Ona zaminning oltin chashmasi

0
27
marta ko‘rilgan.

Yoz seryog‘in kelgan bahordan ulgi oldimi, muqaddimasi goh yomg‘irli, goh bulutli, goh shamolli kunlarga aylandi. Qizilqumning bahorini ko‘rish ishtiyoqimiz bor edi-yu, nasiba ekan, ijodiy safarimiz iyun ostonasida boshlandi. Tulporni sug‘ordik, egar-jabdug‘ini mustahkam qo‘ndirib, kun peshindan og‘a beshovlon yo‘lga tushdik. Nigohimizga qo‘ngan tasvirdan gurungni jonlantirib, dilimizni quvnatib, ishtiyoqimizni siylab, “hayyo-huyt” deb boraverdik. Yo‘l bo‘yining ajib manzarasi dilni ravshan etar, goh iliq havo ko‘zga uyqu ilitadi. Yozda kunduzning fe’li kengayadi, qosh qorayib, kun botganda Navoiy shahriga kirib bordik… Shahar chetidagi mehmonxonada qo‘nim topib, tong ottirdik.

Hali ko‘nglimizda ko‘zi yorimagan safar taassu­rotlarining hayajoni kallayi saharlab kiprikdan uyquni uchirdi. Mehmonxona torgina ko‘chada joylashgan, hovlida dilni yayratib sayr qilaman desang, boshing qo‘shnining devoriga sanchiladi. Yo‘lxaltani qo‘ltiqlab, oftobpanada soyalab turgandik, yonimizga mikroavtobus kelib to‘xtadi. Filmlardagi reportyorlar kabi bo‘yniga fotoapparat osib olgan bir tanish chehra ulov eshigini surib ochdida, yerga hatladi. “Ey, Azamat-ku…”, dedim ichimdan quvonib. Azamat bilan universitetda oldinma-ketin o‘qiganmiz. Keyingi kishi “Konchilar hayoti” gazetasi muharriri Nizomiddin Sadriddinov ekan. Zumda mashinaga chiqib oldik, hol-ahvol so‘rash g‘ala-g‘ovurga aylandi. Haydovchi Zokir aka ham ko‘pni ko‘rgan, bama’ni inson ekan, u kishining fazilatlarini safarimiz davomida kashf etib bordik. Dastlabki manzilimiz Navoiy davlat konchilik instituti bo‘ldi…

 

Bo‘lajak konchilar ziyo maskani

 

Ijodkorning dilini kitob yayratadi, shu bois kutubxonani xush ko‘radi. Aslida yoshlikning jilosi ham kitobdir. Buni yaxshi anglagan ta’lim muassasasi jonkuyarlari bizni institutning axborot-kutubxona markazi tomon boshladi. Zamonaviy markazning barcha zallari talabalar bilan gavjum: kimdir saboq bilan ovvora, kimdir kitob, kimdir gazeta-jurnal varaqlagan… Elektron kutubxona zalida talabalar yanada bisyor. Peshayvonda o‘rnatilgan sensorli ulkan tablodan dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining axborot-kutubxona markazlari bilan bog‘lanish, zarur adabiyotlarning elektron shaklini ko‘chirib olish mumkin. Ana, zamonani qarang! Oliy ta’lim dargohining murabbiylar kengashi raisi Risolat opa Islomova, Axborot ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Tosheva muassasada yaratilgan sharoitlar haqida to‘lqinlanib gapirar, ularning ko‘zlarida iftixor nur bo‘lib porlaydi.

Ba’zan haftalab, oylab tashkil etilgan tadbirlarda samimiy ruhni sezmaysiz, ba’zan shu dam, shu nafasda boshlangan kecha nafis majlisga aylanadi. Kutub­xonaning katta zalida tuyqusdan boshlangan she’riyat kechasi chinakam adabiy tadbirga yo‘l ochdi. Institut qoshida “Parvoz” talabalar teatr studiyasi a’zosi Bektosh Qodirov, “Yosh ijodkor” klubi a’zosi Dilshod Muhammadovning chiqishlari davraga samimiy ruh berdi. Husniddin Abdurahimovning qo‘shiqlari biroz bo‘lsa-da dilni huzurlantirdi. Adabiyotga, san’atga oshuftalik bor qalblarda hayotga ishtiyoq, yurtga muhabbat ortadi. Bo‘lajak konchilar diyorimizning tog‘u qirlari, sahroyu keng­liklaridan ma’dan qidiradi, qazib oladi, elga tortiq etadi. Konchilar toshu tuproq bilan sirlashadi, dillashadi. Aslida ular ham ijodkor!

