Qo‘llaringni bergil menga, Shirinzabonim!

0
9
marta ko‘rilgan.

Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminariga otlangan uka-singillarimiz, viloyatlardan kelgan ijodkor ziyolilar “Qaydasan, Zomin” deya yo‘lga chiqish oldidan adabiyotimizga katta hissa qo‘shgan, el-yurtga fidokorona xizmat qilgan ulug‘ ustozlarning anvoyi chechaklarga burkangan Adiblar xiyobonida joylashgan muazzam haykallari poyiga guldastalar qo‘yishdi. So‘ngra O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi bilan yaqindan tanishdi.

Yosh ijodkorlar seminarga borayotgan teng-to‘shlarini, ustoz ijodkorlarni ko‘rib quvonar, bu xursandchiliklar ularning yuz-ko‘zlarida balqib turar, bir-biridan hayratini aslo yashira ol­masdi…

“Shohrux Abdurasulov Prezident stipendiyanti bo‘lganmidi?!”

“Azizbek Qurbonovning “Baxt farishtasi” pyesasi Jizzax Qo‘g‘irchoq teatrida sahnalashtirilan ekan-a?!”

“Azizxon Imomov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da ishlaydigan akami?”

“Baxtiniso Mahmudova ham kelibdi-ya?”

“Nazar aka (Eshonqul) boryapti ekan!”

 

Yoshlarning javobi ma’lum savollari bir istehzoni paydo qilsa-da, na qilasan?! Ularning Zomin safarini qadamba-qadam ro‘y-rost ko‘rsatishga intilgan mardumning chekiga tushgani ham aslida shu-da, o‘zi.

Turnaqator avtobuslar baland tog‘lar bag‘riga yo‘l tortgan sari qaldirg‘ochning palaponlaridek bir xil libosli qalamkashlarning alyorlari avjiga chiqa boshladi. Biri ulug‘lardan bayt keltirsa, bosh­qasi ustozlaridan she’r aytadi. Yuraklirog‘i esa hali siyohi qurilmagan oq she’rining qoralamasini o‘qiy boshlaydi. Men esa ko‘zarimni chirt yumib: “Orzular qaygadir chorladi bir choq, / Ortda qolib ketdi u aziz tuproq. Kimgadir shogirdu kimgadir o‘rtoq / She’r bilan suhbatlar qurgan yoshligim”, deb takrorlayman. Balki Qoraqalpog‘istondan yo Andijondan kelayotgan yigitchalar ham o‘zlaricha xirgoyi qilib kelayotgandir.

 

Manzil uzoq – yo‘l olis

Seminarga qatnashish istagida bo‘lgan qalamkashlarni saralab olish uchun, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan joriy yilning aprel, may, iyun oylarida Samarqand, Buxoro, Namangan, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘is­ton Res­publikasida hududiy bosqichlari o‘tkazilgandi. Mazkur bosqichlarda 200 nafardan ziyod yosh qatnashdi. Ularning 80 nafari Zomin seminariga tavsiya etilgandi.

Joylarda o‘tkazilgan bosqichlarda tanlab olingan ishtirokchilardan biri Gulnoza Karimova yo‘lning tanobini she’r tortadi, deb: “Buncha kichik binafsha bo‘yi? Buncha chuchuk binafsha bo‘yi! Bu bir mitti guldan boshlanar / Bahorlarning ulug‘vor o‘yi…” – yozganlaridan o‘qiydi. Uning aytganlarini qaysidir ma’noda adabiyotimizning ertangi kuni bo‘ladigan ijodkorlarga ham mengzash mumkin. Negaki, yoshlar ham mana shunday seminarlarda saboq olsa, toblansa, ne ajab. Gulnoza Karimovaning she’rini eshitgan Islomjon Qo‘chqorov:

– Bobomning peshonasi egatdek chiziq-chiziq,

O‘tmishi qulf osilgan sandiqdek qiziq-qiziq,

Vaqt hukmida tuyg‘ular, rishtalar yuluq-uzuq,

G‘aflat mendan tonsa-yu, men undan tonolmasam. deb javob qaytargan bo‘ladi. Xuddiki, yoshlarning alyorlaridan kuch-quvvat olganday necha yuz ot kuchiga ega avtobuslar “tor-tor”lab daralar bag‘riga singgib boradi. Kulik oynasidan qaraymiz: “Tog‘ bag‘rini tog‘ to‘sgan”. Adil qomadli archalar, ming bir jiloga kirgan giyohlar adabiyotga, yurtning ertangi kuniga peshvoz chiqqandek saf tortishgan.

