Yo‘q vafodan o‘zga matlabim…

0
57
marta ko‘rilgan.

HAQ YO’LI

 

Ishonsangiz bo‘ladi menga!

Muhabbatga ishongan kabi.

Sirdoshim yo‘q Xudodan boshqa,

Yo‘q vafodan o‘zga matlabim.

 

Ishonsangiz bo‘ladi menga!

El koriga yarayman har on,

Ishq ko‘yida sarson yuragim

Haq yo‘lidan borgay begumon.

 

Ishonsangiz bo‘ladi menga!

Do‘stlarimga do‘stdirman asil,

Dushmanimga qilmasman parvo,

Ezgulikka eshman muttasil!

 

Ishonsangiz bo‘ladi menga!

Jondan kechgum, iymondan emas,

Faqat o‘ta qat’iydir fe’lim,

Undan kecha olmasligim rost,

Axir menga bu – ota meros!

AYLADI

Nogahon paydoi ishq ojiz dilim rom ayladi,

Orzu sarkash xayolim besaranjom ayladi.

 

Osmondan uzdiyu oliy umidin hislarim,

Vahki yer ostin saodatmand ehrom ayladi.

 

Benavolar bazmida, afsuski, makkor yor,

Rost deb yolg‘onini ehsonu in’om ayladi.

 

Dil qanoat eshigida toatu taqvodadir,

Ishq naylayki mani oshiqi badnom ayladi.

 

Chin vafo mulkida mehrin sochmasin Xurshida ming,

Bevafo begonani Shirinu Zuhrom ayladi.

 

 

SO‘ROG‘LAB

Bordim izingni, yorim, so‘rog‘lab,

Chiqdi hiloling ko‘nglimni dog‘lab.

 

Naylayki, mohing ersa panohing,

Rashki gunohim yondi charog‘lab.

 

Jabru sitamlar solg‘ay alamlar –

Chashmimda namlar – hajring quchog‘lab…

 

Ayb etma hargiz, men gungu ojiz –

Dil senda yolg‘iz, qo‘yding-ku bog‘lab.

 

Sevgi muqaddas, asra uni, bas,

His so‘nsa kelmas, ketgay yirog‘lab.

 

O‘tdir dudog‘ing, kutdim, qarog‘im –

Mushtoqi rohing, ketma firog‘lab.

 

* * *

Osonlikcha gar ko‘zing qiysa,

Muhabbatim, sadoqatimni,

Zorim bor-u, zarra yo‘q zo‘rim,

Kutarman jim nadomatingni…

 

Tashlagayman arqonni uzun,

Tishlagayman dudoqlarimni,

Mayli, qoldir bejavob, beun,

Yurakdagi so‘roqlarimni…

 

Behad go‘zal, musaffo hislar

Tog‘dan baland g‘urur poyida…

Esingdami, o‘shanda go‘yo

Men – oftob, sen-chi oy eding…

 

Ming savolning javobi mubham,

Ming oh dilni o‘rtar gohi-goh.

Ko‘ksimdagi taftli joyingga

Yaqin etmas hech kimni Alloh.

 

Shunday oliy martabangdan gar

Voz kecholsang, o‘girsang yuzni,

Men ham ko‘nsam, ko‘niksam oxir,

Kechirgaymi muhabbat bizni?

 

O muhabbat, kechirgin bizni!

 

* * *

Yorim, seni sog‘indim, degin,

Sensiz holim zabundir, degin,

Sitamlaring o‘tdi-ku jondan,

Gul bog‘imda g‘am undi, degin.

 

Sensiz hayot, ishq nadir, deb ayt,

Hajring yomon qiynadi, deb ayt,

So‘yla nolib ko‘ngling zorini,

Sevgi – umrim ziynati, deb ayt.

 

Arazlarni quvsin so‘zlaring,

Dil g‘uborin yuvsin so‘zlaring,

Mehr, ishonch, qadrdan gapir,

Quvonchlarga to‘lsin ko‘zlarim.

 

Muhabbatga burkansin olam,

Jilolansin, turlansin olam.