Shu o‘rinda mazkur oliy ta’lim muassasasi haqida: Navoiy davlat konchilik instituti 1995 yili tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur ilm dargohida 200 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi talabalarga saboq berib keladi. Ulardan 15 nafari fan doktor va professorlar, 67 nafari fan nomzodi, dotsentlardir.

Ta’lim maskanida konchilik, energo-mexanika, kimyo-metallurgiya kabi uchta fakultet Nukus filialida 3 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.

Ilm dargohidagi to‘rtta o‘quv laboratoriyasi bo‘lib, barchasi eng yangi zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan. Qolaversa, dunyoning yirik xalqaro kompaniyalari bilan mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, Navoiy, Zarafshon shaharlari va va Zafarabod qo‘rg‘onida joylashgan yirik ishlab chiqa­rish korxonalarida institutning kafedralari, kafed­ralar filiallari tashkil etilgan.

Aytgancha, institutning mazkur axborot-kutubxona markazi Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimidaga 11 ta kutubxonaning fondini elektron tizim orqali birlashtirib turadi. Mazkur ziyo maskani 550 mingdan ortiq kitobni o‘zida jamlagan. Elektron nashrlarning umumiy soni esa, 100 mingdan oshiq.

Bo‘lajak konchilarga hayratu havasimiz ortib, navbatdagi manzilga otlandik.

 

Kombinatning

madaniy qiyofasi

 

“Farhod” madaniyat saroyi. Mazkur inshoot Navoiy kon-me­tallurgiya kombinatining madaniy qiyofasini aks ettiradi. Gulzorlar, favvoralar o‘ziga xos ko‘rk berib, jismu jonni quvvatlantiradi.

Bugungi kunda kombinat tizimida 9 ta madaniyat muassasasi, shuningdek, bolalar ijodiyot uyi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda bir yuz yetmishdan ortiq badiiy havaskorlik jamoalari va to‘garaklar ishlab turibdi. Shular orasida “Farhod” madaniyat saroyining alohida o‘rni bor. Ushbu madaniyat saroyi o‘zining salobati va ichki imkoniyatlari bilan yurtimizdagi boshqa madaniyat maskanlaridan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo kam emas. Mazkur binoga kiraverishda, o‘ng tomonda buyuk bobomiz Alisher Navoiyning betakror “Xamsa” asari qahramonlaridan biri – Farhod qiyofasi tasvirlangan: bilaklari kuch-quvvatga to‘lgan, ko‘zidan o‘t chaqnab turibdi, qo‘lida tog‘u toshni bir zarb bilan yorguvchi pahlavon quroli… “Farhod va Shirin”da tasvirlanganidek, Farhod tog‘ toshlarini yunib, suv chiqarayotgan holatda tasvirlangan. Aslida, kombinat tizimidagi tog‘-kon ishchilarining har biri bugungi kun farhodlaridir…

Mamlakatning yuragi kabi urib turgan mazkur kombinatning bosib o‘tgan yo‘li – o‘ziga xos tarixi bor. U tarix nafaqat xalqimiz, balki jahon ahli, sayyohlar, konchilik mutaxassislari, yoshlar uchun madaniy hordiq, ulkan bilim va saboq bo‘lib xizmat qiladi. Oltin qazib olish bo‘yicha dunyoning yirik korporatsiyalari­dan biri bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya zavodi muzeyi ham “Farhod” saroyida joylashgan. Madaniy muassasa 2013 yil 6 dekabrda o‘z faoliyatini boshlagan. Muzeydan qadimgi davrlardan to bugungi kunga qadar kon-metallurgiya tarixi bo‘yicha eksponat, kombinatning mustaqillik yillaridagi yutuqlari aks etgan noyob tarixiy hujjatlar va fotosuratlar, maketlar o‘rin egallagan. Muzey doimiy ekskursiyalar, turli tadbirlar o‘tkaziladigan gavjum maskanga aylangan. Yoshlarni ma’naviy-axloqiy, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida doimiy ravishda yozuvchilar va shoirlar, mehnat faxriylari, davlat mukofoti sovrindorlari bilan uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy va badiiy kechalar o‘tkazib kelinmoqda.