 

Sharqiraydi O‘riklisoy!

Bu yog‘i ham shoir aytganidek: “Ey, o‘zbekyurtning tillo go‘shasi / Zomintog‘, naqadar go‘zalsan, go‘zal! Meni quchib olar ilhom parisi / Sening quchog‘inga kelganda har gal”. Chindan ustozu shogirdlar qadamida o‘zgacha bir shahd sezila boshladi. O‘rik­lisoyda sharqirab oqayotgan zilol suvdan har kim hovuchiga yarasha sipqoradi. Toshdan-toshga urilib pishgan suv ustoz adiblar Anvar Obidjon, Usmon Azim va Ahmadjon Meliboyevlarga ham yoshlikning shiddatiyu shashti, beg‘uborligiyu tantiligini yuqtirdi.

Yurt madhiyasi yangrab, “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida Respub­lika yosh ijodkorlari seminarining tantanali ochilish marosimi boshlandi. Tadbir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid hamda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev tabrigi bilan ochildi.

– Prezidentimiz o‘tgan yilning aprel oyi­da Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida Zomin seminar-anjumanini qayta tiklash bo‘yicha o‘z fikr­-mulohazalarini bildirgan edi, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Chinakam mahorat maydoniga aylangan bu maktabda saboq olgan juda ko‘p yoshlarimiz bugungi kunda faol ijod qilishmoqda.

Tantanali ochilish marosimida, Qoraqalpo­g‘­is­ton Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov, O‘zbekiston xalq shoirlari Anvar Obid­jon, Mahmud Toir va boshqalar milliy ada­­biyotimizni yanada ravnaq toptirish, ijodkor­larni, ayniqsa, yosh iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvatlash maqsadida bajarilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida gapirdilar.

 

Mushoira avj olardi

O‘riklisoyga chor tarafdan el-ulus yig‘ilib keldi. Ular orasida Zomin tog‘lari bag‘rida yaqinlari, farzandlari bilan hordiq olayotgan yurtdoshlarimiz ham shu maskanda yashaydigan qalbi yorug‘ yoshu qari kishilar ham bor edi. Ulusning adabiyotga, yosh ijodkorlarning ijodiga bo‘lgan bunday qiziqishi, avvalo, yosh qalamkashlarga, qolaversa, tashkilotchiyu ustoz adiblarga ham surur bag‘ishladi.

Seminar qatnashchilari, biri-biridan o‘tkazib she’r o‘qishga chog‘lanardi. Chinozlik Mirzohid Muzaffar dil so‘zlarini:

Nafosat gurkirab gullar qarshimda,

bu toshlar tosh emas –

erdagi sabot.

Meni qulatsang ham har gal arshimdan,

baribir,

men seni sevaman, hayot! – deb bayon etsa, andijonlik Nurillo Ne’mat hayajonini shunday ifoda qildi:

Uyingizga boraman bugun,

Yo‘lga chiqdim, mana, yo‘ldaman.

Osmon – kosa, yarimlagan kun,

Ana uyg‘oq atirgullar ham…

Nurilloning bu she’ri yangrayotganda O‘rik­lisoyda osmon to‘la yulduzlar mavjlanar, daradagi kishi xuddiki o‘zini langar tashlab turgan kemadan tushayotgandek his qilardi.

Yoshlar ustoz shoirlardan yoshlik va muhabbat haqidagi she’r o‘qishlarini so‘rashar, ustozlar esa yoshlarni maydonga chorlar, dadil she’r o‘qishga undashardi. She’r o‘qishi talab qilingan O‘zbekis­ton xalq shoiri Usmon Azim o‘zi istagan she’rni baralla o‘qidi.

Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida…

 

…Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak,

Faqat bekor bilib orom quchog‘ini –

Bu dunyoni sirga ko‘mib yashash kerak,

Qalbga sanchib she’riyatning pichog‘ini!

 

Yoshlarning ovozi tinmas, osuda oqshomda O‘riklisoyning sharqiroqlari she’rga monand yangrar, she’rdan qo‘shiqqa navbat tegmasdi. Mushoira yanada avj olardi.

 

Yulduzlarni uchirmoqda gulgun shafaq

O‘riklisoy darasida tunagan kishi qiziq bir manzaraga guvoh bo‘ladi. Tunda g‘uj bo‘lib bodrab turgan yulduzlar, tongda birdan g‘oyib bo‘ladi. Quyoshning chiqishiga qancha qiziqmang, birpasda tog‘lar boshiga otilib chiqib oladi. Bu manzilda kishini suv oqimiga qarshi yurib, yuqorilab borish zavqlantiradi. Kaminadek tongga ilhaq kishilar ko‘p ekan. Keksa archalarning poyida yozuvchi Nazar Eshonqul va shoir Vohid Luqmon dara tabiatining betakrorligi, ilhombaxsh tongi haqida suhbatlashib turardi. Seminar bugun qizg‘in tus olishi ma’lum bo‘lganligi uchun har daqiqani g‘animat bilib, Nazar akani savolga tutdim:

– Nazar aka, kecha tuni bilan uka-singillarimizning mashqlarini o‘qib chiqdingiz. Qani, ularning ichida “pichoqqa ilinadigan”lari bormi?

– Ishtirokchilar menda shubha uyg‘otdi. Nazarimda, ulardan bir-ikki nafari ancha vaqtli ulg‘a­yib qolgan. O‘n yetti-o‘n sakkiz yoshdagi ijodkorning ruhi emas. Hayotga munosabati, qarashlari, tushunchalari tamoman o‘zgacha. Agar shubham tasdiqlanmasa, chindan ham o‘zbek nasrida katta yozuvchilar paydo bo‘lish arafasida turibdi. Faqat ularni yo‘naltirib, ijodini kuzatib turish kerak.

Buni qarangki, yozuvchilarimiz Isajon Sul­ton, Kengisboy Karimov, Luqmon Bo‘rixon, Abdu­qayum Yo‘ldosh, Abulqosim Mamarasulov bir davrada jam bo‘lib turishgan ekan. Nazar Eshonqulning shubhalariga aniqlik kiritishning birdan-bir yo‘li seminar ishtirokchilardan kechadan buyon ko‘rganlari, qalbdan kechirganlarini yozib berishini so‘rash edi. Aslida bu bir necha yildan buyon seminarning Nasr sho‘basida rahbarlik qilib kelayotgan Abduqayum Yo‘ldosh tomonidan o‘rnatilgan an’anaviy sinov edi.

Nosir yoshlar sinovni bajarishga kirishib ketgan paytda She’riyat sho‘basiga bordik. Shoir­larimiz bir necha so‘rini band etibdiki, qay biridan boshlashga ham kishi lol. Shoirlar Usmon Azim, Eshqobil Shukur, Aziz Said, Nodir Jonuzoq, Zulfiya Mo‘minova, Farida Afro‘z kabi o‘zbek adabiyotining peshqadam vakillari davrasida o‘tirgan yoshlar birin-ketin she’r o‘qib, ustozlar oldida imtihon topshirishardi. Bu sho‘ba qatnashchilarning qariyb yarmini tashkil etardi. Shu bois ko‘pchilik ustoz shoirlar jalb etildi.

– Seminar qatnashchilarini ko‘rib, bundan yigirma bir yil avval Zominda o‘tgan kunlarim yodimga tushdi. O‘sha paytda tengdoshlarim qatori Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf kabi ustozlarning suhbatini olgandik, – dedi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar masalalalari bo‘yicha o‘rinbosari, shoir Nodir Jonuzoq. – O‘ylaymanki, bugungi ishtirokchilar ham ustozlardan bir umr yodda qoladigan adabiy o‘gitlarni, pand-nasihatlarni olishyapti. Yoshlar orasida allaqachon jamoatchilikka yaxshi tanish bo‘lgan nomlar ko‘p. Har birining o‘ziga xos ovozi, sozi bo‘lishini istayman. Kelgusida ularning ayni shu jihatigina bu maydonda muqim qolishiga xizmat qiladi.

