Yulduzlar langar tashlaydi

0
31
marta ko‘rilgan.

Mashinadan tushishim bilan non yopish uchun obdon qizitilgan tandirning haroratini his etdim.

Bu gapimdan so‘ng meni tog‘ bag‘ridagi so‘lim go‘shada ulg‘aygan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandirsiz. Yo‘q. Men ko‘plarning nazarida cho‘l, aslida suvi mo‘l, serhosil bog‘-rog‘lar maskani – Shofirkonda tug‘ilganman. Bolaligim ham o‘sha chamanzorlar bag‘rida kechgan. Kichkinaligimda eng ko‘p eshitganlarimdan biri (balki sizni ham onangiz shunday koyigandir): “Qizib turgan tandirga qarama, xamir tushib qoladi, bolam!” Men bo‘lsa, yugurib kelib lovullab turgan tandirga bo‘ylab qochardim. Shundan bilamanki, tandirning issiq tafti odamni lohas qiladi.

Qizilqumga kelib olgan ilk taassurotim ana shu taft – tandirday qizib turgan Uchquduq.

Ochig‘ini aytganda, olifta talaba ko‘ngliga Uchquduqning havosi yoqmadi. Mashinadan uzoqlamay, yana ortimga – poytaxtga qaytgim keldi. Ko‘z o‘ngimda jonajon universitetim – Toshkent davlat texnika universiteti paydo bo‘ldi. Qaytamanu, magisrtaturaga hujjatlarimni topshirib o‘qishni davom ettiraman. Keyin aspirantura, doktorantura qilib, bir kun ko‘rasizki, professor – Nuriddin Kamolov bo‘laman.

Shu orzular og‘ushida biroz turib qolgan ekanman birdan dami chiqqan pufakday shalvirab qoldim. Axir, magistraturaga hujjat topshira olmayman. Chunki Uchquduqqa – talaba, universitet va Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan tuzilgan uch tomonlama shartnoma asosida kelyap­man-a! Bunday shartnoma ham saboqdoshlarning ko‘piga nasib etmagan. Qizilqum bag‘ridagi shu shaharchaga kelishga havasmandlar, eh-hey, qancha edi-ya, deb o‘zimga-o‘zim tasalli berdim. Negaki, bu mo‘jaz shaharchada yolg‘izman – hech kimni tanimayman, biror suhbatdosh ham, ko‘ngil yetar odam ham yo‘q. Shaharcha ham, uning zahmatkash ahli ham, mo‘yi endi sabza o‘rgan Nuriddin kelganini bilmaydi.

Shaharchada yagona men kabi endigina kelganlar qo‘nim topadigan va yaqinda ishga joylashganlar turadigan “Ishchilar yotoqxonasi”ga bordim, joylashdim. Nafas rostlab olgunimcha kun ham botibdi.

Nazarimda, ko‘chada kunduzgidan ko‘ra odam ko‘proqday. Ular saraton quyoshidan panalagan bolalar va ishdan horib qaytgan ota-onalar edi. G‘ir-g‘ir cho‘l shamoli esadi. Bu shamol ko‘pdan buyon istiqomat qiladiganlarining taniga rohat bag‘ishlasa, birinchi bor kelgan kishiga g‘alati tuyuladi. Samoda birdan bodirlab yulduzlar paydo bo‘ldi. Kechalari osmon Uchquduqqa yaqinlab qolarkan. Qo‘l cho‘zsang, yetguday! Odatda ko‘pchilik tog‘larda osmon yaqin bo‘ladi, deb biladi. Ehtimol shundaydir-a, ammo bepoyon kengliklarda oyu yulduzlar yerga yaqinlab qolishini shu yerga kelib his qildim. Qaysi tomonga qarama, adoqsiz kenglik. Yulduzlar Qizilqumga langar tashlab turadi. Beixtiyor hayratga tushasan: qancha uzoqqa tikilsang, shu tomonda yulduzlar sahroga yog‘ilib yotadi.

Tuni go‘zal va maftunkor sahro bag‘ridagi shaharchada tong o‘zgacha tarovat bilan otdi. Qizilqum bag‘ridan olovlanib, guyo undan kuch-quvvat olib ko‘kka otiladi. Barkashdek quyosh qizilqum tusda tovlanadi-jilolanadi.

Ertasi kuni Shimoliy kon bosh­qarmasiga bordim. Boshqarmada yosh mutaxasislar bilan ishlash bo‘yicha alohida bo‘lim bor ekan. Yaxshi kutib olishdi. Suhbatlashdik. Bo‘lim Shimoliy konga yo‘llanma berdi. Bordim. Kondagi mutasaddi:

– Bizda ish yo‘q, – dedi.

To‘g‘risi, bu gapdan xursand bo‘lib ketdim: “Uchquduqqa kelib, eng yaxshi gapni sizdan eshitdim”, dedim. Shu kuni tushdan so‘ng yana boshqarmaga qaytdim va vaziyatni bayon qildim.

Yoshlar mutaxassislar bilan ishlash boshlig‘i va Shimoliy kon muhandisi o‘rtasida ziddiyat kelib chiqishiga sababchi bo‘lib qoldim. Ertasi kuni yana konga bordim. Muhandis: “Sen bola jonga tegding, hozir ishga qabul qilish komissiyasini yig‘aman, agar komissiyadan o‘tsang, ishlaysan. O‘ta olmasang, Toshkentga qaytib ketaverasan”, dedi.