“Farhod” madaniyat saroyining “Baxtli bolalik”, “Shirin”, “Marvarid”, “Sonata” est­rada-raqs, “Sado” doirachilar ansambllari bo‘lib, turli bayram va tantanalarda o‘z chiqishlari bilan qatnashib keladi. Bundan tashqari, Zarafshondagi “Oltin vodiy” madaniyat saroyining “Atlas” studiyasi hamda “Afsona” raqs ansambli, Uchquduqdagi “Uchquduq” madaniyati uyining “Yeles” vokal guruhi, “Ritm”, “Sitora” raqs ansambllari, Za­faroboddagi “Yoshlik” madaniyat uyining “Zebo” raqs, “Shok” raqs guruhlari ham turli tanlovlarda qatnashib, dovrug‘ topgan. Kombinat madaniyat muassasa­lari ijodiy jamoalari orasida har yili “Qizilqum san’at g‘unchalari”, “Qizilqum ovozi”, “Qizilqum ohanglari” tanlovlari o‘tkazib kelinadi. Barcha madaniy tadbirlar kombinatning ijodiy jamoalari tomonidan tashkil etiladi.

Tizimda ishchi-xizmatchilarning manfaatlariga e’tibor qaratish, ijtimoiy himoyaga muhtojlariga ko‘mak berish, muammolarini hal etish kabi xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Xodimlar salomatligini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy xizmatdan foydalanishga katta e’tibor berilgan. Tibbiy-sanitariya bo‘limi va uning joylardagi beshta bo‘linmasida ishchilar va ularning oila a’zolariga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Ularda tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Bizni ajablantirgani kombinatda ma’naviy muhit ancha yaxshi ekan, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirish, ularning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida kitobxonlik madaniyatini oshirishga e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir.

Ishchi-xizmatchilar va ularning oila a’zolari dam olishi hamda sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha qulayliklarga ega, eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan “Metallurg”, “Konchi” va “Nurobod” sanatoriy-profilaktoriyalari, “Zarafshon” pansionati, “To‘dako‘l” dam olish bazasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2019 yili Jizzax viloyatining Zomin tumanida 150 o‘ringa mo‘ljallangan sanatoriy ishga tushirildi. Bu maskanning bir qismi, ya’ni 50 kishilik o‘rni ijod ahli uchun yil davomida tinimsiz xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Zarafshon shahrida “Neptun” suv havzasi kapital ta’mirlandi, Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” stadioni rekonstruksiya qilindi, Zafarobod qo‘rg‘onida “Yangi hayot” sport majmuasi va yopiq suzish havzasi foydalanishga topshirildi. Shu­ningdek, yoshlarning dam olishi, ehtiyoji, qiziqish va intilishlari hisobga olinib, Uchquduqda “Kelajak” yoshlar markazi ko‘rkam maskani ishga tushirilibdi. Zarafshon va Zarmitanda bolalar akvaparki, Navoiy va Zarafshon shaharlari hamda Zafarobod qo‘rg‘onida barpo etilgan biri-biridan go‘zal musiqali favvoralar ham barchaga zavq va huzur bag‘ishlamoqda.

Korxonada ishchi-xodimlarning bolalariga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, yozgi ta’til mavsumida shahar tashqarisi va shaharda joylashgan “Pahlavon”, “Bolajon”, “Sarmish”, “So‘g‘diyona”, “Zarafshon” va “Kelajak” kabi 11 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida har yili o‘n mingdan ortiq yigit-qizlar miriqib dam oladi.

Kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi kombinat ishchi-xodimlari, ularning oila a’zolari orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlanti­rishga doi­miy e’tibor berib keladi. Kombinat ixtiyorida beshta stadion, beshta basseyn, yelkanli sport bazasi, 80 dan ortiq sport zallari va maydonchalari mavjud. Bizda alohida sport turlariga ixtisoslashgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish klublari rivojlangan, chunonchi: Navoiyda “So‘g‘diyona”, Zarafshonda “Alpo­mish”, Za­farobodda “Yoshlik”, Nurobodda “Mehnat”, Uchquduqda “Lochin”, Marjonbuloq va Zarkent qo‘rg‘onlarida “Yoshlik” sport majmualari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Rosti, sizga so‘ylayotganlarimiz xamir uchidan patir. Kombinat faoliyati aks etgan ko‘rgazmalarni tomosha qilib, ado etolmadik. Qiziqarli lavhalar kishini o‘ziga rom etaveradi. Ammo vaqt hakam, safarimiz davomida ko‘rishimiz, suhbatlashishimiz zarur bo‘lgan maskanu majmualar, fidoyi ishchi-xizmatchilar bisyor. Ko‘ksimizning bir burchagi shoshib turibdi…

 

Navoiy mashinasozlik zavodi

 

Ishlab chiqarish salohiyati bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Navoiy mashinasozlik zavodiga soat 18:00 da yetib bordik. Bizning zavodga borishimiz kunduzgi ish vaqti kechgi ish vaqti bilan almashayotgan paytga to‘g‘ri kelib qolgandi. Hamrohimiz Nizomiddin aka zavodning ish tartibi haqida so‘z ochib qoldi: “Zavod xodimlari 4 smenada ishlaydi. Sababi, bu zavod mahsulotlariga katta ehtiyoj bor. Bundan tashqari, ulkan salohiyatga ega zavodning bir soatga ishdan to‘xtashi ham davlatimiz iqtisodiga sezilarli ta’sir o‘tkazishi turgan gap”, deya izoh berdi. Zavod ichkarisiga kirganimizdan so‘ng Nizomiddin akaning gaplari mubolag‘adan xoli ekanligiga amin bo‘ldik. Zero, zavod chindan ham ulkan edi.

Bizlarga zavod muhandisi Ruslan Tursunov hamrohlik qilib, ish jarayoni bilan tanishtira boshladi. Uning aytishicha, bu joyda asosan, kombinat ehtiyojidagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Kombinat metall konstruksiyalari, nostan­dart uskunalar, turli modifikatsiyali metall kesuvchi stanoklar, ehtiyot qismlar va boshqalar bo‘yicha katta hajmdagi buyurtmalarni bajaradi. Sodda qilib aytganda, zavodda burg‘ulovchi qurilma, yuk mashi­nalari, ko‘tarma kranlar va boshqa qurilmalarning turli ehtiyot qismlari tayyorlanadi. Yana bu zavodda metallga ishlov beruvchi stanoklarning bir nechta modellari, yog‘ochga ishlov beruvchi stanoklar esa ikki modifikatsiyada chiqariladi. Shuningdek, aniqligi 5 klassgacha bo‘lgan temir charxpalak (shesterna)lar tayyorlash bo‘yicha buyurtmalar bajarilmoqda. Zarurat tug‘ilsa, chiqarilayotgan barcha stanoklarning mo­dellari shu joyda ta’mirlanib, ularga servis xizmati ham ko‘rsatiladi. Zavod eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan bo‘lib, asosan kompyuterlashgan uskunalarning aksariyati yosh kadrlar tomonidan boshqariladi.

Asosiy ishlab chiqarish bo‘limlarini ko‘zdan kechirib bo‘lganimizdan keyin Rustam Rashidovich bizni zavodning ishchi-xodimlari madaniy hordiq oladigan va sport bilan shug‘ullanadigan binolar tomonga boshladi.

