaratildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida uchta fakultet – o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy tadqiqot instituti hamda O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etildiki, bu ayni yangi tizimning hayotbaxsh mohiyatini ko‘rsatuvchi yorqin misoldir.

“Belgilab qo‘yilsinki, – deyiladi farmonda, – Universitet o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi”.

Bu esa jamiyatning estetik didi o‘sishiga, millat hayotining oynasi (til va adabiyot) ravshan bo‘lishiga, xalq ijodkorligi ravnaqiga, til va adabiyotning tobora yuksalishiga xizmat qiladi. Ma’lumki, har qanday badiiy ijod, jumladan, muayyan asar zamirida uning yaratilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan dunyoqarash, estetik ilm mavjud. Navoiy ona tilimiz qonuniyatlari va boyliklari, o‘ziga xos xususiyatlarini chuqur ilmiy tadqiq qilib (“Muhokamat ul-lug‘atayn”), butun bir ilm yaratib, badiiy ijodini shu ilmiy asosga qurgani uchun ham dohiyona bunyodkorlikka erishdi. Universitet farmonda belgilangan dastur va vazifalarni to‘liq bajarib borishi davomida, uning bag‘ridan yetishib chiqqan yetuk kadrlar o‘z zimmalaridagi vazifalarni sidqidildan va munosib ado etishlari natijasida yosh avlodning ijodkorlik ruhi gullab-yashnaydi, ona tilining boy imkoniyatlari va go‘zalliklarini o‘z salaflariga nisbatan badiiy yuksak namoyon qiluvchi ijodkorlar kamol topadi, hatto, ular orasidan o‘z asarlarini jahon tillariga tarjima qilib, jahon adabiyoti jarayoniga qo‘sha oluvchilar ham yetishib chiqishi mumkin (Robindronath Thakur ikkita she’rini o‘zi ingliz tiliga o‘girib, e’lon qilganini, uning badiiy kamolini ko‘rgach, ingliz shoirlari hind hamkasblari asarlari tarjimasiga astoydil kirishib ketganlarini, bu esa ulug‘ adib jahoniy shuhrat qozonishiga, Nobel mukofoti bilan taqdirlanishiga sharoit yaratganini eslang). Mazkur universitet tayyorlagan mutaxassislar jonajon O‘zbekistonimizning shuhratini jahonga yoyishda hammadan ko‘proq burchli hisoblanadilar, deb o‘ylaymiz. Misol uchun, ular ko‘magida o‘zbek adabiyoti jahon adabiyoti jarayoniga emin-erkin kirib borishi o‘ng‘ay kechadi. Bu imkoniyat ilmiy va boshqa sohalarga ham tegishlidir. Zero, universitetning asosiy vazifalaridan biri – “ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash”dir.

“Davlat tili haqida”gi qonunga asosan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani (1989 yil 21 oktyabr) va bu huquqiy norma Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgani uning kelgusi taraqqiyoti uchun katta imkoniyatlarni ochdi, o‘zbek adabiy tilining mavjud ilmiy qonun-qoidalariga to‘la rioya etilishi qonunan kafolatlandi (“Davlat tili haqida”gi qonunning 29-moddasi). Shundan beri bu sohada tadrijiy, izchil ish olib borilmoqda. Mazkur farmon shu yo‘nalishdagi faoliyatning mantiqiy davomi va u navbatdagi yuksak bosqichga o‘tganining amaliy tasdig‘idir.