Nodir aka bilan suhbatimizni yonimizdagi so‘rida o‘tirgan bir qizning mayin ovozi bo‘ldi:

 

…Suzib borar chuvalgan xayol

eshkakchining eshkaklarida.

Ana, bola ko‘targan ayol,

kuylar ishqning ertaklaridan.

 

Jimirlagan mayda chiroqlar

chimchilaydi nozik hislarni.

Notalarga aylangan ohlar,

egib qo‘ydi mag‘rur tizlarni…

Keyin bilsak, bu qiz Maftuna Rahmonqulova degan jizzaxlik shoira ekan. Ustozlar e’tirofidan ko‘ngli o‘sgan yoshlar she’r o‘qir, ularga tengdoshlari munosabat bildirar, shu tarzda kunning shavqi xotiralarga muhrlanib borardi.

Qator so‘rilarda boshqa sho‘balar o‘z ishini davom ettirardi. Ahmadjon Meliboyev va O‘ktam Mirzayor va Barno Sultonova boshchiligidagi Badiiy publitsistika sho‘basida mahorat saboqlari ko‘pchilikning diqqatini tortdi. Negaki, ayni shu yo‘nalishda qatnashayotgan Azizxon Imomov, Adham Arslonov, Shohrux Abdurasulovlar matbuot uchun yaxshi tanish nomlar. Ular mamlakatimizdagi peshqadam nashrlardagi faoliyatlari davomida oz­mi-ko‘pmi tajriba orttirgan ijodkorlardan sanaladi. Shu bois ularning ishtirok etayotganligining o‘zi kishida ishtiboh uyg‘otgandi.

Ishtibohimiz shubhaga aylanmasligi uchun yana yozuvchi akalarimizga yuzlandim.

– Yoshlar topshiriqni qanday bajardi? – deyman Luqmon Bo‘rixonga yuzlanib.

– Ha, yana shu ertalabgi gapni qo‘zg‘ayapsizmi? Mana, Nazar aka ham xursand. Yoshlarning o‘zlari yozgan ekan. Bugungi yoshlar fikrlashi bundan o‘ttiz yil ilgarigi yoshlarnikidan tubdan farq qilishi oydinlashdi, – dedi Luqmon aka.

– Ma’mura To‘rayevaning yozganlari shubha uyg‘otgan edimi? Qani uning o‘zi?

– Anjumanga qatnashishning o‘zi bir yutuq, – dedi quyosh tig‘ida qaraygan bir qizcha yerga qarab. – Hikoyalarimni ustoz adiblar Nazar Eshonqul, Abulqosim Mamarasulov va boshqa yozuvchilar yaxshi baholashdi. Ammo ularining nimani qanday yozish, qahramonlar xarakterini qay tarzda ochish va yozganda qaysi jihatlarga e’tibor qaratishni tushuntirishlaridan ayon bo‘ldiki, hali ko‘p o‘qishim va izlanishim kerak ekan.

Bizning kunimiz so‘ridan-so‘riga ko‘chib shu tariqa o‘tdi…           

 

Mamlakatimizda adabiyotga, ma’naviyatga qa­­­ratilgan yuksak e’tibor, ijodkor ziyolilarga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va katta rag‘bat ishtirokchilar qalbiga o‘zgacha bir shukuh soldi. Yosh qalamkashlar uchun mahorat darslari tashkil etgan barcha ustozlar shu misrani takrorladi: “Qo‘llaring­ni bergil menga, shirinzabonim!”

Respublika yosh ijodkorlarining bu yilgi seminari adabiyotimizning umidli avlodiga ijodiy zafarlar tilab, o‘z ishini yakunladi.

 

Nurilla Choriyev

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.