 

Qizilqum oralab to‘rt soat

 

Ertasi kuni tong sahardan Zarafshon shahriga qilinadigan safarga tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Kelishganimizdek, soat 06:00 yotoqxona tashqarisida bizni “Konchilar hayoti” gazetasi muharriri Nizomiddin aka bilan haydovchi Zokir aka kutib oldi. Shunda Nizomiddin aka, “Konchilar hayotini yaqindan bilishni istasangiz, ularning nonushtasi bilan ham tani­shishingiz kerak-da” deya bizlarni kombinatga qarashli oshxonalarning biriga olib bordi. Nonushtadan so‘ng “qaydasan, Zarafshon!” deya yo‘lga otlandik. Haydovchimiz Zokir akaning aytishicha, Navoiy shahridan Zarafshon shahrigacha 200 km masofa yo‘l bosishimiz kerak. O‘rtacha tezlikda yursak 4 soatda manzilga yetib olarkanmiz. To‘g‘risi, kechagina Toshkentdan Navoiygacha qariyb 500 km masofali yo‘lni bosib kelganimiz uchun, avvaliga, bu galgi safar biroz toliqtirib qo‘yadiganday tuyuldi. Ustigaustak, shu 4 soatni kimsasiz sahro oralab o‘tish zarur – yo‘lda tomosha qilish uchun qum barxanlari-yu saksovuldan boshqa hech narsa yo‘q…

Lekin ilk taassurot aldamchi bo‘ladi deganlari­dek, biz ham xulosa chiqarishga biroz shoshibmiz. Aniqrog‘i, hamrohimiz Nizomiddin aka haqida unutibmiz. Nizomiddin aka ijodkor, jurnalist odam. Kasbining taqozosi bilan butun kombinatda kirmagan eshigi qolmagan. Eh-he, bu odam o‘tgan uzoq yillik faoliyati davomida ne-ne rahbarlar bilan, kombinatning kattayu kichik xodimlari bilan hamsuhbat bo‘lmadi deysiz… Xullas, bu odam Zarafshonga yetib borgunimizcha bizlarni zeriktirmadi. Ijodkor emasmi, gapga juda usta ekan. Suhbat payrovi qaysi tarafga burilmasin shu mavzuda soatlab gapirishi mumkin. Biz ham vaqtdan unumli foydalanib, Nizomiddin akadan NKMKning butun faoliyati, tarixi haqida ko‘p narsani bilib oldik. Bundan tashqari, hamrohimiz yo‘lda uchragan kon ob’yektlari, hudud nomlari va ovullar haqida ham alohida-alohida to‘xtalib o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda, maqsadimizga muvofiq yo‘lda o‘tkazgan vaqtimiz ham besamar ketmadi. Tushgacha navqiron Zarafshonga kirib keldik.

Zarafshon – o‘z bag‘riga yuz mingga yaqin aholini sig‘dirgan kattagina shahar. Atigi, ellik yillar muqaddam bu joylarning cho‘lu biyobon bo‘lganiga kishining sira ishongisi kelmaydi. Shaharga endigina qadam qo‘ygan odamning xayoliga birinchi kelgan o‘y ham shu bo‘ladi.

Zarafshon shahrining tamal toshi 1965 yilda qo‘yiladi. Shu yili konchilar uchun bir nechta uy quriladi. Yillar davomida bu posyolka kengayib, 1972 yilda Zarafshonga shahar maqomi beriladi.

Hozirda shahar har qachongidan-da gullab-yashnagan. Shaharda aholining emin-erkin, sifatli hayot kechirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Madaniyat va sport majmualari, ko‘ngilochar bog‘lar, zamonaviy supermarket va restoranlarni ko‘rgan odam kichikroq shahar uchun bunday hashamdorlik nega kerak ekan degan xayolga ham boradi. Ammo birozdan so‘ng shahar aholisining oylik moddiy daromadi ancha yuqori ekanini eslab, bu hashamdorlikning sababini anglaganday bo‘lasiz.

Zarafshonda bizning jamoani Markaziy kon boshqarmasining matbuot markazi xodimlari kutib oldi. Tushlikdan so‘ng shaharning diqqatga sazovor joyla­rini aylanib ko‘rdik. So‘ng biz boshqarma faoliyati, xususan, o‘z mehnati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘la olgan rahbar va mutaxassislar, ishchi-xodimlar bilan tanisha boshladik. Ular orasida Alisher Hamidov, Isrofil Jalilov, Muso Komilov, Oxunjon Nosirov kabi kombinatning faxri hisoblangan ishchi-xodimlar bor edi. Shaharda qilgan asosiy ishimiz shu insonlardan intervyu olish, ular haqida tayyorlanadigan esse va maqolalarga material yig‘ishdan iborat edi.