Farmonda ko‘rsatilganidek, “Ke­­yingi yillarda O‘zbekistonda mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga yanada chuqur integratsiyalashuvini ta’minlash maqsadida chet tillarni, xususan, ingliz tilini o‘qitishning kompleks tizimi yaratilib, amalda keng joriy etilmoqda”. Bu esa, shubhasiz, davlat tili maqomida barqaror o‘zbek tilining ayni integratsiyalashuv jarayonidagi yuksak mavqei va mas’uliyatini ham amalda namoyon qiladi. Zero, chet tillar ona tili imkoniyatlari darajasida o‘rganiladi, jahon adabiyoti namunalari milliy so‘z boyligi asosida tarjima qilinadi. Binobarin, bu tarixiy hujjatda “ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish… bugungi kunda o‘ta dolzarb masalaga aylanmoqda” deb ta’kidlangan va “birinchi navbatda, fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish” oldimizda muhim vazifa bo‘lib turgani uqtirilgan hamda uni hal etish yo‘llari ko‘rsatilgan, “ona tilimizning internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash” chora-tadbirlari belgilangan. Darhaqiqat, farmonda qayd etilganidek, “Biz ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-­avaylash, uni boyitish, nufuzini oshirishni o‘zimiz uchun eng ustuvor, uzviy davom etadigan yuksak maqsad deb bilishimiz va bu masalaning ahamiyati hech qachon e’tiborimizdan chetda qolmasligi zarur”. Shu bilan birga, biz “O‘zbekis­tonda milliy tillarni rivoj­lantirish uchun keng sharoit yaratilgani, bugungi kunda yurtimizda ta’lim-tarbiya muassasalari va ommaviy axborot vositalari yetti tilda faoliyat olib borayotgani jamiyatimiz hayotida millatlararo ahillik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘layotgani” bilan faxrlanamiz. Bu ezgu jarayonda o‘zbek tili davlat tili maqomida ruhlantiruvchi, yakdil va jips etuvchi ma’naviy kuchga aylangani ham tarixiy haqiqat. Zotan, ma’naviy taraqqiyotimizda yangi yuksalish bosqichini boshlab bergan ushbu farmon hayotga hartaraflama va to‘la-to‘kis tatbiq etilishi natijasida ona tilimiz va adabiyotimizning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi yanada oshadi, bu – tabiiy. Bunga uning tarixiy tajribasi, Navoiy ijodi sharofati ila, butun turk ulusini yakqalam qilganligi, asrlar davomida va to hozirgacha turkiy tillar orasida peshqadam sifatida e’tibor qozonib kelayotganligi ham katta imkoniyat beradi, deb o‘ylaymiz. Umid qilamizki, suveren demok­ratik respublikamiz – O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyati miqyosida tobora oshib borayotgan mavqei o‘zbek tilining xalqaro tillar qatoridan o‘rin olishiga ham bois bo‘ladi.

Turli kasb egalari bo‘lmish barcha vatandoshlarimiz o‘zbek tili va adabiyotining fidoyi vorislari, ijoddoshlari o‘laroq kamol topishlari ma’naviy va ijtimoiy zaruriyatdir. Ona tilini o‘zining yuksak dunyoqarashi va ezgu murod-maqsadlarini badiiy shaklda yuzaga chiqarish yo‘lida mohirona qo‘llay oladigan har bir shaxs, qaysi soha mutaxassisi ekanidan qat’i nazar, adabiy ijodkor bo‘lishi mumkin. Barcha zamonlarda dasturilamal bo‘lib qoladigan bu hikmat bejiz aytilgan emas:

“Agar biz O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug‘ kelajagini ulug‘lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo‘lsak, avvalambor buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak” (Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: “Ma’naviyat”, 2008, 139–140-betlar).

Farmonda belgilanganidek, “ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish” o‘z tarbiyaviy mohiyatiga ko‘ra, buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashga ham bevosita va bilvosita omil bo‘ladi. Barchamizning qalbimizda shunday komil ishonch hissini yanada mustahkamlagan mazkur tarixiy farmon butun xalqimizni chinakamiga xushnud etgani g‘oyat mantiqiydir. Shuning uchun chin yurakdan tilak tilaymizki:

Nihollar bo‘y cho‘zsin adil,

Ochilsin g‘uncha.

Jo‘r bo‘lsin bulbulu dil

Dunyo turguncha.

Oftob kabi barq ursin

Zotu zurriyod.

Davru davronlar sursin

Muborak hayot.

Muhabbatga bo‘lsin yor

Hazrati Inson.

Yurt tinchlik bilan poydor,

Hur bo‘lsin har jon.

 

Muhammadali QO‘ShMOQOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.