Ko‘ksimizga baxt nishonini

Taqib qo‘yib, nurlansin olam!

 

Yorim, juda sog‘indim, deb ayt!

QUSH

Hayotimga bahor, ruhimga mador,

Bayotimga sharor olib kelgan Qush!

Xonishlaring sehri oqshomu sahar

Bedor yuragimni ayladi sarxush!..

 

Yusuf jamolini orzulagan dil

Zulayho xobini aylardi xayol,

Qaysning ahvolidan xaroba ko‘ngil

Ishqsizlik dashtini etardi ishg‘ol…

 

Bahoriy gullarin isin qizg‘onib,

Qalbim torlarini sozlolmagan ishq,

Bayotimda sevinch so‘zidan tonib,

Baxtning sarharfini yozolmagan ishq –

 

Semurg‘ qanotida sirli maktubin

Hazin dil bog‘imga eltibdi, nahot?

Oyning o‘n beshini tiyra aylabon,

O‘n beshin munavvar etibdi, nahot?!

 

Toleimga behisht, qalbimga sog‘inch,

Dil lavhimga sevinch in’om etgan qush!

Dilingda ma’sum bir ixtiyor, ilinj –

Dardim olib, o‘zing tortdingmi xomush,

 

Bayotimga hayot in’om etgan qush!?..

 

 

* * *

Har lahza, har soat, har kun, har kecha

Men seni sog‘inib, eslayveraman!..

Ohlaring yetmaydi Uzumzorgacha,

Men ham faryodimni asrayveraman!..

 

Har lahza, har soat xayol ummoni

Girdobida jismim aylar charxpalak…

Buncha olov-o‘tsan, ko‘ngil armoni,

Buncha serbulutsan, berahm falak?

 

Har lahza, har soat sog‘inch daftarim

Isming ko‘z-ko‘z qilib dilim yondirar,

Boqsam samolarga Seni axtarib,

Yulduzlar yog‘dusi ko‘zim tindirar.

 

Bir lahza, bir soat, bir kun, bir kecha

Meni eslar bo‘lsang, sog‘inar bo‘lsang,

Roziman, hajringda o‘rtansam qancha,

Baxtliman, ismingni takrorlab o‘lsam!..

 

O‘TINCH

Shu muborak kunlar hurmati,

His et dilim ming ohlarini.

Ko‘kdan yog‘sin muruvvat, shafqat,

Kechirsin Haq gunohlarimni.

 

Umring tilab o‘tay toabad,

Mehrim tutib yoritay yo‘ling.

Ezgulikning bog‘i, azizim,

Qara, qanday sokin va so‘lim!

 

So‘zlaringda sobit turolsang,

Xavotirlar yengmas yurakni.

Obod aylab bu g‘arib dilni,

Haqdan so‘ra oliy tilakni.

 

Malomatning og‘irdir zarbi,

Yaqin qilgay oxir zamonni…

Nasib etsa, bas, so‘nggi damda

Yorug‘ yuz-la topshirmoq jonni!

 

 

* * *

Kutmagansan…

Kutmagan qalbing –

Yutmagansan hijron g‘amini…

Qizg‘onar bu dunyo ne’matin,

Bitirolmas hamon kamini…

 

Ketolmadim tonib bu yo‘ldan,

Yetolmadim quvlab hislarni.

Umid-la ko‘z tikib mastona,

Beraverdim boy Yulduzlarni…

 

Maqsadini sir tutar Samo,

Qovog‘ini ochmaydi Zamin,

Kimga husnin ko‘z-ko‘zlaydi Oy,

Qayga atrin sochar Nastarin?

 

Mayli, jim ket…

Mayli, ketay jim –

Magar Ishq deb bo‘zlamas diling…

Mayliga, o‘z manzilingga yet,

Boshqa bo‘lsa tanlagan yo‘ling…

 

Xurshida

 1967 yili Andijon viloya­tida tug‘ilgan.

Toshkent davlat pedagogika universitetining badiiy grafika fakultetini tamomlagan. “Aldamchi tonglar”, “Sig‘magay jismim jahonga”, “Izhor”, “Tajalli” singari kitoblari nashr qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.