Vaqtimiz – tig‘iz. Maslahatlashib, shu kunning o‘zida Uchquduq shahriga jo‘nab, tunni o‘sha joyda o‘tkazish va ertasiga tongdan Uchquduq konchilari hayoti bilan tanishishga qaror qildik.

 

Dunyoga mashhur Uchquduq

 

Uchquduqning shon-shuhratini faqatgina oltin va uran konlari bilan bog‘lash adolatdan emas. Zero, o‘tgan asrda butun dunyoni larzaga solgan “Uchquduq” degan nom “Yalla” guruhining shu nomli mashhur qo‘shig‘idan taraladi. Shu bois “Uchquduq” so‘zini eshitgan har bir odamning xayoliga, avvalo, Farrux Zokirov va “Yalla” guruhi kelsa ajab emas.

Zarafshondan Uchquduqqacha qariyb 100 km masofa bor. Biz bu yo‘lni bir yarim soatdan mo‘lroq vaqtda bosib o‘tdik. Uzoqdan shahar ramzi bo‘lgan uchta quduq va savdo karvoni monumentlarini ko‘rishimiz bilan Uchquduqqa yetib kelganimizni angladik. Bu monumentlar oldidan shunchaki o‘tib ketib bo‘lmasdi. Shu bois biz bu joyda to‘xtab, karvon tuyalari bilan suratga tushishga qaror qildik.

Uchquduqqa kirib kelganimizda qosh qoraygan, shaharning rangin chiroqlari yoqib qo‘yilgan vaqt edi. Kun bo‘yi kon va zavodlarda mehnat qilib charchagan konchilar esa hordiq chiqarish uchun shahar bo‘ylab oilaviy sayrga chiqishgan. Favvoralar, ko‘ngilochar savdo markazlari qarshisida yig‘ilgan tumonat odam sho‘x qo‘shiqlarga raqsga tushib, o‘yin-kulgi bilan band edi. Sho‘x manzaralar oralab borar ekanmiz, ko‘p yo‘l yurib horigan tanamizdan charchoq ariganday bo‘ldi.

Shu kecha Uchquduqdagi “Konchi” sihatgohida qo‘nim topib, shinam va qulay xonalarda miriqib hordiq chiqardik.

 

Konchi oilasida

uch egizak dunyoga keldi

 

Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi a’zolarining bir-biri bilan bo‘lgan munosabatini ko‘rsangiz havasingiz keladi – hamma ahil, bir-birlarining yaxshi-yomon kunlarida doim yelkadosh bo‘lishadi. Kimningdir uyida to‘y bo‘lsa, hamma xizmatga chopgan, hatto rahbar xodimlargacha to‘yboshidan xabar olib turadi: nima bor, nima yo‘q, deganday. Agar qaysidir ishchi xizmatchining uyida farzand tug‘ilsa, albatta, kombinat rahbariyati nomidan sovg‘a-salom, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilarkan.

Uchquduqqa qilgan safarimizning ilk tongida mezbonlar Jahongir Ibragimov ismli 3-Gidrometallurgiya zavodi ishchisining uyiga boramiz deb qolishdi. Sababini so‘rasak, Jahongir bir emas, naq uchta qizli bo‘libdi. Ismlarini piru badavlat bobo-buvilar Imona, Shukrona va Iroda deb qo‘yishibdi. Eng qizig‘i, Jahongir birinchi marta otalik baxtiga erishganda ham juft farzand – egizakli bo‘lgan ekan.

– Shukr, farzandlarimiz sog‘-salomat tug‘ilishdi, – deydi beshta qizaloqning onasi Muborakxon. – Tug‘ilgan kunidan boshlab kombinat bizdan xabar olib turishdi. Avvalgi egizaklarimiz dunyoga kelganida ham qo‘llab-quvvatlashgan edi. Hozir katta farzandlarimiz bog‘chaga ketgan. Kelishsa, har biri singillari bilan o‘ynab o‘tirishadi.