Muhandisning bu gaplari jon-jonimdan o‘tib ketdi. Jussamni chaqmoq o‘rganday bo‘ldi. Xayolimga: “Nahotki, meni – kechagina universitetni imtiyozli diplom bilan tugallagan navqiron yigitni shu sahroda – qip-qizil cho‘lda yurgan odamlar savollarga ko‘mib tashlasa, ishga olishmasa-ya”, degan o‘y keldi.

Komissiya a’zolarining so‘roq-savollariga javob berdim. Bugun o‘ylasam, juda jo‘ngina suhbat bo‘lgandi. Ammo komissiya a’zolari javoblarimga “to‘g‘ri yo noto‘g‘ri” deb munosabat bildirmasdi. Konga oid xarita ko‘rsatishdi.

– Bu nima?

Qarasam, loyiha ekan. Ammo yonidan kondagi hozirgi holat ham shartli belgilar asosida ko‘rsatilgandi.

– Loyiha – Loyihalash ins­tituti tomonidan chizilgan.

– Xo‘sh, tushuntirib ber.

– Bitta xatosi bor. Institut bu yerda chizmadan chiqib ketibsizlar, agar buni inspektorlar ko‘rsa, korxonaga jarima belgila­shi mumkin.

– Sen bizni tekshirgani kelgan inspektor emassan, chizmani gapir.

– Belgilangan loyihadan tashqariga chiqilgandan so‘ng, xatosini aytaman-da, yana nima deyishim kerak!

Komissiya a’zolaridan biri:

– Bor, chiqib ket, – dedi.

Oradan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng chaqirishdi.

– Niyating qanday? – deb so‘radi birpas avval tashqariga chiqishimni talab qilgan kishi.

– Universitetga qaytib ilmiy ish qilmoqchiman.

– Ilmiy izlanishni auditoriyada konni xari­tadan ko‘rib qilasanmi? Ko‘rib yuribmiz shaxtani tasavvur qilolmaydigan ustozlaringni. Agar rost­dan ilmiy ish qilmoqchi bo‘lsang, avval ishlab chiqarishni o‘rgan. Undan so‘ng ilmingni qilaver.

Keyin bilsam bu maslahatlarni bergan kishi uchquduqlik mutaxasislarning ustozi Naim Nasimovich ekan. U kishining mulohazalari ma’qul kelib, ishni boshlaydigan bo‘ldim. Rostini aytganda, talabaning orzusi ham, niyati ham katta bo‘ladi.

Bir latifa bor-ku: “Yuridik institutida o‘qiydigan birinchi kurs talabadan so‘rashibdi. O‘qishni tugatgandan so‘ng nima qilasan?

“Bosh prokror bo‘laman!”

Ikkinchi kursni bitirgandan so‘rashibdi.

“Zam prokror bo‘laman.”

Uchinchi kursni tamomlagandan so‘rashibdi.

“O‘qishni tugatib olaylik-chi…”

To‘rtinchi kursida o‘qiydiganga ham shu savolni berishibdi.

“Aka, ish yo‘qmi?”, – degan ekan”.

Kamina ham Uchquduqqa borsam birdan katta odam bo‘lib ketaman, deb o‘ylagandim. Keldim, ko‘rdim. Savol-so‘roqlarga javob berib, ekskavatorchiga yordamchi bo‘lib ishni boshladim.

Hozir bunday daraja yo‘q. Ya’ni nolinchi “razryad”dan “hayyo-huyt” deb ishni boshlab yubordim. Baxtimga konga yaqinda yangi ekskavator olingan ekan. Shu mashinada Mansur Yaganurovichga “pamoshnik” bo‘ldim.

Xuddi “Oqkema”dagi Mo‘min cholning nevarasiga o‘xshayman. Bola toshlarni minib tank qilib otganiday men ham Mansur Yaganurovichning yonida turib ulkan ekskavatorni boshqargim keladi. Ammo boshqaruvni u kishi ham berib qo‘ymaydi.

“Nuriddin, oynani tozala!”

“Nuriddin, moyiga qara!

“Nuriddin, …”.

“Nuriddin, …”.

Yaganurovichning saboqlari davomida Uchquduqqa singib ketdim, chog‘i. Shu zahmatlarni chekib ishlayotgan odamlarning mehnatini ko‘rib, ularga mehr qo‘ydim.

Oradan ko‘p o‘tmay, shaxta ustaligiga o‘tkazishdi. Yer qa’ridan nodir va kamyob boyliklarni qaziyverib, konchi ham bo‘lib qoldim. Bugun ishga kirish uchun Uchquduqqa kelgan o‘sha paytdagi ulkan shashtimdan aslo qaytganim yo‘q.

Ishlab chiqarishni ko‘rib, konchilarning muammolarini his qildim. Ana endi, ilm qilsak yarashadi. Bugun o‘ylayotganlarim orzumand yoshlik yillarinikidan albatta farq qiladi.

– Nimasi bilan deysizmi?

– Bugungacha kon ishlari boshqa sohalarning rivoji hisobidan ko‘proq qazilma boyliklarini qazib oladi. Xo‘sh, konchilik o‘z hisobidan rivojlanish uchun nima qilmoq kerak? Shu men uchun katta mavzu bo‘lyapti.

Ha, aytgancha, men endi uchquduqlikman. Shu shaharchada farzandlarim dunyoga keldi. Oilam bilan qiziqqan sohamiz bo‘yicha ishlayapmiz. Qizilqum bag‘riga singib, uning to‘shidan yurtimiz ravnaqi uchun kerakli boylik­larni sug‘irib olayotganimizdan mamnunmiz.

Uchquduq oqshomlarida har doim yulduzlar langar tashlab turadi.

Odilbek ORTIQOV

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.