Bu oila yashaydigan uch xonali uyga kirarkanmiz, qandaydir bir fayzni his qildik. Haqiqatan, bola kulgisi yangragan uyda fayzu baraka bo‘ladi. Farzandlarni qutlab, qaytar chog‘imiz hammamizning dilimizda qizaloqlarning onasiga havas bilan qaradik: yuzu ko‘zidan nur yog‘iladi, Alloh taoloning besh nafar qiz bilan siylaganini ulug‘ mukofot bilgan Muborakxon uch beshik orasida hammamizga tashakkurlar aytdi.

 

O‘xshashi yo‘q zavod

 

Ibragimovlar xonadonidan chiqib mezbonlar bilan dunyodagi noyob majmua – 3-Gidrometallurgiya zavodiga yo‘l oldik. Bu zavod oltin olishdagi noyob texnologik xususiyatlari bilan mashhur ekan. Ya’ni zavodda oltin sulfidli ma’danlardan bakterial oksidlash orqali ajratib olinadi. 3-Gidrometallurgiya zavodi jahondagi o‘ziga muqobil sanalgan boshqa korxonalar orasida ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha eng yirigi hisoblanadi.

Biz borayotgan zavod Uchquduq markazidan yarim soatlik yo‘l ekan. Qizilqum cho‘li oralab borarkanmiz yo‘lda birgina joyda cho‘ponlarning o‘tovi ko‘rindi, xolos. Ya’ni zavod kimsasiz cho‘l bag‘rida qad rostlagan ekan. Ammo zavodga yaqinlashib borarkanmiz cho‘lning infratuzilmasi tubda o‘zgara boshladi. Tez orada adog‘i ufqqa tutashib ko‘rinmay ketgan ulkan zavodga yaqinlashib qoldik. Bizni zavodning bosh muhandisi qarshi olib, zavod bo‘ylab qiladigan ekskursiyamizga boshchilik qilishini aytdi. Shundan so‘ng zavod bo‘ylab ichkarilab boraverdik. Birinchi bo‘lib kondan olib kelingan rudani maydalab beradigan bo‘lim faoliyatini kuzatdik. Bu joyni o‘zimizda tu­shunarli bo‘lishi uchun tegirmonxona deb nomladik. Bu yerda aql bovar qilmas kattalikdagi ulkan silindrsimon qurilmalar ichida ruda maydalanar ekan. Balandligi to‘rt qavatli uydek keladigan o‘nlab bunday qurilmalar quloqni qomatga keltirib yuboray deydi. Ruda bu joyda undek mayin holatga keltiriladi, so‘ng maxsus suv havzasida tindiriladi, kimyoviy aralashmalar bilan to‘yintiriladi. Keyin esa eng qizig‘i boshlanadi – ruda bakterial oksidlash jarayoniga olinadi.

Albatta, oltin olishdagi bunday g‘aroyib texnologiyaga har qancha ta’rif bermaylik, uning ish jarayoni haqida batafsil axborot bermaylik, oddiy o‘quvchi baribir bakterial oksidlash texnologiyasi nima ekanini to‘laligicha tushuna olmaydi. Ammo ozroq tasavvur hosil qilishi mumkin. Shuning uchun bu jarayonni juda sodda shaklda, ilmiy uslubdan chekingan holda tushuntirishga urinib ko‘ramiz.

Odatda, “an’anaviy” uslubda qazib olinadigan oltin mayda zarra ko‘rinishida bo‘ladi. Bunda oltin zarralari maxsus elakka o‘xshash qurilma yordamida tuproq orasidan ajratib olinadi. Lekin ming yillar davomida oltin qazib olinaverganidan bunday ruda konlari zaxi­rasi ham tugab bormoqda. Ammo boshqa ma’danlar, minerallar tarkibida hali ham oltin ko‘p. Yana ham soddaroq aytganda, oltin zarrasi boshqa bir metall zarrasining, masalan, misning ichida joylashib qolgan. Bunday oltinni qurilmalar ko‘magida ajratib olishning hecham imkoni yo‘q.

Uchquduqdagi zavodda esa sulfidli ma’danlar ichidagi oltin bakteriyalar ko‘magida ajratib olinadi. Ya’ni o‘ta mayda tirik organizmlar oltinni qoplab olgan mi­neral panjaralarini “tishlab”, “g‘ajib” parchalab tashlaydi va tasavvur qilish qiyin darajada kichkina bo‘lgan oltin zarrasiga yo‘l ochib beradi. Bu, xuddi, danak ichidagi mag‘izni olish kabidir. Boshqacha aytganda, umuman o‘zga bir moddadan oltin hosil qilinadi. Qiziq, zavod muhandislarining bunday tushuntirishlaridan so‘ng afsonaviy falsafa toshi yodimizga keldi. Qa­dimda alkimyogarlar ham har qanday moddani oltinga aylantirib beradigan falsafa toshini izlashgan emasmidi. Afsus, o‘shanda ular tajriba jarayonida bakteriyalardan foydalanishmagan ekan-da. Shunday qilishganida maqsadlariga allaqachon yetgan bo‘lar ekanlar.

Ekskursiya yakunida kelganimizni zavod rahbari Qahramon G‘afurov ham eshitgani va biz bilan ikki og‘iz suhbat qurish niyatida ekanidan xabar topdik. Shu zahoti ular bilan bo‘ladigan suhbat oshiqdik. Qahramon G‘afurov bizga zavod tarixi, hozirda qilinayotgan va istiqboldagi loyihalar haqida quyidagi ma’lumotlarni so‘zlab berdi:

1995 yili Uchquduqda bunyod etilgan 3-Gidrometallurgiya zavodi mustaqillik yillarida yurtimizda qurilgan eng yirik inshootlardan biri hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida zavod bir necha marta modernizatsiya qilindi va ishlab chiqarish quvvati yildan-yilga oshirib borilmoqda. Jumladan, 2018 yilning sentyabr oyida zavod mutaxassislari izlanishlari natijasida maydalash sexi tegirmon bloklarining ishlab chiqarish quvvati­ning ish unumdorligi 10 foizga oshdi. Bu, xomashyoni sutkasiga 20 ming tonnagacha qayta ishlash imkonini berayapti. Shu bois zavodda o‘tgan yili ma’danni qayta ishlash yillik quvvati 6,8 million tonnaga yetdi. O‘sish sur’ati 2017 yilga nisbatan 102,1 foizni tashkil etdi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2017–2026 yillar mobaynida qimmatbaho metallarni ishlab chiqa­rishni ko‘paytirishga qaratilgan dasturlar doirasida 3-Gidrometallurgiya zavodida ham istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda. “Ko‘kpatas” va “Dolugistov” oltin konlari ma’danlarini qayta ishlash texnologiyasini yanada takomillashtirishga qaratilgan loyiha “O‘zgeorangmetliti” instituti hamda Germaniyaning “Ingineering dobersek” kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqildi. Loyiha qiymati 114 million AQSH dollar bo‘lgan zamonaviy texnologik majmua foydalanishga topshirildi. Yuqori texnologik yechimlarga ega ushbu majmua “Ko‘kpatas” va “Dolugistov” konlarining oltinga boy ma’danlarini gidrometallurgiya zavodida qayta ishlash imkoniyatini yanada oshiradi hamda qo‘shimcha 150 ta ish o‘rni yaratiladi.

Bularni eshitib yurtimizning konchilik sohasidagi salohiyati juda katta ekanini, istiqboldagi loyihalar esa olamshumul bo‘lishini tushunib yetdik. Shundan so‘ng zavodning mehnatkash va matonatli ishchi-xodimlariga kuch-quvvat tilab ortga qaytdik.

Shu kuni biz “Ko‘kpatas” va “Dolugistov” konlarini ham borib ko‘rdik. Kun asrga qarab og‘a boshlaganida yana Zarafshon tarafga, aniqrog‘i, Muruntov koniga qarab yo‘l oldik (bu safar haqida “Muruntov hayratlari” nomli maqolada o‘qiysiz).

Shu bilan O‘zbekiston faxri, dunyoga mashhur Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qilgan safarimiz yakuniga yetadi.

 

“Yoshlik” jurnali ijodiy jamoasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.